O‘zbekiston SSR 1963 yil 14 avgustda 461-sonli Vazirlar Kengashining Qaroriga muvofiq, o‘n uch ekspert-hisobchi tarkibidagi O‘zSSR Moliya Vazirligi qoshidagi Davlat buxgalteriya ekspertiza byurosi Toshkent sud-ekspertiza ilmiy-tadqiqot instituti boshqarmasiga topshirildi.
Amaliyot shuni ko‘rsatdiki, Moliya Vazirligi tizimiga qarashli sud-buxgalteriya ekspertizasida o‘zining umumiy yo‘nalishi va xususiyatiga ko‘ra yetarlicha sharoitlar mavjud bo‘lmagan, aksincha Toshkent sud-ekspertiza ilmiy-tadqiqot instituti (ToshSEITI) tarkibidagi sud-buxgalteriya ekspertiza bo‘limi yo‘nalishi muassasining ish faoliyatiga to‘la mos keldi. Shuni ta’kidlash joizki, hujjatlar tadqiqoti sohasida ishlagan va hozirgi paytda ishlayotgan sud-buxgalteriya ekspertlari bilan kriminalistika ekspertlari orasida chambarchas va samarali hamkorlik yuzaga keldi, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyati tug‘ilib, o‘tkazilgan ekspertizalar va ularning ilmiy asoslanish sifati oshdi.
- Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Sud-iqtisodiy ekspertizasi bo‘limi iqtisodiyot sohasidagi qonunbuzarliklarni aniqlash ishlarida uzoq vaqtlardan beri sud va tergov organlariga samarali yordam berib kelmoqda.
Sud iqtisodiy ekspertizasi bo‘limining tashkil etilishida hamda iqtisodiy yo‘nalishdagi ekspertizalarni rivojlanishida o‘zlarining bebaho va ulkan hissalarini qo‘shgan ilk ekspert xodimlar desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bular albatta, SBE bo‘limining birinchi bo‘lim mudiri X.X.Daniyarxodjaev, uning o‘rinbosari, kelgusida bo‘lim mudiri A.Abdusattarov, N.A.Bochkarev, V.E.Malakov, Ulug‘ Vatan Urushi ishtirokchilari Sh.A.Bibishev, A.I.Juravlev va F.V.Litvishko, bo‘limda uzoq yillar sidqidildan mehnat qilishgan ekspert-buxgalterlar M.L.Trudler, X.XBagdashkin, N.P.Silanteva, K.Axmedov, I.N.Щukina va boshqalardir.
Sud-buxgalteriya ekspertizaning mintaqaviy bo‘linmalarida, F.K.Valiev, V.P.Shibalov (Samarqand bo‘limi), A.N.Safarov (Farg‘ona bo‘limi) kabi mutaxassislar xizmat qilganlar.
1990 yildan 2010 yilga qadar SIE bo‘limini N.A.Serdobinseva boshqarib, uning bevosita rahbarligida Andijon, Qoraqolpog‘iston, Sirdaryo, Kashqadaryo, Xorazm, Farg‘ona viloyatlararo bo‘linmalari tashkil etildi. Sud-iqtisodiy ekspertiza bo‘limi Markazning viloyat bo‘limlari ekspert-iqtisodchilari uchun metodologik markazi hisoblanadi.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tish munosabati bilan mamlakatimizda ro‘y berayotgan iqtisodiy o‘zgarishlar, ularni boshqaradigan qonunlar ham tubdan o‘zgarganligi sababli, kun tartibida maxsus bilimlarni talab etuvchi yangi masalalar paydo bo‘ldi.
Bu o‘z navbatida 1994 yilda Sud-buxgalteriya ekspertiza bo‘limi asosida Sud-iqtisodiy ekspertiza bo‘limi tashkil etilishini taqozo etadi. Sud-iqtisodiy ekspertizalar bugungi kunda nafaqat Markaziy muassasada, balki viloyatlararo bo‘linmalarda ham o‘tkazilmoqda.
Huquqni muhofaza qilish idoralarining iqtisodiyot sohasidagi qonunbuzarliklarni oldini olish borasida qilayotgan ishlarining samarasini tahlil qilish maqsadida Markaz xodimlari tomonidan Adliya Vazirligi, Prokuratura, Ichki Ishlar Vazirligi bilan hamkorlikda sud va tergov amaliyoti bo‘yicha umumlashtirish ishlari o‘tkaziladi.
Turli yo‘nalishlarda olib boriladigan ilmiy-tadqiqot ishlari sud-tergov organlari va iqtisodchi-ekspertlar uchun metodik tavsiyalar ishlab chiqarishga bag‘ishlangan.
Bozor munosabatlari tizimiga o‘tish bosqichida iqtisodiyotda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar munosabati bilan SIE bo‘lim xodimlari bugungi kunda tergov va sud amaliyotida sud-iqtisodiy ekspertizasining barcha sohalari, chunonchi, buxgalteriya, moliya-kredit, rejali-iqtisodiy, mehnat iqtisodi, iqtisodiy-statistika va tashqi savdo faoliyatining sud iqtisodiy ekspertizalariga bo‘lgan ehtiyojini qondirib kelmoqdalar.
2021 yilning 15 iyun holatiga bo‘lim ekspertlari tomonidan 211 ta murakkab turdagi sud-iqtisodiy ekspertizalar sud-tergov idoralariga bajarib berildi.
Bugungi kunga kelib, sud-iqtisodiy ekspertiza imkoniyatlari yetarli darajada kengaydi. Buning isbotiga shuni aytib o‘tish mumkinki, bo‘lim va viloyat bo‘linmalarida “Norma” kompyuter dasturi o‘rnatilgan. Bu dastur iqtisodchi-ekspertlarga kerakli me’yoriy va qonun xujjatlarini qidirish paytida vaqt tejashga, o‘z navbatida iqtisodiy ekspertizalar o‘tkazish muddatlarini kamaytirishga imkoniyat beradi.
Bugungi kunda RSEM SIE bo‘limining shtat tarkibi 10 kishidan iborat, bundan uchtasi yosh mutaxassislardir. Sud-iqtisodiy ekspertiza murakkabligi tufayli va ekspertlarning ishlar hajmi kundan-kunga o‘sib borishini hisobga olgan holda, bo‘limda bugungi kunda kadrlar muommosi eng muhim muammolardan biri hisoblanadi. Bunga qaramasdan, bo‘limning butun jamoasi ularning oldiga sud-tergov organlari tomonidan qo‘yilgan muhim masalalarni samarali hal qilmoqdalar.
Bu bilan birga shuni ta’kidlash joizki, sud-iqtisodiy ekspertizasi imkoniyatlaridan foydalanish tergov va sud jarayonlarida iqtisodiyotga taalluqli jinoiy ishlarni sifatli va to‘la ochishga, fuqarolik va xo‘jalik mulkiy mojarolarni qonuniy hal qilishga yaqindan yordam beradi.