Neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallari ekspertizasi yongʻin sodir boʻlganda, oʻzini yoqib yuborish, qasddan oʻt qoʻyish, yoʻl-transport hodisalari, jasadni yoqib yuborish, turli jinoyat izlarini yoʻqotish maqsadida obyektlarga oʻt qoʻyish, neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallarini oʻgʻirlash, talon-taroj qilish bilan bogʻliq boʻlgan jinoiy ishlarni koʻrishda tayinlanadi.
Neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallari ekspertizasi amaliyotining tahlili, sud-tergov idoralari xodimlari bu obyektlar xususiyatlari va tabiati haqida yetarlicha maʼlumotlarga ega boʻlmaganliklari oqibatida ashyoviy dalillarni ekspertizaga tayyorlash, ekspertiza tayinlash va savollarni tuzishda koʻp xatolarga yoʻl qoʻyishlarini koʻrsatadi.
Neft mahsulotlarini va yonilgʻi-moylash materiallarini har xil idishlarda – butilkada, kanistrada, baklajkada hamda har xil buyumlarda – kiyimdagi dogʻlar, transport vositalarida, qurolning qismlarida qolgan qoldiqlarini yoki izlarini tadqiqot qilish ekspertizasining daliliy mohiyati shundaki, tekshirish natijalari boʻyicha yongʻin sodir boʻlgan joyda va transport vositasida, qurolda va jabrlanuvchi yoki jinoyatchining kiyimida tez yonuvchi neft mahsulotlari, yonilgʻi-moylash materiallari borligini va ularning turini aniqlash mumkin. Yonilgʻi-moylash materiallarining izlari uni qoldirgan buyumdagi ushbu materiallar bilan solishtirilib ularning turdoshligini aniqlashga asos boʻlishi mumkin.
Ekspertizaning ushbu turiga quyidagilar obyekt boʻlishi mumkin:
– yongʻin qoldiqlari, kul, mato boʻlaklari, jabrlanuvchining kiyimlari, chala yongan va yongan kiyim qoldiqlari, neft mahsuloti saqlangan yoki mavjud boʻlgan deb taxmin qilingan idishlar – baklajkalar, kanistrlar, sisternalar, butilkalar va xakazo.
– yonilgʻi (avtomobil benzinlari, aviatsion, dizel, bugʻqozon va reaktiv yonilgʻisi);
– moylar (motor, transmission, industrial, gidravlik, vakuum uskuna);
– yogʻlash materiallari (antifriksion, konservatsion, uzoq muddat saqlash uchun toʻldiruvchi);
– qattiq neft mahsulotlari (shagʻam, serezin, vazelin, bitum, qora kuya, ozokerit-balchiq);
– har xil mahsulotlar (rangsizlantirilgan, tozalangan kerosin, organik erituvchilar, shimdirish uchun ishlatiladigan vosita, himoyalovchi mum, yogʻlash, sovutish uchun ishlatiladigan neft mahsulotlari).
Neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallari jinoyat vaziyatining tarkibiy qismi sifatida har xil idishlarda hamda ular taʼsir koʻrsatgan buyumlarda qoplama, qatlam, dogʻlar holida uchrashi mumkin.
Koʻpincha sud tergov idoralari xodimlari tomonidan neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallari ekspertizasiga ashyoviy dalillarni olish va taqdim qilishda koʻp xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyiladi.
Ashyoviy dalillarni olib qoʻyishda, oʻrab joylashda neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallarining quyidagi oʻziga xos xususiyatlariga eʼtibor berish zarur:
- a) neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallari suyuq va yelimsimon boʻlganligi hamda barqaror bir shaklga ega boʻlmaganligi sababli muayan hajmi ular saqlanayotgan idishga qarab aniqlanadi. Shuning uchun ushbu suyuq neft mahsulotlari biron bir ogʻiz qismi zich yopiladigan idishlarda taqdim etiladi.
- b) koʻpgina neft mahsulotlari (benzin, kerosin, dizel yonilgʻisi) tarkibida uchuvchan moddalar borligi sababli tez oʻzgaruvchan boʻladi. Lekin neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallari tarkibining oʻzgarishi faqat bugʻlanish natijasida emas, balki tashqi taʼsirlar yordamida ham amalga oshiriladi. Neft mahsulotlari mavjud deb gumon qilinayotgan ashyoviy dalillar qogʻoz paketlarga, konvertlarga yoki qogʻoz oʻramlariga solinsa, ashyoviy dalillardagi neft maxsulotlari qogʻozga shimilib yoki havo taʼsirida boʻgʻlanib yoʻqolishi mumkin. Shuning uchun neft mahsulotlari mavjud deb gumon qilinayotgan ashyoviy dalillar polietilen paketlarga solinib, paketning ogʻiz qismi mustaxkam bogʻlanib, maxsus birka bilan muxrlanib taqdim etiladi.
- v) suyuq va yelimsimon neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallari boshqa predmetlar (tuproq, daraxt, suvoq, toʻqimachilik mahsulotlari)ning massasiga singish va taqsimlanish xususiyatlariga ega boʻlganliklari tufayli ularning qoldiqlari va yuqlari bir buyumdan ikkinchi buyumga soʻrkalish (kontakt) natijasida oʻtib qolishi mumkin, shuning uchun voqea joyidagi neft mahsulotlari shimilishi yoki surkalishi mumkin boʻlgan ashyoviy dalillar ekspertiza oʻtkazish uchun taqdim etiladi.
- g) gazsimon neft mahsulotlari hamda motor yonilgʻilarining koʻp turlari yongʻin xavfini tugʻdiradigan va portlovchi moddalardir, ularni insonlarning hayoti va ekspert sogʻligi uchun xavf tugʻdirmasligini oldini olish maqsadida ekspertiza muassasining ushbu obyektlarni saqlay olish sharoitlarini va imkoniyatlarini oʻrgangan xolda taqdim etish maqsadga muvofiq boʻladi.
Neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallarini tekshirish kriminalistik ekspertizasi quyidagi vazifalari hal etadi, bular:
– buyumlarda neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallarining qoldigʻini yoki izini topish;
– toʻkilgan neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallari qoldiqlarining yoki izlarining tabiatini va uning turini aniqlash;
– muayan bir idishda boʻlgan neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallari turini va turkumini aniqlash;
– kiyimda aniqlangan neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallarining qoldigʻini yoki izini biron bir transport vositasining neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallarining qoldigʻi bilan bir turga kirish yoki kirmasligini aniqlash;
Ekspert oldiga hal etish uchun quyidagi savollar qoʻyilishi mumkin:
Voqea joyidan topilgan idish (shisha, banka)dagi suyuqlik neft mahsuloti (benzin, kerosin, dizel yonilgʻisi)mi? Agar neft mahsuloti boʻlsa uning turi aniqlansin.
Voqea joyidan topilgan idish (shisha, banka)dagi va gumon qilinayotgan shaxsdan olingan suyuqliklar bir turga mansubmi?
Voqea joyidan olingan ashyoviy dalillarda neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallarining izlari mavjudmi? Agar mavjud boʻlsa, ular maʼlum bir idishdagi neft mahsuloti va yonilgʻi-moylash materiali bilan bir turga kiradimi?
Ekspertizaga taqdim etilgan obyektlar (kiyim, tuproq namunalari, taxta boʻlaklarida va h.k.)da neft mahsulotlarining yoki yonilgʻi-moylash materiallarining qoldiqlari yoki izlari mavjudmi? Agar mavjud boʻlsa ularning turi aniqlansin?
Ekspertizaga taqdim etilgan kiyimda yonilgʻi-moylash materiallarining izlari mavjudmi? Agar mavjud boʻlsa, u gumon qilinayotgan shaxsning uyidan olingan yonilgʻi-moylash materiali bilan bir turga kiradimi?
Ekspertizaga taqdim etilgan jabrlanuvchining kiyimida yonilgʻi-moylash materiallarining izlari mavjudmi? Agar mavjud boʻlsa, uning turi aniqlansin va u maʼlum bir transport vositasining yonilgʻi-moylash materiali bilan bir turkumga kiradimi?
Yuqorida keltirilgan misollar koʻpincha uchraydigan odatdagi savollardir, lekin muayyan jinoiy ish boʻyicha tergov olib borilayotganda boshqa savollar ham qoʻyilishi mumkin. Tekshiruvlar hajmi, mazmuni ekspert oldiga qoʻyilgan savollarga bogʻliq, shuning uchun savollarga olingan javoblar shu jinoiy ish boʻyicha maʼlum bir voqeani aniqlashga qaratilgan boʻlishi lozimlgini yodda tutish zarur. Ekspertizada hal qilinishi uchun qoʻyiladigan savollar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
– loʻnda va aniq boʻlib, mazmuni tergov qilinayotgan ishning vaziyatlaridan kelib chiqishi;
– shu ekspertizani bajarayotgan ekspertning maxsus bilimlari doirasiga taalluqli boʻlishi;
– mantiqiy jihatdan toʻgʻri tuzilishi.
Neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallarining tarkibi oʻta murakkabligi sababli “Bu idishda qanday modda bor?”, “Dogʻ qanday moddadan qolgan?” hamda “oʻxshashmi?”, “Bir xilmi?” yoki “Aynan oʻzimi?”, “Markasi aniqlansin?”, “Qoʻllash va ishlatish uchun yaroqlimi?”, “Yongʻin aynan ushbu neft mahsulotidan kelib chiqqanmi?”, “Muqaddam ushbu idishda neft mahsuloti saqlanganmi yoki boʻlganmi?”, “Maʼlum bir neft mahsuloti yongʻin sodir boʻlgungacha xodisa joyida boʻlganmi yoki yongʻindan keyinmi?” kabi savollar X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi Markazining “Neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallari ekspertizasi” ekspertining vakolat doirasiga kirmaydi va hal etilmaydi.
Neft mahsulotlari va yonilgʻi-moylash materiallarining tarkibi oʻta murakkabligi va oʻzgaruvchanligi xususiyatlaridan kelib chiqib, ikki obyektning kimyoviy tarkibi bir turga mansub deb topilgani bilan ularni aynan oʻsha neft mahsulotlari deb boʻlmaydi. Shuning uchun ushbu ekspertiza yordamida ashyoviy dalillarda neft mahsulotlarining va yonilgʻi-moylash materiallarining mavjudligi, ularning turi hamda solishtirma namunalar yordamida bir turkumga mansubligi aniqlanadi.
MABKE laboratoriyasi mudiri R.Axmedova
MABKE laboratoriyasi yetakchi eksperti I.Talipova