Transport vositalarining texnik holatini yo‘l harakati xavfsizligiga ta’siri

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga ta’sir qiluvchi muhim omillardan biri – bu transport vositalarining texnik holati bo‘lib, bu ularning asosiy ekspluatatsion xususiyatlari – xavfsizligi, dinamikasi, barqarorligi va qulayligi bilan belgilanadi. Xizmatga yaroqli avtomobil ishlab chiqaruvchi tomonidan o‘ziga yuklangan funksiyalarni to‘liq bajaradi. Avtomobil yoki boshqa transport vositasini xavfsizlik mezoni bo‘yicha  baholashda, uning konstruksiyasi faol va passiv xavfsizlik elementlariga ajratiladi. Konstruksiyasining xavfsizligi zamonaviy avtomobilga qo‘yiladigan talablarni belgilaydigan xalqaro standartlarning asosiy jihatlaridan biridir.

Avtomobil konstruksiyasining mukammalligi baxtsiz hodisalar darajasiga qanchalik ta’sir qiladi?

Bu savolga miqdoriy jihatdan javob berish qiyin. Avtomobil murakkab tadqiqot, loyihalash va ishlab chiqarish faoliyati mahsulidir. Sanoatda asosan zamonaviy talablarga javob beradigan avtomobillar va boshqa transport vositalari ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni taqqoslash mumkin bo‘lgan standart sifatida tan olingan konstruksiya mukammalligi chegarasini belgilash mumkin emas. Shuning uchun, qaysi hollarda konstruksiyadagi kamchiliklar haqida gapirishimiz kerak, va qaysi birida haydovchining malakasi yetarli emasligi haqida hukm chiqarish juda qiyin. Avtomobillardan foydalanadigan istemolchilar transport vositasining haqiqatda ega bo‘lgan sifatlari asosida xavfsizlikni ta’minlashi kerak.

Biz yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq bo‘lgan aniq tizimlar va birliklarning kamchiliklari haqida ma’lumot beramiz. Agar transport hodisalarining texnik nosozligi holatlarining umumiy soni 100% deb olinsa, odatda individual nuqsonlar o‘rta hisobda quyidagi foizlarni tashkil qiladi:

  • Tormoz tizimi 41,3%
  • Rul boshqarmasi 16,4%
  • Shinalar 12,6%
  • Yoritish moslamalari 7,9%
  • Shassi 6,6%
  • Orqani ko‘rsatuvchi moslamalar, oyna tozalagichlar, oynalardagi nuqsonlar 1,8%.

Avtotransport vositalarining xavfsizligi, ularni sanoatda loyihalash va ishlab chiqarish jarayonida amalga oshiriladigan konstruktiv xususiyatlari, shuningdek transport vositalarining texnik ekspluatatsiyasi darajasi bilan bog‘liq ekspluatatsiya xususiyatlari bilan belgilanadi.

TRANSPORT  VOSITALARINING  FAOL  XAVFSIZLIGI

Konstruksiyaning faol xavfsizligini belgilovchi asosiy elementlarga misollar keltirib o‘tamiz:

– ishonchli tormoz tizimi, u tez va bir vaqtning o‘zida tezlikni xavfsiz kamaytirish va to‘xtash imkonini beradi;

– rul boshqaruv tizimi, u transport vositasining kerakli harakat yo‘nalishini saqlashning qulayligi va ishonchliligini ta’minlaydi;

– haydovchi o‘rindig‘idan ko‘rinish, bu vaziyatni o‘z vaqtida va to‘g‘ri baholash va unga to‘g‘ri ta’sirlanish imkoniyatini beradi;

– yoritish moslamalari (chiroqlar)ning sifati, bu transport vositalarining holati va manyovrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga yetkazishni ta’minlaydi.

TRANSPORT  VOSITALARINING  PASSIV  XAVFSIZLIGI

Konstruksiyaning passiv xavfsizligini belgilovchi asosiy elementlarga misollar keltirib o‘tamiz:

– xavfsizlik kamarlari, ular avtotransport vositalari haydovchilari va yo‘lovchilarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishning eng samarali chora-tadbirlaridan biri bo‘lib, mutaxassislarning fikricha, xavfsizlik kamarlaridan foydalanish jarohatlarning 75 foizgacha oldini oladi va o‘lim sonini 50 foizgacha kamaytiradi;

– xavfsizlik yostiqchalari, ular yig‘ilganda asboblar paneli ostida yoki rul markazida, eshiklarning ichki qoplamalarida saqlanadi, haydovchi va yo‘lovchiga hech qanday noqulaylik tug‘dirmaydi. To‘qnashuv paytida ular tezda, soniyaning yuzdan bir qismi ichida inert gaz bilan to‘ldiriladi, salonni to‘ldiradi va haydovchi yoki yo‘lovchini zarbadan ishonchli himoya qiladi;

– energiyani yutuvchi rul boshqarmasi mexanizmlari, ular to‘qnashuvlar paytida haydovchining rulga ta’sirini yumshatadi;

– maxsus yumshoq ichki qoplamalar, ichki jihozlarning oqilona dizayni, zarbani yumshatuvchi elastik bamperlar, avtomobil urilgan yoki ag‘darilganda yong‘indan himoya qiluvchi qurilmalar. Bularning barchasi ham oqibatlarning og‘irligini kamaytirishga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi;

– avtomobil kuzovining “energiyani yutuvchi” xususiyatlari. Energiyani yutish effektining mohiyati shundaki, frontal zarba paytida kuzovning old qismi eziladi, siljiydi, zarba kuchini o‘zlashtiradi va haydovchi va yo‘lovchilar joylashgan qismi zarar ko‘rmasdan qoladi, bu esa xavfsizlikni ta’minlaydi, odamlar hayotini saqlab qoladi;

– avtomobilning to‘qnashuvi paytida uning dvigatelini to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydovchi va yo‘lovchilar joylashgan tomonga siljimasligi, buni haydovchi va yo‘lovchilarning xavfsizlik manfaatlari talab qiladi.

Mahalliy sanoatda ishlab chiqarilayotgan barcha avtotransport vositalarining faol va passiv xavfsizlik darajasi xalqaro standartlar talablariga moslashtirilishi kerak.

Avtomobilning barqarorligiga, boshqarilishini yengil va ishonchliligiga, birinchi navbatda shassi va boshqaruv elementlarining holati ta’sir qiladi. Shunday qilib, shinalarning eskirganligi va protektor balandligining pasayishi bilan ularning yo‘lga ilashish koeffitsienti kamayadi. Bu pasayish, ayniqsa, yuqori tezlikda nam qoplamalarda harakatlanayotganda seziladi. Ilashish koeffitsientining pasayishi avtomobilning tormozlash va to‘xtash masofalarining oshishiga va barqarorlikni yo‘qotishiga olib keladi. Shu sababli, Yo‘l harakati qoidalari yengil avtomobillar uchun protektor chuqurligi 1,6 mm dan, yuk mashinalari uchun esa 1 mm dan kam bo‘lgan shinalardan foydalanishni taqiqlaydi. Agar avtomobilning o‘ng va chap tomoniga turli darajadagi eskirish darajasiga ega bo‘lgan shinalar o‘rnatilgan bo‘lsa, tormozlash paytida tormoz kuchlarining farqi tufayli burilish momenti paydo bo‘ladi, bu esa avariyaga olib kelishi mumkin.

Tormoz mexanizmlarining noto‘g‘ri sozlanishi va ishqalanish yuzalarining moylanishi avtomobilning o‘ng va chap tomonidagi g‘ildiraklarning turli xil miqdordagi tormoz momentiga va natijada barqarorlikni yo‘qotishiga olib kelishi mumkin. Tormoz mexanizmlaridan birining noto‘g‘ri ishlashi, tormozlanish jarayonida avtomobilni uning haydovchisiga bog‘liq bo‘lmagan xolda harakat traektoriyasini o‘zgartirishiga olib keladi.

Rul trapesiyasi qismlari eskirganda, rul chambaragining erkin yo‘li ortadi, bu esa avtomobilning yo‘nalishini barqarorligiga salbiy ta’sir qiladi. Avtomobilning harakatini boshqarish qiyinlashadi va to‘g‘ri chiziqli harakatni saqlash uchun zarur bo‘lgan rulning aylanish chastotasi keskin ortadi.

Avtomobil harakatlanayotganda, hatto yaxshi asfaltlangan yo‘llarda ham, uning muvozanati buzilganligi sababli boshqariladigan g‘ildiraklarda tebranishlar paydo bo‘lishi mumkin. Ushbu tebranishlar shassi va rul qismlariga dinamik yuklarni oshiradi va katta tebranishlar boshqaruvning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Bu o‘z navbatida, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda, transport vositalarining texnik xolatidan tashqari unga qo‘yilgan yuklamani (yukni, yo‘lovchilarni) o‘ng va chap tomon g‘ildiraklar bo‘yicha teng taqsimlanishiga hamda harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirmaslikka e’tibor qaratish lozimligini bildiradi.

Dono xalqimiz, “ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur”, deb bejizga aytmaydi. Yo‘llarda xavfsiz va ishonchli harakatlanish, manzilga o‘z vaqtida eson-omon yetib borish hamda belgilangan ishlarni o‘z vaqtida to‘liq va sifatli bajarishga erishish uchun, haydovchi transport vositasini (uning tegishliligidan qat’iy nazar)  texnik sozligini ta’minlashi shart.

Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport vositasining texnik holatiga, uni o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazilishiga va ta’mirlanishiga bog‘liq!

Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining
Sirdaryo viloyati bo‘limi yetakchi eksperti Bahodir Axmedov

Skip to content