X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, jinoyatlar va huquqbuzarlikka qarshi kurashish masalalarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarga maxsus bilimlarni qo‘llash yo‘li bilan ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan.
Sud ekspertining xulosasi odil sudlovni amalga oshirish fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarlikni aniqlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarga adolatli qaror chiqarish uchun asosiy xujjatlardan biri hisoblanadi.
Mamlakatimizda sud ekspertlik faoliyatini rivojlantirish, sud ekspertizasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida 2010 yil 1 iyunda O‘zbekiston Respublikasi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-249 soli Qonuni tasdiqlangan.
Sohani rivojlantirish yuzasidan Preziden Farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, qabul qilinmoqda.
Jumladan,
2023 yil 5 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6256-sonli Farmoni qabul qilingan bo‘lib, Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi tasdiqlangan.
Konsepsiyaning to‘rtinchi bob ikkinchi bandida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining hududiy bo‘limlarida joylardagi zarur ehtiyojlar hamda mavjud imkoniyatlarni hisobga olgan holda ekspertiza tadqiqotlarining qo‘shimcha turlarini joriy qilish nazarda tutilgan.
Farmon ijrosi yuzasidan Respublika sud ekspertizasi markazining Farg‘ona viloyat bo‘limida ekspertiza tadqiqotlarining qo‘shimcha turlari joriy etildi.
Sud yong‘in-texnikaviy ekspertizasi yangi joriy etilgan tadqiqot turlaridan biri hisoblanadi.
Sud yong‘in-texnikaviy ekspertiza yo‘nalishi, Sud yong‘in-texnikaviy va sud elektrotexnika ekspertiza turlari bo‘yicha Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari sud-tergov va surishtiruv organlari tomonidan yong‘in ishlari yuzasidan taqdim etiladigan qaror va ajrimlar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilishi belgilangan.
Sud yong‘in-texnikaviy ekspertiza tadqiqoti – yong‘in paydo bo‘lgan joy, vaqti va sabablarini, olov tarqalish yo‘llarini, yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilish holatlarini, turli modda va materiallarning yong‘indan xavfli xususiyatlarini, yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilishi dalillari bilan bir tomondan va yong‘in paydo bo‘lishi, tarqalishi va uning asoratlari o‘rtasida ikkinchi tomondan bog‘liq sabablar bor-yo‘qligini o‘rganadi.
Sud yong‘in-texnikaviy ekspertizasining tadqiqot ob’ekti bo‘lib;
– bino va inshootlarning yonib ketgan va kulga aylangan, kuygan va qiyin yonadigan konstruktiv elementlari;
– yonib ketgan va qisman yongan predmetlarning qoldiqlari;
– elektr jixozlari va elektr moslamalari;
– turli xil texnik inshootlar va texnologik jixozlar;
– isitish moslamalari, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar izlari mavjud predmetlar;
– o‘t olish va yonib ketish xususiyatiga ega modda va materiallar, o‘t qo‘yish qurollari yoki ularning qoldiqlari;
– avtomobillarning yongan qisimlari, elektr jixozlari, elektr moslamalari hisoblanadi.
Yong‘in hodisasi – yong‘in sodir bo‘lgan joyda jamiki narsalarga o‘zining ta’sirini ko‘rsatadi. U nafaqat moddiy, ba’zida insonlarning kuyishiga, o‘limiga ham sababchi bo‘ladi. Shu hisobdan, bu hodisa insonning yashashi va rivojlanishi uchun yaratilayotgan barcha mavjudliklarga salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Yong‘inlarni yuzaga kelishi uchun asosiy uchta omil lozim bo‘ladi. Shulardan yonuvchi mahsulot, havo, yondiruvchi mahsulot. Ushbu omillardan bittasi bo‘lmasa yong‘in yuzaga kelmaydi yoki yong‘in o‘z-o‘zidan o‘chish holatiga keladi.
Yong‘inlarning kelib chiqish sabablari turlicha bo‘lsada, sud-yong‘in-texnikaviy ekspertizasida yong‘inlar asosan uchga bo‘lib o‘rganish mumkin.
- Ehtiyotsizlik oqibatida sodir bo‘ladigan yong‘inlar.
- Qasddan sodir etiladigan yong‘inlar.
- Kuchli tabiat hodisalari oqibatida sodir bo‘ladigan yong‘inlar.
Ehtiyotsizlik oqibatida sodir bo‘ladigan yong‘inlar jumlasiga, elektr uskunalari va gaz moslamalaridan noto‘g‘ri hamda nosoz moslamalardan foydalanish, payvandlash ishlarini yong‘in qoidalariga rioya qilinmasdan olib borilishi, yong‘in yuklamalari yuqori darajada bo‘lgan joylar (har-xil omborxonalar, paxta yoki kip skirdlari, zavod, fabrika, ma’muriy binolar, yonilg‘i quyish va saqlash joylari va boshqalar)da, chekish yoki yong‘in manbalaridan noo‘rin foydalanish, bolalar sho‘xligi, o‘z-o‘zidan yonuvchi maxsulotlarning saqlash qoidalarining buzilishi kabi yong‘inlar kiradi.
Qasddan sodir etilgan yong‘inlar “Yong‘in jinoyati” ostida, boshqa jinoyatlar yotishini yoki kelishmovchilik, nizolar natijasida kelib chiqishini ko‘rsatadi.
Jinoyatchilar har-xil turdagi masalan: qotillik, o‘g‘rilik, o‘zganing mulkiga zarar yetkazish, iqtisodiy va boshqa jinoyatlarni sodir etib, yong‘in orqali o‘zlarining izlarini yo‘qotishga harakat qiladilar.
Kelishmovchilik yoki nizo natijasida qasd olish maqsadida yong‘inlar sodir etilishi mumkin.
Kuchli tabiat hodisalari chaqmoq, kuchli shamol, yer silkinishi, momaqaldiroq va boshqa tabiiy hodisalar turli ob’ektlar (elektr, tabiiy gaz ob’ektlari va tarmoqlari, yonilg‘i quyish shaxobchalari, ishlab chiqarish korxonalari, omborxonalar v.h.k)da yong‘inlar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Yong‘in-texnikaviy ekspertizasining tadqiqot predmeti sifatida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi bilan yong‘in-texnik eksperti tomonidan vakolatlari va bilimlari chegarasida yechiladigan savollar majmuasi hisoblanadi.
Zaynabidinov Boburjon Baxtiyarovich
X.Sulaymonova nomidagi
Respublika sud ekspertiza markazining Farg‘ona viloyat bo‘limi
Sud yong‘in-texnikaviy ekspertiza yo‘nalishi bo‘yicha davlat sud eksperti.