Ma’lumotlarga ko‘ra, inson umri davomida o‘rtacha 75 tonna suv iste’mol qilarkan. Xususan, katta yoshdagilar bir kecha-kunduzda 2,5-3 litr suyuqlik qabul qiladi. Shundan 1,2 litri ichimlik suvi, 1 litri turli oziq-ovqat mahsulotlari, meva-sabzavotlar tarkibidagi suvdir. 0,3 litri esa organizmda modda almashinuvi jarayonida paydo bo‘ladi.
Hozirda deyarli barcha do‘konlarda qadoqlangan ichimlik suvlari mavjud. Ichimlik suvini sertifikatlash alohida ahamiyatga ega. Chunki bu resurs to‘g‘ridan to‘g‘ri chanqoqni qondirish, ovqat tayyorlash kabi insonning zaruriy ehtiyojlariga ishlatadi. Shuning uchun ham iste’molchilar sog‘lig‘i va farovonligi bevosita suvga bog‘liq.
Ma’lumki, tabiiy mineral suv tasdiqlangan kimyoviy va mikrobiologik xavfsizlik ko‘rsatkichlari; ichimlik suvi organoleptik parametrlar, tuz va gaz tarkibi, toksiklik, organik ifloslanish hamda boshqa bir qator tarkibiy qismlarning ruxsat etilgan maksimal qiymatiga mos kelishi kerak.
Ayni vaqtda har qanday qadoqlangan suv ma’lum bir tekshiruvdan o‘tgach tegishli sertifikatga ega bo‘lishi mumkin. Har kimda “Sotuvdagi qadoqlangan suv belgilangan me’yorlarga egamikin?” degan savol tug‘ilish tabiiy.
Ushbu savolga javob olish maqsadida X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertizasi markazi “Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi” laboratoriyasi ekspertlari “Development bright service” oilaviy korxonasi tomonidan iste’molga chiqarilayotgan “Billur” nomli qadoqlangan ichimlik suvini tekshiruvdan o‘tkazdi.
Tadqiqot uchun 20 l polimer idishga bitta suv namunasi berildi. Taqdim etilgan suvdagi og‘ir metallarning elementar tarkibini aniqlash uchun spektral usul qo‘llanildi.
Tadqiqot uchun taqdim etilgan suv namunasi AT7500 ICP-MS asbobida (induktiv bog‘langan plazma massa spektrometri) “Semikvant” rejimida tahlil qilindi. Asbob parametrlari: plazma quvvati 1200 Vt, integratsiya vaqti 0,1 sekund.
Suv namunasining elementar tarkibini tahlil qilish natijalari esa quyidagicha:
Elementlarning nomi | Tarkibi mg/l | Normativ hujjatlarga muvofiq elementlarning MPC * mg/l |
Natriy | 0,46 | 200 |
Magniy | 0,61 | 10-50 |
Kaliy | 0,29 | 12 |
Alyuminiy | 0,024 | 0,2 (0,5) |
Kalsiy | 0,055 | 100 |
Xrom | 0,0052 | 0,05 |
Beriliy | 0,0002 | 0,0002 |
Kadmiy | 0,00089 | 0,001 |
Molibden | – | 0,25 |
Mishyak | 0,03 | 0,05 |
Nikel | 0,0009 | 0,1 |
Rtut | 0,0002 | 0,0005 |
Svines | 0,0003 | 0,03 |
Selen | 0,0072 | 0,01 |
Stronsiy | 0,0085 | 7,0 |
Bariy | 0,0029 | 0,1-0,7 |
Jelezo | 0,12 | 0,3 (1,0) |
Marganes | 0,011 | 0,1 (0,5) |
Med | 0,0038 | 1,0 |
Volfram | 0,0016 | 0,05 |
Vanadiy | 0,004 | 0,1 |
Kobalt | 0,00058 | 0,1 |
Litiy | 0,0071 | 0,03 |
Serebro | 0,01 | 0,05 |
Surma | 0,00068 | 0,05 |
Sink | 0,0058 | 5,0 |
Tahlil natijalariga ko‘ra, taqdim qilingan suv namunasining mikroelement tarkibi ichimlik suvi uchun belgilangan toksikologik noorganik moddalar ko‘rsatkichlardan baland emas. Bu esa ushbu ichimlik suvi toza va foydali ekanligini bildiradi.
Ichimlik suvi hayotingiz va sog‘lig‘ingiz uchun ahamiyatli ekanini unutmang. Siz iste’mol qilayotgan ichimlik suvining tarkibini bilishni xohlasangiz X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertizasi markaziga murojaat qilishingiz mumkin.
N.Qolqanov,
X.Sulaymonova nomidagi Respublika
sud-ekspertizasi markazi
Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti direktori