Sud-fonografiya ekspertizasi audio va video yozuvlarni sud ekspertizasi sifatida tanilgan, bu turdagi ekspertiza audio va video yozuvlardagi suhbatlarni tekshirish, ovoz va nutqni kimga tegishli ekanligini aniqlash, audio va video yozuvlarda montaj (tahrirlash) belgilarini aniqlash va suhbatning so‘zma-so‘z mazmunini aniqlash va h.k. masalalarni hal etish uchun zarurdir.
Inson ovozi individualdir, ovozning xususiyatlari barqaror va nutq organlarida turli xil o‘zgarishlar bilan doimo individual bo‘lib qoladi. Insonning shakllangan nutqi hayot davomida deyarli o‘zgarmaydi. Hozirgi kunda foydalanib kelinayotgan raqamli texnologiyalarning imkonyatlari har bir shaxs o‘zi istagan suhbatni ovoz yozuvchi maxsus uskunaga yoki uyali telefon apparatiga yozib olishi imkonini beradi. Shu sababli so‘nggi paytlarda insonni audio izlarining roli sezilarli darajada oshdi.
Tegishli tartibda yozib olingan fonogramma ko‘pincha turli sud ishlarida dalil sifatida qabul qilinadi. Fonografiya tekshirish doirasida ularning haqiqiyligini aniqlash, shuningdek, boshqa bir qator muhim muammolarni hal qilish mumkin.
Sud-fonografiya ekspertizasining obyektlari bo‘lib quyidagilar hizmat qiladi:
– ovoz yozish uskunasiga, flesh kartaga yozilgan, shuningdek kompakt yoki raqamli disklarga ko‘chirilgan fonogramma;
– fonogrammaning stenogrammasi, yaʼni suhbatning so‘zma-so‘z bayoni;
– ovoz yozish moslamasi (uyali telefon apparati, raqamli diktofon va boshqalar);
– kompakt yoki raqamli disk, flesh kartalar va mikrochip va h.k.
Jinoyat va huquqbuzarliklar haqidagi ma‘lumotlarni isbotlashda audio va video yozuvlardan keng foydalaniladi. Ularning mazmuni ko‘pincha tuhmat, haqorat, pora, tahdid, firibgarlik va hokazolarni adolatli hal qilishda muhim rol o‘ynaydi. Sud, tergov yoki surishtiruvda fonogrammaga oid savollar bo‘lsa, sud-fonografiya ekspertizasi tayinlanadi.
Sud-fonografiya ekspertizasining asosiy yo‘nalishi – bu turli xil raqamli tashuvchilarda va turli xil raqamli formatlarda taqdim etilgan og‘zaki nutq yozuvlarini o‘rganishdir. Ushbu tadqiqot sud fonografiya sohasiga tegishli bo‘lib, unda tovushlar, hamda nutqlar batafsil tadqiqot qilinadi. Xar bir shaxs, nisbatan barqaror akustika va nutq xususiyatlarining individual to‘plamiga ega. Ammo nutq xususiyatlarining individual to‘plami turli omillar ta‘sirida o‘zgarishi mumkin – yozib olish paytidagi ma‘ruzachining holati va fonogrammani yozib olish shartlari. Bundan tashqari, ushbu barqaror akustika va nutq xususiyatlarining individual to‘plam belgilari texnik sabablarga ko‘ra ham buzilishi mumkin – ovoz yozish moslamasining (eskirganligi, nosozligi, yozib olishda to‘g‘ri joy tanlanmaganligi) texnik xususiyatlari, turli omillar tufayli fonogrammaning past sifatda yozilishi, unga uchinchi shaxs tomonidan kiritilgan o‘zgartirishlar va boshqalar.
Fonogrammani dalil sifatida taqdim etishda uning haqiqiyligi (orginalligi) masalasi ayniqsa dolzarbdir. Fonogrammani nusxasi taqdim qilingan hollarda, suhbatlarda har doim tahrirlash yaʼni montaj belgilarini aniqlash uchun tadqiqotlar o‘tkazish o‘ta muxim xisoblanadi. Tahrirlash yaʼni montaj qilingan fonogrammaning xarakterli belgilari – suhbatning mantiqiy boshlanishi yoki oxirining yo‘qligi, nutqda vaziyatga qarab aniqlanmagan so‘zlarning mavjudligi, yozib olish darajasi xar doim ham muttasil emasligi, so‘zlarni mazmunan izchil va mantiqiy bog‘langan emasligi. Suhbatlar pauzalari sintaksis, mantiqiy va fiziologik jihatidan bir–biriga xar doim ham bog‘langan emasligi. Gaplarning boshlanishi va yakunlanishi bir-biriga nisbatan xar doim ham mos va kelishilgan holda emasligi. Ohanglar manzarasi va so‘zlarning hissiy holati xar doim ham nihoyasiga yetmaganligi hamda aytilayotgan gaplarning mohiyatiga mos tushmaganligi, intonatsiya-prosodik dissonans (tovushlarning bir-biriga nisbatan hamohangsiz yangrashi)ning mavjudligi va h.k.
Sud-fonografiya ekspertizasini o‘tkazishda quyidagi masalalar hal qilinadi:
- ekspertizaga taqdim etilgan stenogrammaning tadqiq qilinuvchi fonogramma mazmuniga mos kelishi yoki mos kelmasligi;
- ekspertizaga taqdim etilgan yozuv sifati past bo‘lganda suhbat stenogrammasini tuzish;
- ekspertizaga taqdim etilgan suhbatlar identifikatsion tadqiqot uchun yaroqli yoki yaroqli emasligini aniklash;
- ekspertizaga taqdim etilgan suhbatda nechta shaxs ishtirok etganligini, ularning jinsini, suhbat qayerda (xonada, ko‘chada, avtomashina salonida va h.k.) yozib olinganligiii aniqlash;
- suxbat yozib olingan fonogrammada elektroakustik montaj belgilari mavjudligi yoki mavjud emasligini aniklash;
- ekspertizaga taqdim etilgan fonogrammaning asli yoki nusxaligini aniqlash;
- ekspertizaga taqdim etilgan fonogrammadagi ovoz va nutqning kimga tegishli ekanligini aniqlash;
- ekspertizaga taqdim etilgan tadqiq qilinishi lozim bo‘lgan fonogramma aynan qaysi moslamada yozib olinganligini aniqlash;
- taqdim qilingan suhbatda, ovozlari va nutqlari yozilgan shaxslarning jismoniy va ruhiy holati qanday?
- suhbat jarayonida suhbatlashuvchilarga jismoniy va ruhiy taʼsir o‘tkazish alomatlari mavjudmi?
- suhbat fonogrammasida ishtirok etgan shaxslarning nutqlari o‘qitilganmi yoki erkin nutqmi?
Sud fonografiya ekspertizasi o‘tkazishda shaxsni identifikatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan ovoz va nutqlardan solishtiruv namunalarini olish tartibi:
Identifikatsiya qilish bilan bog‘liq sud-fonografiya ekspertizasini o‘tkazish uchun gumon qilinuvchi shaxsning erkin ovozi va nutqi namunalarini davomiyligi 35-45 daqiqa bo‘lgan holda, ovoz yozish moslamasi yordamida yozib olingan namunalari talab qilinadi.
Solishtiruv namunalari ikki xil bo‘ladi:
- a) erkin nutq;
- b) eksperimental nutq.
Nutqning erkin namunalari – shaxsdan jinoyat sodir etilishigacha yoki undan keyin jinoyat ishi bilan bog‘lik bo‘lmagan holatlarda erkin (shu jumladan, yashirin) ravishda olingan nutqidir.
Nutqning eksperimental namunalari esa tergovchi tomonidan sud-fonografiya ekspertizasini o‘tkazishda solishtiruv materiali sifatida foydalanish uchun maxsus tayyorlanib, ovoz yozish moslamasiga yozib olinadi va bu hakda bayonnoma tuziladi.
Tergovchi (sud) tekshiriladigan fonogrammani bir necha marotaba diqqat bilan eshitib, unda uchragan, kaytarilgan jumlalarni inobatga olgan holda identifikatsion tadqiqot uchun qanday solishtiruv materiallari kerakligi xaqida tushuncha hosil qiladi va namuna olish rejasini ishlab chiqadi.
Bu rejada protsessual talablarga binoan quyidagilarni nazarda tutish lozim: ovoz yozish moslamasiga yozib olinayotgan namunani boshlanishidan oldin unda yozuv olinayotgan sana, joyi, yozuvni amalga oshirayotgan shaxsning familiyasi, ismi, mansabi, texnik sharoitlar (raqamli diktofon, mikrofon, kompakt disk, magnitofon, turi so‘zlovchi bilan mikrofon orasidagi masofa) ko‘rsatiladi.
Sud-fonografiya ekspertizasini tayinlash uchun kerakli materiallar to‘plash jarayonida tergovchi (sud) gumonlanuvchi (ayblanuvchi, guvox) shaxs haqida maʼlumotlar to‘playdi.
Bunday maʼlumotlarga shaxsning yoshi, millati, qaysi tillarni bilishi, maʼlumoti, yashash joyi, mexnat faoliyati, tadqiq qilinuvchi fonogrammagacha bo‘lgan va undan keyingi fiziologik va psixologik holati kiradi.
Bu maʼlumotlar “gumondor” shaxsdan olingan eksperimental namunalarni ekspert tomonidan baholashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sud-fonografiya ekspertizasini tayinlash uchun solishtiruv namunalarini tayyorlashda yuqori sifatli ovoz yozish moslamalaridan foydalanish zarur.
Bu talab sud-fonografiya ekspertizasini o‘tkazish uslubidan kelib chiqib, tekshiriladigan nutqlar (tadqiq qilinuvchi va namunalar) ikki xil sharoitda, sifat jixatidan xam farq qiladigan fonogrammani tadqiq etish natijasida yo‘l quyiladigan xatoliklarning oldini oladi.
Ekspertiza tadqiqoti uchun namunalar olishga qo‘yiladigan talablar
– namuna mazmuni bilan birlamchi fonogramma mazmunini aynanlashtirish;
– namunalar tadqiq qilinayotgan fonogramma yozib olingan sharoitda olinishi kerak, masalan, agar tadqiq qilinuvchi fonogramma telefon apparati orqali olib borilgan suhbat bo‘lsa, tergovchi xam namunalarni telefon apparati orqali olishi lozim;
– namunalar tashqi shovqinlardan (masalan, radio, televizor, konditsioner ovozlari va x.k.) holi ravishda olinishi lozim;
– hech qanday jihozga ega bo‘lmagan bo‘sh xonada namuna olish taqiqlanadi, chunki bo‘sh xonada gapirilganda aks-sado (exo) hosil bo‘lib bu holat instrumental tahlil jarayoniga jiddiy to‘sqinlik qiladi;
– solishtiruv namunalarining davomiyligi taxminan 35-45 daqiqa bo‘lishi lozim, chunki qisqa solishtiruv namunalarida shaxsning o‘ziga xos umumiy va xususiy belgilari aks etmaydi;
– solishtiruv namunalarini o‘qittirib yoki yodlatib olish ham sud-fonografiya ekspertizasini o‘tkazishlik metodikasiga ziddir;
– tadqiqot qilinayotgan fonogramma qaysi tilda va shevada bo‘lsa solishtirish uchun namuna ham o‘sha tilda va shevada olinadi.
Ekspertiza tayinlashda namunalar yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan talablarga rioya qilinib olinishi sud-fonografiya ekspertizasini sifatli o‘tkazishda shuningdek mazkur ekspertiza yordamida hal etiladigan masalalar sonining ko‘payishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi va uning samaradorligini taʼminlaydi.
M.X.Tashpulatov (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi X.Sulaymonova nomidagi
Respublika sud ekspertizaci markazi “Sud-fonografiya ekspertizasi”
laboratoriyasining yetakchi eksperti)