Sud xatshunoslik texnikaviy ekspertizasi imkoniyatlari

Sud-xatshunoslik texnikaviy ekspertiza alohida ikki turdagi, ya’ni sud-xatshunoslik va hujjatlarning sud-texnik ekspertizalari hisoblanadi hamda obyektlari va hal qilinadigan masalalari turlichaligi bilan ajralib turadi. Xususan, sud-xatshunoslik ekspertizasida qo‘lyozma yozuvlar va imzolar obyektlar hisoblanib, ushbu turdagi ekspertiza hal qiladigan masalalar qatorida mazkur qo‘lyozma yozuvlar va imzolarning ijrochisini aniqlash, bajarilish holati va bajaruvchining holatini aniqlash, qo‘lyozma yozuvlar va imzolar bajaruvchisining jinsi, yoshi kabi holatlarni aniqlash hisobalanadi. Mazkur ekspertiza sud-tergov amaliyotida eng ko‘p murojaat qilinadigan ekspertizalardan biri bo‘lib, turli hujjatlar, jumladan, shartnomalar, vasiyatnomalar, qarorlar, buyruqlar va boshqa hujjatlardagi qo‘lyozma yozuvlar va imzolarni kim tomonidan bajarilganligi, ish holati bo‘yicha haqiqiy aybdorni aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Sud-xatshunsolik ekspertizasi imkoniyatlaridan foydalanilgan holda jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy yoxud boshqa turdagi ish holatlarini ochish, haqiqatni aniqlashda amalga oshirilmoqda. Sud-xatshunoslik ekspertizasini o‘tkazishda tekshiriluvchi qo‘lyozma yozuvlar va imzolar mavjud bo‘lgan hujjatlar bilan bir qatorda, mazkur qo‘lyozma yozuvlar va imzolarni bajargan deya gumon qilinayotgan shaxslarning dastxat va imzo namunalari ham yetarlicha taqdim etilishi muhim hisoblanadi. Tayinlovchi organ tomonidan taqdim etilgan ish materiallari bilan tanishib chiqqach, ekspert qo‘shimcha hujjatlar zarur bo‘lgan holllarda bu haqida tayinlovchi organga yozma iltimosnoma yuboradi. Mazkur iltimosnoma qanoatlantirilgach, ekspert tadqiqotlarga kirishadi hamda qonunchilikda belgilangan muddatlarda ekspertiza xulosasi tuzadi hamda tayinlovchi organga yuboriladi. Hujjatlarning sud-texnik ekspertizasi esa sud-xatshunoslik ekspertizasiga nisbatan kengroq bo‘lib, obyektlari va hal qilinadigan masalalari bo‘yicha birmuncha murakkab ekspertiza turi hisoblanadi. Mazkur ekspertiza hujjatlarning dastlabki mazmuni o‘zgarishi bilan bog‘liq tadqiqotlardan tortib, hujjatlardagi muhr va shtamplar, ulardagi montaj belgilari, maxsus himoya vositalariga ega hujjatlarning tadqiqotlarigacha bo‘lgan ko‘plab masalalarni hal qiladi. Sud-tergov amaliyotida ushbu ekspertiza imkoniyatlaridan ko‘pincha hujjatlarning dastlabki mazmunini, ulardagi montaj alomatlarini, bir yoki turli printerlarda chop etilganligini, qo‘lyozma yozuvlar va imzolarning qanday yozuv qurilmasida bajarilganligini aniqlash kabi turli xil masalalarni hal qiladi. Ushbu hal qilingan masalalar keyinchalik tergov va sud jarayonlarida ish holatlarini ochish, haqiqatni aniqlash, hujjatlarning qalbakilashtirilganligi kabi holatlarga huquqiy baho berish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu ikki turdagi ekspertiza imkoniyatlaridan foydalanilgan holda, huquqiy oqibat tug‘diruvchi hujjatlarning soxtalashtirilganligi, mazkur hujjatlardagi rekvizitlarning qonuniy usullarda tayyorlanganligi yoki qonunchilikni buzgan holda amalga oshirilganligi kabi faktlarni aniqlashda muhim ahamiayt kasb etmoqda.

A.Tursunov
Markazning Toshkent viloyat bo‘limi eksperti, 3-darajali yurist.