Intellektual mulk sohasida sud iqtisodiy ekspertizasi ahamiyati

Oʻzbekiston Respublikasida intelektual mulk sohasini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtirof etilib, mazkur yoʻnalishda normativ huquqiy bazani takomillashtirish, muallif va boshqa huquq bazani takomillashtirish, muallif va boshqa huquq egalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda sud amaliyotini rivojlantirish boʻyicha izchil islohatlar amalga oshirilmoqda.

Intellektual faoliyat natijalarini qoʻllash orqali iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy axborot-innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy qilish Oʻzbekiston Respublikasini jadal rivojlantirishning muhim shartlaridan biri sanaladi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotda intellektual mulk — yangi gʻoyalar, texnologiyalar, brendlar va dasturlarni himoya qilib, bozor qiymatini oshiruvchi, raqobatbardoshlikni taʼminlaydigan hamda innovatsiyalarni ragʻbatlantiradigan asosiy kuch hisoblanadi.

Mazkur sohada o`rganish lozim bo`lgan jihati bu – intelektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanish, kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarish va litsenziya shartnomalari shartlarining buzilishi bilan bogʻliq nizolar sonining ortishi iqtisodiy zararlarni aniqlashning yagona va ilmiy asoslangan ekspertiza metodologiyasi boʻlgan ehtiyojini yanada kuchaytirmoqda.

Iqtisodiy ekspertiza intellektual mulk sohasida huquqiy himoya bilan iqtisodiy manfaatlarni bogʻlovchi mexanizm vazifasini bajaradi. Chunki huquqning mavjudligi yoki buzilganligini aniqlashning oʻzi yetarli emas; koʻp hollarda uning iqtisodiy oqibatlarini ham aniq hisoblash talab etiladi.

Bunda atentlar, mualliflik huquqlari, tovar belgilari va boshqa nomoddiy aktivlarning bozor qiymatini, ulardan foydalanishdan keladigan daromadni hamda huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan iqtisodiy zarar yoki boy berilgan foydani maxsus moliyaviy-iqtisodiy bilimlar asosida aniqlash jarayonini oʻz ichiga oladi.

Bizga maʼlumki, aksariyat hollarda xoʻjalik subyektlarni yoki oddiy fuqarolar ham turli sabablarga koʻra sud jarayonining ishtirokchisiga aylanib qolmoqda. Sodir etilayotgan jinoyatni aniqlash va tekshirish jarayonida huquqni himoya qiluvchi organlarga ulkan maʼsuliyat yuklangan. Ushu ezgu maqsad yoʻlida sud-huquq tizimiga yordam berishda sud iqtisodiy ekspertizasining ham oʻrni ahamiyatlidir.

Sud-iqtisodiy ekspertizasi mazkur nizolarni hal etishda muhim protsessual vosita boʻlib, u intellektual mulk huquqlarining buzilishi oqibatida yuzaga kelgan haqiqiy zarar, boy berilgan foyda, noqonuniy olingan daromad hamda nomoddiy aktivlarning iqtisodiy qiymatini aniqlash imkonini beradi. Ayniqsa, ekspertiza jarayonida buxgalteriya hisobi hujjatlari, moliyaviy hisobotlar, litsenziya shartnomalari, royalty toʻlovlari va intellectual mulkni tasdiqlovchi hujjatlarning kompleks tahlil qilinishi sud qarorlarining obyektivligi va ishonchliligini taʻminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xususan, raqamli iqtisodiyot sharoitida dasturiy mahsulotlar, elektron maʻlumotlar bazalari va boshqa zamonaviy intellektual mulk obyektlari boʻyicha iqtisodiy ekspertiza usullarini takomillashtirish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.

Mazkur intellektual mulk sohasida sud-iqtisodiy ekspertizasining nazariy va metodologik asoslarini tahlil qilish, ekspert tadqiqotining predmeti hamda obyektlarini tizimlashtirish, huquqbuzarlik natijasida yetkazilgan iqtisodiy zararlarni aniqlashning amaliy mexanizmlarini baholash va ularni takomillashtirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Oʻzbekiston Respublikasining intellektual mulk va sud ekspertizasi sohasiga oid amaldagi qonunchiligi, buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotni tartibga soluvchi meʻyoriy hujjatlar, shuningdek, intellektual mulk sohasida sud-iqtisodiy ekspertizasiga bagʻishlangan uslubiy qoʻllanmalar va ilmiy manbalar tashkil etdi. Shu bilan birga, ekspert tadqiqotlarida foydalaniladigan buxgalteriya hujjatlari, moliyaviy hisobotlar, litsenziya shartnomalari, royalty toʻlovlari boʻyicha hujjatlar hamda nomoddiy aktivlarni baholashga oid materiallar tahlil obyekti sifatida oʻrganishdan iborat.

Intellektual mulk sohasida sud-iqtisodiy ekspertizasining obyektlarini toʻqqizta asosiy guruhga ajratish maqsadga muvofiqligi aniqlandi. Bular mualliflik huquqi obyektlari, patent huquqi obyektlari, savdo belgilari va brendlar, sanoat namunalari, tijorat siri va “know-how”, litsenziya shartnomalari, intellektual mulk bilan bogʻliq iqtisodiy bitimlar, huquqbuzarlik natijasida yuzaga kelgan noqonuniy foydalanish holatlari hamda intellektual mulkning iqtisodiy qiymatini baholash obyektlaridan iborat

yagona tizimni tashkil etadi. Ushbu tasnif ekspert tadqiqotlarini metodik jihatdan tartibga solish va daliliy bazani shakllantirish samaradorligini oshiradi.

Tahlillar natijasida iqtisodiy zararlarni aniqlashda faqat haqiqiy zarar miqdorini emas, balki boy berilgan foyda va huquqbuzar tomonidan olingan noqonuniy iqtisodiy manfaatlarni ham kompleks hisobga olish zarurligi asoslab berildi. Ayniqsa, litsenziya shartnomalari asosida amalga oshiriladigan royalty toʻlovlari, kontrafakt mahsulotlar savdosi natijasida olingan daromadlar hamda intellektual mulkdan noqonuniy foydalanish oqibatida huquq egasi yoʻqotgan iqtisodiy manfaatlarni baholash ekspertiza xulosalarining muhim tarkibiy qismi ekanligi aniqlandi. Shuningdek, tadqiqot davomida buxgalteriya hisobi hujjatlari va intellektual mulkni tasdiqlovchi huquqiy hujjatlar oʻrtasidagi integratsiyani kuchaytirish zarurati aniqlandi. Amaliyot shuni koʻrsatadiki, ayrim hollarda nomoddiy aktivlar korxona balansida aks ettirilgan boʻlsa-da, ularning huquqiy maqomini tasdiqlovchi patent, guvohnoma yoki roʻyxatdan oʻtkazilgan litsenziya shartnomalari toʻliq rasmiylashtirilmagan boʻladi. Bunday holatlar iqtisodiy ekspertiza jarayonida obyekt qiymatini aniq baholash va zarar miqdorini hisoblashda qoʻshimcha qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.

Umuman olganda, tadqiqot natijalari intellektual mulk sohasida sud-iqtisodiy ekspertizasining nazariy va metodologik asoslarini yanada rivojlantirish zarurligini tasdiqlaydi.

Mazkur yoʻnalishda ishlab chiqiladigan ilmiy-uslubiy tavsiyalar va standartlashtirilgan baholash mexanizmlari intellektual mulk huquqlarining samarali himoyasini taʻminlash, iqtisodiy zararlarni aniq hisoblash hamda sud amaliyotining izchilligi va shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.

Shu qatorda, intellektual mulk sohasida iqtisodiy ekspertizaning oʻrni intellektual mulkning iqtisodiy qiymatini aniqlash, zararni hisoblash, litsenziya munosabatlarini asoslash va sud nizolarida iqtisodiy dalillarni shakllantirish bilan belgilanadi. Intellektual mulk bozori rivojlangan sari bunday ekspertizaga boʻlgan ehtiyoj ham ortib boradi.

 

Markazning SIE bo‘limi katta eksperti
L.Saidmuxamedova