Respublika sud ekspertiza markazi
Buxoro viloyati sud-lingvistika ekspertizasi
eksperti To‘xtaeva Shaxnoza Adizovna
Davlat organi xodimi, davlat xizmatchisining sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish — nafaqat bir shaxsning huquqini, balki davlat organining jamiyat oldidagi nufuzini ham saqlab qolish masalasidir. Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida bu masala ikki bosqichli tizim orqali tartibga solinadi: ma’muriy javobgarlik va jinoiy javobgarlik. Qaysi bosqich qo‘llanilishi harakatning og‘irlik darajasi, takrorlanishi va sodir bo‘lish holatlariga bog‘liq.
Agar haqorat birinchi marta, ommaviy tarqatilmagan va davlat xizmatchisining xizmat vazifasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan holatda sodir etilsa, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi qo‘llaniladi. Bu modda shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitishni jarima bilan jazolashni nazarda tutadi. Jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha oralig‘ida belgilanadi.
Jinoyat kodeksining 140-moddasiga ko‘ra, shaxs haqorat uchun avval ma’muriy jazo olgan bo‘lsa, xuddi shunday harakatni yana takrorlasa, haqorat matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda, internetda yoki boshqa ommaviy axborot vositalarida chop etilgan yoxud ko‘paytirilgan shaklda amalga oshirilsa, jabrlanuvchi aynan o‘z xizmat yoki fuqarolik vazifasini bajarayotgani sababli haqoratlangan bo‘lsa, bunday holda qonun katta miqdorda jarima, majburiy jamoat ishlari yoki axloq tuzatish ishlari kabi jazo turlarini nazarda tutadi.
Nega davlat xizmatchisiga nisbatan haqorat og‘irroq baholanadi? Chunki, har qanday fuqaro kabi davlat xizmatchisining ham sha’ni va qadr-qimmati Konstitutsiya bilan himoyalangan hamda xizmat vazifasini bajarayotgan shaxsga qaratilgan haqorat, aslida, uning vakili bo‘lgan davlat organining ishonchliligiga putur yetkazadi. Fuqarolarning davlat organiga nisbatan ishonchi susayishi jamiyat va boshqaruv o‘rtasidagi muloqotga bevosita ta’sir qiladi. Shuning uchun qonun bunday holatlarni oddiy shaxslararo nizodan farqli, kengroq ijtimoiy oqibatga ega huquqbuzarlik sifatida ko‘radi.
Har qanday vaziyatda muloqot madaniyati, faktlarga asoslangan tanqid va huquqiy me’yorlarga hurmat — nizolarning oldini olishning eng ishonchli yo’lidir.