OTA AVLODINGIZNI BILASIZMI?

Har bir turning irsiyatga bog‘liq o‘ziga xosligi uning genomini betakrorligidadir. Tur sifatida odam genomi tuzilishining o‘ziga xosligi normada 46(22 juft autosoma xromosomalar hamda ikki jinsiy xromasoma (X-Y)) xromosomalar va klonlangan mitoxondriyalardagi jami ~3.1 milliard juft nukleotidlarning murakkab tuzilgan kombinatsiya qatorini o‘zida mujassam etgan DNK zanjirlarining tuzilishidadir. Ko‘plab taxminlarga ko‘ra, Y-xromosomasi organizmda jinsga bog‘liq holda rivojlanadigan biologik jarayonlar zanjir tizimining rivojlanishi va shaxs sifatida erkak jins vakilining balog‘at yoshiga yetganda funksional qobiliyatlarini shakllantirishda ishtirok etadigan birlamchi vositachi vazifasini bajaradi.

Yer yuzida insoniyatning tarqalishi va uning turli iqlim sharoitlariga evolyutsion moslashuvchanlik taraqqiyoti mahsuli natijasida har xil populyatsiyalarda, etnogenetik populyatsiyalarda, etnik guruhlarda yoki oilalar (qabila, urug‘, ajdod va boshq.)da maxsus genetik belgilarning paydo bo‘lishi genetik xilma-xillikning mavjudligidan dalolat beradi. Aynan genetik xilma-xillikni mavjudligini yoki boshqacha qilib aytganda, genetik o‘zgaruvchanlikni odam genomida o‘rganish borasida rekordchi va evolyutsion omillarni aniqlashda kardinal vositachi
Y-xromosomasidir. Insoniyatning genetik tarixini o‘rganishda Mitoxondrial-DNK(mtDNK) va Y-xromosoma DNKsining markerlaridan foydalaniladi. Bunda asosan Y-xromasoma muhim o‘rin tutadi. Irsiyatning shakllanishi Mitoxondrial-DNK onadan farzandlarga (o‘g‘il-qizga),
Y-xromasoma esa otadan faqat o‘g‘il farzandlarga berilishi natijasida amalga oshadi. Bu jarayon bir necha ming yillar davom etgan o‘zgaruvchanlik ta’sirida genetik xilma-xillikni keltirib chiqargan. O‘z naslining kelib chiqishiga befarq bo‘lmagan har bir insonda bu qanday o‘zgaruvchanlik degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu esa insonlarning demografik o‘sishi jarayonida aniq bir hududdan ikkinchi hududga ko‘chib o‘tishi jarayonida dastlabki gaploguruhning kichik bir tarmog‘i sifatida ajralib chiqishi va vaqtlar o‘tishi bilan esa yangi gaploguruhning shakllanishi izchil davom etib kelgan. Insonlarning demografik o‘sishi areal kengayishi bilan chambarchas bog‘liq. Gaploguruhlar kelib chiqishini aniqlashda Y-xromasomaning muhimligi shundaki, ayollar turli joylarga jumladan, bir davlatdan boshqa davlatga turmushga chiqqan va shu yerning naslini davom ettirib kelishgan. Hammaga sir emaski, erkaklar o‘z naslini davomchisi sifatida nafaqat o‘z hududi balki dunyoning turli nuqtalaridan uylanib, oilali bo‘lib bola-chaqa orttirishgan. Bundan kelib chiqadiki gaploguruhlarning kelib chiqishini otadan o‘g‘il farzandlarga irsiylanadigan Y-xromasoma orqali o‘rganish onadan farzandlarga(o‘g‘il-qizga) irsiylanadigan mt-DNK orqali o‘rganishdan ancha qulay va samarador.

Gaploguruh deb barcha avlodlarga meros bo‘lib o‘tgan mutatsiyaga uchragan umumiy ajdodga ega bo‘lgan o‘xshash gaplotiplar guruhiga aytiladi. “Gaploguruh” atamasi populyatsiya genetikasi va genetik genealogiyada keng qo‘llaniladi. Y xromosoma (Y-DNK), mitoxondrial DNK (mtDNK) gaploguruhlarini o‘rganish orqali insoniyatning genetik tarixini o‘rganish mumkin.

Turli etnik guruhlarning zamonaviy odamlarida Y-xromosomalarining molekulyar genetik belgilarini o‘rganish butun insoniyat 160-220 ming yil oldin mavjud bo‘lgan ajdodlar Afrika aholisidan umumiy kelib chiqishi bor degan xulosaga kelishga imkon berdi. Yuzlab etnik populyatsiyalarni o‘rganish tufayli Y-xromosomalari evolyutsion hodisa (umumiy mutatsiya) natijasida har biri bitta ajdoddan kelib chiqqan o‘zaro bog‘liq gaplotiplarning birlashmasi bo‘lgan gaploguruhlarga tizimlashtirilgan. Gaploguruhlar haqida so‘z borar ekan gap eng qadimgi gaploguruh ya’ni A gaploguruh(Homo sapiens odam 250 ming yil oldin)ga borib taqaladi. Inson genetikasida A gaploguruh Y-xromosomali gaploguruh hisoblanadi. Bu bugungi kunda mavjud bo‘lgan barcha odamlarning gaploguruhidir, qolganlarning hammasi undan kelib chiqqandir. Y-xromosomali Odam A gaploguruhga ega ekanligiga ishoniladi. Bu Y-DNK gaploguruhlarining eng qadimgisidir. “Homo sapiens”da A harfi Y-xromosomali odamning paydo bo‘lishi(Y-MRCA, taxminan 250 ming yil oldin) va BT gaploguruhni(taxminan 88 ming yil oldin taxmin qilingan) aniqlovchi mutatsiyalar o‘rtasida tarmoqlangan barcha gaploguruhlarni bildiradi. Taxminlarga ko‘ra, insoniyatning uzoq o‘tmishida A gaploguruhining bir turi bo‘lgan A gaplotipli erkak ajdodlari bo‘lgan Y-xromosomali odamning ma’lum bo‘lgan ikkita avlodidan biri sifatida paydo bo‘lgan. Aksariyat tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, hozirda mavjud barcha erkaklarning bu ajdodi 60 000 yil oldin Afrikada odamlar tarqalib ketishidan oldin yashagan. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra esa, taxminan 75 000 yil oldin yashagan. Ba’zilar, bu odamlar Afrikani tark etgan taxminiy vaqt deb ham hisoblashadi.

Gaploguruhlarning taxminiy yoshi

(Scally A. The mutation rate in human evolution and demographic inference Curr Opin Genet Dev. ‒ 2016. ‒ T. 41. ‒ C. 36-43.)

Gaploguruh Gaploguruhlarning taxminiy yoshi (ming yil) Gaploguruhlarning taxminiy hosil bo‘lish joyi
1 C 50 Mongoliya
2 D 50 G‘arbiy Tibet
3 E 20-50 Shimoliy Afrika
4 F 45 Arabiston yarim oroli
5 G 20 Bolqon
6 H 30 Hindiston
7 I 25 Arabiston yarim oroli
8 J 25 Arabiston yarim oroli
9 K 40 Janubiy Hindiston
10 L 30 Iroq
11 N 10 Sibir, Shimoli-sharqiy Osiyo
12 O 35 Xitoy, Koreya, Yaponiya
13 P 35 Oltoy
14 Q 10-20 Sibir, Yenisey
15 R 10-30 Yevropa, Markaziy Osiyo
16 T 10 Sharqiy osiyo

1-rasm. Gaploguruhlar migratsiya tarixi(https://ru.wikipedia.org)

Inson genomlarini o‘rganish uchun DNK belgilarining turli tizimlari qo‘llaniladi xususan, markerlar, juftlashgan xromosomalar(autosomal), mitoxondrial-DNK va juftlanmagan Y-xromosoma. Insoniyatning genetik tarixini o‘rganishda Mitoxondrial-DNK(mtDNK) va
Y-xromosoma DNKsining markerlari alohida rol o‘ynaydi.

Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza Markazining “Odam DNK si sud biologik ekspertizasi laboratoriyasi” ekspertlari tomonidan
“A-2-089(A-2-056)-sonli O‘zbekiston populyatsiyasining Y-xromosoma bo‘yicha polimorfizmini o‘rganish” mavzusidagi ilmiy grant loyihasi tadqiqotlari davomida
2012-2014-yillarda amalga oshirilgan o‘rganishlar asosida quyidagi natijalar qayd qilingan:

– bioinformatik tahlil natijalariga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Samarqand, Navoiy, Surhondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridan tekshirilgan shaxslarning Y-xromosomasi polimorfizmi bo‘yicha mamlakatimiz hududlaridan yig‘ilgan shaxslar uchun 16 (S(31%), D(3%), E(4%), F(1%), G(4%), H(2%), I(5%), J(18%), K(0,1%), L(4%), N(5%), O(5%), P(1%), Q(5%), R(31%), T(1%)) turdagi gaploguruhlari mavjudligi kuzatilgan;

– umumiy tahlillar natijasida R– «yevrosiyo», C–«mo‘g‘ul» va J-«arab-semit» gaploguruhlarining nisbatan ko‘p uchrashi aniqlandi. Olingan natijalar asosida Y-xromosoma gaploguruhlarining dunyo xaritasidagi tarqalishi, ya’ni bizning mintaqa R «yevrosiyo» va S «mo‘g‘ul» gaploguruhlarining tarqalish maydoniga tegishli ekanligi yana bir bor isbotlandi. Shuningdek, J “arab-semit” gaploguruhining qayd etilganligi bu gaploguruhni ham O‘zbekiston Respublikasi joylashgan hududiga kiritilishi uchun asos bo‘ldi. Shuningdek D(3%), E(4%), F(1%), G(4%), H(2%), I(5%), K(0,1%), L(4%), N(5%), O(5%), P(1%), Q(5%) va T(1%) gaploguruhlarning kam miqdorda uchraganligi hamda O‘zbekiston populyatsiyasining Y-xromosoma bo‘yicha polimorfizmini tadqiq qilish bo‘yicha olingan natijalarni umumlashtirgan holda mintaqada erkak genofondi geterogen ravishda rivojlangan, deb taxmin qilingan.

2-rasm. O‘zbekistonning turli hududlarida istiqomat qiluvchi ota avlodi bo‘yicha qarindosh bo‘lmagan 1100 nafar erkak jinsi vakillarining gaploguruh tahlili natijalari (Y-DNA Haplogroup Predictor)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2021-yil 5-iyuldagi PF-6256-sonli Farmoniga asosan 2021-yil 1-sentabrdan boshlab davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga ko‘ra shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq, sud ekspertizasi turlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish huquqi berildi. Bunda, tadqiqot natijalariga ko‘ra mutaxassis fikri taqdim etiladi shuningdek, iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritishda advokatga sudga qadar tayyorgarlik va sud jarayonida ekspert xulosasini sud muhokamasida taqdim etish huquqi asosida davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarida shartnoma asosida advokat so‘roviga ko‘ra ekspertiza o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat berildi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida Y-xromosoma orqali ota avlod bo‘yicha qarindoshlik(ota-o‘g‘il, amaki-jiyan, bobo-nabira, aka-uka)ni aniqlash va populyatsion kelib chiqishni aniqlashga doir ekspertiza hamda mutaxassis fikri tadqiqotlari amalga oshirib kelinmoqda.

Y-xromasomaning tuzilishi

Y-xromosomasining o‘lchami taxminan 60 million bp. Y-xromasoma ikki qismga bo‘linadi: qayta rekombinatsiyalanmaydigan-NRY qism hamda rekombinatsiyaga uchrovchi-MSY qismlar. Y xromosomasining rekombinatsiyalanmaydigan qismining o‘zi ham ikki qismga
bo’linadi: geteroxromatin(to‘q bo‘yalgan)  va euroxromatin(och bo‘yalgan) hududlar.
Y-xromasomasining Oqsil sintezlaridagi ishtiroki va fiziologik ahamiyati kam o‘rganilgan geteroxromatin qismi sitogenetik tahlil tadqiqotlarida asosiy 3 ta blokka ajratilib o‘rganiladi: ulardan birinchisi sentromerik(uzunligi 1 million bp), ikkinchisi distal va uchunchi-proksimal qismlardan tashkil topgan. Euroxromatin bloklarining umumiy uzunligi taxminan 24 million bp ni tashkil qiladi.

Y-xromasomasining asosiy vazifasi jinsni belgilashda ishtirok etish va otadan faqat o‘g‘il farzandlarga jinsiy axborotlarni o‘zgarmagan holatda uzatishdan iborat. X va Y xromasomalari oddiy juftlikdan kelib chiqqan deb ishoniladi va ularning evolyutsiya vaqti taxminan 300 million yilni tashkil etadi. Ilgari, Y-xromasomasida bir nechta genlar mavjud va ular funksional jihatdan qashshoqlashgan hamda katta qismi kodlanmagan DNK dan iborat deb hisoblanar edi. Faqat so‘nggi o‘ttiz yillikdagi tadqiqotlar uning tuzilishi va funktsiyalari haqidagi tushunchamizni sezilarli darajada kengaytirdi. Y-xromasomasining filogeniyasi bo‘yicha birinchi tadqiqotlar 80-yillarning o‘rtalarida boshlangan. Y-xromasomaning maxsus xususiyatlari, masalan, gaploid holat, katta rekombinatsiyalanmaydigan hududlarni saqlash va otadan o‘g‘il farzandlarga uzatish uni ishlatish uchun tibbiy populyatsiya va evolyutsion genetikaning noyob vositasiga aylantirdi. Y-xromasoma bitta blok sifatida saqlanadi va avloddan avlodga shu holatda uzatiladi. Rekombinatsiyalanmaydigan qism(NRY) bitta blok sifatida meros qilib olinadi, bu esa otaning kelib chiqishi va evolyutsiyasini aniqlashda katta ahamiyat kasb etadi. Rekombinatsiyalanmaydigan qism va undagi mutatsiyalarning to‘planish ketma-ketligi, xuddi otalik nasllarining kelib chiqishi va evolyutsiyasini tasvirlaydigan qadimgi pergamentdagi tarixiy voqealar yozuvi kabi hal qilinishi mumkin. Mt-DNKdan farqli o’laroq, Y-xromosomasi ancha katta, potentsial ravishda polimorfik va natijada ko‘proq informatsion tizimdir. Y-xromosoma variantlarining geografik tarqalishiga irsiy omillardan tashqari demografik va ijtimoiy omillar kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Zamonaviy jamiyatlarning taxminan 70 foizi patrilokallik bilan ajralib turadi. Bu shuni anglatadiki, erkaklar ayollarga qaraganda o‘z tug‘ilgan joyiga yaqinroq yashaydilar: nikoh paytida, qoida tariqasida, ayol erining yashash joyiga ko‘chib o‘tadi, aksincha emas. Vaqt o‘tishi bilan bu omil Y-xromosoma variantlari taqsimotidagi farqlarni oshiradi va populyatsiyadagi Y-xromasomalar autosomalarga nisbatan 1:4, X xromosomalariga nisbatan1:3. Shuning uchun Y xromosomalar mikrosatellitlar yoki qisqa tandem takrorlarini(STR) o‘z ichiga oladi, ular bir necha darajali tezlikda rivojlanadi. Ularning mutatsion darajasi ancha yuqori: Y-bog‘langan STRlar uchun har bir avlod uchun taxminan 2×103 ni tashkil qiladi. Hozirgi vaqtda Y-xromasomasida bir necha o‘nlab mikrosatellitlar tasvirlangan. Ko‘p allelli markerlardan gaploguruhlar ichidagi gaplotiplarning xilma-xilligini tahlil qilish hamda filogeniya va nasl kelib chiqishini batafsilroq qayta qurish uchun foydalanish qulay. Yuqoridagi xususiyatlarga qo‘shimcha ravishda yana bir narsa Y-xromasoma soni barcha gaploguruhlarni o‘z ichiga olgan katta filial katta hajmdagi barqaror populyatsiyalarda chiziqlarning gradient taqsimlanishiga olib keladi. Patrilokallikning natijasi Y-xromosoma turlarining Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo orollarida tarqalishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tushuntirdi. Ijtimoiy omillarning ta’siri teskari ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, so‘nggi 500 yil ichida yevropaliklarning Amerika yoki Okeaniyaga kengayishi paytida genlar oqimi asosan erkaklar hisobiga sodir bo‘lgan va Polineziya, Grenlandiya populyatsiyalarida mtDNK emas, balki Y-xromosoma variantlari spektriga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.

Xulosa qilib aytganda, populyatsion kelib chiqishni aniqlashda mt-DNKga qaraganda
Y-xromasoma orqali olib boriladigan tadqiqotlar ancha uzoq bo‘lgan ajdodlaringizni ham aniqlashga imkon beradi.

 

RSEMning Odam DNKsi sud biologik

ekspertizasi laboratoriyasi eksperti H.I.Yuvbasarov

RSEMning Odam DNKsi sud biologik

ekspertizasi laboratoriyasi eksperti   O.G.Qalandarov

Skip to content