Sud-tergov organlari maʼlum bir masalani hal qilishda aksariyat holatlarda muayyan sohada bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan ekspertlarga tayanadi.
Koʻpincha ularning xulosalari dalil sifatida qabul qilinadi.
Biroq, bu ularning xulosalarini ishonchliligini koʻrib chiqishning hojati yoʻq degani emas.
Ushbu holatlarda vakolatli organlar tomonidan ularning xulosalariga baho berish yuzasidan ham aniq mexanizmlar mavjud emas.
Vakolatli organlarning bu boradagi bilim va koʻnikmalari yoʻqligi esa bu jarayonlarni yanada qiyinlashtiradi.
Xush bu borada, rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribalari qanday ? Ular bu borada qanday yondashuvlar asosida masalalarni hal qilmoqda. Xususan,
AQSH tajribasi
Anglo-sakson huquq tizimidagi koʻpchilik sudlar tomonidan ekspertiza xulosalari dalillarning bir shakli sifatida koʻp yillar davomida xatosiz deb hisoblangan, ammo bu yondashuvga nisbatan “Frye” (1923) hamda “Daubert” (1993) ishi doirasida jiddiy eʼtiroz bildirilgan.
AQSHda ekspertiza xulosalarga baho berishda asosan quyidagi standartlarga tayaniladi:
– “Frye”;
– “Daubert”.
“Frye” standartiga koʻra, xulosalarga baho berishda quyidagi 2 ta jihatga eʼtibor qaratilishi kerak:
-Tadqiqot uslubiyotining ilmiy hamjamiyat tomonidan qabul qilinganligi;
-Tekshiruv uslubiyotining asosi mavjudligi.
“Frye” standartining paydo boʻlish tarixi 1923-yilga borib taqaladi. Oʻsha davrda ekspert koʻrsatuvlari va boshqa dalillar shakllarini qabul qilishning turli qoidalari mavjud boʻlgan.
Qotillikda ayblanayotgan Fryening koʻrsatmalarini yolgʻon yoki rostligini aniqlash yuzasidan ekspertiza tayinlangan. Oʻsha davrdagi ekspertlar buni tekshirishda qon bosimini tahlil qilish usulidan foydalanishgan. Unga koʻra savolga javob berish jarayonida qon bosimi koʻtariladigan boʻlsa, u aldayapti deb ishonilgan.
Mazkur holatda sudya tekshiruv jarayonidagi ilmiy real chegaradan uzoq boʻlgan tahlil usulidan foydalanilganligi uchun ekspert xulosasini rad qilgan.
Vaholanki, Frye nisbatan oʻtkazilgan yolgʻon detektor tekshiruvi hech qanday ilmiy asos va metodologiyaga asoslanmagan edi.
Sud shuni taʼkidladiki, maʼlum bir ilmiy metodologiya asosidagi xulosa dalil sifatida qabul qilinishi uchun ushbu metodologiya oldin tan olingan boʻlishi zarur.
Shuningdek, biron bir metodologiyani dalil deb qabul qilinishi uni shu metodologiya tegishli boʻlgan soha vakillari tomonidan umumiy qabul qilinishi bilan bogʻliqligini bildirib, mazkur usul sudda qabul qilish uchun yetarli emas deb hisobladi.
AQSHning Kaliforniya, Illinoys, Merilend, Minnesota, Nyu-Jersi, Nyu-York, Pensilvaniya va Vashington kabi shtatlari bugungi kunda ushbu standartdan keng foydalanishadi.
“Daubert” standarti 1993-yilga kelib “Frye” standartiga alternativ tarzda vujudga keldi.
“Daubert” standartiga koʻra, xulosalarga baho berishda quyidagi
5 ta jihatga eʼtibor qaratilishi kerak:
– Empririk test: nazariya yoki texnika ishonchlimi, rad etilishi kerakmi yoki sinovdan oʻtkazilishi lozimmi ?;
– xulosaga asos boʻlgan tekshiruv usuli tegishli tarzda baholanib, nashriyotda eʼlon qilinganmi ?;
– maʼlum yoki potensial xato darajasi qanday ?;
– xulosaga asos boʻlgan standartlar (uslubiyotlar, qoʻllanma
va boshqa) ning mavjudligi hamda ularga muvofiqligi yuzasidan nazoratning amalga oshirilganligi;
– nazariya va texnikaning ilmiy jamoatchilik tomonidan umumiy qabul qilinganlik darajasi qanday.
“Daubert” standarti bilan mashhur boʻlgan mazkur tamoyil
dori ishlab chiqaruvchi korxona egasi A. Daubertga qarshi ochilgan jinoiy ish bilan bogʻliq.
Bunda, farzandlari nuqsonli tugʻilgan ikki ona tomonidan homilador boʻlganida isteʼmol qilingan koʻngil aynishga qarshi preparat tufayli ushbu holatlar yuzaga kelganini daʼvo qilib, Kaliforniya shtati sudida dori ishlab chiqaruvchi korxonani sudga berishgan.
Korxona mahsulotini tekshirish uchun jalb qilingan ekspertlar tomonidan hayvonlarni oʻrganish (ham probirkada (in vitro) va jonli (in vivo) tadqiqotlar) va farmakologik tadqiqotlarni oʻz ichiga olgan.
Tadqiqotlar yakunida ekspertlar preparatning tugʻilish nuqsonlarini keltirib chiqaradigan boshqa dorilarga oʻxshash tuzilishga ega ekanligini koʻrsatishgan. Shuningdek, ular oʻz xulosalarini ilgari nashr etilgan epidemiologik ( statistik) tadqiqotlarini “qayta tahlil qilish” orqali shakllantirgan.
Sud mazkur xulosani ilmiy tan olingan standartlar asosida amalga oshirilmaganligi hamda mazkur standartlarni nashr etilmaganligi sababli, rad qilgan.
Mazkur ish doirasida AQSHning toʻqqizinchi Apellyatsiya sudi ilmiy texnikaga asoslangan ekspert xulosasi, tadqiqot usuli tegishli ilmiy hamjamiyatda “umumiy qabul qilingan” taqdirdagina maqbul deb hisoblanishini mumkinligi va har qanday metod va protseduradan farqli boʻlgan ekspert fikri ishonchli va maqbul deb topilishi mumkin emas degan qarorga keldi.
Ushbu standartlar muhokamalardan soʻng, 702-sonli AQSHning Federal qoidasida mustahkamlandi.
Mazkur qoidalari Buyuk Britaniyada ham amal qilmoqda. Bunda, ular tomonidan faqatgina uslubiyotning nashriyotda eʼlon qilinganlik talabi qabul qilinmagan.
Germaniya tajribasi
Germaniyaning Fuqarolik kodeksining 402-moddasida ekspert xulosalariga baho berish tartibi bayon qilingan boʻlib, unda koʻrsatilgan standartlar “Daubert” standarti bilan jud oʻxshash. Germaniya davlatida barcha ekspert xulosalariga baho berish mazkur standart asosida amalga oshiriladi.
Unga koʻra ekspert xulosasi sudda qabul qilinishi uchun quyidagilarga javob berishi lozim:
– rasmiylashtirishning barcha tartiblariga rioya qilingan boʻlishi;
– fan, hunar va sanʼat sohasida umumiy qabul qilingan qoidalar asosida amalga oshirilgan boʻlishi yoxud yangi turdagi bilimni talab qiladigan ekpsertiza amalga oshirilayotgan boʻlsa, mazkur ekspertizani oʻtkazish davomida amalga oshirilgan metodik uslubiyotlar ham xulosa bilan birga sudga taqdim etilishi kerak;
– ekspertizani amalga oshirish davomida qoʻllanilayotgan uslubiyotlar ishga daxldor boʻlgan barcha tashkilotlar tomonidan tan olingan boʻlishi kerak.
Fransiya hamda Avstriyada ham aynan shunday talablarni koʻrish mumkin.
Xitoy tajribasi
Ekspert xulosasiga baho berishda Xitoy ham “Daubert” standartlariga oʻxshash qoidalarni qabul qilingan.
“Jinoyat sudlarida dalillarning maqbulligi toʻgʻrisida” gi Qonunning 23-moddasiga koʻra Xitoyda ekspert xulosasiga baho berishda quyidagi jihatlar inobatga olinishi belgilangan:
– ekspertizani amalga oshirgan ekspert mutaxassisligining tegishli tor sohasi boʻyicha malakaga ega yoki yoʻqligi;
– namunani olish, saqlash va tashish jarayonlari qonun
va tegishli qoidalarga muvofiqmi yoki yoʻqmi;
– dalillar qanday olinganligi toʻgʻrisidagi yozuv yoki olib qoʻyilgan ashyolarning hisob-fakturasi toʻgʻri tartibdami;
– tadqiqotda qoʻllanilgan protseduralar, tadqiqot usullari
va tahliliy jarayon talab qilinadigan professional tekshiruv
va baholash tartiblariga javob beradimi yoki yoʻqmi.
Xulosa qilib aytganda, rivojlangan xorijiy davlatlar tomonidan foydalanib kelinayotgan standartlar ekspert xulosalariga baho berish imkonini taqdim qilishi, ekspertlar tomonidan amalga oshiriladigan tadqiqot jarayonlari va ushbu tadqiqotlar asosida berilgan xulosalarga boʻlgan ishonchni ortishiga yordam bermoqda.
Bu oʻz navbatida, yanada odil sudlovni taʼminlashga xizmat qiladi.
Adliya vazirligi masʼul xodimi F. Jurayev
Toshkent davlat yuridik universiteti 4-kurs talabasi U. Otaboyev