INTELLEKTUAL MULK SOHASIDA SUD IQTISODIY EKSPERTIZASI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-221-son Qarori bilan tasdiqlangan “2022-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish” Strategiyasining bosh maqsadi mamlakatda “Intellektual mulkning samarali huquqiy muhofazasidan – kuchli huquqiy himoyasi sari” tamoyili asosida intellektual mulkni jamiyat va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini rivojlantiruvchi asosiy drayverga aylantirish orqali O‘zbekistonni ilmiy-texnikaviy va ixtirochilik jihatdan taraqqiy etgan davlatlar qatoriga kiritish hamda mintaqaviy brendlarni hududlarni har tomonlama rivojlantiruvchi vosita sifatida yuzaga chiqarish hisoblanadi.

Mamlakatimizda intellektual mulk sohasini rivojlantirish, muallif va boshqa huquq egalarining qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga alohida e’tibor berilmoqda. Intellektual mulkni rag‘batlantirishga doir normalar asosiy qonunimizdan ham o‘rin olgan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasida har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanib, intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi va davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Intellektual mulk obyektlari muhofazasini ta’minlash bilan birga ularni samarali himoya qilish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish va amalga oshirish hamda bu yo‘nalishdagi amaliyotni takomillashtirish davr talabidir.

Intellektual mulkka oid nizolar turli xil huquqiy tabiatga ega bo‘lib, ushbu huquqiy tabiat nizolarning sudlarga taalluqlilik masalasini hal qilishda muhim ahamiyatga ega. Intellektual mulkka oid ma’muriy huquqbuzarliklar va jinoyatlar belgilangan tartibda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bunda ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat natijasida intellektual mulk egalariga yetkazilgan zarar jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan hal qilinishi mumkin (O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning
38-moddasi, Jinoyat-protsessual kodeksining 275-moddasi).

Ma’muriy organning intellektual mulk obyektlariga patent (guvohnoma) berish (ro‘yxatga olish) haqidagi talabnomalarni ko‘rib chiqmaganlik, patent (guvohnoma) berishni rad etish, patent (guvohnoma)ning amal qilish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish, intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqni to‘liq yoki qisman o‘zgalarga berish to‘g‘risidagi shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish bilan bog‘liq ma’muriy hujjatlari, harakatlari (harakatsizligi)ga oid talablar ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘lib, ma’muriy sudlarning sudloviga taalluqli hisoblanadi.

Muallif va (yoki) huquq egasining o‘z huquqlarini fuqarolik munosabatlari ishtirokchilari tomonidan har qanday buzilishlardan himoya qilish, litsenziya shartnomasi, intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqni to‘liq yoki qisman o‘tkazish haqidagi shartnomadan kelib chiquvchi hamda mualliflar va (yoki) huquq egalari o‘rtasidagi nizolar, shuningdek uchinchi shaxslarning intellektual mulk obyektlaridan foydalanganligi natijasida yetkazilgan zararni undirish, tovar belgisiga doir guvohnomani muddatidan oldin to‘liq yoxud qisman tugatish haqidagi talablar fuqarolik ishlari bo‘yicha yoki iqtisodiy sudlar tomonidan hal etiladi.

Intellektual mulk obektlariga bo‘lgan merosga doir ishlar hamda xizmat vazifalari yoki xizmat topshirig‘i tartibida yaratilgan ayrim intellektual mulk obektlari (asar, ixtiro, foydali model va sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, integral mikrosxema topologiyalari va hok.) bilan bog‘liq nizolar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga taalluqlidir.

Ayrim intellektual mulk obektlari (ixtiro, foydali model, sanoat namunalari, seleksiya yutug‘i, tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi, firma nomi)ga nisbatan mutlaq huquqlarni buzgan yuridik shaxslarga nisbatan jarima undirish to‘g‘risidagi vakolatli davlat organining da’vo arizasi iqtisodiy sudlarga taalluqli.

Intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi deganda qonunchilikka muvofiq mazkur obektlarning tan olinishi va davlat tomonidan muallif va (yoki) huquq egalariga mutlaq huquqlarning berilishi hamda intellektual mulkni himoya qilish uchun tegishli imkoniyatlar taqdim etilishi tushuniladi.

Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi tomonidan ekspertiza sohasida birinchi bor intellektual mulk sohasida sud-iqtisodiy ekspertiza uslubiyotlarini ishlab chiqish va intellektual mulk obyektlaridandan noqonuniy foydalanganlik oqibatida yetkazilgan zararni mukammal darajada aniqlashga imkon yaratish borasida ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Bunda ekspertiza tadqiqoti uchun intellektual mulk bilan bog‘liq bo‘lgan obyektlar ekspertlik tadqiqoti obyektiga aylanadi hamda bugungi kunda ushbu holatga oydinlik kiritish va uni hal etish dolzarb bo‘lgan masala hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, Sud-iqtisodiy ekspertiza bo‘limida “Intellektual mulk sohasida sud-iqtisodiy ekspertizasi” muammosi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilganligi katta imkoniyat yaratdi.

Olib borilgan tadqiqot masalalaridan kelib chiqib, bo‘limning iqtisodchi-ekspertlari tomonidan intellektual mulk obyektlaridandan noqonuniy foydalanganlik oqibatida yetkazilgan zararni aniqlashda ajralib turadigan belgi, uslub va usullarini aniqlash, hujjatlarni tekshirish bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yaratish va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida ekspertlik amaliyoti tahlil qilindi.

Olib borilgan kompleks ilmiy tadqiqotlar intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanganlik oqibatida yetkazilgan zararni aniqlashga imkon yaratdi.

Bugungi kunda Markazning Sud iqtisodiy ekspertizasi bo‘limi ekspertlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudlarga Intellektual mulk sohasida sud iqtisodiy ekspertizasi tadqiqotlari o‘tkazilmoqda va intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanganlik oqibatida yetkazilgan zararni aniqlash yuzasidan xulosalar rasmiylashtirilmoqda.

 

Sulaymonova nomidagi Respublika
sud ekspertiza markazining
Sud-iqtisodiy ekspertizasi
bo‘limi mudiri Sh. M. Urozmatov

Skip to content