Nodavlat sud ekspertlarini tayyorlash – sog‘lom raqobat garovidir!

Mamlakatimizda inson taqdiri, uning manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgani sud ekspertiza tashkilotlari o‘tkazayotgan har qanday tadqiqot natijaning yurtdoshlarimiz taqdiriga daxildorligini yanada oshirdi. Shu bois, bu muassasalar faoliyatini takomillashtirish, ular tomonidan o‘tkazilayotgan tadqiqotlar sifati va samaradorligini ta’minlash ayni paytda dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvardagi “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  PQ-4125-son qaroriga muvofiq, mamlakatimizda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini tashkil etishga ruxsat berilishi va ularga sud ekspertizalarining ayrim turlarini o‘tkazish huquqini berilishi ushbu masalaning naqadar ahamiyatli ekanligining yaqqol dalilidir.

Izchil islohotlarning davomi sifatida, sud ekspertizasi sohasiga nodavlat sektor faoliyatiga ruxsat berish ishlarini jadallashtirish hamda bu bilan bog‘liq jarayonni huquqiy tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining shu yil 24 martdagi qaroriga asosan, Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi, Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasi va huquqiy bilimlarini oshirish tartibi to‘g‘risidagi va Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hukumatning ushbu qaroriga ko‘ra, nafaqat nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish, balki ularni malakali kadrlar bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, qaror bilan tasdiqlangan Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasi va huquqiy bilimlarini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan, bunday muassasalrning  sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasi va huquqiy bilimini oshirish tartibi belgilandi.

Nizom talablariga ko‘ra, mamlakatimizda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, Ichki ishlar akademiyasi, Fanlar akademiyasining  Zoologiya instituti, Botanika instituti hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan ekspertiza turlari bo‘yicha, sud ekspertlarining huquqiy bilimini oshirish esa, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Sud ekspertlarini qayta tayyorlashning asosiy maqsadi sud ekspertizalarining muayyan turi bo‘yicha nazariy bilim, amaliy ko‘nikma va malakani shakllantirish, talabgorni nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida sud eksperti sifatida ishlashga tayyorlashdir.

Bu esa o‘z navbatida sud ekspertizasi sohasiga nodavlat sektor rolini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratilishiga, sog‘lom raqabot yuzaga keltirishga xizmat qiladi. Asosiysi fuqarolarda sud ekspertizasi yoki mutaxassis maslahatini olishga zarurat tug‘ilganda, tanlash huquqi mavjud bo‘ladi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash ixtiyoriylik asosida sud ekspertizasining muayyan turi bo‘yicha kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish istagini bildirgan shaxslar uchun shartnomaga muvofiq, pulli asosda tashkil etiladi.

Davlat sud ekspertiza muassasalarida uzluksiz 10 yil davomida sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirgan mutaxassislar o‘z ixtisosligi bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarida o‘qimasdan, to‘g‘ridan – to‘g‘ri yakuniy imtihon topshirishi mumkin.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish, sud ekspertlari sifatida qayta tayyorlash, ushbu nodavlat xizmat turining amaliyotga kiritilishi, birinchi navbatda yurtdoshlarimizga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yaxshilash, ular uchun tanlash imkoniyatni yaratiishga xizmat qiladi.

O‘zbektson Respudlikasi Adliya vazirligi
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud
ekspertizasi markazi Sud ekspertlarining
malkasini oshirish o‘quv markazi mudiri
Ulug‘murod Ernazarov

YaNGI O‘ZBEKISTON GAZETASI 03 04 20

Skip to content