“Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasi imkoniyatlari”

Sud qurilish texnikaviy ekspertiza muxandis texnikaviy ekspertiza turlaridan biridir.

Loyihalash, qurilish, bino va inshootlardan foydalanish boʻyicha bilimlar ushbu eksperiza ilmiy asoslarining poydevorini tashkil qiladi.

Sud qurilish texnikaviy ekspertiza predmetini ish boʻyicha faktik maʼlumotlarni aniqlashga qaratilgan texnik masalalar tashkil qiladi. Ular qatoriga, jumladan, quyidagilar kiradi:

-qurilish inshooti va bajarilgan ishlarning aniq bir sinfi, turi, xili boʻyicha tegishliligi haqida;

-qurilish obyektlari(sanoat, koʻchmas mulk, turar joy va shaharsozlik) va bajarilgan ishlarning(taxminiy bajariladigan ishlar) narxi;

-qurilish obyektlarining shaharsozlik va texnik meʼyorlarga mos kelishi yoki kelmasligi;

-qurilish obyektlari yoki konstruksiyalarining ekspluatatsion yoki funksional sifatlarini qisman yoki toʻliq yoʻqotish sabablari;

-koʻchmas mulk obyektlarini qayta tuzish imkoniyatlari toʻgʻrisida(turar joylardan foydalanish va boʻlish).

Binolarni loyihalashtirish, qurilish va ekspluatatsiya boʻyicha loyiha-smetalari va ishlab chiqarish-texnikaviy hujjatlari, turar joy, jamoat va ishlab chiqarishga moʻljallangan bino va inshootlarning kadastr xujjatlari, muxandislik tarmoqlari hamda shu bino va qurilmalarning oʻzi sud-qurilish-texnikaviy tadqiqot obyektlaridir.

 Sud-qurilish-texnikaviy ekspertizaning hal qiladigan masalalari:

a) baholash-turar joy, jamoat va ishlab chiqarishga moʻljallangan bino (bino qismlari) va inshootlarning meʼyoriy hujjatlar asosida hisob usuli bilan bozor narxini aniqlash.

Ushbu bino va inshootlarni baholarini aniqlash uchun kadastr xujjatlari taqdim etilishi va qurilish obyektlarini koʻzdan kechirishni tashkil qilinishi kerak.

b) turar joy, jamoat va ishlab chiqarishga moʻljallangan binolarni (bino qismlarini) boʻlish (binolardan foydalanish tartibini belgilash) imkoniyatlari haqidagi masalalarni xal qilish uchun ekspertizaga yashash uyining, xonadonning (boshqa koʻchmas mulk obyektlarining) kadastr xujjatlari taqdim etilishi kerak;
v) turar-joy, jamoat va ishlab chiqarishga moʻljallangan binolarning (konstruksiya yoki elementlarining) Qurilish, Shaharsozlik meʼyorlari va qoidalari, Texnikaviy ekspluatatsiya meʼyorlari, qoidalari talablariga javob berish yoki bermasligini aniqlash uchun ekspertizaga uyning loyihasi (proyekti) taqdim etiladi. Agar loyiha mavjud boʻlmasa, uy-joyning tegishli idoralar(Suvsoz, Gaz taʼminoti va boshqalar) bilan kelishilgan kadastr hujjatlari taqdim qilinadi;

Ushbu boʻyicha ekspertizaga quyidagi hujjatlar taqdim etilishi kerak:

-qurilish-montaj va qurilish-taʼmirlash ishlari jarayonida sodir etiladigan fojiali voqealar va falokatlar texnik sabablarining tergov qilish dalolatnomalari (sxema, chizmalar bilan);

-ushbu voqea boʻyicha texnika inspektorining xulosasi;

-ish bajarish loyixasi (texnologik xarita);

-texnika xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomalarni qayd etish jurnali (asl nusxasi);

-jabrlanuvchini ishga qabul qilish haqidagi qaror (asl nusxasi);

g) qurilgan yoki qayta qurilgan binoni (inshootni), bajarilgan qurilish, taʼmirlash yoki qayta qurilish ishlarini loyihaga toʻgʻri kelish-kelmasligini aniqlash.

Bu hollarda ekspertizaga quyidagi hujjatlar taqdim etilishi kerak:

-kadastr hujjatlari (binoning oldingi holati rejasi);

-qurilish (taʼmirlash, qayta qurilish-rekonstruksiya)ning toʻliq loyixasi;

-obyektning qurilish, taʼmirlash (qayta qurish) ishlari bajarilishidan oldingi holati boʻyicha dalolatnoma (defektnыy akt);

d) bajarilgan ishlarning sifati va SHNK-KMK talablariga javob berish-bermasligini aniqlash.

Bu hollarda ekspertizaga quyidagi hujjatlar taqdim etilishi kerak: loyiha va ijro hujjatlari, loyihaning ekspertiza xulosasi, uskunalar pasporti, koʻzga koʻrinmas ishlar toʻgʻrisidagi dalolatnomalar, ish sifati jurnali, mualliflik nazorati jurnali;

ye) koʻp qavatli binolarda xonadonlarda qayta taʼmirlash va loyixalashtirish SHNK talablariga mosligini aniqlash. Qayta loyixalashtirish xonadondagi xonalar oʻrtasida devor va toʻsiqlarni olib tashlash, oʻzgartirish, ularda eshik ochish, xonalarning ishlatish maqsadini oʻzgartirish (masalan, oshxonani koʻchirish) va shu kabilar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

Bu masalani yechish uchun ekspertizaga qayta loyixalashtirish hujjatlari va tegishli ruxsatnomalar yoki loyiha muassasasining texnik xulosasi yuboriladi;

 Sud-qurilish-texnik ekspertizasini tayinlash va oʻtkazishning protsessual va taktik xususiyatlari.

Sud-qurilish-texnikaviy ekspertizalari oʻtkazish jihatidan murakkab boʻlib, ularni tayinlash, ekspertizaga materiallarni tayyorlash, inshootlarni koʻzdan kechirishni tashkil qilishda turli qiyinchiliklar tugʻiladi. Ekspertiza amaliyoti bu turdagi tadqiqotlarni tayinlashda quyidagi oʻziga xos kamchiliklar uchrashidan dalolat beradi:

-quruvchi-ekspert vakolatiga kirmaydigan savollar qoʻyilishi, sudlar tomonidan nizoli obyektlarni koʻzdan kechirishni tashkil qilinmasligi, ekspertiza tayinlagan davrda nizoli obyektlarning haqiqiy holati  va tarkibi aks ettirilmagan hujjatlar taqdim qilinishi;

-qurilish yoki taʼmirlash obyektlarida haqiqiy bajarilgan ishlarning nazorat oʻlchovini oʻtkazish vazifasini qoʻyish;

-qurilishda binolar qulab tushishi, baxtsiz xodisalar sodir etilganda laboratoriya tadqiqotlari uchun qurilish materiallari va ashyolaridan oʻz vaqtida va sifatli tekshirishni tashkil etmaslik;

-qurilish va taʼmirlash obyektlarida sodir qilingan jinoyatlarni tergov qilish uchun loyixa-smeta va texnik hujjatlarni notoʻgʻri olish.

Sud-qurilish-texnik ekspertizasini tayinlash va oʻtkazishning protsessual va taktik xususiyatlari quyidagilardan iborat:

-voqea sodir etilgan joyni yoki nizoli obyektlarni ekspert ishtirokida koʻzdan kechirish;

-binolarning qulab tushishi yoki ishlab chiqarishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar boʻyicha ishlarda oʻtkaziladigan koʻzdan kechirish va ishga oid materiallarni yigʻish;

-mutaxassislarning binolar qulab tushishi, qurilishida baxtsiz hodisalar sodir boʻlishining sharoitlari va sabablari toʻgʻrisida bergan xulosalarining mazmun-mohiyatini tahlil qilish;

-koʻzdan kechirish natijalarini tergov (sud) tomonidan tuzilgan bayonnoma orqali rasmiylashtirish.

Voqea sodir boʻlgan joyni yoki nizoli obyektlarni koʻzdan kechirish tergovchi yoki sud tomonidan amalga oshiriladi, koʻzdan kechirish natijalari (fuqarolik yoki xoʻjalik ishlari) boʻyicha bayonnoma tuziladi.

Binolarning qulashi yoki baxtsiz hodisalar bilan bogʻliq ishlar boʻyicha texnik inspeksiya mutaxassislari tomonidan oldindan falokatning texnik sabablari tergov qilinib, xulosa berilishi shart.

Bino yoki konstruksiyalar qulaganda qulash joylaridan oldindan laboratoriya tadqiqoti oʻtkazish uchun konstruksiya yoki materiallardan namunalar olinishi kerak.

Mutaxassislar xulosalarida qulash joylaridan olingan namunalarning laboratoriya tadqiqotlari natijalari koʻrsatilishi, baxtsiz xodisalar bilan bogʻliq ishlar boʻyicha voqea sodir boʻlgan joyning chizmalari taqdim etilishi kerak.

Loyiha-smeta va ishlab chiqarish-texnik hujjatlari reestr variantida toʻliq hajmda (asl nusxalari) roʻyxat boʻyicha olinishi kerak.

Izoh: haqiqatda bajarilgan qurilish va qurilish-taʼmirlash ishlarini nazorat oʻlchovlari ekspertlar vakolatiga kirmaydi.

Nazorat oʻlchovlari bank mutaxassislari tomonidan bajariladi va tushuntirish xatlari hamda taqqoslash vedomostlari tuzilib dalolatnomalar rasmiylashtiriladi. Dalolatnomalar bilan ish bajaruvchilarning yozma ravishdagi eʼtirozlari (agar boʻlsa) taqdim etilishi kerak.

 

Xorazm viloyati boʻlimi katta eksperti
Sapayev Xamid Zaripovich

Skip to content