O‘ZBEKISTONDA SUD PSIXOLOGIYASI

Ekspert faoliyatining murakkabligi shundaki, sudekspertizasining nazariya va metodologiyasini puxta bilishi, diagnostik, tasniflash va aniqlash, (identifikatsiya) maxsus ekspertiza metodikalarini yaxshi bilishi lozim. U insonning ruhiy holatini aniqlash vazifasini bajarish uchun vaziyatni retrospektiv tahlil qila olishi, jinoyat hamda fuqarolik huquqi va protsessi asoslarini o‘z amaliy faoliyatida qo‘llay olishi kerak. Shu bilan birga, bir tomondan umumiy, differensial, yosh davrlari, ijtimoiy psixologiya, psixodiagnostika, klinik va patopsixologiya, psixofiziologiya, muhandislik psixologiyasini, boshqa tomondan sud psixiatriyasi, narkologiya, lingvistika va psixolingvistika, kriminologiya sohalarini ham bilishi kerak. Shuningdek, sud ekspert-psixologi kerakli matematik tahlil metodlarini qo‘llay olishi lozim.

Bugungi kunda O‘zbekistonda sud psixologiyasi nazariy-amaliy va huquqiy jihatdan to‘liq o‘rganilmagan. Jinoyat sodir etgan shaxsning individualpsixologik xususiyatlarini va ruhiyati (hissiyoti) bilan bog‘liq holatlarni inobatga olmasdan, nizoli vaziyatlarni psixologik tahlil qilmasdan turib, “inson omili” bilan bog‘liq odil sudlovni amalga oshirish imkoniyati cheklanadi.

Huquqbuzarlik, diniy ekstremizm, terrorizm kabi illatlarning oldini olishda, jinoyatchilikka qarshi kurashda, tezkor-qidiruv va tergov faoliyatida, sodir etilgan jinoyatning determinantini aniqlashda sud psixologiyasi bilimlaridan foydalanish alohida ahamiyat kasb etadi.

Hozirgi sud psixologiyasi yo‘nalishi keng tarmoqli: kriminal psixologiya; terrorizm psixologiyasi; jabrlanuvchi psixologiyasi; jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlar psixologiyasi; tergov oldi jarayoni psixologiyasi; psixologlarning konsultant, mutaxassis yoki ekspert sifatida jalb etilishi; jinoyat va fuqarolik ishlarida sud-psixologik ekspertizalar; jinoyat va fuqarolik ishlarida sud jarayonlari psixologiyasi; ahloq tuzatish va huquqbuzarliklar profilaktikasi psixologiyasidir.

2010 yilda “Sud ekspertizasi” to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi mamlakatimizda sud ekspertizasining izchil rivojlanishi, ekspertiza tadqiqotlarining jahon standartlariga mos, zamonaviy ilmiy darajada o‘tkazilishida huquqiy asos yaratdi. Shu borada fan-texnika yutuqlarini jalb etishning o‘ziga xos usuli sifatida ekspertiza institutiga alohida huquqiy maqom berilishi, sud psixologik ekspertizasining ham o‘rni, mavqei va dolzarbligi darajasini amaliyotga tadbiq etish dolzarb masaladir.

Sud psixologiyasining asosi Suqrot, Demokrit, Platon va Aristotel kashfiyotlariga borib taqaladi. O‘sha davrlardan boshlab bu sohaga tegishli ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirilib, psixologiyaning huquq amaliyotida muhim ahamiyat kasb etishiga asos yaratilgan.

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida sud psixologiyasi butun jahon e’tirofiga sazovor bo‘lib, ko‘plab fundamental tadqiqotlar amalga oshirilgan. Hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi qoshidagi sud ekspertizalari markazida sud psixologiyasi bo‘yicha yiliga mingdan ortiq ekspertizalar amalga oshirilib, ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda, ko‘plab ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazilmoqda.

AQShda 1962 yildayoq sud psixologiyasiga huquqiy maqom berilgan. 1978 yilda Amerika sud psixologiyasi hay’ati tashkil etilgan. Uning asosiy maqsadi malakali mutaxassislarni attestatsiyadan o‘tkazish, sud psixologiyasini mustaqil fan sifatida takomillashtirishdan iboratdir. Aynan shu tashkilotning tashabbusi bilan “Law and human Behavior” (“Huquq va inson xulq-atvori”), “Criminal Justice and Human Behavior ” (“Jinoyat sud ishlari va xulqatvor”) nomli jurnallar tashkil etilgan. Ularda muntazam ravishda ilmiy maqolalar e’lon qilinadi. O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishni rivojlantirish, uning ilm-fan yo‘nalishidagi o‘rnini belgilash maqsadga muvofiqdir.

Respublikamizda sud psixologiyasi asoslarini o‘rganish uchun ob’ektiv shart-sharoitlar va ilmiy zaruriyat mavjud. Jumladan, uning metodologik asoslarini yaratish, nazariy va amaliy tadqiqotlar olib borish, mukammal dastur va amaliy tajribalarga asoslangan holda rasmiy maqomga ega sud psixologik ekspertizalarining normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, jinoyatchilikning oldini olish, diniy ekstremizm, terrorizmning sabab va oqibatlarini o‘rganish, tahlil qilish, malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda sud va tergov jarayonlariga ko‘maklashish dolzarb vazifadir. Sud psixologiyasining metodologik bazasini yaratmasdan turib yosh malakali kadrlarni tayyorlab bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarorlarida jinoyatlarning sabablari va sodir etilishiga olib kelgan haqiqiy sharoitlarni, huquqbuzarning shaxsi va uni jinoyatga undagan omillarni o‘rganish lozimligi belgilab qo‘yilgan. Darhaqiqat, dastlabki tergov yoki sud jarayonlarida jinoyat sodir etgan shaxslarning individual psixologik xususiyatlarini, emotsional holatlarini va uni jinoyat sodir etishga undagan omillarni aniqlamay turib, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud faoliyatida murakkab jinoyat ishlarini ochish, aniqlash, tahlil va xulosa qilishda xatoliklar yo‘l qo‘yilishi muqarrar. Shunday holatlarda, aynan sud psixologiyasi imkoniyatlaridan keng foydalanish zarur, zero bu inson huquqlarini himoya qilish va odil sudlovni amalga oshirishda yaqindan yordam beradi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Ilm-fan taraqqiyotida fundamental tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan ular orqali yangi bilimlar o‘zlashtiriladi va nazariyalar shakllantiriladi, kelgusi amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar uchun mustahkam asos yaratiladi”. Hozirgi kunda sud psixologiyasiga bo‘lgan ehtiyoj tobora o‘sib bormokda. Bu sohada yosh kadrlar tayyorlash, maxsus bilimga ega bo‘lgan “ekspert-psixolog” mutaxassislarni yetishtirish, metodologik bazaga asos bo‘ladigan laboratoriya yaratish, faoliyatining tashkiliy-huquqiy mezonlarini belgilash masalalarini hal qilishdek dolzarb muammolar turibdi.

Sud psixologik ekspertiza jarayonlarida psixolog mutaxassislar faqat tadqiqotchi sifatida emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri yuridik holat ishtirokchilariga aylanadilar. Shuning uchun ham sud psixologiyasining nazariy, metodologik va tashkiliy-huquqiy asoslarini o‘rganmasdan, tashkil etmasdan turib ushbu yo‘nalishda malakali psixolog-mutaxassislar, psixolog-ekspertlar faoliyatini ilmiy amaliy jihatdan tashkil etib bo‘lmaydi.

MAHMUDOVA, Adliya vazirligi qoshidagi
Xadicha Sulaymonova nomidagi Sud ekspertiza markazi
psixologi, dotsent.

IRISQULOVA, psixolog.

Skip to content