JISMONIY VA YURIDIK SHAXSLAR TOMONIDAN DAVLAT SUD EKSPERTIZA MUASSASALARIGA MUROJAAT QILISH TARTIBI

Mamlakatimizda har bir shaxsning davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga murojaat qilish huquqi konstitutsiya bilan kafolatlangan bo‘lib, fuqarolarning ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqlari qonun va qonun osti hujjatlarida aniq belgilab qo‘yilgan.

Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasida “davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul” ekanligi belgilab qo‘yilgan.

O‘z navbatida, Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart.

Xususan, 2017 yil 11 sentyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga ariza, taklif va shikoyat bilan murojaat etishga oid konstitutsiyaviy qoidani amalga oshirishni ta’minlovchi asosiy normativ-huquqiy hujjat hisoblanib, unda fuqarolarning murojaat qilish huquqini amalga oshirishlarining tartibi kengroq yoritib berilgan.

Qonunga binoan, davlat organlarining fuqarolar murojaatlarini qabul qilish, ko‘rib chiqish va hal etish bilan bog‘liq huquq va majburiyatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi hamda qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Biroq shuni ham unutmaslik lozimki, ushbu Qonun ko‘rib chiqish tartibi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, iqtisodiy protsessual qonunchilik va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilangan murojaatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Aksariyat fuqarolar boshqa turdagi murojaatlarga nisbatan ham mazkur Qonunda belgilangan normalarni qo‘llashni talab etishadi.

Darhaqiqat, 2021-yilning 5-iyul kuni davlat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra 2021-yil 1-sentabrdan boshlab, davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq, sud ekspertizasi turlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish huquqi berildi. Bunda fuqarolar sud ekspertiza muassasalariga murojaat qilganda ularg tadqiqot natijalariga ko‘ra mutaxassis fikri taqdim etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 706-son qaroriga binoan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq sud ekspertizasi muassasalari tomonidan jami 51 xil sud ekspertizasi turlari bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi.

Sud ekspertizasi turlari bo‘yicha tadqiqotlar O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonuniga binoan, Qonunning 32-moddasida Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot tomonidan sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan namunaviy nizom asosida olib borilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining “Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot tomonidan sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi 2011 yil 5 yanvardagi 5-son qarori hamda uning ijrosi bo‘yicha qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2011 yil 2 martdagi 53-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ga binoan sud ekspertizasi o‘tkaziladi.

Fuqarolar sud ekspertizasi muassasalariga murojaat qilganda sud ekspertizasi tadqiqotlari faqat uni tayinlagan shaxs tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan materiallar taqdim etilgan taqdirdagina o‘tkaziladi. Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish uchun fuqarolar murojaatdagi masala bo‘yicha tekshirish ob’ektlari, shuningdek tadqiqot o‘tkazish va mutaxassis fikri berish uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan sud ekspertizasi predmetiga taalluqli ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlar taqdim etilishi kerak.

Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish bo‘yicha xarajatlar to‘lanmaganligi materiallarni sud ekspertizasi o‘tkazmasdan qaytarish uchun asos hisoblanadi.

Sud ekspertizasini o‘tkazish muddatlari sud ekspertizasining murakkabligi va xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘ttiz kun doirasida belgilanadi.

Qisqacha qilib aytganda, huquqiy davlat barpo etish fuqarolar murojaatlarining vakolatli davlat organlari tomonidan belgilangan tartibda, o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishi hamda ular yuzasidan qonuniy qarorlarning qabul qilinishi – inson huquqlarini ta’minlash asoslaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika

sud ekspertizasi markazining

Tashkiliy nazorat va tahlil bo’limi boshlig’i

B.Nishonov

Skip to content