- 1. Savol: Sud ekspertiza nima?
Javob: Sud ekspertiza — fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat bo‘lgan protsessual harakat, shuningdek, bu sud muhokamasi davomida ilmiy, texnik yoki boshqa sohalarda professional bilim va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan olib boriladigan tekshiruv va tahlil jarayonidir. Sud ekspertizasi har qanday da’vo yoki ishda qaror qabul qilishda yordam beradi.
- Savol: Sud ekspertizasining asosiy maqsadlari nimalardan iborat?
Javob: Fuqarolar, tergov organlari va Sudga ilmiy yoki texnik masalalarda aniq va ishonchli ma’lumot taqdim etishdan iborat.
- Savol: Sud ekspertizasini o‘tkazish asoslari va muddatlari qanday hisoblanadi?
Javob: Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning qarori, sudning ajrimi sud ekspertizasini o‘tkazish asoslaridir. Sud ekspertizasi tegishli qaror yoki ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran tayinlangan hisoblanadi.
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tekshirishlarni o‘tkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan tekshirish obyektlari hamda ish materiallarini taqdim etadi.
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tekshirish uchun namunalar oladi va ularni protsessual qonunda belgilangan tartibda ishga qo‘shib qo‘yadi. Zarur hollarda, bunday namunalarni olish sud ekspertizasini o‘tkazish topshirilgan sud eksperti yoki mutaxassis ishtirokida amalga oshiriladi.
- Savol: Mutaxassis fikri nima va qanday tayinlanadi?
Javob: jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida amalga oshiriladigan tadqiqotlar natijasi yuzasidan mutaxassis (sud eksperti)ning belgilangan tartibda rasmiylashtiriladigan fikri.
Advokat so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq tadqiqotlar shartnomaga ko‘ra to‘lov amalga oshirilganlik to‘g‘risidagi hujjatlar ekspertiza tashkilotiga taqdim etilgan kundan boshlab hisoblanadi va sud eksperti xulosasi yoki mutaxassis fikri manfaatdor shaxsga yuborilgan kunda tugaydi.
- Savol: Sud ekspertlarini qanday tayinlash mumkin?
Javob: Davlat sud eksperti lavozimini oliy ma’lumotga, alohida hollarda esa o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan, muayyan sud-ekspert ixtisosligi bo‘yicha keyingi tayyorgarlikdan o‘tgan va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda davlat sud eksperti sifatida attestatsiyadan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi egallashi mumkin.
- Savol: Sud ekspertizasining natijasi qanday rasmiylashtiriladi?
Javob: Sud ekspertizasining natijalari ekspertning xulosasi yoki hisobotida rasmiylashtiriladi. Bu hujjatda ekspert baholari, tahlil natijalari va yakuniy xulosalar keltiriladi. Hisobot sud tomonidan qabul qilinadi va ishga qo‘shiladi.
- Savol: Sud ekspertizasi kimlar uchun majburiy hisoblanadi?
Javob: Sud ekspertizasi sudyalar, prokurorlar, advokatlar va boshqa yuridik vakillar tomonidan talab qilinishi mumkin. Shuningdek, sudning qaroriga binoan taraflardan biri yoki ikkalasi ham ekspertiza o‘tkazishni talab qilishi mumkin.
- Savol: Sud ekspertizasi olib borish uchun qanday hujjatlar zarur?
Javob: Sud ekspertizasi uchun odatda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
Ish bo‘yicha asosiy hujjatlar (arizalar, qarorlar(ajrim) va boshqalar).
Ekspertizaga taalluqli bo‘lgan materiallar yoki namunalar.
O‘zbekiston Respublikasi Sud ekspertizasi to‘g‘risidagi qonun va qo‘llanmalar.
- Savol: Sud ekspertizasi amalga oshirilmagan taqdirda nima bo‘ladi?
Javob: Agar sud ekspertizasi amalga oshirilmasa, sudning xulosasi yoki qarori ilmiy va texnik jihatdan asoslanmagan bo‘lishi mumkin. Bu holat sudning noto‘g‘ri qaror qabul qilishi yoki adolatli muhokama o‘tkazmasligiga olib kelishi mumkin.
- Savol: Sud ekspertizasi natijalariga nisbatan qanday shikoyat qilish mumkin?
Javob: Sud ekspertizasi natijalariga nisbatan shikoyat qilish uchun taraflar sudga yozma tarzda ariza bilan murojaat qilishlari yoki yuqori turuvchi tashkilotga murojaat qilishi mumkin. Shikoyat qilingan ekspert xulosasi qayta ko‘rib chiqilishi va kerak bo‘lsa, yangi ekspert tayinlanishi mumkin.
Ahmad Boboyorov Markazning Jizzax viloyati bo‘limi eksperti.