Sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasi yuzasidan fuqarolar tomonidan berilgan savollar va ularga javoblar

Bugungi kunda “Sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasi” yo‘nalishi jamiyatimizda o‘z o‘rniga ega bo‘lib kelayotgan ekspertizaning yangi yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu turdagi ekspertiza tadqiqotlari jinoyatchilikni ochish maqsadida tergov organlariga ko‘maklashish bilan bir qatorda jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan ham o‘tkazilmoqda. Quyida ushbu ekspertiza yo‘nalishi bo‘yicha fuqarolardan kelgan savollar va unga mutaxassislar tomonidan berilgan javoblardan misollar keltiramiz.

Fuqaro M.A. tomonidan yo‘llangan savol:

Assalomu alaykum, uyimda ba’zida ishlatib turadigan noutbukim bor. Uni ko‘pincha ishlatmaganligim sababli, do‘stim ishlatib turish uchun olgan edi. Lekin, do‘stim noutbukni qaytarib berganida undagi barcha ma’lumotlar o‘chib ketgan ekan. Do‘stimga undagi ma’lumotlarni qayta tiklab berishini aytgandim, u esa bunday ishni qilaoladigan ustaxonani bilmasligini aytdi. Noutbukda esa zarur hujjatlar va oilaviy rasmlar bor edi. Sizning markazda ma’lumotlarni tiklash bo‘yicha ekspertiza o‘tkaziladimi?

Mutaxassis javobi:

Assalomu alaykum, Markazning “Sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasi” bo‘limida raqamli qurilmalar, shuningdek, kompyuterlar xotiralaridan o‘chirib yuborilgan ma’lumotlarni tiklash bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi. Siz, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza Markaziga ariza bilan murojaat qilib, shartnoma asosida mutaxassis fikrini olishingiz mumkin. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida o‘tkaziladigan tadqiqotlar uchun haq miqdorlaridan kelib chiqib shartnomaning narxi taqdim qilinayotgan raqamli xotira qurilmasining hajmidan kelib chiqib 759 000 (yetti yuz ellik to‘qqiz ming) so‘m, 1 551 000 (bir million besh yuz ellik bir ming) so‘m yoki 4 356 000 (to‘rt million uch yuz ellik olti ming) so‘m qilib belgilangan. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun 71-209-11-55 telefon raqami bilan bog‘lanishingiz mumkin.

Fuqaro B.T. tomonidan yo‘llangan savol:

Assalomu alaykum, bir-ikki oydan buyon ayolimni o’zini tutishi menda shubha uyg‘otdi. Telefonda biror kimsa bilan gaplashayapti degan shubham bor. Markazingizga ayolimning telefonini olib borsam telefondagi kirish-chiqish SMS xabarlar, qo‘ng‘iroqlar va “Telegram”, “Instagram”dagi yozishmalarni olishni imkoni bormi? Agar imkoni bor bo‘lsa shubhadan qutqargan bo‘lardingiz. Javobingiz uchun rahmat!

Mutaxassis javobi:

Assalomu alaykum, Siz so‘ragan masala yuzasidan Markazda telefon qurilmalari xotiralaridan o‘chirib yuborilgan ma’lumotlarni tiklash va mavjud ma’lumotlarni olish bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi. Siz, shaxsni tasdiqlovchi hujjatingiz bilan markazga murojaat qilsangiz sizga mutaxassislar belgilangan tartibda shartnoma asosida mutaxassis fikrini olishingizda yordam berishadi. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun 71-209-11-55 telefon raqami bilan bog‘lanishingiz mumkin.

Fuqaro K.S. tomonidan yo‘llangan savol:

Oka yaxshimisizlar. Mani malika bozorida do‘konim bor kompyuter texnikasi, telefonlar sotaman, sozlayman, ba’zi telefonlar va ma’lumot tashuvchi qurilmalardan (telefonlar, kuzatuv kameralar, hard disklar, flesh kartalardan) ma’lumotlarni tiklayman lekin tiklash jarayonida litsenziyalangan dasturlardan foydalanmaganligim sababli ma’lumotlarni chala yoki qisman tiklayapman, ba’zan esa tiklashni imkoni bo‘lmayapti. Ma’lumotlarni tiklovchi dasturlar juda qimmat va ularni sotib olishni har doim ham imkoni bo‘lmaydi. Sizlarda shunday dasturlar bormi? Agar bor bo‘lsa, o‘zim YTT rahbariman bu borada markaz bilan shartnoma qila olamanmi?

Mutaxassis javobi:

Assalom alaykum, Bizning markazda “Sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasi” bo‘limi mavjud bo‘lib, bo‘limda nafaqat zamonaviy moddiy-texnik baza, balki zamonaviy dasturiy ta’minotlar yordamida ekspertiza tadqiqotlari amalga oshiriladi. Ushbu dasturiy ta’minotlar litsenziyalangan va ular ma’lumot tashuvchi qurilmalardan (telefonlar, kuzatuv kameralar, hard disklar, flesh kartalardan) o‘chirib yuborilgan ma’lumotlarni tiklash imkoniyatiga ega. Shuningdek, Markazda jismoniy va yuridik shaxslarning yozma murojaatlariga ko‘ra shartnoma asosida ekspertiza tadqiqotlarini olib borib, mutaxassis fikrini berish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Fuqaro N.S. tomonidan yo‘llangan savol:

Assalomu alaykum, ikki kun oldin mashinamni bitta “Nexia-3” urib oldi va voqea joyida uzr so‘rab, mashinamni sozlatib berishini, hozir puli yo‘qligini, ikki kunda sozlatish harajatlarini to‘lab berishini aytdi. Men ham shoshib turganligim sababli, ko‘p o‘ylanib o‘tirmasdan mashinamdagi videoregistratorda yozib olingan videoga ishonib uning taklifiga rozi bo‘ldim va biz hayrlashdik. Ikki kundan so‘ng u bergan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilsam bu raqamni boshqa odam ishlatishini aytdi. Keyin videoregistratorim yordamida yozilgan videolarni «ГАИ»ga taqdim qilmoqchi edim, biroq videoregistratorimda aynan o‘sha video o‘chib ketganligini aniqladim. Videoregistratorimdagi o‘chib ketgan videolarni topishni iloji bormi?

Mutaxassis javobi:

Assalomu alaykum, Markazning “Sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasi” bo‘limida raqamli qurilmalar, shuningdek, raqamli foto-video qurilmalar xotiralaridan o‘chirib yuborilgan ma’lumotlarni tiklash bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi. Video tasvirga oluvchi qurilmalar xotirasining hajmi va videotasvirning texnik xususiyatlariga qarab videotasvirlar ma’lum bir muddat saqlanadi. Video tasvirga oluvchi qurilma doimiy tasvirga olishga mo‘ljallangaligi sababli yozib olingan eski video tasvirlarni o‘chirilib ularning o‘rniga yangilari yoziladi. Agar videoregistrator video tasvir o‘chirib yuborilgandan so‘ng uzoq muddat davomiy foydalanilmagan bo‘lsa Siz, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza Markaziga ariza bilan murojaat qilib, shartnoma asosida mutaxassis fikrini olishingiz mumkin. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida o‘tkaziladigan tadqiqotlar uchun haq miqdorlaridan kelib chiqib shartnomaning narxi taqdim qilinayotgan raqamli xotira qurilmasining hajmidan kelib chiqib 759 000 (yetti yuz ellik to‘qqiz ming) so‘m, 1 551 000 (bir million besh yuz ellik bir ming) so‘m yoki 4 356 000 (to‘rt million uch yuz ellik olti ming) so‘m qilib belgilangan. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun
71-209-11-55 telefon raqami bilan bog‘lanishingiz mumkin.

Skip to content