TAFTISh VA SUD-IQTISODIY EKSPERTIZA – DALILLARNI ANIQLASh VOSITASI

Sud-iqtisodiy ekspertiza – bu malakali mutaxassisning tergovchi yoki sud tomonidan qo‘yilgan savollarni hal qilish uchun unga taqdim etilgan ish hujjatlarini tadqiqot qilish bilan bog‘liq faoliyati bo‘lib, uning natijasi yozma xulosa berish bilan yakunlanadi.

Buxgalteriya hisobi, soliq, pul-kredit muomalalari va moliya sohasida maxsus bilimlar ekspert-iqtisodchining ilmiy vakolat doirasini belgilaydi va bunday bilimlar qo‘llanilishiga talab tug‘ilganda tergovchi sud-iqtisodiy ekspertiza tayinlashi mumkin.

Iqtisodiyot sohasidagi qonunbuzarliklar, odatda, turli xil xo‘jalik operatsiyalarini qo‘llash orqali amalga oshiriladi va ularni ekspertlik tadqiqoti har xil turdagi iqtisodiy bilimlar majmuasini tadbiq etishni taqoza etadi. Qandaydir xo‘jalik operatsiyasi yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlarni tadqiq etish lozim bo‘lganda, ko‘pincha, tergovchi yoki sud tomonidan tug‘ilgan barcha savollarni hal etish ekspert-iqtisodchi zimmasiga yuklanadi. Biroq ekspert-iqtisodchi universal mutaxassis bo‘lmaganligi sababli turli xildagi iqtisodiy bilimlar kompleksini talab qiluvchi savollarga javob bera olmaydi.

Sud-iqtisodiy ekspertizani belgilashda, masalaning muhim tomoni, taftish, auditorlik tekshiruvi va iqtisodiy ekspertizalarni farqlashdadir. Bunda, nafaqat taftishchi va ekspertning majburiyatlari doirasidan, balki maxsus bilimlarning qo‘llanilish maqsadi (vazifasi), ularni amalga oshirish usullari va tadqiqot predmetining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqish kerak.

Shuningdek, amaliyotda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari qanday hollarda auditorlik tekshiruvi yoki taftish o‘tkazishni talab qilishlari, qanday hollarda iqtisodiy ekspertiza yoki boshqa turdagi ekspertizalarni tayinlashlari kerakligi jiddiy qiyinchilikpar tug‘diradi. Bunday masalani hal qilishda taftish va sud ekspertizasining xususiyatlari, shuningdek bu tushunchalarning mohiyati va huquqiy tabiatidan kelib chiquvchi farqlarini inobatga olish kerak bo‘ladi.

Audit – bu tashkilotning moliyaviy hisobotini amaldagi huquqiy me’yorlarga mosligini, buxgalterlik hisob-kitobi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga amal qilinishi va tadqiq qilinayotgan xo‘jalik operatsiyalarini qonunchilikka muvofiqligini tekshirish yo‘li bilan amalga oshiriladigan mustaqil mutaxassisning bahosi.

Taftish – tashkilot yoki alohida mansabdor shaxslarning ma’lum muddatdagi ishlab-chiqarish va moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining keyingi hujjatli nazoratining muhim vositasi bo‘lib, vakolatli mansabdor shaxsning buyrug‘i yoki farmoyishi asosida tegishli sohadagi bilim va malakaga ega bo‘lgan, unga bo‘ysunuvchi mutaxassis xodim tomonidan o‘tkaziladi. Taftish o‘tkazish davlat tomonidan nazorat qiluvchi, shuningdek uning organlarining birlamchi vazifasidir.

Tergov, sud va ekspertlik amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, sud-iqtisodiy ekspertizani tayinlashning eng muhim asoslaridan biri – bu tergovchining jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan, soliq tekshiruvi xulosasining to‘g‘riligi borasidagi asosli shubhasidir. Biroq, ta’kidlash joizki, shubha soliq tekshiruvi dalolatnomasida ifodalangan ayrim xulosalarga tegishli bo‘lib, jinoyat ishi materiallarini to‘ldirish maqsadida yangidan taftish (nazorat) tekshiruvi tayinlashni talab qilmasligi kerak.

Taftishchining vazifasini ekspertga yuklash protsessual xatolik bo‘lib, bu ikki maxsus iqtisodiy bilimlarni qo‘llash shakllarining bir qator belgilari o‘xshashligidan kelib chiqadi. Bular:

  1. Davlat soliq xizmati organi mutaxassisi ham, iqtisodchi ekspert ham bir sohadagi iqtisodiy ilmlar doirasida maxsus bilimlarga ega.
  2. O‘z xulosalarini buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlarini va boshqa hujjatlar tadqiqotiga asoslaydilar.
  3. Buxgalteriya hujjatlarini tadqiqot qilishning o‘xshash usullarini qo‘llaydilar.

Shundan xatolikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida taftish (qonun hujjatlariga amal qilinishini hujjatli tekshirish) va sud-iqtisodiy ekspertiza o‘rtasidagi muhim tafovutlarni esda tutish lozim. Ular ikki guruhga bo‘linadi.

 

  1. Protsessual tafovutlar:

1.1.   Sud-iqtisodiy ekspertizasi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergovchining qaroriga asosan tayinlanadi. Hujjatli tekshiruvga asos bo‘lib tegishli moliyaviy-xo‘jalik faoliyati tekshiruvini tayinlash to‘g‘risidagi vakolatli organning taftish o‘tkazish haqidagi buyrug‘i xizmat qiladi. Shuningdek tekshiruv, jumladan jinoyat ishi ko‘zg‘atilguniga qadar tergovchining talabiga muvofiq qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda tayinlanishi mumkin.

1.2.   O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi (keyinga o‘rinlarda, JPK)ning 68-moddasida ekspert bila turib noto‘g‘ri xulosa berganligi, surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini surishtiruvchi, tergovchi yoxud prokurorning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek uzrsiz sabablarga ko‘ra xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgar bo‘lishi belgilangan.

Taftish JPKning 22-1-bobida ko‘zda to‘tilgan bo‘lib, taftish o‘tkazish uchun tayinlanadigan shaxslar uchun bunday javobgarlik alohida belgilanmagan.

1.3.   JPKning 185-moddasiga muvofiq, agar ekspert qo‘yilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin bo‘lmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish ob’ektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni to‘ldirib bo‘lmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qo‘yilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat tuzishi belgilangan.

JPKning 187-moddasiga muvofiq tekshirilayotgan sub’ektning hujjatlari, axboroti va materiallari yo‘qotilgan, yo‘q qilingan yoki mavjud bo‘lmagan takdirda, taftish o‘tkazuvchi shaxs taftishni tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda ko‘rsatilgan masalalarni o‘rganishni soliq, valyutaga oid, buxgalteriya to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkazishi mumkinligi qayd etilgan.

1.4.   Taftish o‘tkazuvchi shaxslar o‘z vakolatlari doirasida tekshirilayotgan sub’ektning hududini va binolarini tekshirish, uning mol-mulkini inventarizatsiyadan o‘tkazish; taftish o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni, axborotni va materiallarni talab qilib olish; tekshirilayotgan sub’ektning rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslaridan, moddiy javobgar xodimlaridan hamda boshqa xodimlaridan tushuntirishlar olish va boshqalarga haqli (JPKning 187-1 1-moddasi).

Iqtisodchi-ekspert korxonaga tekshiruvga borishi, sud ekspertizasini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan protsess ishtirokchilari bilan shaxsiy aloqaga kirishi haqli emas.

1.5.   Taftish o‘tkazish chog‘ida taftishni tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda ko‘rsatilmagan masalani va moliya-xo‘jalik faoliyatining boshqa davrini o‘rganish taftishchiga taqiqlansa (JPKning 187-2-moddasi), ekspert o‘z xulosasida nafaqat o‘zining oldiga qo‘yilgan savollar bo‘yicha, balki ekspertiza predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar bo‘yicha ham fikrlarini bayon etishi ekspertning huquqi sifatida e’tirof etilgan (JPKning 68-moddasi).

Shunday qilib, taftish o‘tkazuvchi shaxsga (shu jumladan qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazish davrida) ekspert-iqtisodchining vazifalarini yuklash tekshiruvni o‘z protsessual shaklini yo‘qotgan ekspertizaga aylantiradi. Shuningdek, ekspert tomonidan taftish tabiatidagi harakatlarning amalga oshirilishi uning xulosasiga asosli shubha tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.

  1. Uslubiy tafovutlar.

2.1.   Faoliyatning mohiyatiga ko‘ra, taftish xo‘jalik faoliyatining muayyan davrini (odatda, hisobot davrini) tekshirishni ifodalaydi. Tekshiruv tegishli tashkilotda mavjud bo‘lgan hujjatlar asosida o‘tkaziladi. Ekspertiza korxonaning barcha xo‘jalik faoliyati bo‘yicha tekshirishni amalga oshirmaydi, balki ish hujjatlarida mavjud bo‘lgan hujjatlarni tadqiqot qiladi.

2.2.   Tadqiqot predmeti va tekshirishga ko‘ra. Hujjatli tekshiruv davomida qonun hujjatlarining buzilishlari mavjudligini aniqlash maqsadida korxonaning muayyan davrdagi butun moliviy-xo‘jalik faoliyati qamrab olinadi. Sud-iqtisodiy ekspertiza hisob hujjatlari asosida moliyaviy xo‘jalik faoliyatning faqat ishning to‘g‘ri hal qilinishida ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarini aniqlaydi. Bunda aniq holatlar tergov va sud tomonidan har gal ekspert yechimiga savol qo‘yilishida belgilanadi.

2.3.   Tadqiqot predmetiga ko‘ra. Tekshiruv davrida taftish o‘tkazish uchun tayinlangan shaxs o‘ziga kerakli bo‘lgan hujjatlarni o‘zi yig‘adi, kerak hollarda ayrim hujjatlarni talab qilib oladi. Iqtisodchi – sud eksperti o‘z xulosalarini jinoyat ishida yig‘ilgan hujjatlarga asoslaydi. U sud ekspertizasini o‘tkazish uchun mustaqil ravishda hujjatlarni to‘plashga haqli emas. Kerakli hollarda uning iltimosnomasiga muvofiq hujjatlarni tergovchi talab qilib oladi va yo‘llanma xat bilan ekspertga yo‘llaydi.

Ekspert-iqtisodchining tadqiqot ob’ektlaridan biri bo‘lib hujjatli tekshiruv dalolatnomasi xizmat qilishi mumkin. Bu tergovchida tekshiruv davomida qo‘llanilgan hisob uslubining to‘g‘riligi, soliq ob’ektlarining qiymati asoslanganligiga shubha tug‘ilganda yuz berishi mumkin. Bunday holatda ekspert-iqtisodchi taftish ishlarini davom ettirmaydi, balki faqat taftishda qo‘llanilgan tekshiruv uslubining ilmiy asoslanganligini tadqiqot qiladi.

Yana bir qator uslubiy tafovutlar mavjud (tekshiruv va ekspertizani o‘tkazish sub’ektlari, tadqiqot natijalarini rasmiylashtirish va hokazolar bo‘yicha). Lekin asosiy tafovutlarga bo‘lgan havolalar ham hujjatli tekshiruv va sud-iqtisodiy ekspertizasi bir-birining o‘rnini bosmasligini ko‘rsatmoqda.

Taftish surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan ilk bor rasmiy ravishda nazorat choralarini amalga oshirish yo‘li bilan jinoyat ishida dalil sifatida xizmat qiluvchi hujjatlar va boshqa hisob materiallarini olish kerak bo‘lganda tayinlanadi.

Sud-iqtisodiy ekspertiza taftish jarayonida aniqlangan hujjatli dalillarni tadqiqot qilish kerak bo‘lganda tayinlanadi. Uni tayinlashdan maqsad – ish hujjatlarida mavjud bo‘lgan qarama-qarshiliklarni yangi dalil, ya’ni ekspert-iqtisodchining xulosasini olish yo‘li bilan bartaraf etishdir.

Shuni yodda tutish kerakki, ekspert-iqtisodchining xulosasi muqarrar daliliy kuchga ega emas va tergovchi yoki sud tomonidan ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar bilan birgalikda baholanadi.

Ekspert-iqtisodchi tomonidan unga taqdim etilgan hujjatlarni tadqiqot qilish davrida yangi, avval tergovga noma’lum bo‘lgan holatlar aniqlanishi tabiiy hol. Lekin faqat ilgari noma’lum bo‘lgan faktlarni aniqlash maqsadida sud-iqtisodiy ekspertiza tayinlanmaydi.

 

                                                              Sardorbek Maxmudov

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining ish o‘rganuvchi eksperti

Skip to content