Sud ekspertizasi sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar

Mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar bir paytda sud-huquq sohasida ham bundan chetda qolmayapti. Bugungi kunda fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab berilgan huquqlarini himoya qilishda, qonun ustuvorligi hamda jinoyatchilikning oldini olish va uni fosh etishda sud ekspertlari tomonidan olib boriladigan tadqiqotlar juda muhim ahamiyatga egadir.

Boshqa sohalar qatori joriy yil ham sud ekspertizasi sohasida arzirli islohotlar olib borildi hamda uning natijasi o‘laroq qator imkoniyatlar yaratildi. Ushbu sohani tartibga solishga qaratilgan qator normativ hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-fevraldagi “Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi 73-son qarori qabul qilindi. Qaror asosida 2023-yil 10-aprelda Adliya vazirining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 72-um-sonli buyrug’i bilan Nizom tasdiqlandi hamda hozirgi kunda ish faoliyatida qo‘llanilmoqda.

Bundan tashqari, 1992-yil 3-iyulda qabul qilingan “Guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarning qilgan xarajatlarini to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bugungi kun talablariga javob bermaganligi uchun
2022-yil 4-noyabrdan bekor qilindi. 2023-yil 28-oktyabrda 570-son bilan Vazirlar Mahkamasining “Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori asosida “Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom qabul qilindi. Nizomning 3-bobida ekspertlarga to‘lanadigan haq miqdorlari belgilab berildi.

Shuningdek, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi ekspertlarining doimiy ravishda chet elda malaka oshirish va o‘qitish ishlari amalga oshirildi hamda Markazning 4 ta laboratoriyasi ISO/IEC 17025:2019 standarti talablari bo‘yicha xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi va tegishli guvohnomaga ega bo‘ldi. Mazkur akkreditatsiya Markazga tadqiqotlarni xalqaro standartlar darajasida bajarish imkonini beradi hamda mazkur laboratoriyalar tomonidan berilgan xulosalarning xalqaro miqyosda shubhasiz tan olinishi, fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini nafaqat mamlakatimiz hududida, balki xalqaro sudlarda ham ishonchli himoya qilinishiga hamda odil sudlov ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, ISO xalqaro tashkilotining direktorati tomonidan STQ 15 sud ekspertizasi sohasidagi texnik qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi texnik jihatdan tartibga solish agentligi orqali ISO/TC 272 “Forensic science” xalqaro texnik qo‘mitasiga a’zolikka qabul qilindi va uning 19-kuzatuvchisiga aylandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6256-son Farmoniga muvofiq 2021-2025-yillarda joriy etiladigan ekspertiza va tadqiqot turlari bo‘yicha quyidagi 3 ta yangi ekspertiza va tadqiqot turlari amaliyotga joriy etildi: “Gaz va elektr energiya texnika obyektlarining portlash texnik ekspertizasi”; “Radiotexnika ekspertizasi”; “Sud-psixologik-filologik ekspertizasi tadqiqoti”.

Bundan tashqari, xalqaro hamkorlik doirasida X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi va Rossiya Federal sud ekspertiza markazi bilan hamkorlikda “X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida transport-baxolash ekspertizasi uslubiyatini takomillashtirish” nomli ilmiy-tadqiqot ishi ijrochilari bilan videoaloqa orqali Ilmiy kengashda muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, Markaz tarixida ilk bor sud-ekspertizasi sohasida xorijiy davlatlar ekspertiza muassasalari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishi olib borildi.

Bu boradagi islohotlar davom ettirilmoqda. Bu esa sud ekspertizasi sohasida yana imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

X.Sulaymonova nomidagi RSEM Surxondaryo viloyati bo‘limi eksperti
2-darajali yurist A.N.To‘rayev

Skip to content