“Sinov laboratoriyalarida risklar. Risklar menejmenti” mavzusida seminar

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 05 iyuldagi 6256-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Yo‘l xaritasining 9, 11-bandlari ijrosi bo‘yicha 2021-2023 yillarda ekspert xulosalarini xalqaro miqiyosda tan olinishi va qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida davlat sud ekspertiza muassasalari laboratoriyalarini, xususan Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi laboratoriyalarini xalqaro ilmiy-texnik talablarga mosligini ta’minlagan holda ularni ISO/IЕC 17025:2017 standart talablariga ko‘ra xalqaro akkreditasiyadan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Shunga ko‘ra, bugungi kunda Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida bosqichma-bosqich bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, akkreditasiya mezonlariga asosan, Markaz laboratoriyalari eng so‘nggi zamonaviy texnik uskunalar va o‘lchov vositalari bilan jihozlanmoqda, sifat menedjmenti bo‘yicha hujjatlar tizimi takomillashtirilmoqda va amaliyotga joriy etilmoqda, Markaz xodimlarining bilim va ko‘nikmalari muntazam oshirib borilmoqda. Aynan mana shu tadbirlardan biri sifatida joriy yilning 12 may kuni Markazda “Sinov laboratoriyalarida risklar. Risklar menejmenti” mavzusida  ma’ruza taqdimoti tashkillashtirildi. Ma’ruza «ILM STANDART” ilmiy-tadqiqot o‘quv markazi direktori o‘rinbosari Ergashev Mansur To‘laganovich   tomonidan juda yuqori saviyada  o‘tkazildi. Ma’ruzada standart talabi bo‘yicha risk tushunchasi, risk menejment standartlari, laboratoriyalarda risklarni identifikatsiya qilish, riskni tahlil qilish va ularga baho berish, riskka yo‘naltirilgan tafakkur, risklarni bartaraf etish masalalari, risk menejment jarayoni atroflicha yoritib berildi. Ekspertiza sohasida beg‘arazlik va mahfiylik masalalari bilan bog‘liq risklar standart talabiga ko‘ra, qanday yo‘l bilan bartaraf etilishi va ularni oldini olish uchun laboratoriya tomonidan qanday harakatlar amalga oshirilishi lozimligi aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, ekspertiza sohasida namunalarni olish jarayoni bilan bog‘liq risklar, usullar yaroqliligini tasdiqlash bilan bog‘liq risklar, kalibrovka va metrologik tekshiruvlar bilan bog‘liq risklar, texnik yozuvlar va o‘lchovlar noaniqligini baholash bilan bog‘liq risklar, olingan natijalar ishonchliligi bilan bog‘lik risklar, shikoyatlar, nomuvofiqliklar, hisobotlar, axborotlarni boshqarish bilan bog‘liq risklar, riskni baholash usullari va laboratoriya risk pasportini shakllantirish masalalari ham alohida qayd etildi. Ma’ruza vaqti chegaralangan bo‘lishiga qaramasdan mavzu Markaz tinglovchilarida juda katta qiziqish uyg‘otdi.

Skip to content