SANOAT MAHSULOTLARI NARXINI TADQIQOT QILISHNING AHAMIYATI

Mamlakatda bozor munosabatlari rivojlanib borishi barobarida unga bog‘liq ravishda tovarning erkin bozordagi harakatini ta’minlovchi xizmat ko‘rsatish turlari xilma-xilligi ham o‘sib bormoqda. Huquqni qo‘llash amaliyoti tahlili shuni ko‘rsatadiki, sud-tergov organlarining tovarshunoslikka oid bilimlarni qo‘llashiga ehtiyoj ortib bormoqda, iqtisodiy jinoyatlarni, mulkiy nizolarni sudda ko‘rib chiqishda obyektiv va qonuniy ish olib borish turli obyektlarning tovar sifatini baholashni talab etadi. Shu sababli, nizoli masalalarni odil sudlov orqali hal etish tovarshunoslik sohasiga oid maxsus bilimlardan foydalanishni talab etadi. Ish olib borishning samarasi ko‘p jihatdan mazkur ekspertiza imkoniyatlaridan qanchalik to‘liq foydalanilganligiga bog‘liq.

Mol-mulkni bo‘lish, mulkni hisobdan chiqarish, mulkka zarar yetkazganlik yoki buzganlik uchun zararni qoplash, sifatsiz mahsulotlarni realizatsiya qilganlik bilan bog‘liq fuqarolik da’vo ishlarini ko‘rib chiqishda, sanoat mahsulotlari narxini tadqiqot qilish yuzasidan  ko‘plab sud-tovarshunoslik ekspertizalari o‘tkaziladi.

Sud-tovarshunoslik ekspertizasining mazmuni mahsulotlarning haqiqiy sifatini aniqlash uchun maxsus bilimlar vositasida ularning tovar (iste’mol) xususiyatlarini aniqlashdan iborat. Ishning aniq holatlarini aniqlash tovarshunos ekspertning imkoniyatlari hamda vakolatlari chegarasini belgilab beradi.

Sud-tovarshunoslik ekspertizasini o‘tkazish doirasida yechiladigan vazifalardan biri bu diagnostik vazifalar hisoblanib, bunda quyidagi vazifalar hal etiladi: tovardagi sifatli o‘zgarishlar sabablarini aniqlash va nuqsonlarning paydo bo‘lish xususiyatlarini (ular ishlab chiqarish bilan bog‘liqmi yoki foydalanish jarayonida paydo bo‘lganmi, tovarlar buzilishini) aniqlash;  tovarning eskirish, zararlanish, nuqsonlarni hisobga olgan holda tovar narxini aniqlash; tovarga nisbatan yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash.

Yechiladigan masalalarga muvofiq ravishda sud-tovarshunos sud ekspertining vakolatlariga tovarshunoslik sohasidagi maxsus bilimlari doirasiga kiruvchi quyidagi savollarga javob berish kiradi:

  • tovarning nomi qanday, nimaga mo‘ljallangan, qanday guruhga mansub?
  •  taqdim etilgan sanoat tovari qanday xomashyodan tayyorlangan?
  •  taqdim etilgan tovarlarda mavjud nuqsonlar buzish natijasida paydo bo‘lganmi yoki foydalanish natijasidami?
  •  sifat xususiyatlari namuna sifatida keltirilgan boshqa mahsulotlarning analogik ko‘rsatkichlariga muvofiqmi, agar unday bo‘lmasa, farqi nimada?
  •  o‘rganish uchun taqdim etilgan tovarning ekspertiza o‘tkazilayotgan vaqtdagi jismoniy holatini hisobga olganda tovarning o‘rtacha bozor bahosi qanday?
  •  o‘rganish uchun taqdim etilgan tovarning o‘tgan muayyan davrdagi jismoniy holatini hisobga olganda tovarning o‘rtacha bozor bahosi qanday?
  •  o‘rganilayotgan ob’ektlarning bahosi uning haqiqiy holatini (eskirish, zararlanish, buzilish) hisobga olganda qanday?
  •  zararlash yoki buzish natijasida qancha miqdorda moddiy zarar yetkazilgan?

Yuqorida sanab o‘tilgan savollar ancha odatiy savollar hisoblanadi. Ularning doirasi har bir tovarning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rgangan holda kengayishi mumkin.

Mazkur hal etiladigan masalalar bugungi kunda aktual hisoblangan va turli guruhdagi tovarlarni baholash bilan bog‘liq sud-tovarshunoslik ekspertizasini tayinlash ehtiyojlariga qaratilgandir.

RSEMning Tovarshunoslik ekspertizasi bo‘limi
eksperti M.B.Nizomov