Soxta imzo anchayin keng tarqalgan bo‘lib, ularni buxgalteriya va hisobot hujjatlarida, shuningdek, rasmiy va shaxsiy ahamiyatga ega bo‘lgan turli hujjatlarda uchratish ehtimoli mavjud. Imzoni soxtalashtirgan shaxs odatda originalga maksimal o‘xshashlikka erishishga intiladi, ammo ba’zi hollarda imzolarni soxtalashtirish belgilari juda aniq ko‘rinadi va xatshunoslik ekspertizasi haqida hech qanday tasavvurga ega bo‘lmagan har qanday shaxs tomonidan ham aniqlanishi mumkin.
Lekin ayrim hollarda imzo o‘ta mohirona tarzda soxtalashtirilgan bo‘ladiki, uni aniqlash uchun xatshunoslik ekspertizasi talab etiladi. Imzo turli yo‘llar bilan soxtalashtiriladi. Kimdir birovning imzosini xotirasi orqali yoddan chizsa, kimdir mavjud imzoga qarab chizadi, yana yorug‘likka qo‘yib yoki nusxa ko‘chirish qog‘ozi orqali soxtalashtirishga erishadi.
Imzolarning soxtaligini ko‘rsatadigan asosiy belgilar quyidagilardir:
*yozishning sekinlashuvi, chiziqlarning egriligi, bosimning notekisligi, harflar yoki elementlar o‘rtasidagi mayda kichik bo‘sh joylarning qolishi, juft chiziqlar
*qalam yoki nusxa ko‘chirish qog‘ozining izi mavjudligi
*imzoning yonida kerakmas chiziqlarning borligi
*o‘chirg‘ichning izi, siyoh rangining ochligi.
Mazkur belgilar imzo soxtalashtirilganiga ishora qiladi. Bundan tashqari, lazer printeri yordamida ham imzoni soxtalashtirish holatlari uchraydi. Bu o‘ta sifatli lazer printerlar bo‘lib, imzoning soxta yoki soxta emasligini maxsus usullar va uskunalar bilangina aniqlash mumkin.
Ekspertiza tadqiqoti imzo qaysi yo‘l bilan qalbakilashtirilganidan qat’iy nazar, uni aniqlash imkonini beradi. Bunda imzo yoki dastxatning nainki soxtaligi, balki bu kim tomonidan amalga oshirilganini ham bilish mumkindir. Ekspertiza jarayonida imzo namunalari, shuningdek, muayyan hujjatni tayyorlashda ishtirok etgan shaxslarning qo‘l yozuvi taqqoslanadi.
Yangi ilmiy ishlanmalar va kompyuter texnologiyalarini qo‘llash orqali xatshunoslik ekspertizasini o‘tkazish usullarini muntazam ravishda takomillashib bormoqda, tadqiqot imkoniyatlari sezilarli darajada kengaymoqda. Masalan, yozuvning strukturaviy va geometrik xususiyatlarni o‘rganish natijasida taqlid qilish yo‘li bilan amalga oshirilgan imzolarning haqiqiyligi yoki soxta ekanligini aniqlash mumkin bo‘ldi. Bunday imzo qanchalik ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilgan bo‘lmasin, bugunda ekspertlar tomonidan uning soxta ekanligi aniqlash qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Shuningdek, qariyalarning mol-mulkiga egalik qilish istagidagi qalloblar qo‘liga tushib qolgan qariyalarning imzolarini tadqiq etish uslubi ham mavjud. Dastxat ekspertizasi mol-mulkni yoki boshqa moddiy boyliklarning merosi masalasi bilan bog‘liq turli hujjatlarda imzolarni soxtalashtirish bo‘yicha nizolarni hal qilishga yordam beradi. Bundan tashqari, sud ekspertizasi tomonidan hisob-fakturalar va moliya bilan bog‘liq boshqa hujjatlarga ega bo‘lish maqsadida imzolarni soxtalashtirish holatlarini aniqlaydi.
Soxta imzolar ko‘chmas mulkni sotib olish va sotish hujjatlarida, shuningdek, ta’mirlash yoki qurilish ishlaridan keyin ob’ektlarni topshirish aktlarida ham bo‘lishi mumkin. Barcha holatlarda ham, sudlanuvchi soxta imzo qo‘yganini rad etayotgani bois da’vo bilan chiqish qiyin bo‘lishi mumkin.
Imzolarni tekshirish uchun asos qilib, odatda, sudning ajrimi va huquqni muhofaza qiluvchi organ hodimini ya’ni tergovchi va prokurorni qarori olinadi. Unda bu ish bilan bog‘liq barcha materiallar umumlashtiriladi. Imzosi tekshirilishi kerak bo‘lgan shaxsning haqidagi barcha ma’lumotlar yig‘iladi. Avvalo ekspertning ushbu shaxsning mavjudligini va uning imzolash qobiliyatini aniqlaydi. Mana shu shaxsning imzo namunalari taqqoslash maqsadida ekspertizaga taqdim etiladi.
Imzo tekshiruvi davomida imzo namunalari alohida varaqlarda yoki har bir imzodan keyin bukilib, bir varaqda bajarilishi kerak. Shu bilan birga, imzosi hujjatda turishi kerak bo‘lgan shaxsdan olingan haqiqiy imzo namunalari soxta ijrochining imzosi taqqoslanadi.
Xatshunoslik ekspertizasini o‘tkazishda esa ekspert imzo egasi imzo namunalarini bajarilishi davrida harakatining o‘ziga xosligi, yozish tezligi, harflarning bog‘lanishi, oralig‘i, bosib yozishi kabi belgilarni o‘rganadi va taqqoslaydi. Ushbu ma’lumotlardan foydalanib, tadqiq etilayotgan imzoni asl nusxaga solishtiradi. Albatta, asl imzo deb taqdim etilayotgan namuna hujjatda turishi kerak bo‘lgan shaxsga tegishli bo‘lishi kerak.
Imzolarning texnik qalbakilashtirilish qanday usulda amalga oshirilganiga qarab uni tadqiq etish usuli ham turlicha bo‘ladi. Masalan yorug‘lik ustida, «qora qog‘oz» yordamida yoki bostirib nusxa olish holatlarida harakat tezligi kamayadi va beqarorlashadi. Yorug‘lik ustida soxtalashtirilgan imzolarni mikroskop ostida ko‘rilganida bitta chiziq o‘rnida ikkita chiziq mavjudligini kuzatish mumkin. Bundan tashqari harflarning boshlanishi va tugashi qalinlashadi, ularning rangi to‘qroq bo‘ladi, harakatlar ishonchsizligini chiziqlarning notekis bo‘lishiga olib keladi. Bostirib nusxa olinganida esa o‘tkir predmetning izlarini ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Hujjatlarni soxtalashtirishning turli usullari bo‘lganidek, ularning soxta yoki haqiqiy ekanini aniqlash usullari ham mavjud. Hujjatlarni soxtaligini aniqlashda turli xil uskunalar – mikroskop, optik jihozlar, yorug‘lik filtrlari, ultrabinafsha va infraqizil nurlardan foydalaniladi. Muhimi, ekspertning(mutaxassisning) professionalligidir. Ammo hech kim hujjatlarning qalbakilashtirilishidan va imzolarni soxtalashtirilishidan to‘liq himoyalanmagan.
Nazira Ilyasova –
Adliya vazirligi huzuridagi sud ekspertiza markazi
hujjatlarni kriminlistik ekspertizasi yetakchi eksperti