MARDIYEV ABDULAZIZ BAHRONQUL OʻGʻLI
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi
markazining Samarqand viloyat boʻlimi
Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyasi eksperti
ANNOTATSIYA:
Maqolada dunyoning buyuk kashfiyotlaridan biri hisoblangan DNK zanjirining tuzilishini kashf qilinishi, kriminalistika sohasida qoʻllanishi, respublikamizda Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyasining tashkil etilish tarixi va bugungi kunga qadar amalga oshirilgan islohotlar, ekspertizani ushbu turi yordamida ko‘pgina fosh etilmagan jinoyatlarni ochishda, shaxsga nisbatan sodir etilgan og‘ir jinoyatlarni tergov qilishda va jinoyatchilarga odilona ayb qo‘yilishi yoki aybni olib tashlashda respublikamizdagi roli haqida ma’lumotlar keltirib oʻtilgan.
Kalit soʻzlar: Hujayra, irsiyat, barmoq izlari, olamshumul kashfiyot, identifikatsiya, tergov, ekspertiza, biologik iz, xalqaro akkredatsiya, sifat menejmenti.
АННОТАЦИЯ:
В статье рассказывается о том, как была обнаружена структура ДНК, которая считается одним из крупнейших открытий в истории науки. Также описываются различные области криминалистики, где ДНК-анализ используется для раскрытия преступлений и идентификации подозреваемых. Рассказывается о истории создания и современной деятельности лаборатории биологической экспертизы в судах, а также о роли ее в раскрытии уголовных дел и доказательствах в суде.
Ключевые слова: Клетка, наследственность, следы пальцев, крылатое выражение, идентификация, доказательства, экспертиза, биологический след, международная аккредитация, качественный менеджмент.
ANNOTATION
The article describes the discovery of the structure of DNA, which is considered one of the greatest discoveries in the history of science. It also discusses various areas of criminology where DNA analysis is used to solve crimes and identify suspects. The history of the creation and current activities of the biological expertise laboratory in the courts is also described, as well as its role in solving criminal cases and providing evidence in court.
Keywords: Cell, inheritance, fingerprint, catchphrase, identification, evidence, expertise, biological trace, international accreditation, quality management.
Sudga oid fanlarning, jumladan, kriminalistikaning tarixi bir asrdan ortiq muddatni tashkil etadi. 1950-yillarda olimlar tirik organizmlarning xususiyatlari tugʻilishidan oldin belgilangani va meros boʻib oʻtishini aniqlashgan. Bolalar koʻzlarining rangi, bolalar qiyofasi, ayrim xislatlari tasodifiy emas bilishgan. Tadqiqotchilar tushunolmagan narsa – bu barcha maʻlumotlar qayerda saqlanishi haqida izoh yoʻqligida boʻlgan. Uzoq vaqt davomida, hayotning barcha xilma-xilligini oʻzida mujassam etgan ma’lumotlar tashuvchisi – oqsillar deb ishonishgan. Ammo 1950-yillarning oʻrtalariga kelib, barcha hujayralarda aniqlangan molekula -DNK ma’lumotlar tashuvchisi ekanligi ma’lum boʻla boshlaydi. Kembridj universiteti olimlari Morris Uilkins va Rozalin Franklin DNK molekulalarini rentgenologik tahlildan oʻtkazishadi va ular aylanma zinapoyaga oʻxshash juft spiral koʻrinishda ekanligini aniqlashadi. Olingan ma’lumotlar amerikalik biokimyogar Jeyms Uotsonni nuklein kislotalarning kimyoviy tuzilishini oʻrganishga turtki beradi. 1951-yil oktyabr oyida Jeyms Uotson Jon Kendryu va doktorlik dissertatsiyasini yozayotgan fizik Frensis Krik bilan birgalikda Kembridj universitetining Kavendish laboratoriyasida DNKning fazoviy tuzilishini oʻrganishni boshlaydi Uotson va Krikga nuklein kislotalarning ikki turi – dezoksiribonuklein kislotasi (DNK) va ribonuklein kislotasi (RNK) borligini bilishgan, ularning har biri pentoza guruhining monosaxarididan, fosfatdan va toʻrt azot asoslari: adenin, timin (RNKdagi uratsil), guanin va sitozindan iborat ekanligi ma’lum boʻlgan. Keyingi sakkiz oy ichida Uotson va Krik natijalarni umumlashtirib, 1953-yil fevral oyida DNK tuzilishi toʻgʻrisida hisobot tayyorlashadi. Bir oy oʻtgach, ular shariklar, karton va simlar boʻlaklaridan yasalgan DNK molekulasining uch oʻlchovli modelini yaratadilar. DNKning kimyoviy tuzilishini kashf qilish dunyo boʻylab asrning eng ajoyib biologik kashfiyotlaridan biri sifatida baholanadi. 1962-yilda Uotson, Krik va Uilkinslar Nobel mukofotiga sazovor boʻlishadi. Rozalin Franklin 1958-yilda vafot etdi va mukofotga sazovor boʻlish nasib qilmaydi. Kashfiyot sababli keyingi oʻn yilliklarda olimlar odamlarning va boshqa tirik organizmlarning DNKlarini ochishdi va soʻnggi yillarda DNKda qayd etilgan genlarni tahrirlashni oʻrganishdi. DNK molekulasining kashf etilishi asrning eng katta ilmiy yutuqlaridan biri boʻldi. DNK insoniyat hayotida genetik ma’lumotlarni saqlanishi va avlodlar almashinuvida juda muhim rol oʻynaydi. Birinchidan, DNK zanjirlarida nukleotidlar ketma-ketligida irsiy ma’lumotlar saqlanadi. Nukleotiddan keyingi eng kichik genetik birlik ketma-ket joylashgan uchta nukleotid – triplet sanaladi. Bitta zanjirning tuzilishini ta’minlaydigan ketma-ket joylashtirilgan triplet – bu gen deb ataladi. DNKning ikkinchi funksiyasi – irsiy ma’lumotlarning nasldan naslga oʻtishidir. DNK genetik ma’lumotlarni yadrodan sitoplazmaga oqsil sintezi kechuvchi joyga oʻtkazish jarayonida matritsa sifatida ishtirok etadi.
Odam DNKsi ustida tadqiqotlar olib borish va kriminalistik ekspertizada qoʻllash yuzasidan dastlabki ma’lumotlar 1985-yil “Nature” jurnalining iyul oyidagi sonida Angliyaning Lister universiteti prfessori A.Djeffrisning “Odam DNKsining o‘ziga xos barmoq izlari” nomli maqolasida birinchi bor yoritilib berilgan edi. O‘sha yilning dekabr oyida A.Djeffris va Buyuk Britaniya Ichki Ishlar Vazirligi Aldermaston ekspert kriminalistik markazi xodimi P.Gill bilan birgalikda “Odam DNKsi “barmoq izlarini” sud ekspertizasida ishlatilishi” degan maqolasi chop etilgan edi. Bu ikkita ilmiy maqolalarda birinchi bor odam xromosom DNKsini shaxsni sud ekspert identifikatsiyasida qo‘llash mumkinligi ko‘rsatildi va shu bilan XX asr sud-ekspertizasining olamshumul yutug‘i bo‘lmish genom “daktiloskopiya” uslubi yaratildi.
DNKning tuzilishini bilish DNK funksiyalarini, masalan, undan qay tarzda nusxa olinishi va unda saqlanayotgan axborot qanday qilib oqsil sintezi uchun ishlatilishi mumkinligini tushunish imkoniyatini berdi
1951-yil oktyabr oyida Jeyms Uotson va Frensis Kriklar tomonidan DNKning fazoviy tuzilishinining kashf qilinishi. |
Mamlakatimizda sud ekspertiza sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Markazimiz Toshkent ilmiy-tadqiqot kriminalistika laboratoriyasi sifatida tashkil qilingan bo‘lib, o‘z faoliyatini 1951-yilning iyunidan ayrim turdagi hujjatshunoslik ekspertizalarini o‘tkazishdan boshlagan. 2000-yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasining Adliya Vazirligi qoshida X.Sulaymonova nomidagi sud ekspertiza markazida O‘rta Osiyo mintaqasida birinchi bor molekulyar genetik identifikatsiya laboratoriyasi ochildi. 2000 yilning sentyabr oyida respublikamizda birinchi bor molekulyar identifikatsion ekspertiza o‘tkazildi va uning yordamida o‘ta xafli boʻlgan, bir nechta yosh ayollarning o‘limiga zomin bo‘lgan qotil-manyak aniqlandi.
Bu zamonaviy texnologiya mana 20 yildan ortiq muddat ichida respublikamizda ko‘pgina fosh etilmagan jinoyatlarni ochishda, shaxsga nisbatan sodir etilgan og‘ir jinoyatlarni tergov qilishda va jinoyatchilarga odilona ayb qo‘yilishi yoki aybni olib tashlashda o‘z samarasini namoyon qilib kelmoqda. Ekspertizaning ushbu turi shaxs genetik identifikatsiyasi va biologik qon-qarindoshlikni aniqlash masalalarini samarali yechishda, qasddan odam o‘ldirish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik kabi og‘ir jinoyatlarni tergov jarayonida aniqlangan ashyoviy dalillardagi biologik izlarni aynan kimga tegishli ekanligi va shuningdek tabiiy ofatlar, texnogen fojialar va terroristik aktlar natijasida topilgan, tanib bo‘lmas holatga kelgan tana qoldiqlarini aniqlashda o‘rni beqiyosdir
Mustaqilligimizning dastlabki yillaridan ushbu sohaga alohida e’tibor qaratilib, Hukumatimizning “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining ekspertiza xizmatini rivojlantirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Markazga sud-ekspertiza masalalari bo‘yicha ilmiy-uslubiy hamda muvofiqlashtiruvchi idora maqomi berilgan. Hozirgi kunda laboratoriyada laboratoriya mudiri, ikki nafar bosh ekspertlar, bir nafar yetakchi ekspertlar, bir nafar katta ekspert, ikki nafar ekspertlar va laborant faoliyat ko‘rsatadi. Ma’lumki, DNK ekspertizasini o‘tkazish uchun qo‘llaniladigan uskunalar, reagentlar va sarf materiallarning muntazam ravishda yangi rusumlari ishlab chiqarilib, eskilari ma’lum muddatdan so‘ng ishlab chiqarishdan olib tashlanib, bir necha yildan keyin butkul texnologik servisi to‘xtatiladi. Shuning uchun, DNK laboratoriyasi moddiy-texnik bazasini har besh-o‘n yilda modernizatsiyalash zarur bo‘ladi. X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining DNK laboratoriyasi tashkil etilgan davrdan boshlab laboratoriya modernizatsiyasi ikki marta o‘tkazilgan. Xususan, 2019-yilda Odam DNKsi sud biologik laboratoriyasining jahon standarti talablariga mos binosi ishga tushirildi. Shuningdek, laboratoriyada tadqiqotlarning barcha bosqichlari jahonda mashhur bo‘lgan chet el firmalari (ThermoFisherScientific, Eppendorf, Biobase, Meling, Metler Toledo va h.k.)dan keltirilgan o‘ta sezgir, zamonaviy asbob-uskunalar va moslamalarda olib boriladi. Bundan tashqari mazkur laboratoriya O‘rta Osiyo va Yevropaning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro aloqalarni o‘rnatgan. Laboratoriya ekspertlari ko‘pgina xorijiy davlatlarda jumladan, AQSH, Avstarliya, Turkiya, Malayziya, Belorusiya va Qozog‘iston davlatlarida o‘z mutaxassisliklari yuzasidan bilim va malakalarini oshirib kelgan. Ushbu mehnatlar samarasi natijasida markazning DNK ekspertizasi laboratoriyasi hozirgi kunga qadar 2 marta xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Jumladan, 2023-yil 03-fevral kuni O’Z DST IS0/IEC 17025:2019 standart talablariga muvofiq baho berilganligi va akkredatsiya qilinganligini tadiqlovchi Akkredatsiya guvohnomasi berildi. IS0/IEC 17025:2019 toifasidagi standart ushbu turdagi faoliyat olib boruvchi tashkilot sifatining yuqori standartlarga javob berishi va ana o’sha standartlarni amaliyotga to’liq joriy etish bilan bogʻliqdir. Ushbu akkredatsiya guvohnomasi berilganligi Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyasida oʻtkaziladigan tadqiqotlar hamda tadqiqotlar natijalariga asoslangan holda beriladigan ekspertiza xulosalariga boʻlgan ishonchni yana bir karra ortishi bilan bir qatorda nafaqat Oʻzbekistonda balki xalqaro miqyosda ham uning tan olinishini taʻminlaydi va kafolatlaydi. Albatta bu oson boʻlmadi. Laboratoriyani xalqaro akredatsiyadan oʻtkazish jarayoni uchun maxsus chora tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Maxsus chora tadbirlar rejasiga koʻra laboratoriya eng soʻngi zamonaviy texnik uskunlar bilan jihozlandi, xodimlarning bilim va malakasi oshirildi va sifat menejmenti tizimi boʻyicha maxsus hujjatlar toʻplami ishlab chiqilib amaliyotga tadbiq qilindi.
Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyasining Fragment tahlil analiz qilish xonasi | X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining muzeyi |
DNK ekspertizasi ish uchun ahamiyatli ilmiy asoslangan va ishonchli dalillarni olish imkoniyatiga egaligi bois, sud-tergov organlari tomonidan tayinlanishiga ehtiyoj yildan-yilga o‘sib bormoqda. Xususan, 2010-yilda X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining DNK laboratoriyasida 388 ta, 2016-yilda 1119 ta, 2018-yilda esa 1834 ta, 2021-yilda 2000 dan ortiq ekspertizalar bajarilgan. Bu ko‘rsatkichlar sohani rivojlantirish, mamlakatimizda ushbu turdagi laboratoriyalarni boshqa hududlarda ham ochish zaruriyati dolzarbligini ko‘rsatdi.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi Markazining zamonaviy laboratoriyalari |
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyul kunidagi “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA SUD-EKSPERTLIK TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA”gi 6256-sonli farmoni qabul qilinib, ushbu farmonda 2021-2025-yillarga moʻljallangan konsepsiya va uni amalga oshirish yuzasidan yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Shuningdek, 10.01.2022-yilda Vazirlar Mahkamasining 11-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bo’yicha Samarqand shahrida Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyasi ochilishi 2022-yil 1-iyul kuniga belgilangan edi va ushbu reja amalga oshirildi. Mazkur yoʻl xaritasiga koʻra Samarqand shahridan tashqari Fargʻona, Termiz, Urganch shaharlarida ham Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyalari ochilishi rejalashtirilgan va bu reja boʻyicha chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyalari o‘zining tarkibida DNK molekulalarini saqlaydigan har qanday odam biologik materiallari, jumladan:
- Voqea joyidagi qon izlari;
- Qon va tana ajratmalarining qurib qolgan izlari;
- Ashyoviy dalildagi biologik izlar (qon, so‘lak, ter-yog‘ izlari);
- Qotillik qurollaridagi biologik izlar (qon, ter-yog‘ izlari);
- Soch tolalari ildiz qismi bilan;
- Tishlar;
- Suyak fragmentlari;
- Maniy xujayralari;
- Ajratmalar;
- Amniotik suyuqlik, abort qilingan material;
- Xorion to‘qimasi va o‘zida DNK molekulalarini tutuvchi boshqa biologik materiallar ustida ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazib kelmoqda.
Mamlakatimizda Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi va uning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, hamda aholining bu turdagi ekspertizaga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-martdagi 7-mh-son buyrug‘iga asosan tasdiqlangan “Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi bo‘yicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir maʼlumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM” qabul qilindi. Mazkur ekspertiza turi bo‘yicha, hozirgi kunga qadar fuqarolar tomonidan Odam DNKsi sud biologik ekspertizasiga ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda va anonim ekspertizalar tayinlashmoqda. Bu kabi DNK tadqiqotlari natijasida er-xotin o’rtasidagi tushunmovchiliklar, qaynonaning o‘z keliniga nisbatan asossiz shubha-gumonlari, tug’ruqxonada bola almashib qolish holatlari va yaqin qarindoshlar o’rtasidagi meros masalasi bilan bog’liq yuzaga keladigan turli muammolar o’z yechimini topmoqda. Ayniqsa erlarning xotiniga nisbatan yoki xotinlarning erlariga nisbatan yuzaga kelgan ortiqcha shubha gumonlari aynan mana shu anonim DNK tadqiqotlari natijalarida barham topmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan yurtimizdagi ajrashishlar, oilalarning buzilib ketishi kabi holatlarni oldini olishga xizmat qilmoqda.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
- УОТСОН Дж., КРИК Ф. Генетические последствия структуры дезоксирибонуклеиновой кислоты. Nature171, 964-967 (1953). https://doi.org/10.1038/171964b0
- Уотсон Д. Д. и Крик Ф. Х. К.,Nature, 171, 737 (1953).
- С.А.Атаходжаев, Р.С.Мухамедов, А.А.Икрамов, Д.Ш.Ахмедова, Н.Н.Рахматуллаев, В.А.Филатова, А.Э.Норматов Судебно-биологическая экспертиза ДНК человека 2010
- Иванов П.Л. Экспертная идентификация останков императорской семьи посредством молекулярно-генетической верификации родословных связей // Судебно-медицинская экспертиза. 1998. № 4.
- И.В.Корниенко и др. Подготовка биологического материала для молекулярно-генетических идентификационных исследований при массовом поступлении неопознанных тел. Ростов-на-Дону: Ростиздат, 2001.
- uz