Sud ekspertiza tizimi islohotlari yangi bosqichga ko‘tariladi
Sud ishi zamirida inson omili, taqdirlar yotadi.
Demak, bu jarayonda taqdim etiladigan har bir axborot
haqqoniy va rad etib bo‘lmas dalil darajasidagi
xususiyatga ega bo‘lishi zarur.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasida barcha sohalarda islohotlar amalga oshirilmoqda. Sud-huquq sohasi ham bu islohotlardan chetda qolmadi. Bilamizki, inson taqdiri, uning manfaatlari oliy qadriyat hisoblanadi. Shu boisdan sud ekspertiza muassasalari tomonidan o‘tkazilayotgan har qanday tadqiqot natijasi yurtimiz fuqarolarining taqdiriga u yoki bu ma’noda daxldordir – desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevning bevosita tashabbuslari va rahbarligida 2017 yil 7 fevralda qabul qilingan hamda izchil amalga oshirilayotgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida mamlakatimizdagi barcha sohalar kabi sud huquq tizimining ajralmas qismi, yani muhim bo‘g‘inlaridan biri sanalgan sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish borasida ham zaruriy islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Ayniqsa, oxirgi yillar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi uchun chin ma’noda tarixiy bo‘ldi desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xususan, 2019 yilning 17 yanvar kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4125-son qaroriga muvofiq amaliyotda ilk bor nodavlat tashkilotlar tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratildi.
Unga ko‘ra, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga sud ekspertizalarining 44 ta turini o‘tkazish huquqi berildi, ularning qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini tashkil qilish hamda sud eksperti sertifikatini olgan shaxslarning Yagona reestrini va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari reytingini yuritish belgilandi.
Shuningdek, qaror bilan 2019-2020 yillarda sud ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 25 banddan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi va unga asosan sud-ekspertiza xizmatlari faoliyatining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, amaliyotga yangi innovatsion ishlanmalarni joriy etish, sud ekspertizalarining turlarini kengaytirish, ularning sifati va ishonchliligini oshirish, Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sud-ekspertlik faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, ixtisoslashtirilgan nodavlat sud ekspertiza tashkilotlarini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish yo‘nalishlari belgilandi.
Mazkur qarorda belgilangan vazifalarni ijrosini ta’minlash bo‘yicha qo‘yidagi ishlarni amalga oshirildi.
Hukumatimizning 2020 yil 24 martdagi “Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 180-son qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish tartibi, mazkur tashkilot sud ekspertlarining qayta tayyorlash, malakasi va huquqiy bilimini oshirish tartibi hamda Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.
Shuningdek, Prezident qarorlariga muvofiq Markaz xodimlarning ijtimoiy muhofazasi, moddiy ta’minoti tubdan yaxshilandi va eng muhimi Hukumatimiz 2019 yil 20 apreldagi 338-son qaroriga asosan moddiy-texnika bazani modernizatsiya qilish va zamonaviy laborator uskunalar bilan jixozlash uchun 3 mln. 326 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratildi. Shu bilan birga Markaz tuzilmasiga bugungi kun talablaridan kelib chiqqan xolda o‘zgartishlar kiritilib, Xalqaro hamkorlik va jamoatchilik bilan aloqalar, Axborot texnologiyalari va innovatsiyalarni joriy qilish, Sifat menejmenti, Ishlar boshqarmasi, Yong‘in-texnik ekspertizasi laboratoriyasi, Tovarshunoslik ekspertizasi bo‘limi, Tashkiliy nazorat va tahlil bo‘limi kabi bir qator yangi bo‘limlar tashkil etilib, xodimlar shtat birligi sezilarli darajada oshdi.
Eng muhimi, qayd etib o‘tilgan yo‘nalishning amaliy natijasi sifatida 2019 yilning aprel oyida Markazning yangi, zamonaviy talablarga javob beradigan ixtisoslashgan binosiga ko‘chib o‘tildi.
Bino 4 blokdan iborat bo‘lib, unda sud ekspertizaning barcha turlarini o‘tkazish imkoniyati, 3-ta o‘quv zal, 1 tadan katta anjumanlar va davra suhbatlar zali hamda to‘liq jihozlangan ekspert honalari mavjud.
Markazga optik aloqa tarmog‘i va ichki lokal tarmoqlari o‘rnatildi hamda yuqori tezlikdagi internet ulandi.
Markazning rasmiy veb-sayti (http://sudex.uz/) qaytadan ko‘rib chiqilib, qo‘shimcha ma’lumotlar bilan to‘ldirildi, hamda rasmiy veb-saytning hostingi oshirildi.
Shuningdek, Markazda axborot xavfsizligi ta’minlash va unga rioya etilishini so‘zsiz ta’minlash maqsadida axborot xavfsizligi siyosatini va zarur hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh shakllantirildi.
Markazda ekspertiza uchun ashyoviy dalillarni identifikatsiyalash
(ID raqam va shtrix kod yordamida) dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Markaz laboratoriyalaninig halqaro standartlarga moslashtirish maqsadida, bir qator ishlarni amalga oshirdi.
ISO 9001:2015 xalqaro standarti talablariga muvofiqligi bo‘yicha ikkinchi tashqi kuzatuv auditi “Cert International” sertifikatlash tashkiloti tomonidan o‘tkazilib, audit bo‘yicha tegishli hisobot taqdim etildi. Unga ko‘ra, Markaz faoliyati xalqaro talablarga muvofiq ekanligi e’tirof etildi.
Bu yo‘nalishda olib brilgan ishlarning samarasi sifatida, Markaz “Milliy akkreditatsiya markazi” tomonidan tashqi auditdan o‘tkazilib, ISO/IEC 17025 xalqaro standart talablariga to‘liq muvofiq ekanligini e’tirof etdi va joriy yilning 23 sentyabr kuni BMTning giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurashishning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan Markazga muvofiqlik attestati tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur Akkreditatsiya Markazga tadqiqotlarni xalqaro standartlar darajasida bajarish imkonini beradi, bu esa olingan natijalarni barcha tomonlar va ishtirokchilar tomonidan tan olinishini ta’minlaydi.
Ya’ni, ISO 17025 standart talablari bo‘yicha xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish laboratoriyalar tomonidan berilgan tadqiqot natijalarini (xulosalarni) xalqaro miqyosda shubhasiz tan olinishini, fuqarolarning buzilgan huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilinishiga va odil sudlovni ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Sud ekspertizaning nazariyasi va amaliyotini rivojlantirishning muhim omili bo‘lib ilmiy-tadqiqot va uslubiy faoliyat samaradorligi ta’minlash hisoblanadi. Bunday izlanishlarni va xodimlarning ilmiy salohiyatni oshirmasdan turib sud ekspertiza sohasida yangiliklarni yaratib bo‘lmaydi.
Shu bois, Markaz O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Fanlar Akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligining ushbu masala yuzasidan qo‘shma qarori imzolanib ijroga qaratildi.
Shuningdek, ilmiy-uslubiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida o‘z tarkibiga tajribali ekspertlarni jamlangan “Ilmiy sektor” hamda Adliya vaziri buyrug‘i bilan Ilmiy-tadqiqot bo‘limi tashkil etildi
Natijada, Markazda mavjud sud ekspertlik faoliyati bo‘yicha 21 ta yo‘nalishda eng dolzarb bo‘lgan ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida har bir yo‘nalish bo‘yicha 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan ishchi dasturlar tasdiqlanib, 20 ta ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chikilib, amaliyotga tadbiq etildi.
Markaz va boshqa davlat sud ekspertiza muassasalari tomonidan sud ekspertizasini o‘tkazishda bir hil uslubiyotlarni qo‘lanilishini ta’minlash maqsadida, “Davlat sud ekspertiza muassasalari va tegishli davlat organlari ekspert bo‘linmalari tomonidan o‘tkaziladigan bir xildagi sud ekspertizalarini o‘tkazish bo‘yicha idoralararo uslubiyotlar ro‘yxatini yuritish tartibi” ishlab chiqilib, tasdiqlandi va xizmat doirasida foydalanish uchun manfaatdor idoralarga ijroga yuborildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarning malakali sud ekspertiza xulosalariga bo‘lgan ehtiyojlarini, shuningdek ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda sud ekspertizaning yangi turlarini joriy qilish yuzasidan ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Markazning 2 nafar xodimi Belarus Respublikasi sud ekspertizasi Davlat ko‘mitasining kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutiga qayta tayyorlash o‘quv kurslariga yuborildi. Natijada Markaz faoliyatiga 2 ta yangi sud avtomobil yo‘llari ekspertizasi va sud kompyuter-texnik ekspertizasi turi joriy etildi. Ushbu yangi tur ekspertizalar mamlakatimizda jinoyatchilikni oldini olish va fosh etish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda olib borilayotgan ishlarga o‘zining hissasini qo‘shadi albatta.
Shu bilan birga, aholiga pullik xizmat ko‘rsatishning yangi turlarini joriy qilish yo‘lida izlanishlar ham boshlab yuborilgan.
Ya’ni, bular Y-xromosoma bo‘yicha populyatsion kelib chiqishni aniqlash;
odamning turli kasalliklarga genetik moyilligini aniqlash;
turli oziq-ovqat mahsulotlarining kimyoviy tarkibini aniqlash.
Bu xizmatlarni joriy qilishda mamlakatimizdagi hamda xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik o‘rnatilib, xozirda tegishli ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud’yalar va advokatlar uchun sud ekspertizasi xulosasining xolisligi, ilmiy asoslanganligi va qonuniyligini baholash bo‘yicha misollarni kiritgan holda turli sohalardagi sud ekspertizalari xulosalari namunalari aks etgan “Zamonaviy sud ekspertiza imkoniyatlari” nomli o‘quv qo‘llanma, shuningdek, “Sud-psixologik ekspertiza asoslari” nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlandi.
Sud ekspertiza muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot-qidiruv tizimlari va kompyuter dasturlari, elektron ma’lumotlar bazalarini joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy sud va Bosh prokuratura hamkorligida, chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Mazkur dasturda:
sud ekspertlarining avtomatlashtirilgan ish o‘rinlarini tashkil etish;
ekspert xulosalarini ro‘yxatga olish va buyurtmachilarga yuborish, shuningdek, sud ekspertlarining qo‘shimcha materiallar taqdim etilishini so‘rab kiritgan iltimosnomalarini yuborish va ularni taqdim qilish muddatlarini qisqartirish maqsadida idoralararo elektron hujjat aylanishi tizimini joriy qilish;
sud ekspertizalarini o‘tkazish ketma-ketligi, shuningdek, ularning muddatini to‘xtatish va uzaytirishni nazorat qilish imkoniyatini yaratish hamda boshqa innovatsion yondashuvlarni qamrab olish belgilangan.
Xozirgi kunda Elektron dastur test tizimida ishlamoqda. Tez kunlarda barcha sud ekspertiza muassasalari, sudlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning elektron tizimlari bilan o‘zaro integratsiya qilinadi.
Albatta mazkur elektron tizim ishga tushishi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar va sud ekspertiza muassasalarining o‘zaro hujjat aylanishida va uni havfsizligini ta’minlashda ijobiy natijalarga erishiladi.
Bundan tashqari, Sud ekspertlarining ish jarayonini yengillashtiradi, ortiqcha vaqt va qog‘oz isrofgarligini oldi olinadi. Pirovard natijada ekspertr xodimlarga yanada ko‘proq ekspertiza tadqiqotlarini olib borishga hamda ilmiy ishlar bilan shug‘illanishiga imkon yaratadi.
Shu bilan birga sud-ekspertlik faoliyati bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish uchun zarur dasturiy mahsulotlar (ma’lumotlar bazalari) va boshqa xalqaro ma’lumot-huquqiy tizimlarini xarid qilish va kelgusida yangilab borish yuzasidan adliya vaziri tomonidan tasdiqlangan dastur asosida ish tashkil etildi.
Unga ko‘ra, “Yazыkoznanie”, “Qurilish” elektron jurnallar jamlanmasi, narkotik vositalarni identifikatsiyasi uchun mo‘ljalangan “AIPSIN-antinarkotiklar” axborot-qidiruv tizimini xarid kilish va yangilab borish, YeVSSO kompaniyasining elektron ma’lumotlar bazalariga hamda boshqa elektron malumotlar bazalariga Markaz ulandi.
Bundan tashqari, Markazning Axborot resurs markazi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona fondiga ulandi va alohida login orqali kutubxonada mavjud bo‘lgan adabiyotlar bilan tanishish imkoniyati yaratildi.
Demak, Markaz ekspertlari, o‘z ish joyidan turib qiziqtirgan adabiyot va ma’lumotni onlayn qidirish va o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu ekspertlar tomonidan beriladigan xulosalarning sifatli va jahondagi yangi uslubiyotlarga tayangan holda chiqarilishini ta’minlaydi.
Bilamizki, islohotlarning amalga oshirishda kadrlarning roli beqies, ular bilan ishlash, salohiyatlarini muntazam oshirish hamda ishiga qarab rag‘batlantirib borish, xodimlar o‘rtasida sog‘lom raqobat o‘rtanish har bir sohada alohida muhim rol uynaydi.
Shunga ko‘ra, xodimlarning ishini baholashning yangi tizimi yaratildi. Jumladan Adliya vazirining buyrug‘i bilan “Sud ekspertlarining faoliyatini kasbiy layoqatliligi, ish staji va boshqa mezonlar asosida baholashning reyting tizimi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, barcha hodimlar Nizomda belgilangan mezonlar asosida qilgan ishlari baholanadi va ularga shunga yarasha moddiy rag‘batlantirish beriladi.
Bundan tashqari, Markaz direktorining Markaz faoliyatini yanada takomillashtirish, ish unumdorligi va sifatini yanada oshirish, laboratoriya va bo‘limlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda Markaz laboratoriya va bo‘limlari, viloyat bo‘limlari o‘rtasida “Eng yaxshi bo‘lim (laboratoriya)”, “Eng faol targ‘ibotchi” ko‘rik tanlovlarini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib rag‘batlantirish maqsadida buyrug‘i qabul qilinib, ijro etilmoqda.
Yuqorida qayd etilgan Nizom talablari asosida g‘olib bo‘lganlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinganligi kuni arafasida tegishli ravishda rag‘batlantirib borilmoqda.
Markazda Hukumat qarori asosida tashkil etilgan Sud ekspertlarining malakasini oshirish o‘quv markazi ham faoliyat yuritadi. Mazkur Markaz nafaqat davlat sud ekspertiza muassasalari ekspertlarining huquqiy bilimlari, balki yangi tashkil etiladigan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarining ham malakasini oshirishi tashkil etiladi.
Sud ekspertlarning malakasini oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar ilg‘ol innovatsion-pedagogik texnologiyalar asosida o‘tkazilmoqda.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida sud ekspertlarining huquqiy bilimi va malakasini oshirish hamda nodavlat sud ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarining qayta tayyorlash kurslarini masofadan tashkil etish maqsadida, “Masofaviy ta’lim” platformasi yaratildi.
Sud-ekspertlik faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo barcha davlatlar va 15 dan ortiq boshqa xorijiy davlatlar sud ekspertiza muassasalari hamda turli xalqaro tashkilotlar bilan memorandum asosida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli ishlar olib borildi.
Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi sud ekspertiza muassasalari bilan hamkorlik bo‘yicha bitimlar imzolandi. Turkiya, Malayziya, Ukraina, Qozog‘iston va Armaniston sud ekspertiza muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, natijasi bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishuv ishlari olib borilmoqda.
2019 yilda o‘tkazilgan birinchi “Tashkent Law Spring” halqaro forumi davomida 10 dan ortiq xorijiy davlatlar yetakchi sud ekspertlari ishtirokida sud ekspertizaga oid ilmiy amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Bir so‘z bilan aytgana, yuqoridagi ishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, islohotlar davom etmoqda, bu yo‘nalishdagi ishlar fuqarolarning huquq va majburiyatlarini ta’minlash, sud-huquq sohasini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi ta’biiy.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
huzuridagi Xadicha Sulaymanova nomidagi
Respublika cud ekspertizasi markazi
Xalqaro hamkorlik va jamoatchilik
bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i
S.X.Saidxodjaev