Bugungi kunda shaharu qishloqlarimizda koʻp qavatli uylar, madaniy-maishiy inshootlar barpo etilyapti. Shu oʻrinda savol tugʻilishi mumkin: qurilish obyektining shaharsozlik va texnik meʼyorlarga mos kelishi yoki kelmasligi; qurilish inshooti va bajarilgan ishlarning aniq bir sinfi, turi, xili boʻyicha tegishliligi; turar-joy, jamoat va ishlab chiqarishga moʻljallangan bino (bino qismlari) va inshootlarni meʼyoriy hujjjatlar asosida, hisob usuli bilan bozor narxini aniqlashda qanday huquqiy hujjatlarga tayaniladi? Yoki baholovchi tashkilotlar tomonidan koʻchmas mulk obyektini baholash yuzasidan tuzilgan hisobotlarni mulkni baholashning yagona standartiga va Oʻzbekiston Respublikasi meʼyoriy hujjatlariga mos kelish yoki kelmasligini; binolarning choʻkishi, namlanishi, ishlarni notoʻgʻri bajarilishi oqibatida bino va inshootlarning (konstruksiya yoki elementlarini) qulashi, suv toshishi, pardozlash ishlarining shikastlanishi hamda ish jarayonida baxtsiz xodisalarning sabablarini aniqlashda kim masʼuliyatni zimmasiga oladi?
Bu kabi masalalarni hal etish fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar zimmasida boʻlib,
muayyan ishlarni hal qilishda fan, sanʼat, texnika kabi qator sohalar boʻyicha maxsus bilimga ega boʻlgan ekspertlarning xulosasiga tayaniladi. Xususan, sud qurilish-texnikaviy ekspertizasi muhandis-texnikaviy ekspertizaning turlaridan biri hisoblanadi. Loyihalash, qurilish, bino va inshootlardan foydalanish, baholash boʻyicha bilimlar mazkur tekshiruv ilmiy asoslarining poydevoridir.
Binolarni loyihalashtirish, qurilish va ekspluatatsiya boʻyicha loyiha-smeta va ishlab chiqarish-texnikaviy hujjatlari, turar joy, jamoat va ishlab chiqarishga moʻljallangan bino va inshoatlarning kadastr hujjatlari, muhandislik tarmoqlari hamda shu bino va qurilmalar sud qurilish-texnikaviy tadqiqot obyekti hisoblanadi.
Yuqoridagilarga qoʻshimcha ravishda, sud qurilish–texnikaviy ekspertizasi hal etadigan asosiy vazifalarga sirasiga yana quyidagilarni kiritish mumkin:
turar-joy, jamoat va ishlab chiqarishga moʻljallangan binolarning qurilish, shaharsozlik, texnikaviy ekspluatatsiya meʼyor va qoidalari talablariga javob berish yoki bermasligini;
qurilish obyektlari va bajarilgan ishlarning narxini;
qurilish obyektlari yoki konstruksiyalarini ekspluatatsion yoki funksional sifatlarini qisman yoki toʻliq yoʻqotish sabablarini;
qurilgan yoki qayta qurilgan binoni, bajarilgan qurilish, taʼmirlash yoki qayta qurish ishlarini loyihaga toʻgʻri kelish-kelmasligini;
koʻchmas mulk obyektini qayta tuzish imkoniyatlarini (turar joylardan foydalanish va boʻlish);
turar-joy, jamoat va ishlab chiqarishga moʻljallangan bino-inshootlarning meʼyoriy hujjjatlar asosida hisob usuli bilan bozor narxini aniqlash;
yer taʼmirlash-qurilish va qurilish ishlari smeta hujjatlarining asosli yoki asossizligini aniqlash;
maydonlarini, yerdan foydalanish huquqini qiymatini baholash;
Bu kabi masalalarni hal etish jarayonida dalillarga baho berish, protsessual qonun talablariga muvofiq, dalillar aloqadorligi va maqbulligi qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Muayyan bir ishni koʻrishda ekspertiza tayinlash va uni oʻtkazish, ekspertning xulosasiga huquqiy baho berish va uni dalillar majmui tariqasida ishga dahldorligini aniqlash sudyalardan masʼuliyatni talab qiladi.
X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertizasi markazining
Namangan viloyat boʻlimi mudiri
A.DJALILOV