Sud xatshunoslik ekspertizasining har xil turdagi masalalarini hal etish zarurati hozirgi vaqtda ekspertlik amaliyotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqot etilayotgan qo‘lyozma yozuvlarni bajarish vaqtida bajaruvchini noodatiy holatda ekanligini yoki noodatiy shart-sharoitlarda ekanligini aniqlash sud xatshunoslik ekspertizasida tet-tez uchrab turadigan hal etish zarur bo‘lgan masalalardan biri hisoblanadi.
Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi ekspertlari hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi “Kriminalistika va sud ekspertizalari” kafedrasi va Markazining Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Sud xatshunosligida o‘zbek tilida bajarilgan qo‘lyozma matnlarning diagnostik masalalarini hal etish yo‘llari” nomli sud ekspertlari uchun uslubiy tavsiya ishlab chiqilgan. Ushbu qo‘llanma sud-xatshunoslik ekspertizasi bo‘yicha maxsus bilimlarga ega bo‘lgan amaliyotchi xatshunos ekspertlar uchun muhim va dolzarb manba bo‘lib, ularning kasbiy faoliyatida ushbu masalalarni yechishda muhim o‘rin tutadi.
Ekspert-xatshunosning diagnostika vazifalarini hal qilishdagi faoliyati tizimli bo‘lib, muayyan darajalar, bosqichlar va qadamlarga bo‘lingan bo‘lishi lozim. Bu jarayon, identifikatsion tadqiqotda bo‘lgani kabi, qat’iy tartib va uyg‘unlikka rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
Diagnostik vazifani hal qilish ko‘p bosqichli tuzilmaga ega bo‘lib, umumiydan xosga o‘tish orqali ma’lumotlarni bosqichma-bosqich o‘zlashtirishni nazarda tutadi va darajalar tamoyiliga asoslanadi. Diagnostik jarayonning har bir keyingi bosqichi avvalgisining davomi va uning chuqurlashtirilgan shakli hisoblanadi.
Mazkur ishda diagnostik masalalarni hal etishda ekspertlarda vujudga keladigan quyidagi masalalar yoritildi:
– tadqiqot bosqichlari;
– diagnostik kompleks masalalari;
– umumiy diagnostik holatlar va sharoitlarni ko’rib chiqish;
– diagnostik kompleks baholash va diagnostik masalalarni ekspert xulosasida aks etishining o‘ziga xosligi.
Yangi uslubiyat o‘zbek tilida lotin grafikasi asosida bajarilgan qo‘lyozma yozuvlarni diagnostik masalalarini hal etishda qo‘llash imkonini beradi.
Uslubiy tavsiyada sud-xatshunoslik ekspertizasi nazariyasining dolzarb yo‘nalishlari, shuningdek, uning amaliyotdagi qo‘llanilishiga oid tushunchalar batafsil yoritilgan. Bu esa amaliyotchi ekspertlarga nazariy bilimlarni amaliy holatlarda samarali tatbiq qilish, shu orqali o‘z kasbiy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Shuningdek, matnlarni diagnostika qilish jarayonida ishonchli yondashuvlarni taklif etadi. Ayniqsa, lotin grafikasidagi qo‘lyozma va hujjatlarni tekshirishda qo‘llaniladigan uslublar, ularning amaliy tatbiq etilishi bo‘yicha btafsil tavsiyalar keltirilgan.
Ushbu uslubiy tavsiya ekspertlar uchun ilmiy yangiliklarni amaliyotga tatbiq etish imkonini yaratadi hamda shu orqali ekspertiza sohasidagi bu turdagi masalalarning yechimi huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun tergov va sud ishlarini hal etishda juda katta yordam ko‘rsatadi.
N. Mamayusupova
X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining
Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi bosh eksperti,
1-darajali yurist