SUD-FONOGRAFIYA EKSPERTIZASINING BUGUNGI KUNDAGI IMKONIYATLARI VA EKSPERTIZA O‘TKAZISh ASOSLARI

M.X.TashpulatovO‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi

“Sudfonografiya ekspertizasi” laboratoriyasining yetakchi eksperti

Inson huquqlarini himoya qilish, jamiyat va davlatning manfaatlarini ta’minlash huquqni muhofaza qilish idoralarining asosiy vazifasidir. Hozirgi vaqtda bu vazifani samarali bajarishi fan, texnika va raqamli texnologiyalarni yutuqlaridan keng foydalanish bilan bog‘liqdir. Dastlabki tergov va sudlovni odilona amalga oshirishda fan, texnika va ayniqsa, raqamli texnologiyalarning zamonaviy imkoniyatlariga asoslangan sud ekspertizasi xulosalari alohida o‘rin egallaydi.

O‘zbekiston Respublikasi sud-ekspertizasi muassasalari o‘rtasida yetakchi o‘rinni egallagan Aldiya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, deyarli 72 yildan beri samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Jumladan, markazda sud-fonografiya ekspertizasi laboratoriyasi 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, laboratoriya xodimlari tomonidan o‘tkazib kelinayotgan tadqiqotlar poraxo‘rlik, korrupsiya, reketni fosh etishda muhim o‘rin egallab kelmoqda. Shuni ta’kidlash joizki, ayni vaqtda laboratoriyada o‘zbek, rus, zarur hollarda esa, tegishli mutaxassislar jalb qilingan holda, boshqa tillardagi fonogrammalar va videotasvirlarni ham tadqiqot qilinishi yo‘lga qo‘yilgan.

Darhaqiqat, sud-fonografiya ekspertizasi eng murakkab ekspertiza turlari qatoriga kiradi.

Kompyuter va axborot-kommunikatsion texnologiyalari barcha turdagi ekspertizalarning imkoniyatini yanada kengaytirishga yo‘llanma bergan sermahsul axborotli yondashuvlarni hosil qilib, ularni tinimsiz rivojlantirmoqda. Sud ekspertizalarini o‘tkazish jarayonlarini avtomatlashtirilishi, bu orqali esa sud-fonografiya ekspertizasini imkoniyatlarini yanada oshishiga zamin yaratdi. Bunday imkoniyatlar natijasida bir tomondan, ekspertiza tadqiqotlarini bilish jarayoni sifatidagi muayyan o‘zgarishlari (rivojlanishi), ikkinchi tomondan esa – ekspertizalarning imkoniyatlari sezilarli darajada o‘sishi, shuningdek tadqiqotlar natijasida olinadigan ma’lumotlarning ilmiy asoslantirilishi yanada mustahkamlandi.

Hozirgi kunda ilmiy-texnik taraqqiyot, axborot va raqamli texnologiyalarning keng hajmda rivojlanishi, shuningdek kompyuter texnologiyalarining taraqqiy etishi sud-fonografiya ekspertizalarining mazmuni va xususiyatlariga yangicha yondashishni, hamda ekspertiza tadqiqotlarida zamonaviy texnika va dasturiy ta’minotlarning ahamiyatini sifat jihatdan o‘zgartiradigan uslub va vositalarini jadal rivojlanishini hosil qildi. Xususan, ilmiy-texnik taraqqiyotning sud-fonografiya ekspertizalarining bugungi kundagi amaliyotiga ta’siri shundaki, bu amaliyotda, o‘z tabiatiga ko‘ra, turli apparatura, ko‘p miqdordagi qurilma va qurilmalar tizimlarini qo‘llash, innovatsion texnologiyalar bilan umumiy uzviylikni tashkil qiluvchi dasturiy ta’minotlarni qo‘llashdan iborat bo‘lgan uslublardan foydalanish juda keng tarqaldi.

Hozirgi kunda sud-fonografiya ekspertizalarini o‘tkazish jarayonlarida kompyuter texnologiyalaridan foydalanishning samarasi juda sezilarli darajaga chiqdi. Sud ekspertiza faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalardan foydalanish darajasini masalan, RSEMning sud-fonografiya ekspertizasi laboratoriyasida amalda qo‘llaniladigan “IKAR LAB PRO II” fonogrammalarni kriminalistik tadqiqot qilish apparatli dasturiy kompleks tizimi imkoniyatlaridan ham ko‘rish mumkin. Bu og‘zaki nutqni tahlil qilish bo‘yicha axborot kompleksi bo‘lib, quyidagi asosiy vazifalarni bajarish imkonini beradi: ovoz (tovushli) signali bo‘yicha shaxsni identifikatsi qilish, turli audio-video fonogrammalarida mavjud bo‘lgan montaj belgilarini aniqlab, tadqiq qilish, tovushni aks ettiruvchi  ob’ektlarni diagnostika va identifikatsiya qilish, turli impulsli shovqinlar natijasi tushunarsiz bo‘lgan og‘zaki nutq mazmunini aniqlash, fonogrammalarning asli va nusxalarini aniqlash va h.k. Ekspert-fonografist fonogrammalarni, hujjatlarning texnik ekspertizasiga yaqin shakllarda kriminalistik tadqiqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Fonogrammani tadqiqot qilish jarayonida ekspert, maxsus ekranda doimiy ravishda tekshirilayotgan fono-ob’ektning uchta asosiy shakllarini ko‘rib turadi: uning quvvat darajasining dinamikasi ko‘rinishidagi umumiy ko‘rinish, fono-ob’ektning joriy nuqtasidagi ossillogramma ko‘rinishidagi “mikrosegment”, shuningdek fono-ob’ekt tahlilining asosiy shakllari (ossillogramma, amplituda-fazali spektr, uyg‘unlik funksiyasi va asosiy ovoz toni indikatori, sonogramma va h.k.).

Tovushli tasvirlarning dinamik amplitudaviy (sonogramma) tahlili signallarning garmonik (uyg‘unlik) komponentlarini aniqlash imkonini beradi va natijada ushbu tizim fonogrammadagi montaj belgilarini tadqiqotlarida juda muhim ahamiyat kasb etadi, chunki u shaxsni og‘zaki nutq signali bo‘yicha identifikatsiya qilish uchun zarur ma’lumotlarni ko‘p hajmda bera oladi. Barcha bu kabi tahliliy tadqiqotlar esa zamonaviy kompyuter  va axborot texnologiyalar yordamidagina o‘tkaziladi.

Tabiiyki, axborot texnologiyalarning rivojlanishi bir joyda to‘xtab turmaydi. Dunyoda har kuni, kundalik turmushning barcha sohalarida qo‘llanilishi mumkin yangi algoritmlar, qurilmalar, yozuv formatlari, raqamli axborot tashuvchilar, dasturiy ta’minot va boshqa ko‘plab texnologiyalar paydo bo‘lmoqda. Bugungi kunda barcha yangi axborot va texnologik yangiliklar ortidan quvish emas, balki sud ekspertiza faoliyatida samarali qo‘llash maqsadida, ularning ishlash prinsiplarini batafsil o‘rganish vaqti keldi. Magnit tasmalar vaqti allaqachon o‘tib ketdi, ularning o‘rnini esa, ovoz yozish, axborot hajmi va sifati bo‘yicha juda samarali bo‘lgan raqamli qurilmalar egallab bo‘ldi. Biroq, raqamli yozuvlarning yuqoridagi ijobiy tomonlari va yutuqlariga qaramasdan, tovush yozish usullarini o‘zgarishi (murakkablashishi) hisobiga, tovush  signallarning qalbakilashtirish holatlarini aniqlash bir muncha qiyinlashdi.

Shu bilan birgalikda, bizning fikrmizcha, axborot texnologiyalari ekspert-fonografistni o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Ammo ular, tegishli ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazishda sud ekspertiga juda katta amaliy yordam bera oladi. Bunday yordam albatta, izlanishli texnik xususiyatga egadir, chunki ekspertizalarni bevosita o‘tkazish jarayonida tegishli tadqiqotlariga oid metod va metodikalarni tanlashga ijodiy yondashuvni  faqat inson bajara oladi. Xulosa qilib, sud ekspertiza faoliyatidagi vazifalarni samarali bajarish imkonini beruvchi zamonaviy axborot texnologiyalarini chuqur o‘rganish – ekspert xulosasining sifati va ishonchliligini oshirish uchun hozirgi kunda dolzarbligini ta’kidlash  zarurdir.

Chunki, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudlar faoliyatida fan va texnika yutuqlarini tatbiq etishning asosiy shaklini tashkil qilgan sud- fonografiya ekspertizasi murakkab jinoyatlarni ochish, tergov va sudlarni inkor etib bo‘lmaydigan dalilar bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynab kelmoqda.

Hozirgi payitda sud-fonografiya ekspertizasining imkoniyat darajasi, jinoyatga tayyorgarlikni yoki qonunbuzarlikka yul qo‘ygan shaxslarni fosh etishda isbotlovchi, guvoxlik beruvchi holat, materiallar tanqis bo‘lgan vaziyatlarda esa, yashirin ravishda yozib olingan so‘zlashuvlar mavjud hollarda, ularning qilgan jinoyatlarini ochishda xozirgi zamon talablariga to‘liq javob bera oladigan sud-fonografiya ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazishga imkon beradi.

Laboratoriya hodimlari ekspertizalarni bajarishda ilmiy va texnik yutuqlardan, eng zamonaviy asbob-uskuna, qurilma hamda kompyuter dasturlaridan foydalanib, eng og‘ir va murakkab jinoyatlarni fosh etishda huquqni muhofaza qilish idoralariga samarali yordam berib kelmoqdalar.

Jumladan, bugungi kunga kelib, Markazning sud fonografiya ekspertizasi laboratoriyasi quydagi turli masalalarni hal etadi, xususan:

  • ekspertizaga taqdim etilgan stenogrammaning tadqiq qilinuvchi fonogrammaning mazmuniga mos kelishi yoki mos kelmasligi;
  • ekspertizaga taqdim etilgan yozuv sifati past bo‘lganda, suhbat stenogrammasini tuzish;
  • ekspertizaga taqdim etilgan suhbatda necha nafar shaxs ishtirok etganligini, ularning jinsini, suhbat qaerda (xonada, ko‘chada, avtomashina salonida va k.) yozib olinganligini aniqlash;
  • raqamli audio va video yozuvchi texnologiyalarda (diktofon, video kamera, video registrator, mobil telefon apparati va ) elektroakustik montaj belgilari mavjudligi yoki mavjud emasligini aniklash;
  • ekspertizaga taqdim etilgan fonogrammaning asli yoki nusxaligini aniqlash;
  • ekspertizaga taqdim etilgan fonogrammadagi ovoz va nutqning kimga tegishli ekanligini aniqlash;
  • raqamli audio va video yozuvchi texnik uskunalarni diagnostika qilish.

Ma’lumki, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning qarori, sudning ajrimi, shuningdek advokat so‘rovi (faqat fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritishda) sud ekspertizasini o‘tkazish uchun asos deb hisoblanadi. Sud ekspertizasi tegishli qaror yoki ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran tayinlangan hisoblanadi. Sud-ekspertizani tayinlash protsessual harakat bo‘lib, qonun tomonidan belgilangan asos va tartibga binoan amalga oshiriladi. Bu harakat faqatgina ekspertiza tayinlash haqida qaror yoki ajrim tuzish bilan cheklanmaydi. Avvalambor surushtiruvchi, tergovchi va sudyalar sud ekspertiza tayinlash jarayonida uning turiga, zamonaviy sharoitdagi imkoniyatlari, ekspertiza hal eta oladigan masalalar doirasi va o‘ziga xos tomonlari haqida ma’lumotga ega bo‘lishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Masalan, sud-fonografiya eksper­tizasini o‘tkazilishi uchun ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qarorga yoki ajrimga qo‘shimcha ravishda ayiblanuvchi, gumon qilinuvchi yoki guvohdan ekspertiza tekshiruvi uchun ovozi va nutqidan namuna olish to‘g‘risidagi qaror, shu bilan birgalikda ovoz va nutqni yozib olish to‘g‘risidagi bayonnoma, ekspertizaga taqdim etilayotgan nizoli fonogrammani eshitib ko‘rish to‘g‘risidagi bayonnoma ekspertiza o‘tkazishlik uchun taqdim etiladi.

Sud ekspertizani samarali o‘tkazishning asosiy shartlaridan biri bo‘lib, ekspert oldiga qo‘yilayotgan vazifalar ish materiallaridan kelib chiqishi, ish uchun axamiyatli bo‘lgan faktlar va holatlarni aniqlashga qaratilishi, ekspertning maxsus bilimlari doirasida bo‘lishidir. Vazifalar lo‘nda, ikkilamchi tahlilga ega bo‘lmagan savollar shaklida ifodalinashi zarur.

Ekspertlar belgilangan ilmiy uslubga asoslangan holda tadqiq qilinishi lozim bo‘lgan munozarali (nizoli) fonogramma hamda solishtirish uchun ayblanuvchi yoki gumondorning ovozi va nutqidan olingan namunalarini alohida tadqiq qilinib olingan natijalarni o‘zaro bir -biriga solirtishish orqali o‘z xulosalarini beradilar.

Ekspert tadqiqotining samaradorligi ekspertiza predmeti va ob’ektini to‘g‘ri belgilash bilan bog‘liqdir. Qonunda ekspertiza tayinlanishi mumkin bo‘lgan masalalalar belgilab qo‘yilgan, ammo ekspertiza uslubiyoti, tadqiqot uchun qo‘llanadigan usullar, texnik vositalar, qonuniyatlar va boshqa ma’lumotlar ishonchli, tekshirilgan va sinalgan bo‘lishi talab qilinadi. Shuning uchun, ekspertizaning ilmiy asoslari shakillangan va ular tegishli tartibda amaliyotga tadbiq kilishga tavsiya qilingan bo‘lishi kerak.

Skip to content