Uy-joylarni yer maydonini boʻlish (foydalanish tartibini belgilash) uchun uy-joyning inventar hujjati bino inshootlarining kadastr hujjatlari va nizoli uy-joylarni va obyektlarni koʻzdan kechirish asosida ushbu turdagi ekspertiza turlari Markazning sud qurilish va sud yer ekspertizasi boʻlimi ekspertlari tomonidan ushbu turdagi tadqiqot turlari boʻyicha ekspertiza xulosalari berish belgilangan.
Boʻlimning ekspertlari tomonidan ushbu sud yer ekspertizasini oʻtkazishda quyidagi SHNK normadalariga rioya etilishi kerak:
-bino-inshootlar va boshqa qurilmalar boʻlinganda, boʻlingan qurilmalarni alohida mustaqil obyekt sifatida foydalanish sharoiti taʼminlanishi kerak (OʻzR “Shaharsozlik kodeksi”ning 79-moddasi) ;
– SHNK 2.08.01-19 “Turar joy binolari”ga asosan yashash uchun foydalaniladigan qismlar bir-biridan ajratilgan boʻlish kerak va yashash uchun eng kam koʻrsatkichlarga javob berish kerak ;
– SHNK 2.08.01-19 “Turar joy binolari”ning 2.12 bandiga asosan yashash xonalari tabiiy yoritilgan boʻlishi kerak ;
– SHNK 2.08.01-19 “Turar joy binolari”(8-ilova 2-jadval)ga asosan yashash uyining derazasi (eshigi)dan yozgi oshxona, tandir, omborxonagacha 6 metr, markaziy oqava tizimiga ulanmagan xovlidagi xojatxonagacha 12 metr, xammom va kir yuvish xonasigacha 10 metr masofa boʻlishi kerak;
– SHNK 2.07.01-03 “Shaxarsozlik. Shaxar va qishloq manzilgoxlarni rejalashtirish va qurish”ning 26*-bandiga asosan turar-joy va jamoat binolari orasidagi masofalar yoritilganlik va insolyatsiya normalarini, asosiy turar-joy xonalarining va xonadon oldi maydonchalarining koʻrish panaligini inobatga olib minimal tanlanishi lozim ;
– SHNK 2.07.01-03 “Shaxarsozlik. Shaxar va qishloq manzilgoxlarni rejalashtirish va qurish”ning 22-bandiga asosan xovli yer maydonining oʻlchamlari shaxarsozlik xolatidan kelib chiqib 300-600 m2ni tashkil etishi kerak;
– SHNK 2.01.02.-04 “Bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi”ning 5.27-bandiga asosan evakuatsiya yoʻllarining balandligi 2.0 metrdan kam boʻlmasligi, eni 1,0 metrdan kam boʻlmasligi kerak. 5.16-bandiga asosan evakuatsiya chiqish joyilarining balandligi 1,9 metrdan kam boʻlmasligi, eni 0,8 metrdan kam boʻlmasligi kerak;
Oʻzbekiston Respublikasi “Shaharsozlik” kodeksining 79-moddasiga asosan yer uchastkalari boʻlib berilganida yoki ularning chegaralari va koʻrsatkichlari oʻzgarganida qizil chiziqlarga, qurishni tartibga solish chiziqlariga va shaxarsozlik reglamentlarining eng kichik oʻlchamdagi yer uchastkalariga doir talablariga rioya etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Yer” kodeksining 2-bob “Yer fondi”ning 10-moddasiga asosan Yer uchastkasi – yer fondining qayd etilgan chegaraga, maydonga, joylashish manziliga, xuquqiy rejimga xamda davlat yer kadastrida aks ettirilgadigan boshqa xususiyatlariga ega boʻlgan qismidir .
Oʻzbekiston Respublikasi “Yer” kodeksining 10-moddasiga asosan Yer uchastkasi boʻlinadigan va boʻlinmaydigan boʻlishi mumkin .
Oʻzining asosiy foydalanish maqsadini oʻzgartirmagan va yongʻinga qarshi, sanitariya, ekologiyaga oid, shaharsozlik hamda boshqa majburiy normalar va qoidalarni buzmagan holda qismlarga boʻlish mumkin boʻlgan va bu ish amalga oshirilganidan keyin hosil boʻlgan qismlarning har biri mustaqil yer uchastkasini tashkil etishi mumkin boʻlgan yer uchastkasi boʻlinadigan yer uchastkasi hisoblanadi.
Foydalanish maqsadiga koʻra mustaqil yer uchastkalariga boʻlinishi mumkin boʻlmagan yer uchastkasi boʻlinmaydigan yer uchastkasi hisoblanadi.
Yuqorida bayon etilgan SHNK norma va qoidalarini va Yer va Shaharsozlik kodekslariiing tegishli moddalarini qoʻllagan holda uy joy joylashgan yer maydonlarini boʻlish (foydalanish tartibini belgilash) variantlari boʻyicha sud va tergov idoralariga tegishli takliflarni koʻrsatgan holda sud qurilish texnikaviy boʻlimining davlat sud ekspertlari tomonidan tegishli xulosalar beriladi.
Sud-qurilish-texnik ekspertizasi boʻlimi
yetakchi ekspert Tadjibayev Dilmurod Karimberdiyevich