Hozirgi kunda davlatimizning iqtisodiyoti jadal suratlarda rivojlanib bormoqda. Bu esa iqtisodiy normativ hujjatlarga o‘zgarishlar va yangiliklar kiritilishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli korxona (tashkilot)lar yangiliklardan xabardor bo‘lgan holda hisob siyosatini joriy qilish, buxgalteriya hujjatlarini yuritish va hisobotlarini tuzishni talab etadi.
Bundan tashqari, shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi PF-158-son Farmoniga muvofiq tasdiqlan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash maqsadida “Yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish orqali soliq bazasini qo‘shimcha kengaytirish imkoniyatidan foydalanish choralarini ko‘rish belgilangan.
Sud-buxgalteriya ekspertizasi iqtisodiy ekspertizaning eng keng tarqalgan turlaridan biri bo‘lib, u korxona (tashkilot), xo‘jaliklarning buxgalteriya hujjatlaridagi hisob-kitob jarayonlarini (operatsiyalarini) tahlil qilinishi, davlat, jamoa mulki talon-taroj qilinganlik va boshqa xo‘jalik, mansab jinoyatlarini ochish kabi holatlarga ehtiyoj tug‘ilganda o‘tkaziladi.
Pul mablag‘lari, tovar moddiy boyliklarni haqiqatda naqd bor-yo‘qligini, buxgalteriya hisobini yuritish qoidalarini buzilish holatlarini aniqlash yuzasidan buxgalteriya hisobi hujjatlarining tadqiq etish – sud-buxgalteriya ekspertizasining predmeti hisoblanadi.
Sud-buxgalteriya ekspertizasining ob’ektlari bo‘lib moddiy boyliklarni kirim-chiqim buxgalteriya hujjatlari, ro‘yxatdan o‘tkazish (inventarizatsiya) dalolatnomalari va yig‘ma hisob hujjatlari xizmat qiladi, jumladan:
– dastlabki hujjatlar (talabnomalar, moddiy boyliklarni berish xaqidagi naryadlar, bank topshiriqnomalari, kirim, chiqim hujjatlari va boshqalar);
– jamlash hujjatlarini (hisob registrlari va ularga mansub bulgan jurnallar, aylanma qaydnomalar, hisobga olish varaqalari, bosh kitoblar va boshqalar).
Bundan tashqari sud-buxgalteriya ekspertizasi ob’ektlari qatoriga taftish va tekshiruv dalolatnomalari (tekshiruv uslubi asoslanganligi haqida masala qo‘yilgan taqdirda).
Sud-buxgalteriya ekspertizasining vazifalari:
- Pul mablag‘lari va tovar moddiy boyliklarni belgilangan tartibda kirim qilinishi va hisobdan chiqarilishini (spisaniya) asosliligini aniqlash bilan bog‘liq bo‘lib, quyidagilarga aniqlik kiritadi:
– tovar moddiy boyliklarni aniq turlari bo‘yicha kirim qilinishini va hisobdan chiqarilishini to‘g‘riligini aniqlash;
– tovar moddiy boyliklar va xizmatlar uchun hisob-kitob jarayonlarini (operatsiyalarini) buxgalteriya hisobida aks etishining asosliligini aniqlash;
– g‘aznadagi pul mablag‘larini belgilangan tartibda kirim qilinishi, hisoblanishi, berilishi va hisobdan chiqarilishini to‘g‘riligini aniqlash.
Bu vazifalarni hal qilishda ekspert-buxgalter, quyidagi savollarga javob berishi mumkin:
– muayyan tashkilot (korxona, muassasa)ning buxgalteriya hisobi va hisobot hujjatlarida ma’lum davr davomida qo‘shib yozishlar mavjudmi? Mukofotlar asosli ravishda berilganmi?
– buxgalteriya hisobi va hisobotida tovar-moddiy boyliklar va pul mablag‘lari kamomadi (ortiqchasi) qanday qilib bekitilgan?
– muayyan tashkilotning buxgalteriya hisobida mazkur xo‘jalik operatsiyasi qanday aks etgan va uni qanday aks ettirish kerak edi?
– buxgalteriya hisobi qoidalariga binoan kamomad (ortiqcha)ning miqdorini belgilashda taqdim etilgan hujjatlar hisobga olinganmi yoki hisobga olinishi mumkinmi? Ushbu hujjatlar hisobga olingan holda kamomadning (ortiqcha) miqdori qanday?
– dastlabki va jamlama buxgalteriya hujjatlarida mahsulot ishlab chiqarish haqidagi xisobot ko‘rsatkichlari qancha summaga o‘zgartirilgan?
– ishlab chiqarish sarf-xarajatlari summasining oshirilishi yoki kamaytirilishi qanday xo‘jalik operatsiyalari bilan bog‘liq?
– tovar-moddiy boyliklar (asosiy mablag‘larni) qayta baholash asosli ravishda amalga oshirilganmi?
2. Pul mablag‘lari va tovar moddiy boyliklarni haqiqatda bor-yo‘qligini aniqlaydi, ular quyidagilardir:
– kamomad (ortiqcha)ning haqiqatda bor-yo‘qligi;
– kamomadning (ortiqcha) soni va summasi;
– kamomadni (ortiqcha) kelib chiqqan davri;
– moddiy zarar summasi;
– pul mablag‘lari va tovar moddiy boyliklarda kelib chiqqan kamomad (ortiqcha)ni yashirish usullari.
Bu vazifalarni hal qilishda quyidagi savollar qo‘yilishi mumkin:
– ma’lum vaqt davomida (tashkilot, muassasa, korxonada ishlovchi) moddiy javobgar shaxsda tovar-moddiy boylik, pul mablag‘lari kamomadi (ortiqchasi) bo‘lganmi? Bo‘lgan bo‘lsa qancha miqdorda?
– muayyan xo‘jalik operatsiyalari tufayli tashkilotga (korxona, muassasa) qancha zarar yetkazilgan?
– qaysi davrda kamomad (ortiqcha) yuzaga kelgan va shu davrda tovar-moddiy boyliklarning saqlanishi uchun kim javobgar bulgan?
– kamomad tufayli yetkazilgan moddiy zararning miqdori qancha?
– hisobot ma’lumotlarida aniqlangan farqlar qaysi davrga taalluqli?
- Buxgalteriya hisob-kitoblarini yuritish va nazoratini tashkil etilishini to‘g‘riligini aniqlash bilan bog‘liq bo‘lib, unda quyidagilar aniqlanadi:
– buxgalteriya hisobini yuritish va hisobotlarni tuzish bo‘yicha amaldagi me’yoriy hujjatlarga amal qilinganligi va ularni buxgalteriya hujjatlarida qanday aks etganligi;
– pul mablag‘lari va tovar moddiy boyliklar kirim qilinishi, sotilishi va hisobdan chiqarilishini hujjatli rasmiylashtirilishini to‘g‘riligi;
– korxonada buxgalteriya hisobi va nazoratini yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida kamomadni (ortiqcha), moddiy zararni kelib chiqish sabablari;
– pul mablag‘lari va tovar moddiy boyliklar kamomadini (ortiqchaligi) aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan hujjatli taftishda taftishchi tomonidan qo‘llanilgan uslublarni to‘g‘riligi.
Bu masalalari bilan bog‘liq savollar quyidagicha bo‘lishi mumkin:
– mazkur tashkilotning buxgalteriya hisobi va hisobotidagi qanday kamchiliklar tovar-moddiy boyliklar, pul mablag‘lari kamomadining (ortiqchasi) yuzaga kelishiga yoki ularni yashirishga sabab bo‘lgan?
– muayyan tashkilotni tekshirishda (taftish qilish) qo‘llangan uslublar kamomadlarni (ortiqcha) aniqlashga imkon berganmi?
– hujjatlarni tekshirishda (taftish qilish) kamomad (ortiqcha) aniqlanishining barcha uslublari qo‘llanganmi?
– sintetik hisob va hisobot ma’lumotlari xomashyoni (tayyor mahsulot) kirimga kiritish bo‘yicha dastlabki hujjatlar, mahsulot ishlab chiqarish buyicha yakuniy ko‘rsatkichlarga mos keladimi?
– moddiy boyliklarni olish va sotishda byudjet korxonasi (muassasa, tashkilot) tovarsiz operatsiyalarni amalga oshirganmi?
4. Hisob va nazoratni yuritish qoidalariga javobgar, javobgarligida pul mablag‘lari va tovar moddiy boyliklari bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlash bo‘lib, quyidagilar oydinlashtiriladi:
– hujjatli ma’lumotlar asosida kamomad paydo bo‘lgan davrda, javobgarligidagi pul mablag‘larni va tovar moddiy boyliklarni asossiz hisobdan chiqargan shaxslar doirasini aniqlash;
– buxgalter-ekspert tomonidan aniqlangan buxgalteriya hisobi va nazorati talablari bajarilishini ta’minlovchi mansabdor shaxslar doirasini aniqlash.
Bu masalalarini yechishda quyidagi savollarga javob berish mumkin:
– ma’lum bir davrda moddiy boyliklar, pul mablag‘lari uchun kim javobgar bo‘lgan?
– tovar-moddiy boyliklarni hisobga olish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar talablarini ta’minlash bosh buxgalterning majburiyatiga kiradimi?
– bosh buxgalterdan boshqa qaysi shaxs buxgalteriya hisobini olib borish uslubiyotiga rioya qilish uchun ma’suldir?
Jinoyat sodir etilishiga imkon yaratgan sabab va sharoitlarni aniqlash uchun ekspert oldiga quyidagi savollar qo‘yilishi mumkin:
– tovar-moddiy boyliklar, pul mablag‘lari, kamomadlarni (ortiqcha) yoki moddiy zararning boshqa turlarini yuzaga keltiruvchi sharoitni bartaraf etish uchun qanday chora-tadbirlar kerak?
– buxgalteriya hisob-kitobi va nazoratini belgilaydigan me’yoriy qoidalar talablarining qaysi buzilishlari moddiy zarar yetkazishga olib keldi?
– muayyan xo‘jalik operatsiyalari bo‘yicha hisobot buxgalteriya hujjatlarini yuritishning barcha qoidalariga rioya qilgan holda rasmiylashtirilganmi?
Yuqorida keltirilgan savollar sud-buxgalteriya ekspertizasi hal etadigan eng ko‘p uchraydigan savollar bo‘lib, ular ish holatlariga qarab o‘zgarishi mumkin.
Farxod Ochilov
O‘zbekiston Respubliksi Adliya vazirligi
huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud
ekspertiza markazining Buxoro viloyat bo‘limi mudiri.