Sud ekspertizasi sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar

O‘zbekiston demokratik jamiyatni qurishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarining kafolatli himoya qilinishida, qonun ustuvorligi hamda huquq tartibotni ta’minlashda, jinoyatchilikning oldini olish va uni fosh etishda sud ekspertizalari tadqiqotlari natijalari muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda sud ekspertiza faoliyatini zamonaviy va yuqori aniqlikdagi tahlil vositalari bilan jihozlash orqali sud ekspertizalari sifati va ishonchliligini oshirish hamda sohaga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini tizimli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Sud ekspertizasi sohasini yanada takomillashtirish maqsadida 2021 yil 5 iyul kunida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni va 2022 yilning 10 yanvar kuni mazkur farmon bilan belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda sud ekspertizasi sohasida ekspertlik ishlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Farg‘ona, Surxondaryo, Xorazm viloyat hududiy bo‘limlarida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi hamda Samarqand viloyat hududiy bo‘limida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi va materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyalari bosqichma-bosqich tashkil qilinishi belgilandi.

Qarorga asosan, dastlab Markazning Samarqand viloyat bo‘limida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi va materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyalari tashkil etilgan bo‘lsa, keyinchalik Markazning Xorazm viloyat hududiy bo‘limida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi, Markazning Farg‘ona viloyat hududiy bo‘limida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi xamda Markazning Surxondaryo viloyat hududiy bo‘limida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi tashkil etilishi belgilangan.

Yangi tashkil etilayotgan ushbu bo‘limlarni ISO/IES 17025 standarti talablariga javob beradigan binolarga joylashtirish hamda maxsus mebel, kompyuterlar, boshqa zarur texnika va inventarlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilishi belgilangan.

Markazning bir necha laboratoriyalari xalqaro standartga muvofiq xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilib, ekspertlar tomonidan berilayotgan ekspertiza xulosalari va o‘tkazilayotgan tadqiqotlar sifati va ishonchliligini oshirishga, ularning xalqaro miqyosda tan olinishiga imkon yaratiladi.

Ilmiy izlanishlar natijasida so‘nggi yillar ichida Sud lingvistika, Sud kompyuter-texnik, Sud avtomobil yo‘llari, Sud elektrotexnika, Sud psixologik, Oziq-ovqat mahsulotlari sud ekspertizasi kabi yangi ekspertiza turlari yaratilib, sud-ekspertlik jarayoniga tatbiq etildi.

Yurtimizda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Adliya vazirligining sud ekspertiza xizmati oldiga faoliyatning barcha yo‘nalishlarini takomillashtirish, qonunchilikni yanada mustahkamlash va qonunbuzarliklarga qarshi kurashda sud-tergov idoralariga amaliy yordam ko‘rsatish borasida murakkab va mas’uliyatli vazifalar qo‘yadi.

Qabul qilingan qaror bilan Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, yuridik va jismoniy shaxslarning malakali ekspertiza tadqiqotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga, sud ekspertlarining ijtimoy himoyasini ta’minlashga katta imkoniyat yaratildi.

 

 

M.Sh.Kungratov
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
X.Sulaymonova nomidagi Respublika
sud ekspertizasi markazi
Surxondaryo viloyat bo‘limi mudiri.

Skip to content