Ko‘p yillar davomida huquqshunoslik adabiyotlarida poligraf apparatida o‘tkaziladigan sinovlar ilmiy asoslanmaganligi sababli olimlar tomonidan rad etilgan. Bunday qarash hozirgi kunda ham ayrim huquqshunoslar nazdida saqlanib qolgan bo‘lsada, poligraf orqali amalga oshirilgan maxsus psixofiziologik sinovlarni metodologiyasini to‘g‘ri baholash vaqti yetdi.
Keng ommaga taalluqli bo‘lgan psixologik adabiyotlardagi poligraf orqali o‘tkazilgan sinovlar olimlarning diqqat markazida turmagan bo‘lsada, bu keng qamrovli mavzuning asosiy jihatlarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Ko‘pgina chet el davlatlarida uzoq yillar mobaynida poligraf yordamida inson reaksiyalarini maxsus psixofizilogik tekshirishlar metodi qo‘llanib kelinadi. Bu metod ko‘pincha poligraf bilan o‘tkaziladigan sinovlar yoki tekshiruvlar tarzida mashhurroqdir. Ommaviy axborot vositalari esa uni “yolg‘on detektori” deya nomlaydi. Bu metod ko‘pincha odamlar yashirishga intilgan aniq bir vaziyatga taalluqliligini aniqlaydi.
Mehnat jarayonida ham poligraf orqali o‘tkaziladigan sinovlarning ko‘lami keng, kadrlarni tanlashda, ishchi xodimlarni ishga qabul qilishda poligraf orqali sinovlar o‘tkazish maqsadga muvofiqdir (Yu.I. Xolodniy, 1993), undan tashqari, poligraf orqali insondan axborot olish metodi yordamida yig‘ilgan asosli ilmiy ma’lumotlar shundan dalolat beradiki, ushbu metodning asosida psixofiziologiyaning fundamental mexanizmlaridan biri bo‘lgan mavjud ob’ektiv fenomen yotadi (M.T.Orne et all, 1972).
Poligrafda o‘tkaziladigan sinovlarga doir chet eldagi qarashlar nazariyasi. “Yolg‘on detektori” psixofiziologik metodini qo‘llashga doir yuz yillik tarix davomida mutaxassislar ushbu tadbir davomida inson organizmi va psixikasida yuz beradigan murakkab jarayonlarga ilmiy nazariy asos dalillar berishga harakat qildilar.
Bugungi kundagi chet elda mavjud nazariy konsepsiyalarni Ben-Shkahar G., Furedy J. (1990) ma’lumotlariga asosan, ikki asosiy guruhga ajratish mumkin:
– asosida inson funksiyalarini tashkillashtirishda asosiy determinantalar sanalgan motivatsion va emotsional omillar turgan nazariyalarni;
– kognitiv omillarga asoslangan nazariyalarni.
Poligrafda sinovlar o‘tkazish bilan bog‘liq bir qator savollarga doir izlanishlar olib borgan AQSh kongressi mutaxassislarining fikricha, bugungi kundagi ilg‘or nazariyalardan biri shuki: poligrafda sinov qilinayotgan shaxs “agarda u yolg‘on so‘zlamoqchi bo‘lsa”, tekshiruvdan qo‘rqqani sababli unda yaqqol fiziologik reaksiyalar paydo bo‘ladi. Ushbu jazo xavfini his qilish nazariyasi yuqorida ko‘rsatilgan nazariyalarning birinchisiga taalluqli bo‘lib Mosso tadqiqotlarida birlamchi izlanishlarni ko‘rish mumkin.
Ushbu nazariyaning asosini ochishga harakat qilgan, poligraf operatorlari assotsiatsiyasining avvalgi prezidenti Linn Mersi (1982–1984) yozishicha, «… poligrafning asosiy nazariyasi shundaki, ma’lum bir vaziyatlarda tegishli savollarga doir haqiqat konkret sub’ekt uchun vayronkor natijalar keltirishi mumkin, shunda uning simpatik asab tizimi aktivlashib, fiziologik o‘zgarishlar qayd etiladi va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish, o‘lchash va analiz qilish mumkin bo‘ladi». Shu sababli muallif fikricha, agarda inson bo‘lib o‘tgan ishda o‘zini haqiqatdan ham aybdor deb bilsa, va qo‘yilgan savolga ijobiy javob berib o‘zini aybdor deb tan olsa ham baribir fiziologik reaksiya qayd etiladi.
Fikrini davom ettirib, muallif, “agarda qo‘yilgan savolga sub’ekt jinoyatda o‘zini qatnashganligi haqida yolg‘on gapirib inkor etishi kerak bo‘lsa, haqiqat ochilishidan qo‘rqish hissi uning barcha sistemalarida o‘zgarish qayd etilishiga olib keladi, bu hol poligrafda fiksatsiya qilinadi, va operator poligrafda o‘tkazilgan yuzlab sinovlardan olingan nazariy taxmin etiladigan va empirik namoyon bo‘ladigan fiziologik reaksiyalarni kuzatib boradi, ushbu reaksiyalar yolg‘on bilan tenglashtiriladi”[1].
- Mersining fikricha, qonunga xilof harakatlarda o‘zining ishtirokini haqiqatni so‘zlagan holda inkor etilsa, “haqiqatni yashirish krizisi kuzatilmaydi”, va qo‘yilgan savol natijasida simpatik asab tizimi qo‘zg‘almaydi. Ushbu reaksiyaning yo‘qligi muallif fikricha, sub’ektning haqiqatni so‘zlayotganligidan darak beradi. Ammo bu hol haqli ravishda boshqa tadqiqotchilar tomonidan shubha ostiga olinadi.
“Jazolanish taxdidi”ga boshqacharoq yondashuvni R.Devis, keltiradi, uning fikricha, «fiziologik reaksiya qutulib qolishning natijasi bo‘lishi mumkin, va u qo‘shimcha quvvatni talab qilmaydi». Muallif aytishicha, «fiziologik reaksiya noaniqlik hissi bilan bog‘lanadi».
Yuqorida keltirilgan “jazolanish taxdidi” nazariyasi poligrafni qo‘llashga qarshi bo‘lgan bir guruh olimlar tomonidan shubha ostiga olinadi, ularning fikricha, “bu nazariyaga ko‘ra, poligraf yolg‘on gapirishni emas, balki, tekshiruvdan qo‘rqish hissini o‘lchaydi”.
Ushbu fikrlarni umumlashtirgan holda yana shuni aytish mumkinki, “jazolanish taxdidi nazariyasi” laborotoriya sharoitida ma’lum bir sonni aniqlash yoki keltirilgan kartani topish bilan bog‘liq bo‘lgan sinovlarni (Dj. Xesset, 1981) tushuntirish va izohlashda ham ko‘pgina qiyinchiliklarga duch keladi, chunki ushbu sinovlarda eksperimentatordan xaqiqatni yashirish bilan bog‘liq taxdid umuman mavjud emas.
Undan tashqari, sinaluvchilarni poligraf o‘chirilganligiga ishontirilgandagi holatlarda (reaksiyalar telemetrik tarzda qayd etilgan), reaksiya kuchining zaiflashgani umuman kuzatilmagan, bu esa “xaqiqatni deteksiya qilish” jarayoni “jazolanish taxdidi”dan qochish funksiyasi ekanligini shubha ostiga oladi.
Ammo yuqoridagi kamchiliklar bilan bir qatorda shuni inobatga olish kerakki, “jazolanish taxdidi nazariyasi” o‘zining eksperimental va amaliy tasdig‘ini topmoqda, AQSh kongressi ekspertlari fikriga ko‘ra: yashirishga urinilayotgan ma’lumotni laborotoriya sharoitidan farqli o‘laroq real sharoitlarda maxsus psixofiziologik metodlar orqali aniqlash darajasi birmuncha yuqoridir.
Ushbu “jazolanish taxdidi nazariyasi”dan tashqari, ushbu qatorga yana bir nechta “poligraf nazariyalari”ni kiritadilar. Ularning asosiylaridan biri bu 20-yillarda mashhur psixolog akademik Luriya tomonidan taqdim etilgan qarashlar nazariyasidir. U jinoyatchilarning affekt holatiga doir yirik manbalar to‘plamini umumlashtirib shunday fikrga keldiki, yashirishga majburlik bilan og‘irlashgan sodir etilgan jinoyat ya’ni “psixik shikastlangan holat”, “… jinoyatchida o‘tkir affektiv tajanglikni yuzaga keltiradi; fosh bo‘lishdan qo‘rqqanligi sababli bu sub’ektda tajanglik albatta borgan sari ortib boradi: jinoyat qanchalik og‘ir bo‘lsa, affekt holati ham shunchalik yaqqol namoyon bo‘ladi va jinoyatni fosh bo‘lishidan qo‘rqish hissi ham shunchalik baland bo‘ladi, albatta xuddi shunday kuch bilan ushbu kompleks bosishga harakat qilinadi…
… Shubhasiz, bunday tajanglik, jinoyatchi tomonidan o‘z aybiga iqror bo‘lishdagi asosiy omillardan biridir. Aybiga iqror bo‘lish jinoyatchiga o‘zida chidab bo‘lmas nizoga sabab bo‘layotgan affektiv tonusni bo‘shatib, affekt izlaridan qutulishga, shakllangan tajanglikdan xalos bo‘lishga yordam beradi. Iqror ushbu nizoni bartaraf qilib, shaxsni ma’lum ma’noda normal holatga keltirishi mumkin va iqrorning psixofiziologik ahamiyati ham aynan mana shundan iborat bo‘ladi” (A.R. Luriya, 1932).
Luriya fikrlari amerikalik izlanuvchilar tomonidan “nizolar nazariyasi” konsepsiyasiga ko‘chirilgan bo‘lib, unga ko‘ra, “yaqqol fiziologik siljishlar ko‘rilayotgan holatga qarata “haqiqatni gapirish bilan yolg‘on so‘zlash tendensiyalari bir paytning o‘zida aktiv bo‘lgan jarayonda kuzatiladi”. (G.P. Barland, D.S. Raskin, 1973).
Umuman olganda, “nizolar nazariyasi” ba’zi bir eksperimental ma’lumotlar bilan muvofiq keladi. Masalan, ushbu nazariya tarafdorlarining fikriga ko‘ra, “yolg‘on paytida vujudga kelgan qo‘zg‘alish aslida parasimpatik asab tizimini aktivlashtirish bilan bog‘liq tormozlanish bilan xarakterlanishi mumkin” (P. Heslegrave, 1982). Lekin, ko‘pgina mutaxassislar, “nizolar nazariyasi”ning birmuncha zaif tomonlari mavjudligi, va, nizoni “shaxsiy muammolar oqibatida vujudga kelgan reaksiyalar” bilan adashtirib yuborish mumkinligi xavfi xaqida ogohlantiradilar. (R.S. Davis, 1961). Undan tashqari, “nizolar nazariyasi” nuqtai nazari bilan qaraganda, keng ommaga tanish bo‘lgan sinaluvchidan umuman javob talab qilinmaydigan ya’ni (unsiz test – silent–test) psixik muhim ahamiyatga ega stimullarni keltirganda paydo bo‘ladigan katta reaksiyalar va bunda nizoning umuman shakllanmasligining o‘zini ham ushbu nazariya orqali tushuntirib bo‘lmaydi.
Nazariy konsepsiyalarning “motivatsion-emotsional sinfini” shartli-reflektor nazariya yakunlaydi. Uning asosida I.P. Pavlov tomonidan ochilgan yuqori asab tizimi bilan bog‘liq prinsiplar yotadi. Ushbu nazariya emotsional muhim ahamiyatga ega savollar kuchli fizilogik reaksiya shakllanishiga olib keladi degan fikrga asoslanadi. Chunki ular sinaluvchining o‘tmishdagi tajribasi bilan bog‘liq bo‘ladi (Ben-Shkahar). Ushbu nazariya “nizolar nazariyasi”dan ko‘ra yanada zaifroqdir, chunki, laborotor tadqiqotlar jarayonidagi deteksiya qilish darajasi yuqori bo‘lgan sharoitda, yolg‘onga nisbatan shakllangan psixofizilogik reaksiyalarni tushuntirib berish imkoni mavjud emas.
Chet el olimlarining fikriga ko‘ra, nazariy konsepsiyalarning “motivatsion-emotsional sinfi”ga doir umumiy kamchilik bu, yumshoq sharoitda yolg‘onni deteksiya qilishni ko‘proq omadli ekanini tushuntirishdagi qiyinchiliklardir, unda sinaluvchida yolg‘on fosh bo‘lishidan qochishga intilish motivatsiyasi umuman yo‘q bo‘lganda, qachonki umuman yolg‘on gapirish kerak bo‘lmasa, sinaluvchilar kerakli ma’lumotni yashirishga intilmasa va xattoki o‘zlari poligraf orqali sinalayotganliklarini bilmagan hollardagi omadli sinovlarni tushuntirish imkoni past ekanligidir.
Aslida keltirilgan kamchiliklar “kognitiv omillar”ga asoslangan nazariyalarda, poligraf bilan ishlagandagi sinaluvchiga berilgan testlar natijasida olingan ma’lumotlar idrok va stimullarni qayta ishlash orqali bartaraf etishga harakat qilingan.
Shular qatorida aktivlashtirish nazariyasi ham bor, unga ko‘ra, “keltirilgan stimullarning har xil aktivlashtiruvchi kuchiga qarab deteksiyaga erishilishi nazarda tutiladi” (Barland G.H., Raskin). Ushbu nazariyani eksperimental jihatdan isbotlash uchun D.Likken tomonidan 1959 yili kiritilgan “ayblanuvchini bilish” tushunchasi ishlatiladi. Uning mohiyati esa shundaki, jinoyatning alomati faqatgina aybdor sub’ekt uchungina ahamiyat kasb etadi, va faqat undagina jinoyatga aloqador bo‘lmagan alomatlarga nisbatan qaraganda aloqasi borlarida kuchli yo‘nalgan refleks chaqiradi, o‘zini aybdor deb bilmagan sub’ektlar uchun esa “barcha mavzular birdek va qayta-qayta takrorlaganda so‘nadigan reflekslarni chaqiradi” (Lykken D., 1874).
Aynan mana shu sababli ham aktivatsiya nazariyasidagi “kognitiv element”ga urg‘u beriladi. Undagi “individning nimanidur bilishiga qo‘yilgan urg‘uning uning emotsiyalari va qo‘rquvlariga qaraganda kuchliroq ekanligi” omili muhim ahamiyatga egadir (Ben-Shkahar).
Aktivlashtirish nazariyasini tasdiqlashga qaratilgan eksperimental tadqiqotlar teri-galvanik refleksni qayd qilishga asoslanadi. Faqatgina ushbu reaksiya, kuzatilayotgan reaksiyalarga miqdor jihatidan ob’ektiv baho berish imkoniyatini beradi. Umuman olganda ushbu nazariya ko‘pgina tadqiqotlar bilan hamohangdir. Masalan, aktivlashtirish nazariyasini tatbiq etish motivatsiyaning har xil darajasida psixik ahamiyatga ega stimullarni ajratishdagi sabablarni anglashga yordam beradi.
Ushbu nazariya poligraf operatorlari ommasi orasida iliq kutib olinmadi. Ushbu sohadagi mutaxassislar Dj. Reyd va F.Inbau fikricha, ushbu nazariya faqatgina laborotoriya sharoitida yaxshi natijalar berishi mumkin, chunki laborotoriya sharoitida kuzatiladigan qunt bilan bajarish va diqqat qilish xususiyatlari real sharoitda “jazodan qo‘rqish” hissi bilan siqib qo‘yiladi.
Laborotoriya sharoitida ahamiyatsiz va ahamiyatga molik stimullarga bo‘lgan reaksiyalar bilan tadqiqotlar o‘tkazgan isroillik psixofiziolog olimlar G. Ben-Shaxar va I. Liblich empirik tarzda shuni qayd ettilarki, psixofiziologik deteksiya, poligrafda sinov davomidagi sinaluvchiga beriladigan ahamiyati muhim stimullarning takrorlanishiga bog‘liq. Aniqlangan empirik qoidani tushuntirish uchun tadqiqotchilar dixotomizatsiyalashtiruvchi nazariyani taklif ettilar, unga ko‘ra ma’lum bir ahamitli stimulni tanlagan sinaluvchilar stimullarning ikki sinfiga ya’ni ahamiyatli va ahamiyatsiz stimullarga nisbatan ba’zi o‘rganish jarayonlarini namoyon qiladilar.
Nazariyani yaratgan G. Ben-Shaxar, I. Liblich va boshqalar umid qilishicha, ushbu nazariya asosida ishlab chiqilgan metodik prinsiplar asosida keyinchalik stimullarni murakkablik darajasiga qarab guruhlashtirish hamda sub’ektning ularga o‘rganish qonun-qoidalarini aniqlash orqali ularning sub’ektiv ahamiyatini aniqlash imkoni tug‘iladi. Biroq o‘zlarining tadqiqotlari jarayonida ular ma’lum bir nomutanosibliklarga duch keldilar. Birinchidan, ushbu nazariya bashoratiga ko‘ra, neytral va ahamiyatli stimullar keltirilishi teng bo‘lsa, ularni psixofiziologik jihatdan ajratish imkoni bo‘lmas edi. Lekin ko‘pgina tadqiqotlarda ahamiyatga ega stimullarni qo‘llash natijasida olingan teri-galvanik reaksiyalar, neytral stimullar qo‘llanilgan holga nisbatan ko‘proq bo‘lgan. Ikkinchidan, aniqlanishicha, bir xil sharoitda kam keltiriladigan ahamiyatli stimullar neytral stimullarga nisbatan yaqqolroq teri-galvanik reaksiyalar chaqirgan.
Umuman olganda dixotomizatsiyalashtiruvchi nazariya poligrafda o‘tkaziladigan real tadqiqotlardan birmuncha uzoqroq va laborotor vazifalarning tor doirasida ishlatilishi mumkin.
Chel el olimlarining tadqiqotlari, albatta, maxsus psixofiziologik tadqiqotlarga aniq nazariy asos berish bilan bog‘liq keltirilgan ushbu poligrafning besh nazariyasi bilan chegaralanib qolmagan. Xususan, kanadalik olim R.Xeslgreyv yolg‘on fikr jarayonidagi paydo bo‘ladigan psixik tajanglikni tushuntirish uchun to‘rtta nazariya taklif etgan.
Axborotning miqdori nazariyasiga ko‘ra, yolg‘on paytidagi yuqori tajanglik axborotning (rostmi yolg‘onmi) ko‘pligidan diqqatni jalb qilib, yolg‘on jarayonida aktivlashadi.
Qiyinchiliklarni ortga qaytishi nazariyasiga ko‘ra, yolg‘on axborot qayta kelishi rost gapga nisbatan murakkabroqdir va aynan shu narsa qo‘zg‘alishni vujudga keltiradi.
Yangilik nazariyasiga ko‘ra, psixik tajanglikning o‘sishiga savolga yolg‘on javobning noodatiy assotsiatsiyasi sabab bo‘ladi. Oxir-oqibat Xeslgreyv shunday fikrga keladiki, nizolar nazariyasi birmuncha sermaxsuldir. 60-yillarning boshidan 80-yillarga qadar nima uchun insonlar yolg‘on so‘zlayotganlarida o‘tkirroq reaksiya qilishlariga doir 13ga yaqin nazariyalar taklif etilgan. Biroq AQSh Mudofaa Vazirligi qoshidagi poligrafiya Institutining ilmiy rahbari doktor G. Barlendning fikriga ko‘ra, ushbu nazariyalardan birontasi ham barcha savollarga doir ilmiy javob bera olmagan. Xuddi shunday fikrga 1990 yillarda Isroil va Kanadalik mutaxassislar ham kelganlar, ularning qayd qilishicha, hech bir yondashuv ma’lumotlarni to‘laqonli qamrab olish imkoniyatiga ega emas.
Shu sababli ham 90-yillarda shakllangan vaziyatda maxsus maqsadlarda poligrafdan foydalanishda bugungi kundagi savollar orasidan tajribalar nazariyasi birinchi o‘ringa chiqadi. 1983 yildayoq AQSh Kongressi ekspertlarining bergan bahosiga ko‘ra, poligrafni to‘laqonli qamrab olishga uringan nazariyani yaratish uchun avvalo fundamental tadqiqotlar zarur, va ular albatta, psixologiya, fiziologiya, psixiatriya, tibbiyot va neyrofanlarning bugungi kundagi ilg‘or yutuqlariga asoslangan bo‘lishi shart.
Mahmudova Hulkar Tilabovna
Psixologiya fanlari nomzodi, dotsent
SFE laboratoriyasining psixolog-eksperti
[1] Холодного И., Ю. И. Савельева «Проблема использования испытаний на полиграфе»: Приглашение к дискуссии //Психологический журнал. — 1996 — Т. 17.— № 3.— С. 53–70.