Sud tovarshunoslik ekspertizasi yo‘nalishida mutaxassis fikri berish tartibi

Sud ekspertlik faoliyati bugungi kunda adolatni qaror toptirish, nizolarning qonuniy hal etilishida o‘z o‘rni va mavqeiga ega.

Respublikamizda sud ekspertizasi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solib turuvchi yetarli normativ-huquqiy hujjatlar bazasi yaratilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi, Jinoyat protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi,  “Guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarning qilgan xarajatlarini to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida”gi qonunlari va boshqa qonunlar shular jumlasidandir.

Ushbu qonunlarda sud ekspertizasi faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq asosiy tartib-qoidalar, talablar, prinsiplar, ushbu munosabat ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari belgilab berilgan.

Bundan tashqari sohaviy qonunosti hujjatlarda ham islohotlarga monand tartiblar belgilanmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 21 fevraldagi 73-son qarori bilan Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi.

Hukumat tomonidan tasdiqlangan Nizom davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)lar tomonidan sud ekspertizasi tadqiqotlari o‘tkazilishi tartibi va shartlarini belgilab beradi.

Nizom xorijiy tashkilot va chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun ham tatbiq etilishi mumkin. Bunda har bir ekspertiza tashkiloti faoliyati xususiyatiga ko‘ra sud ekspertizasi tadqiqotlari o‘tkazilishini o‘zi mustaqil belgilaydi.

Advokat so‘roviga ko‘ra tadqiqotlar iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan amalga oshiriladi.

Davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)lar tomonidan qonunchilikka ko‘ra ruxsat etilgan sud ekspertizasi turlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida tadqiqotlar o‘tkazilib, mutaxassis fikri berilishi mumkin.

Ekspertiza tashkilotiga qaror (ajrim), so‘rov, murojaatlar hamda ularning natijasi bo‘yicha ekspertiza xulosasi yoki mutaxassis fikri yozma yoxud elektron shaklda taqdim etiladi. Tadqiqotlar sud eksperti tomonidan o‘tkaziladi.

Ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs) bilan kelishmasdan boshqa shaxslarni tadqiqotlarni o‘tkazish uchun jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tizimida davlat sud-ekspertiza muassasalari hamda bo‘linmalari bo‘lgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar ikki oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Namunaviy nizomga muvofiq sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi hamda mutaxassis fikrini berishni nazarda tutuvchi ichki nizom ishlab chiqib, tasdiqlashi, o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirishlari shart bo‘ladi.

Ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs)ning qarori (ajrimi) asosida tadqiqotlarni o‘tkazish muddatlari sud ekspertizalarining hajmi va murakkabligiga, shuningdek, sud ekspertining ish hajmiga ko‘ra 30 kun doirasida belgilanadi.

Mutaxassis fikri – bu jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida amalga oshiriladigan tadqiqotlar natijasi yuzasidan mutaxassisning (sud ekspertining) hujjat ko‘rinishida rasmiylashtiriladigan fikridir.

Markaz va uning hududiy bo‘limlariga jismoniy va yuridik shaxslarning mutaxassis fikri olishga ehtiyoj yildan-yilga oshib bormoqda va buyurtmachilarning murojaatlari asosida sud tovarshunoslik ekspertizasi bo‘yicha ham ekspertlar xizmatlaridan foydalanib kelinmoqda.

Sud-tovarshunoslik ekspertizasida quyidagi savollarga javob beriladi:

– taqdim etilgan tovarlarda mavjud nuqsonlar buzish natijasida paydo bo‘lganmi yoki foydalanish natijasidami?

– o‘rganilayotgan tovar yangimi yoki hozirda foydalanishdami?

– sifat xususiyatlari namuna sifatida keltirilgan boshqa mahsulotlarning analogik ko‘rsatkichlariga muvofiqmi, agar unday bo‘lmasa, farqi nimada?

– o‘rganish uchun taqdim etilgan tovarning tadqiqot o‘tkazilayotgan vaqtdagi jismoniy holatini hisobga olganda tovarning o‘rtacha bozor bahosi qanday?

– o‘rganish uchun taqdim etilgan tovarning o‘tgan muayyan davrdagi jismoniy holatini hisobga olganda tovarning o‘rtacha bozor bahosi qanday?

– o‘rganilayotgan ob’ektlarning bahosi uning haqiqiy holatini (eskirish, zararlanish, buzilish) hisobga olganda qanday?

– zararlash yoki buzish natijasida qancha summada moddiy zarar yetkazilgan?

Buyurtmachi tomonidan qilingan murojaatdan so‘ng namunalar turi va sonidan kelib chiqib kalkulyatsiyaga muvofiq belgilangan  miqdordagi to‘lovlar elektron shaklda yoki bank orqali amalga oshiriladi hamda to‘lovning amalga oshirilganligini tasdiqlovchi kvitansiyasi taqdim etiladi.

Buyurtmachi tomonidan to‘lovlar amalga oshirilganidan so‘ng, buyurtmachining xohishiga ko‘ra taqiqot ob’ektlari agar ularni xossalari imkon bersa sud ekspertizasi markaziga taqdim etilishi mumkin yoki sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) ishtirokida ob’ekt joylashgan manzilga chiqan holda qo‘zdan kechiriladi. Tadqiqot namunalari boshqa tashuvchi vositalarda ham taqdim etilishi mumkin.

Tadqiqot namunalari bo‘yicha mutaxassis (sud eksperti) fikrini berish muddati uning murakkablik darajasi va o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘ttiz kungacha etib belgilanadi.

Sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) o‘tkazilgan tadqiqot jarayonida aniqlangan ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilishi mumkin emas.

Shuni ta’kidlash lozimki, ekspertizaga oid tadqiqot natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan mutaxassis fikri tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.

 

 

X.Sulaymonova nomidagi

Respublika sud ekspertiza markazi

Andijon viloyati bo‘limi katta eksperti

 M.S.Azimova

 

Skip to content