- Markazning asosiy vazifalari nimalardan iborat?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 321-qaroriga muvofiq Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
– O‘zbekiston Respublikasida sud ekspertizasi institutini har tomonlama rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, sud ekspertizasi muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, mamlakatda sud ekspertizasi nazariyasi va amaliyotini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish;
– fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirish, jamoat tartibini, xavfsizlikni ta’minlash, jinoyatlar
va huquqbuzarlikka qarshi kurashish masalalarida huquqni muhofaza qilish organlari va sudlarga maxsus bilimlarni qo‘llash yo‘li bilan ko‘maklashish;
– huquqni muhofaza qilish organlari va sudlarning maxsus bilimlarga bo‘lgan ehtiyojlarini tizimli o‘rganish, zamonaviy ilmiy-texnika yutuqlari, ilmiy tavsiyalar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida yangi metodikalarni sud-ekspertlik amaliyotiga joriy etish;
– fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy va jinoiy ishlar, tergovgacha tekshiruvlar materiallari bo‘yicha sud ekspertizalarini, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bo‘yicha ekspert ixtisosliklarga muvofiq tadqiqotlarni o‘tkazish;
– davlat sud ekspertlarining malakasini va huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha faoliyatni tashkil qilish;
– maxsus bilimlar va texnika vositalarini qo‘llashda huquqni muhofaza qilish va sud organlari xodimlariga metodik yordam ko‘rsatish, ularni sud ekspertizasi sohasidagi zamonaviy yutuqlar va imkoniyatlar bilan tanishtirish;
– maxsus bilimlar asosida huquqbuzarliklarni sodir etishga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda ularning oldini olishga doir takliflar ishlab chiqish.
- Markazda necha turdagi ekspertiza turlari va mutaxassislik bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkaziladi?
Markazda 57 turdagi ekspertiza turlari va 91 turdagi mutaxassislik bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi.
Markazda o‘tkaziladigan ekspertiza turlari quyidagilar:
- Sud-xatshunoslik ekspertizasi;
- Hujjatlarning texnik-kriminalistik ekspertizasi;
- Sud-ballistik ekspertizasi;
- Sud-trasologik ekspertizasi;
- Tolali materiallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlarning sud ekspertizasi;
- Polimer materiallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlarning sud ekspertizasi;
- Lok-bo‘yoq materiallari va qoplamalarining sud ekspertizasi;
- Sud-tuproqshunoslik ekspertizasi;
- Neft mahsulotlari va yoqilg‘i-moylash materiallarining sud ekspertizasi;
- Tabiiy minerallar sud ekspertizasi;
- Shisha buyumlari va silikatli qurilish materiallarining sud ekspertizasi;
- Metall buyumlari va qotishmalarining sud ekspertizasi;
- Dori vositalarining sud ekspertizasi;
- Tabiati noma’lum moddalarning sud ekspertizasi;
- Tarkibida spirt bo‘lgan suyuqliklar va ularning izlari sud ekspertizasi;
- Maxsus markerlar (ko‘rsatkichlar) sud ekspertizasi;
- Oziq-ovqat mahsulotlarining sud ekspertizasi;
- Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi;
- Sud-transport-trasologiya ekspertizasi;
- Sud-iqtisodiy ekspertizasi;
- Sud-buxgalteriya ekspertizasi;
- Sud-moliya-kredit ekspertizasi;
- Mehnat iqtisodiyoti sud ekspertizasi;
- Sud-rejali-iqtisodiyot ekspertizasi;
- Sud-iqtisodiy-statistik ekspertizasi;
- Tashqi savdo faoliyatining sud-iqtisodiy ekspertizasi;
- Sud-soliq ekspertizasi;
- Bank sohasida boy berilgan foydani aniqlash ekspertizasi;
- Sud-qurilish-texnikaviy ekspertizasi;
- Sud-yer ekspertizasi;
- Sud-tovarshunoslik ekspertizasi;
- Sud-fonografiya ekspertizasi;
- Videomateriallarning sud ekspertizasi;
- Sud-ekologik ekspertizasi;
- Sud-siyosatshunoslik-lingvistik ekspertizasi;
- Sud-filologik ekspertizasi;
- Sud-kompyuter-texnikaviy ekspertizasi;
- Sud-psixologik ekspertizasi;
- Sud-elektrotexnikaviy ekspertizasi;
- Sud-yong‘in texnik ekspertizasi;
- Sud-botanik ekspertizasi;
- Giyohvand moddalar, psixotrop moddalar va prekursorlar ekspertizasi;
- Sud-avtotexnika ekspertizasi;
- Sud-zoologik ekspertizasi;
- Oziq-ovqat mahsulotlarning tadqiqotlari ekspertizasi;
- Mikrozarrachalar ekspertizasi;
- Yo‘l ekspertizasi;
- Sud-lingvistik ekspertizasi;
- Zaharli ximikatlar va og‘ir metall tuzlari ekspertizasi;
- Boshqa tur ob’ektlar ekspertizasi;
- Boshqa biologik ekspertizalar (Sud-ornitologik, sud-ixtiologik);
- Oziq-ovqat mahsulotlarini baholash ekspertizasi;
- Sud-portlash-texnik ekspertizasi;
- Sovuq qurollarning kriminalistik ekspertizasi;
- Gaz va elektrotexnika ob’ektlaridagi portlash texnik ekspertizasi;
- Radiotexnika ekspertizasi;
- Sud-psixologik-filologik ekspertizasi.
- Davlat sud eksperti kim va sud ekspertiga qo‘yiladigan malakaga oid talablarni tushuntirib bersangiz?
O‘zbekiston Respublikasi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonun (keyingi o‘rinlarda – Qonun)ning 3-moddasiga binoan davlat sud eksperti davlat sud-ekspertiza muassasasining o‘z xizmat vazifalarini bajarish tartibida sud ekspertizasini o‘tkazuvchi sud eksperti hisoblanadi.
Qonunning 11-moddasiga ko‘ra davlat sud eksperti lavozimini oliy ma’lumotga, alohida hollarda esa o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan, muayyan sud-ekspert ixtisosligi bo‘yicha keyingi tayyorgarlikdan o‘tgan va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda davlat sud eksperti sifatida attestatsiyadan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi egallashi mumkin.
Sud eksperti sifatida jalb etiladigan boshqa tashkilot xodimi va boshqa jismoniy shaxs oliy ma’lumotga, alohida hollarda esa o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 16-dekabrdagi “Davlat sud eksperti sifatida attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 300-son qarorining 3-bandida davlat sud eksperti sifatida oliy ma’lumotga, alohida hollarda o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan, aniq sud-ekspert mutaxassisligi bo‘yicha majburiy tayyorgarlikdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin.
Davlat sud eksperti malakasi ekspert muassasasi tomonidan belgilanadigan ekspert mutaxassisliklari ro‘yxatiga muvofiq beriladi.
- Sud ekspertining ekspertiza xulosasi yoki mutaxassis fikri olish tartibi qanday va ushbu hujjatlarning bir-biridan farqi nimada?
Sud eksperti (sud ekspertlari)ning xulosasi bu sud eksperti yoki sud ekspertlari komissiyasi tomonidan tuziladigan va tadqiqotlar olib borilishini
va ularning natijalarini aks ettiradigan yozma yoki elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron shakldagi hujjat.
Sud eksperti xulosasi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning qarori (ajrimi) asosida yohud iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida yoki sud muhokamasi jarayonida advokat so‘roviga ko‘ra shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan amalga oshiriladi.
Mutaxassis fikri esa jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida amalga oshiriladigan tadqiqotlar natijasi yuzasidan mutaxassis (sud eksperti)ning belgilangan tartibda rasmiylashtiriladigan fikridir.
Qonunning 14-moddasida bila turib noto‘g‘ri xulosa berganligi, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining yoxud prokurorning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida sud ekspertini ogohlantirishi, undan tegishli tilxat olishi va mazkur tilxatni sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) xulosa bilan birga yuborishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, Qonunning 18-moddasida xulosadagi bo‘shliqlarning o‘rnini to‘ldirish uchun Qo‘shimcha sud ekspertiza tayinlanishi va shu yoki boshqa sud eksperti tomonidan o‘tkaziladi, shuningdek, xulosa asoslantirilmaganda yoki uning to‘g‘riligiga shubha tug‘ilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki sud ekspertizasini o‘tkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda qayta sud ekspertizasi tayinlanadi.
Qayta sud ekspertizasi tayinlanganda sud eksperti oldiga ilgari qo‘llanilgan tekshirish usullarining ilmiy asoslanganligi to‘g‘risidagi masala qo‘yilishi mumkin.
Qayta sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda qayta sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) birinchi (oldingi) sud ekspertizasi xulosasiga qo‘shilmaganligi sabablari ko‘rsatilishi lozim.
Qayta sud ekspertizasini o‘tkazish boshqa sud ekspertiga (sud ekspertlari komissiyasiga) topshiriladi. Birinchi (oldingi) sud ekspertizasini o‘tkazgan sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) qayta sud ekspertizasini o‘tkazishda hozir bo‘lishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin u tekshirish o‘tkazish va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi.
Biroq, yuqoridagi kabi xulosa berishdagi qonunchilikdagi talablar, mutaxassis fikrini rasmiylashtirishda mavjud emas, mutaxassis fikri yuzasidan tadqiqot olib borish murojaatchi tomonidan taqdim etilgan tadqiqot ob’ektlari va ish materiallari asosida o‘tkaziladi.
- Amaldagi qonunchilikda “Mutaxassis fikri”ni olish uchun ekspertiza tadqiqotlarini tayinlashda ayrim toifadagi fuqarolarga to‘lovdan ozod qilish bo‘yicha imtiyoz mavjudmi?
Amaldagi qonunchilikda “Mutaxassis fikri”ni olish uchun ekspertiza tadqiqotlarini tayinlashda to‘lovdan ozod qilish bo‘yicha hech bir fuqaroga imtiyoz mavjud emas.
Davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)lar tomonidan qonunchilikka ko‘ra ruxsat etilgan sud ekspertizasi turlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida tadqiqotlar o‘tkazilib, mutaxassis fikri berilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 21 fevraldagi 73-son qarori bilan tasdiqlangan “Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Namunaviy nizom” (keyingi o‘rinlarda – Namunaviy nizom)ning 10-bandiga binoan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq tadqiqotlarni o‘tkazish shartnomaga binoan to‘lov asosida amalga oshiriladi.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti o‘tkaziladigan tadqiqotlar uchun to‘lov miqdorini mustaqil belgilaydi.
Xorijiy tashkilot va chet el fuqarolari uchun alohida to‘lov miqdorlari belgilanishi mumkin.
Tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha xarajatlar to‘lanmaganligi ish materiallarini tadqiqotlar o‘tkazmasdan qaytarish uchun asos hisoblanadi.
Tadqiqotlar boshlangan va sarflash materiallari ishlatilgan hollarda to‘lov buyurtmachiga qaytarilmaydi.
- Ekspertiza tadqiqotlari uchun to‘lov miqdori qancha?
Namunaviy nizomning 10-bandiga ko‘ra Davlat sud-ekspertiza muassasalari hamda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)lar iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy sudlarga taalluqli ishlar bo‘yicha sud ekspertizalarini o‘tkazganligi uchun to‘lov undirishga haqlidir. Sud ekspertizalarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish ish bo‘yicha tomonlarga yuklanadi va sud ekspertizasini o‘tkazish boshlangunga qadar to‘lanadi. To‘lov miqdori va mazkur mablag‘larni sarflash tartibi qonunchilik hujjatlariga asosan belgilanadi.
Markazda o‘tkaziladigan tadqiqotlar uchun haf miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri buyrug‘i bilan belgilangan bo‘lib, unda har bir ekspertizaning murakkablik darajasi ya’ni oddiy, o‘rta, murakkab ekspertiza turlari inobatga olinib, bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqib alohida-alohida summa belgilangan.
Tarif summalari ochiq bo‘lib, Markazning rasmiy “sudex.uz” veb-saytidagi Me’yoriy baza bo‘limi Tariflar bo‘linmasida joylashtirilgan, ushbu bo‘linmadagi ma’lumotlar orqali fuqarolarimiz ekspertiza tadqiqotlari uchun haq miqdorlari bilan tanishishlari mumkin.
- Advokatlik so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi qanday?
Advokat so‘roviga ko‘ra tadqiqotlar faqatgina iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida yoki sud muhokamasi jarayonida, advokat himoyasi ostidagi ishonch bildiruvchi shaxsning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq tadqiqotlar o‘tkazilib, mutaxassis fikri berilishi mumkin.
Ekspertiza tashkiloti advokatning so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini o‘rganadi va ularga 3 ish kuni ichida shartnoma rasmiylashtirish uchun taqdim etiladi.
Barchamizga ma’lumki, Fuqarolik kodeksining 353-moddasida Shartnoma tushunchasi yoritilgan bo‘lib, unga ko‘ra ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquqlari va burchlarini vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvi shartnoma deyiladi.
Fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar. Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Advokat so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq tadqiqotlarni o‘tkazish shartnomaga binoan to‘lov asosida amalga oshiriladi.
Tadqiqotlar faqat uni tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat hamda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan, protsessual qonunga, ushbu Namunaviy nizomga, shuningdek, sud ekspertizalarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomalarga muvofiq rasmiylashtirilgan ish materiallari ekspertiza tashkilotiga taqdim etilgan taqdirdagina o‘tkaziladi.
Advokatlar tomonidan sud ekspertizasi o‘tkazish tayinlanganda sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi advokatlik so‘rovi, ishonch bildiruvchi shaxs roziligini tasdiqlovchi hujjat, ish bo‘yicha order, to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat, tadqiqot ob’ektlari va ish materiallari, shuningdek, tadqiqotlarni o‘tkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan sud ekspertizasi predmetiga taalluqli ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlar taqdim etilishi kerak.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ekspertiza tashkilotiga tadqiqotlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi murojaat, to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat, tadqiqot ob’ektlari va ish materiallari, shuningdek, tadqiqotlarni o‘tkazish va mutaxassis fikri berilishi uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan ekspertiza predmetiga taalluqli ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlar taqdim etilishi kerak.
Tadqiqotlar o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ish materiallari va tadqiqot ob’ektlarini hamda qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etish lozim bo‘lganda sud eksperti tomonidan ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat, jismoniy va yuridik shaxsga 3 ish kunida yozma yoki elektron iltimosnomalar yuboriladi.
Tadqiqot o‘tkazish uchun yuborilgan, uni o‘tkazish imkonini bermaydigan ish materiallarini rasmiylashtirish qoidalariga rioya etilmaganligi aniqlangan kuni ekspertiza tashkiloti rahbari bu haqda advokat yoki jismoniy yoxud yuridik shaxsga xabar qiladi. Agar advokat, jismoniy yoki yuridik shaxs kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rmasa ekspertiza tashkiloti rahbari 30 kun o‘tgach unga keyingi ish kunida ish materiallarini sud ekspertizasini o‘tkazmasdan qaytaradi.
Ish materiallari yuzasidan tadqiqotlarni o‘tkazish boshlanmasdan advokat, jismoniy yoki yuridik shaxsning tadqiqotlarni o‘tkazmasdan ish materiallarini qaytarish haqidagi murojaatiga asosan ular ekspertiza tashkiloti rahbari tomonidan qaytariladi.
Tadqiqotlar o‘tkazilmaganda amalga oshirilgan to‘lov shartnomada ko‘rsatilgan tartibda qaytariladi.
Tadqiqot o‘tkazilganda advokatlik so‘roviga asosan sud eksperti xulosasi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari natijasi bo‘yicha mutaxassis fikri yozma yoxud elektron shaklda taqdim etiladi.
- Ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish qancha muddatda amalga oshiriladi?
Namunaviy nizomning 8-bandiga binoan Ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs)ning qarori (ajrimi) asosida tadqiqotlarni o‘tkazish muddatlari sud ekspertizalarining hajmi va murakkabligiga, shuningdek, sud ekspertining ish hajmiga ko‘ra 30 kun doirasida belgilanadi. Sud ekspertizasi turlarining murakkablik darajasi ekspertiza tashkilotining yuqori turuvchi idorasi, shuningdek, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari uchun Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Tadqiqotlarni o‘tkazishni 30 kun mobaynida bajarish mumkin bo‘lmagan taqdirda, ekspertiza tashkiloti rahbari muddat o‘tishidan 3 ish kuni oldin asoslangan holda ekspertiza tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga yozma yoki elektron ravishda xabar qiladi hamda ular bilan kelishgan holda qo‘shimcha muddatni belgilaydi.
Advokat so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq tadqiqotlar o‘tkazish muddatlari sud-ekspertiza tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalarga asosan belgilanadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki Namunaviy nizomning 9-bandiga muvofiq ekspertiza tayinlashga vakolatli organ (shaxs)ning qarori (ajrimi) bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish muddatlari ish materiallari ekspertiza tashkilotiga tushgan kundan keyingi ish kunidan boshlab hisoblanadi va sud eksperti xulosasi ekspertiza tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga yuborilgan kunda tugaydi.
Advokat so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq tadqiqotlar shartnomaga ko‘ra to‘lov amalga oshirilganlik to‘g‘risidagi hujjatlar ekspertiza tashkilotiga taqdim etilgan kundan boshlab hisoblanadi va sud eksperti xulosasi yoki mutaxassis fikri manfaatdor shaxsga yuborilgan kunda tugaydi.
Sud eksperti tomonidan tadqiqotlarni o‘tkazish muddatlari quyidagi davrlarga to‘xtatib turiladi:
ekspertiza tayinlagan vakolatli organ (shaxs), advokat hamda jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan taqdim etilgan ish materiallaridagi kamchilik
va nuqsonlarni bartaraf etish to‘g‘risida sud eksperti (mutaxassis)ning iltimosnomasini ko‘rib chiqish davriga;
tadqiqotlarni o‘tkazishni 30 kun mobaynida bajarish mumkin bo‘lmagan taqdirda uni o‘tkazish muddatlarini kelishib olish to‘g‘risida yuborilgan xabarni ko‘rib chiqish davriga;
sud ekspertining xizmat safarida, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizligi yoki mehnat ta’tilida bo‘lish davriga, sud ekspertizasini bajarishni boshqa
sud ekspertiga topshirish mumkin bo‘lmaganda.
Qonunchilikda va ushbu Namunaviy nizomda nazarda tutilmagan boshqa asoslar bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazish muddatlarini to‘xtatib turishga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Sud ajrimi yoki surishtiruvchi yohud tergovchi, prokurorning qarori asosida Markazga ekspertiza tayinlangan bo‘lsa, ushbu
ish yuzasidan taraflarning ekspertiza tadqiqotlari o‘tkazilishida ishtirok etishi mumkinmi?
Qonunning 16-moddasiga muvofiq sud eksperti sud ekspertizasini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan, ishning natijasidan o‘zining manfaatdor emasligini shubha ostiga qo‘yadigan masalalar yuzasidan protsess ishtirokchilari bilan shaxsiy aloqaga kirishishga haqli emas.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023 yil 10 apreldagi 72-um-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom» (keyingi o‘rinlarda – Nizom)ning 6-bandiga ko‘ra tadqiqotlar sud eksperti tomonidan o‘tkaziladi, ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs) bilan kelishmasdan boshqa shaxslarni tadqiqotlarni o‘tkazish uchun jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Nizomning 32-bandiga binoan Ishda ishtirok etadigan shaxslar qonunchilikda nazarda tutilgan holatlarda va tartibda ekspertiza tayinlagan organ (shaxs)ning yozma ruxsatiga asosan tadqiqotlar o‘tkazishda ishtirok etish huquqiga ega. Sababidan qat’iy nazar, ularning yo‘qligi tadqiqotlar o‘tkazishni to‘xtatib turish uchun asos hisoblanmaydi.
Sud ekspertizasi o‘tkazilayotganda hozir bo‘lgan protsess ishtirokchilari tadqiqotlar jarayoniga aralashishga haqli emas, lekin sud eksperti tomonidan qo‘llanilgan tadqiqot usullarining mohiyatini tushuntirib berishni talab qilishi, unga tushuntirishlar berishi mumkin.
Sud eksperti tomonidan xulosa tuzilayotganda, shuningdek, agar sud ekspertizasi komissiya tomonidan o‘tkazilayotgan bo‘lsa, sud ekspertlarining maslahatlashuvi va fikrlarni shakllantirish bosqichida protsess ishtirokchilarining hozir bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar sud ekspertizasi o‘tkazilayotganda hozir bo‘lgan protsess ishtirokchisi sud ekspertiga xalaqit bersa, u tadqiqot o‘tkazishni to‘xtatishga va mazkur protsess ishtirokchisining sud ekspertizasi o‘tkazilayotganda hozir bo‘lishiga doir ruxsatini bekor qilish haqida sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) iltimos qilishga haqli.
- Qanday hollarda Markazdan ekspert xulosasi yoki mutaxassis fikridan nusxa olish mumkin?
Qonunning 16-moddasiga asosan sud eksperti sud ekspertizasi natijalarini sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) tashqari biron-bir shaxsga xabar qilishga haqli emas.
Shuningdek, Qonunning 14-moddasiga ko‘ra Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa tashkilot rahbari bila turib noto‘g‘ri xulosa berganligi, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining yoxud prokurorning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida sud ekspertini ogohlantirishi, undan tegishli tilxat olishi va mazkur tilxatni sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) xulosa bilan birga yuborishi belgilangan.
Qonunning 31-moddasida Sud ekspertizasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shunga ko‘ra, yuqoridagi qonunchilik normalariga asosanlanadigan bo‘lsak, davlat sud ekspertining nafaqat xulosasidan, xulosa berishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomadan nusxa olish uchun ham ekspertiza tayinlovchi organ yoki shaxsning yozma ruxsati bo‘lishi kerak.
Mutaxassis fikridan nusxa olishda mutaxassis fikri olish bo‘yicha tadqiqot o‘tkazishni so‘rab murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsning bevosita o‘zi yoki vakilini yozma murojaatiga asosan beriladi, murojaat etuvchilarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda mutaxassis fikridan nusxa olinishi mumkin.
Markaz bosh yuristkonsulti
Maxsadov Baxtiyor Isomiddinovich