Intellektual mulk himoyasini mustahkamlay olsak, bu ham uchinchi Renessansga ishonchli poydevor bo‘ladi. Shavkat Mirziyoev
Rivojlangan davlatlarda intellektual mulk sohasini rivojlantirish va uning dunyo bozori bilan hamnafasligini ta’minlash maqsadida qisqa hamda o‘rta muddatli strategiyalar va dasturlar ishlab chiqilgan. Yaponiyada 2006 yilda “Yaponiya iqtisodiyotida intellektual mulkni yaratish, muhofaza qilish va undan foydalanish strategiyasi”, Kanadada 2018 yilda “Kanada intellektual mulk strategiyasi”, Rossiyada 2019 yilda “Intellektual mulkni rivojlantirishning milliy strategiyasi”, Turkiyada 2019 yilda “2019-2023 yillarga mo‘ljallangan Intellektual mulk strategiyasi”, Chexiyada 2019 yilda “2019-2030 yillarga mo‘ljallangan Innovatsion strategiya” qabul qilingan.
O‘zbekistonda “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 26.04.2022 yildagi PQ-221-son O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan “2022 — 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish Strategiyasi” qabul qilindi. Strategiyaning bosh maqsadi – mamlakatda «Intellektual mulkning samarali huquqiy muhofazasidan — kuchli huquqiy himoyasi sari» tamoyili asosida intellektual mulkni jamiyat va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini rivojlantiruvchi asosiy drayverga aylantirish orqali O‘zbekistonni ilmiy-texnikaviy va ixtirochilik jihatdan taraqqiy etgan davlatlar qatoriga kiritish hamda mintaqaviy brendlarni hududlarni har tomonlama rivojlantiruvchi vosita sifatida yuzaga chiqarish hisoblanadi.
So‘nggi davrlarda yurtimizda intellektual mulk ob’ektlarini himoya qilish, uni noqonuniy ishlatishni oldini olishga bo‘lgan ehtiyoj oshib bormoqda. Chunki, intellektual mulk ob’ektidan noqonuniy foydalanish oqibatida vujudga kelayotgan zarar miqdori o‘sib, intellektual mulk ob’ekti egasi korxonasining rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Intellektual mulk huquqi buzilishi bilan bog‘liq asosiy yo‘nalish tovar belgilari bilan bog‘liq. Hozirgi kunda O‘zbekistonda intellektual mulk huquqining deyarli teng yarmini tovar belgilari tashkil qiladi. Lekin ko‘p hollarda ishlab chiqaruvchilar mashhur brendlarga o‘xshash qilib o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarishga harakat qilmoqda. Bu bozorni tezroq egallash uchun qilinadi. Lekin tadbirkorlar bu o‘rinda intellektual mulk huquqini buzish orqali tovar belgisining asl egasiga zarar keltirmoqda. Zarar va uni qoplash masalalari fuqaroliq xuquqiga taaluqli masalalardir. Umumiy qoidaga binoan, yetkazilgan zarar to‘la miqdorda qoplanishi kerak.
O‘zbekistonda intellektual mulk sohasida sud iqtisodiy ekspertizasi – yangi ekspertiza turi hisoblanib, 2023-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.07.2021 yildagi PF-6256-son Farmoniga asosan amaliyotga joriy etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, xozirgi kunda mazkur yo‘nalish bo‘yicha ishchi dastur shakllantirilgan va tasdiqlangan. Hozirgi kunda bu yo‘nalishda maxsus adabiyotlar, amaldagi qonunchlik va xorijiy tajriba o‘rganilmoqda.
Intellektual mulk o‘zi nima, uning ob’ektlari nimadan iborat?
Intellektual mulk – inson aqliy va ijodiy faoliyat natijasida yaratilgan va ma’lum bir qiymatga ega ob’ektlardir.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1031-moddasida intellektual mulk ob’ektlari keltirilgan. Intellektual mulk ob’ektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) intellektual faoliyat natijalari:
– fan, adabiyot va san’at asarlari;
– ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari;
– elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari;
– ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari;
– seleksiya yutuqlari;
– oshkor etilmagan axborot, shu jumladan ishlab chiqarish sirlari (nou-xau);
2) fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar:
– firma nomlari;
– tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari);
– tovarlar chiqarilgan joy nomi;
3) intellektual faoliyatning boshqa natijalari hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar.
Rossiya Federatsiyasida intellektual mulk sohasida sud ekspertlik amaliyoti o‘rganildi.
Intellektual mulk ko‘rinishidagi kompaniya nomoddiy aktivlarini baholash yoki mualliflik huquqi buzilgandagi moddiy zararni baholashda intellektual mulk ob’ektlari ekspertizasi o‘tkaziladi.
Intellektual mulk ekspertizasi qachon zarur hisoblanadi?
Intellektual mulk ekspertizasi – intellektual mulk ob’ektlari (kitoblar, ihtirolar, ilovalar, musiqalar, videoroliklar va h.k.) himoyasi muzokaralari bo‘yicha sud ishining bir qismi.
Ekspertiza ob’ekt tasnifini aniqlaydi hamda intelektual huquq buzilishi holat va faktlarini belgilaydi. Aynan intellektual mulk ekspertizasi yordamida muxofaza qilinuvchi ob’ektni noqonuniy ishlatish natijasida mualliflik huquq egasiga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash mumkin.
Qachon ekspertiza muhim hisoblanadi? Intellektual mulk ekspertizasi katta mablag‘ talab etuvchi xizmat turi, chunki uni ixtisoslashgan mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘tkaziladi. Shuning uchun intellektual mulk huquq egasiga huquq buzish oqibatida katta moliyaviy zarar yetkazilgan bo‘lsa va buni isbotlash istagi bo‘lgan holatlarda aktual hisoblanadi.
Ba’zan, ekspertiza o‘tkazish sababi moliyaviy zarar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lmagan holatlar bo‘lishi mumkin: misol uchun, ishbilarmonlik obro‘sini himoya qilish.
Intellektual mulk ob’ektlarini ekspertizadan o‘tkazish uchun huquqiy baza
Mutaxassislar ekspertizani bir necha bosqichda o‘tkazishadi, ulardan biri – tadqiqot o‘tkazish yoki “intellektual mulkga huquq ekspertizasi” uchun huquqiy bazani tekshirish. Intellektual mulk ob’ekti davlat himoyasi ostidaligini va unga ma’lum shaxs yoki tashkilot huquqi mavjudligini ekspertlar tekshiradi.
Bahsli ob’ektga mutlaq huquq aniq bir shaxs yoki tashkilotga tegishliligini ekspert tasdiqlaganidan so‘ng, huquqbuzarlikni tasdiqlovchi faktlar yig‘imi boshlanadi. Intellektual mulkdan noqonuniy foydalanish faktini komissiya aniqlaydi va yetkazilgan zarar miqdorini belgilaydi.
Intellektual mulk ekspertizasi hal etadigan savollar
- Bahsli ob’ekt intellektual faoliyat natijasi hisoblanadimi?
- Intellektual faoliyat natijasi hisoblanuvchi ob’ektning foydali tavsifi qanday?
- Ob’ektdan keltirilgan holatda foydalanish intellektual huquqlarni buzilishi hisoblanadimi?
- Mualliflik g‘oyasining qanday qismi o‘zlashtirilgan yoki nus’halangan, qanday hajmda?
- Kashfiyotdan noqonuniy foydalanish natijasida muallifga qanday zarar va qanday hajmda yetkazilgan?
Bu turdagi ekspertizalar asosan intellektual mulk sohasidagi mutaxassislarni jalb etgan holda kompleks amalga oshiriladi.
Intellektual mulk sohasida sud ekspertizasini o‘tkazish uchun zarur hujjatlar:
- Intellektual mulk ob’ektini muhofazalovchi hujjat (patent, qayd guvohnomasi);
- Litsenzion va mualliflik shartnomalari;
- Intellektual mulk ob’ekti huquqi egasi – tashkilot moliyaviy hisoboti (balans, moliyaviy natijalar to‘g‘risida hisobot);
- Tadqiqot qilinayotgan intellektual mulk ob’ektiga (savdo belgisi, asar, ixtiro va h.k.) tegishli mahsulotlarni (ish, xizmatlar) sotishning joriy hajmi va prognoz ko‘rsatkichlari haqida ma’lumot;
- Tadqiqot qilinayotgan intellektual mulk ob’ekti bo‘yicha qalbaki mahsulot sotish haqida ma’lumot;
- Intellektual mulk ob’ektini yaratishga va marketingga yo‘naltirilgan harajatlar to‘g‘risida ma’lumot;
- Sud ekspertizasini o‘tkazish uchun zarur bo‘lganda boshqa xujjatlar.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, intellektual mulk sohasida iqtisodiy sud ekspertiza – yangi yo‘nalish bo‘lib, amaliyotga tadbiq qilishdan oldin ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, O‘zbekiston qonunchiligi va iqtisodiy ekspertizalar amaliyotidan kelib chiqib mukammal uslublarni tadqiq qilish maqsadga muvofiqdir. Asosiy tadqiqotimiz maqsadi huquqiy ongni oshirish bilan bog‘liq bo‘lib, ularda intellektual mulk nima, qanday hollarda undan noqonuniy foydalanganlik uchun yetkazilgan zararni hisoblash tartibi, qanday xujjatlar talab etilishi haqida umumiy nazariy fikrlar ustida ish olib borilmoqda.
RSEM Ilmiy-tadqiqot instituti bosh ilmiy xodimi
Timur Muxitdinov