Lok-boʻyoq materiallari, lok-boʻyoq qoplamalari va boʻyalgan buyumlarning kriminalistik ekspertizasining predmeti va obyektlari

Lok-boʻyoq materiallari, lok-boʻyoq qoplamalari va boʻyalgan buyumlarning kriminalistik tadqiqotlarining ilmiy asoslari va metodikalari yordamida aniqlanadigan, jinoyat ishlarini tergov qilish va ish boʻyicha haqiqatni aniqlashga yordam beradigan faktik maʼlumotlar – mazkur turdagi kriminalistik ekspertizalarning predmetini tashkil qiladi. Lok-boʻyoq materiallari, lok-boʻyoq qoplamalari va boʻyalgan buyumlarning  kriminalistik ekspertizasining obyektlari boʻlib, ishning mohiyatiga bogʻliq holda quyidagilar boʻlishi mumkin:

  • lok-boʻyoq materiallari. Lok-boʻyoq materiallari, lok-boʻyoq qoplamalari va boʻyalgan buyumlarning kriminalistik ekspertizasining obyektlari sifatida lok-boʻyoq materialining alohida suyuq va toʻkiluvchan turlari, moddiy sharoitning elementlaridagi lok-boʻyoq materialining ifloslanishlari (mikrozzachalar, ishqalanishlar), lok-boʻyoq materialining alohida tarkibiy qismlari (komponentlari) boʻlishi mumkin;
  • lok-boʻyoq qoplamalari (yoki ularning boʻlaklari). Lok-boʻyoq materiallari, lok-boʻyoq qoplamalari va boʻyalgan buyumlarning kriminalistik ekspertizasining obyektlari sifatida, hodisa joyining moddiy sharoiti elementi – aniq bir obyektlarning Lok-boʻyoq qoplamalari yoki boʻyalgan buyumlardan ajralib qolgan Lok-boʻyoq qoplamalarining alohida boʻlaklari (jumladan, mikroobyektlar) hisoblanadi;
  • boʻyalgan buyum (mahsulot). Lok-boʻyoq materiallari bilan boʻyalgan barcha buyumlar transport vositalari, panjaralar, toʻsiqlar, seyf va hakazolar, yaʼni moddiy sharoitning aniq bir elementlari hisoblanadi.

Koʻrilayotgan turdagi ekspertizaning taʼkidlangan obyektlari: lok-boʻyoq materiallari – lok-boʻyoq qoplamalari – boʻyalgan buyumlar tizimining xususiyati shunda-ki, lok-boʻyoq materiallari va lok-boʻyoq qoplamalarining kriminalistik tadqiqotlarining oʻziga xosligi, yaʼni uning asosiy maqsadi – material yoki qoplamaning emas, balki aynan boʻyalgan buyumning diagnostik va identifikatsion tadqiqotlari ekanligiga bogʻliqdir, chunki aynan boʻyalgan buyumdan lok-boʻyoq materiallari yoki lok-boʻyoq qoplamalari ajralib qolgan boʻlishi mumkin.

Mazkur ekspertiza doirasida koʻrilayotgan va tergov qilinayotgan jinoyat hodisasiga bogʻliq boʻlgan obyektlarning ayrimlari, ishga ashyoviy dalil sifatida kiritiladi hamda lok-boʻyoq materiallari va qoplamalarining kriminalistik ekspertizasiga yuboriladi.

         Bu kabi obyektlar sirasiga quyidagilar kirishi mumkin:

  • transport vositalari, seyflar, boʻyalgan sirtli kundalik ehtiyoj buyumlari yoki boshqa jinoyat sodir etish quroli boʻlgan yoki jinoiy tajovuz predmeti boʻlgan boʻyalgan buyumlar;
  • hodisa sodir boʻlgan joyda aniqlangan boʻyalgan sirtli buyumlardan ajralib qolgan lok-boʻyoq materiallari yoki qoplamalarining zarrachalari;
  • lok-boʻyoq materiallari bilan kontakt taʼsirlashish izlarining buyum-tashuvchilari (masalan, boʻyoq izlari boʻlgan kiyim, boʻyalgan toʻsiqlarni buzish quroli, shuningdek lok-boʻyoq materiallari bilan ishlash uchun qoʻllanilgan asbob-uskunalar va moslama hamda qurilmalar);
  • suyuq yoki toʻkiluvchan lok-boʻyoq materiallarining alohida idishlari (masalan, bir qismi kundalik ehtiyoj buyumlarini boʻyash uchun ishlatilgan boʻyoqli banka), shuningdek lok-boʻyoq materiallarini tayyorlash uchun ishlatilgan alohida tarkibiy qismlarning (bogʻlovchi, pigment, toʻldiruvchi va h.k.) idishi;
  • oʻzaro taʼsirlashish izlari boʻlgan boʻyalgan buyumlar yoki suyuq (toʻkiluvchan) lok-boʻyoq materiallarining muayyan birikmalari (yigʻindisi);
  • LBM bilan ishlashda qoʻllanilgan uskuna va moslamalar;
  • hajmi juda katta boʻlgani uchun ishga qoʻshib qoʻyishning iloji boʻlmagan obyektlar (binolar elementlari, devorning bir qismi, oʻtirgich va h.k.). Bu holda hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirish bayonnomasida tegishli qaydlar qilinadi. Lok-boʻyoq tabiatiga ega boʻlgan izlar-qatlamlarning tadqiqotlari ekspert koʻzdan kechirishi jarayonida oʻtkaziladi. Ekspertizaning bu kabi obyektlari sifatida lok-boʻyoq materiallarining yoki sirti boʻyalgan buyumning kelib chiqish manbaini ham olish mumkin (masalan, buyumni tashqi koʻrinishin oʻzgartirish uchun boʻyash joyi);
  • namunalar (masalan, lok-boʻyoq qoplamasi buyumdan olingan qirindi), chunki boʻyalgan sirtli buyumlarning yoki lok-boʻyoq materiallarining kriminalistik ekspertizasi har doim ham bevosita xususiyatga ega emas. Tekshirilayotgan obyektning xususiyatlari haqida koʻp hollarda uning namunalari boʻyicha fikr yuritiladi;
  • etalonlar (erkin namunalar), shuningdek, ish materiallarida mavjud boʻlgan va tekshirilayotgan obyektning vujudga kelishi, mavjudligi va oʻzgarishlariga oid maʼlumotlar.

Mazkur turdagi ekspertiza doirasida tadqiq qilinadigan joyning moddiy elementlari bir vatqning oʻzida boshqa turdagi kriminalistik ekspertizalarning ham obyektlari hisoblanadi. Masalan, transport vositalariga nisbatan identifikatsion tadqiqotlarda, lok-boʻyoq qoplamalar bilan birga, yoqilgʻi-moylash materiallari, shisha, plastmassa, rezina detallar ham tadqiqot obyekti boʻlishi mumkin. Shu boisdan, sud ekspertizalarning turlicha turlari vakolatlarini aniqlashda (ularni farqlashda) ularning bevosita tadqiqot obyektlariga koʻra farqlash maqbul boʻladi.

Lok-boʻyoq qoplamalari (lok-boʻyoq materiallari) xususiyatlari va boʻyalgan buyumlarning xususiyatlari koʻp hollarda oʻzaro bogʻliq boʻladi. Bu esa lok-boʻyoq materiallari va lok-boʻyoq qoplamalarining kriminalistik tadqiqotlari yordamida hodisa joyidagi moddiy sharoitning tegishli elementlari haqida isbotlov ahamiyatga ega axborotlarni olish imkonini yaratadi. Jumladan, birorta buyumga zavod usulida surtilgan (tushirilgan) lok-boʻyoq qoplamasi tizimi – ushbu buyumning moʻljallangan maqsadiga bogʻliq boʻladi (masalan, muayyan rusumdagi transport vositasini boʻyash uchun lok-boʻyoq qoplamasi aniq assortimenti, bu qatlamni tushirishning (hosil qilish) belgilangan texnologiyasi va usullari qoʻllaniladi).

Buyumlarning (obyektlar) lok-boʻyoq qoplamasi va ularni shakllantiruvchi materiallar bu obyektni ekspluatatsiya qilish vaqti va sharoitlari, tekshirilayotgan hodisaga bogʻliq taʼsirlashishlari va oʻzgarishlari haqidagi maʼlumotlarni oʻziga qamrab oladi. Birorta buyumdan ajralgan boʻyoq parchasida boʻyalgan buyumning sirti mikrorelyefining aksini kuzatish mumkin boʻladi.

Yuqorida koʻrilgan oyektlarning isbotlov ahamiyati – aynan ularning kriminalistik tadqiqotlari natijalariga koʻra koʻrilayotgan ishga aloqador boʻlgan faktik holatlarning keng doirasini aniqlash imkoniyatlari bilan belgilanadi. Lok-boʻyoq materiallari va lok-boʻyoq qoplamalari kriminalistik tadqiqotlari obyektlarining isbotlov ahamiyati quyidagilar bilan aniqlanadi:

  • ularning tabiati, nomi, moʻljallangan maqsadi va qoʻllanish sohasi bilan. Masalan, bochkada muayyan turdagi lok-boʻyoq materiali qoldiqlarini aniqlab, yongʻin yoki portlashning sabablari boʻyicha fikr yuritish mumkin;
  • muayyan holatni tasdiqlaydigan, baʼzida esa bu holatni aniqlash manbalari boʻlgan joylarda lok-boʻyoq materiallari, boʻyalgan buyumlar yoki lok-boʻyoq materiallari zarrachalarining mavjudligi fakti. Jumladan, lomning ishchi sirtida boʻyoq qatlamining aniqlanishi – bu lomni boʻyalgan seyf, eshik va h.k.ni ochishda (buzishda) ishlatilganligidan dalolat berishi mumkin;
  • birorta buyumga ilgari xos boʻlgan xususiyatlarni oʻzgarishi bilan, masalan, olib qochilgan transport vositasi rangi oʻzgartirish yoki yoʻl-transport hodisasiga aloqador boʻlgan avtomobilning ayrim qismlari va detallarini qayta boʻyash;
  • muayan shaxsning kasbiy mashgʻulot turi bilan (jinoyatchi, jabrlanuvchi): lok-boʻyoq materiali mikrozarrachalari haydovchining, avtoslesarning (usta) kiyimlarida aniqlanishi mumkin, kiyimga suyuq holda tushib qolgan (sachragan, toʻkilgan) turli rangdagi boʻyoqlar esa boʻyoqchining kiyimlarida boʻlishi mumkin;
  • buyumdagi lok-boʻyoq materiallari izlarining (qatlam-izlar) hosil boʻlish mexanizmi bilan. Jumladan, avtomobillarni boʻyash uchun ishlatiladigan lok-boʻyoq materiallarining kiyimdagi dinamik ishqalanish izlari – harakatlanayotgan transport vositasining piyoda tanasi bilan urinma tegib oʻtishidan darak beradi;
  • jinoyat sodir etish quroli yoki mexanizmini aniqlash bilan (masalan, avtohalokat boʻyicha ishda, jabrlanuvchining kiyimlarida mato ichiga kirib ketgan lok-boʻyoq materiali zarachalari aniqlangan: ekspertiza yordamida lok-boʻyoq materiali zarrachalarining aniq bir avtomobilga tegishli ekanligi aniqlangan).

Lok-boʻyoq materiallari, lok-boʻyoq qoplamalari va boʻyalgan buyumlarning kriminalistik ekspertizasida quyidagi turlarni ajratish mumkin: suyuq va toʻkiluvchan materiallar ekspertizasi hamda qoplamalar ekspertizasi. Ekspertizani bu kabi ajratish – ushbu turdagi ekspertiza obyektlarining agregat holatlari turlichaligi hamda shunga mos holda tadqiqot usul va uslublar ham turlicha boʻlishi bilan izohlanadi. Jumladan, lok-boʻyoq materiallari — suyuq (quyuqroq), baʼzida — toʻkiluvchan, lok-boʻyoq qoplamalari — qattiq, plenkasimon, moʻrt yoki egiluvchan boʻladi. Lok-boʻyoq materiallariga odatda faqat substansional belgilar xos, lok-boʻyoq qoplamalariga esa — yana ularning ichki va tashqi tuzilishi morfologisining barqaror belgilari (qatlam soni, ularning qalinligi va h.k.) ham xosdir.

Lok-boʻyoq materiallari, lok-boʻyoq qoplamalari va boʻyalgan buyumlar kriminalistik ekspertizalarining quyidagi kichik turlarini ham ajratish mumkin:

  • transport vositalari lok-boʻyoq materiallari va qoplamalarining ekspertizasi;
  • maxsus buyumlar lok-boʻyoq materiallari va qoplamalarining ekspertizasi;
  • keng tarqalgan maishiy buyumlar, qurilish binolari va inshoatlari lok-boʻyoq materiallari va qoplamalarining ekspertizasi
  • badiiy boʻyoqlar va ular asosidagi qoplamalarning ekspertizasi.

Hozirgi kunda eng koʻp tarqalgan ekspertiza obyekti sifatida, “transport vositalari lok-boʻyoq materiallari va qoplamalarining kriminalistik ekspertizasi”ning ilmiy asoslari va metodikasi toʻliq ishlab chiqilgan deb hisoblanib, ushbu ekspertiza boʻyicha X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining “Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi”da tadqiqotlar olib borilib asoslangan xulosalar beriladi.

Materiallar, ashyolar va buyumlar

kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi

ekspertlari I.E.Talipova va D.T.Karimova

Skip to content