Xo‘jalik sub’ektlarining iqtisodiy faoliyatlarida mavjud bo‘lgan masalalar yechimi faqat maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazida nafaqat kriminalistik sohaga oid, balki iqtisodiy masalalar yuzasidan ham ekspertlik tadqiqotlari o‘tkaziladi.
Sud-iqtisodiy ekspertizasi surishtiruvchi, tergovchi, prokurorlar qarori, hamda sudda ko‘rilayotgan fuqarolik ishlari yoki tergov qilinayotgan jinoyat ishlari bo‘yicha sudning ajrimi, advokat so‘rovnomasi asosida o‘tkaziladi.
Sud-iqtisodiy ekspertiza odil sudlovni ta’minlashda, ayblanuvchining aybini isbotlovchi dalil sifatida qo‘llashda yoki ayblanuvchini himoyasini amalga oshirishda hamda tadbirkorlar va fuqarolarning iqtisodiy nizolarini hal etishda keng miqyosda qo‘llaniladigan vositalardan biri hisoblanadi. Bu uchinchi shaxs-ekspert yordamida iqtisodiy hayotdagi biron-bir hodisa yoki jarayonga nisbatan uning mavjudligi faktini tasdiqlash yoki inkor etish imkonini beradi.
Iqtisodiy ekspertizalar toifasiga taalluqli bo‘lgan sud-soliq ekspertizasi soliq to‘lovchi yoki tekshiruv organi tomonidan soliq ob’ektlarning aniqlanishi soliq mexanizmini tartibga soluvchi belgilangan me’yoriy-huquqiy hujjatlarga ko‘ra asoslanganligi aniqlash bilan bog‘liq bo‘lgan nizoli masalarni hal etishda ilmiy, uslubiy va protsessual jihatdan foydalanish mumkin bo‘lgan vosita hisoblanadi.
Sud-iqtisodiy ekspertizasi ish uchun ahamiyatli bo‘lgan holatlarni aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan iqtisodiy sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat bo‘lgan protsessual harakatdir.[1]
Mazkur maqolada bugungi kunda iqtisodiy sohada yuzaga kelayotgan nizoli masalardan biri bo‘lgan, avtomobil yo‘llarida tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalardan ajratmalar qiymatiga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanishini yoritish bilan bog‘liq.
Ish yuzasidan tadbirkorlik sub’ekti soliq organining yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risidagi huquqbuzarlik haqida yetkazilgan ma’lumot uchun tushgan tushum summasiga xizmatlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma deb e’tirof etilishi va qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanishi to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lib ma’muriy sudga murojaat etgan. Sud bu masalani hal etish uchun maxsus bilimlar talab etilishi sababli, sud-soliq ekspertizasini tayinlash to‘g‘risida ajrim chiqargan.
Qo‘yilgan masala yuzasidan sud-soliq ekspertizasi tadqiqot predmetini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablarini o‘rganishdan boshlanadi.
Qayd etish lozimki, 2021 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari o‘rnatilishini tashkil etish huquqi berilgan[2].
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, PQ-4913-son qaror bilan davlat funksiyalarining ma’lum qismini bajarish huquqi tadbirkorlik sub’ektlariga o‘zaro foyda keltiruvchi iqtisodiy munosabatlarga tayangan aloqalar, ya’ni biznes uchun imkoniyat yaratish maqsadida berilgan bo‘lib, tadbirkorlik sub’ektlariga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalarini xarid qilinishi va o‘rnatilishi tartibi belgilangan. Bunda o‘rnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining «Ma’muriy amaliyot» kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilish ko‘rsatilgan. Buning uchun haq dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun kelib tushgan jarimalardan ajratmalar sifatida belgilangan.
Mazkur holatda Davlat boshqaruvi organlariga ko‘rsatilgan xizmatning haqi miqdori jarimaning qismi sifatida belgilangan bo‘lib, bu haqning summasini aniqlash maqsadida ajratilgan bo‘lsada, ma’lumotlar uzatish haqining to‘lovchisi bevosita jarima summalarini undiruvchi tomon hisoblanadi.
Demak, PQ-4913-son qaror bilan belgilangan tartibga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risidagi qabul qilingan ma’lumotni Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining «Ma’muriy amaliyot» kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilininishi va bu faoliyat uchun kelib tushgan jarima summasidan ajratma sifatida to‘lov amalga oshirilishi belgilangan.
Gap shundaki, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risidagi qabul qilingan ma’lumotni belgilangan tartibda uzatish axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xizmatlar turiga mansub.[3]
Amalda bo‘lgan qonun hujjatlari doirasida o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risidagi qabul qilingan ma’lumotni uzatish AKT sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning bir qismi sifatida qaralishi, chunki u elektron vositalar yordamida ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va uzatish (realizatsiya qilish)ni o‘z ichiga olishi to‘g‘risida xulosa chiqarish mumkin.
Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari joriy etilib, ishga tushirilgan kundan boshlab 2 yil davomida undirilgan jarima summasini 50 foizi tadbirkorlik sub’ekti hisobvarag‘iga o‘tkazilishi joriy etilgan.[4]
Mazkur holatda foto va video dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni yig‘ish va uzatish sifatida ko‘rsatilgan xizmatning haqi miqdori jarimaning qismi sifatida belgilangan bo‘lib, bu haqning summasini aniqlash maqsadida ajratilgan bo‘lsada, ma’lumotlar uzatish haqining to‘lovchisi bevosita jarima summalarini undiruvchi tomon hisoblanadi.
Bevosita jarima summasi qoidabuzar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i ob’ekti bo‘lib hisoblanmaydi. Biroq, jarima summasi davlat organi tomonidan qabul qilingach, ko‘rsatilgan xizmat evaziga tadbirkorlik sub’ektlariga to‘langan haq boshqa iqtisodiy munosabat doirasida amalga oshirilgan. Shunga ko‘ra, ko‘rsatilgan xizmat evaziga to‘langan haq summasi qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq solish ob’ekti hisoblanadi.
Bank hisob raqamiga kelib tushgan pul mablag‘lari, ya’ni haqiqatda amalga oshirilgan realizatsiya qilingan xizmatlar qiymatidan kelib chiqib, tadbirkorlik sub’ektlari har kalendar oy yakuni bilan bir marta umumlashtirilgan holda bir tomonlama elektron hisobvaraq-fakturani shakllantirishi lozim.[5]
Bundan kelib chiqib, yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uzatish xizmati pullik asosda, ya’ni haq evaziga amalga oshirilganligi sababli, soliq solish maqsadida ushbu xizmatlar uchun amalga oshirilgan to‘lov summasi xizmatlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma hisoblanadi hamda kalendar oyning so‘nggi kuni xizmatlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma amalga oshirilgan sana hisoblanadi.[6]
Sud-soliq ekspertizasini o‘tkazish asnosida amaldagi me’yoriy hujjatlar talablarini o‘rganilib, taqdim etilgan ish hujjatlarini belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan ekspert tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasi bo‘yicha soliq organining qarorida amalga oshirilgan xizmatlar aylanmasiga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanishining uslubiy jihatdan asosliligi to‘g‘risida xulosa berilib, ekspertiza tayinlagan organga yuborilgan.
Bugungi kunda, axborot texnologiyalari va internet sohasidagi zamonaviy vositalardan foydalanib, asosiy maqsadi daromad topish hisoblangan tadbirkorlikka oid faoliyat turlari kengayib, ularga sharoit yaratuvchi me’yoriy huquqiy hujjatlar miqyosi kundan kun kengayib bormoqda. O‘z navbatida, amalga oshirilayotgan ishlar yechimi muhim bo‘lgan nizoli masalalarni ham kun tartibiga chiqishiga olib kelmoqda.
Yuzaga kelgan nizoli masalalrni hal etishda iqtisodchi ekspertlarning maxsus bilimlaridan foydalanish imkoniyati Markazning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazida nafaqat ekspertlik xulosalari, balki shartnoma asosida yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlariga ko‘ra mutaxassis fikri berish ham yo‘lga qo‘yilgan. Malakali mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladigan tadqiqotlar natijasi bo‘yicha olingan yozma hujjat murojaatchini qiziqtiruvchi mujmal holatlarga oydinlik kiritishga yordam beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi
Sud-iqtisodiy ekspertizasi bo‘limi bosh eksperti
S.Xalmuxamedova
[1] Ўзбекистон Республикасининг 2010 йил 1 июндаги ЎРҚ-249-сон “Суд экспертизаси тўғрисида”ги қонуни.
[2] Ўзбекистон Республикаси Президентининг 07.12.2020 йилдаги ПҚ-4913-сон “Давлат томонидан тартибга солинадиган соҳаларга хусусий секторни жалб этиш бўйича қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида”ги қарори.
[3] Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 04.09.2023 йилдаги 447-сон “Ахборот-коммуникация технологиялари соҳасидаги хизматлар турлари рўйхатини тасдиқлаш тўғрисида”ги қарори.
[4] Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 21.04.2021 йилдаги 232-сон “Йўл ҳаракати хавфсизлигини таъминлаш соҳасига хусусий секторни жалб этишга доир қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида”ги қарори.
[5] Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 2020 йил
14 августдаги 489-сон қарорига 2-илова “Ҳисобварақ-фактураларнинг шакллари ҳамда уларни тўлдириш, тақдим этиш ва қабул қилиш тартиби тўғрисида”ги низомнинг 3,53-бандлари.
[6] Ўзбекистон Республикаси Солиқ кодексининг 238,239,242-моддалари.