Bugungi kunda iqtisodiy munosabatlarning murakkablashuvi, soliq qonunchiligining takomillashuvi va keng qamrovli bo‘lishi sud-huquq tizimida soliq bilan bog‘liq nizolarning ko‘payishiga olib kelmoqda. Bu holat, o‘z navbatida, sud muhokamalarida maxsus bilim talab qilinadigan holatlarda soliq ekspertizasining ahamiyatini oshirmoqda. Sud soliq ekspertizasi — bu sud tomonidan tayinlanadigan, soliq munosabatlariga oid masalalarni hal qilishga qaratilgan ekspertiza turi bo‘lib, u aniqlik, xolislik va qonuniylikni ta’minlashda muhim vosita hisoblanadi.
Sud soliq ekspertizasi — bu sud ishini yuritish doirasida soliq sohasidagi nizoli holatlarni hal qilish maqsadida ekspert (mutaxassis) tomonidan beriladigan ilmiy, texnikaviy va yuridik asoslangan xulosa hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa normativ hujjatlar ushbu faoliyatni tartibga soladi.
Soliq ekspertizasi quyidagi bosqichlarda o‘tkaziladi:
-Ekspertiza tayinlash: Sud yoki tergov organi tomonidan qaror qabul qilinadi. Qarorda quyidagilar ko‘rsatiladi: ish raqami, taraflar haqida ma’lumot, hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar, ekspertiza turi va ekspert tashkiloti.
-Materiallar taqdim etilishi: Ekspertga zarur hujjatlar (hisobotlar, buxgalteriya hujjatlari, soliq hisobotlari va boshqalar) taqdim etiladi.
-Ekspert tomonidan tahlil: Ekspert berilgan materiallar asosida hisob-kitoblar va tahlillar o‘tkazadi.
-Xulosa rasmiylashtiriladi: Olingan natijalar asosida yozma xulosa tayyorlanadi va sudga taqdim etiladi.
Soliq ekspertizasi quyidagi masalalarni yoritishga qaratiladi:
-Soliq to‘lovchi tomonidan soliq qonunchiligi buzilgan-buzilmaganligini aniqlash;
-Soliq hisob-kitoblarining to‘g‘riligi va asoslanganligini baholash;
-QQS, foyda solig‘i, daromad solig‘i va boshqa majburiy to‘lovlar hisoblanishida xatolarga yo‘l qo‘yilganini aniqlash;
-Moliyaviy hujjatlar va hisobotlarning haqqoniyligini tekshirish;
-Yashirin daromad yoki noto‘g‘ri soliqqa tortish holatlarini aniqlash.
Sud soliq ekspertizasi adolatli sud qarorlarini qabul qilishda muhim ahamiyatga ega. U quyidagi vazifalarni bajaradi:
-Sudga aniq va ilmiy asoslangan xulosa beradi;
-Sud qarorining qonuniyligini ta’minlaydi;
-Firibgarlik va soliqdan bo‘yin tovlash holatlarining oldini olishga xizmat qiladi;
-Soliq nizolarining tez va xolis hal etilishiga ko‘maklashadi.
Sud soliq ekspertizasi sud ishlarida ishonchli dalil bo‘lib xizmat qiladi va soliq nizolarini hal qilishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Uni o‘tkazishdagi aniqlik, xolislik va mustaqillik ekspertiza natijalarining ishonchliligi va sud qarorlarining adolatli bo‘lishini ta’minlaydi. Shu sababli, ushbu faoliyatni tashkil etish, rivojlantirish va mutaxassislar tayyorlash masalalari dolzarbdir.
RSEMning QR bo‘limi eksperti 2-darajali yurist
A.Q.Toreniyazova