Konstitutsiya – bizning poydevorimiz!

Muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi “Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezonidir” nomli ma’ruzalarida ta’kidlaganlaridek, “Har bir davlat o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o‘zining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, o‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.

“Konstitutsiya” so‘zi turli davrlarda, turli ma’nolarda qo‘llanilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda u oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan, amaldagi qonun va me’yoriy hujjatlar poydevorini, tagzaminini tashkil etadigan, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish qat’iy nazorat qilinadigan Asosiy qonunni anglatadi.

Konstitutsiya huquqiy davlatning asosiy belgisi hisoblanadi. Unda jamiyatning ijtimoiy-siyosiy xususiyatlari, taraqqiyotining bosh mezonlari, mamlakatning ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari o‘z ifodasini topgan bo‘ladi.

Shuni aytish kerakki, huquqiy davlat bunyod etish uchun Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligi katta ahamiyatga egadir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega huquqiy hujjat bo‘lib, uning qabul qilinishi huquqiy tiklanish va taraqqiyot sari qo‘yilgan qadam bo‘ldi. Konstitutsiya davlatimiz mustaqilligining ulkan ramzi bo‘lib, unda o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘limiz aks etgan. O‘zbek xalqi ana shunday ulug‘vor Konstitutsiyaga munosib buyuk xalqdir. Konstitutsiyamizda inson hayoti, uning sha’ni, qadr-qimmati, haq-huquqlari  manfaatlari oliy qadriyat sifatida mustahkamlab qo‘yilgan.“Konstitutsiyamizda bizning bosh maqsadimiz – faqat huquqiy demokratik davlat emas, balki adolatli jamiyat qurish ekani aniq-ravshan belgilab berilgan.

Konstitutsiyaning muayyan mamlakat ijtimoiy taraqqiyotining huquqiy zamini, mezoni ekanligi uning funksiyalarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Konstitutsiyaning eng asosiy funksiyalaridan biri – davlatchilik rivojlanishidagi vorislikni ta’minlashdir. Bu borada shuni aytish lozimki, konstitutsiyamizda mustahkamlangan oilaga bo‘lgan e’tibor yoki ota-onaga bo‘lgan munosabat xususidagi qoidalarni oladigan bo‘lsak ham, bu xalqimizning ongida necha asrlardan buyon shakllangan urf-odatlarimizning bir bo‘lagiga aylangan umume’tirof etilgan odatlarimizning Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topganligining bir namunasidir.

Konstitutsiyani bilgan kishi o‘z xatti-harakatini qonun doirasida amalga oshiradi. Boshqa kishilarning hamda jamiyat va davlatning huquq va erkini hurmat qiladi. Konstitutsiyani bilish asosida bizda shakllangan huquqiy ong jamiyat taraqqiyotining qudratli kuchiga aylanadi. Qonunlarning muhimligi oqibat natijada ana shunday maqsadni amalga oshirishga xizmat qiladi.

HKE labratoriyasi eksperti B.Mamadaliev

Skip to content