Metallar, qotishmalar va ulardan tayyorlanadigan buyumlar ekspertizasi

Jinoiy ish tafsilotlarini ekspertlarning fizika, metallshunoslik, kriminalistika sohasidagi maxsus bilimlari asosida aniqlash va bunda olinadigan ma’lumotlar metallar, qotishmalar va ulardan tayyorlangan buyumlar ekspertizasining predmetini tashkil etadi.

Metallar, qotishmalar va ulardan tayyorlanadigan buyumlar ekspertizasining ob’ektlari: po‘lat buyumlar va ularning qismlari, asl metallar (oltin,kumush)dan yasalgan buyumlar va qoplamalar, mis, allyumin va ularning qotishmalaridan yasalgan buyumlar, qo‘rg‘oshin, qalay, mis va h.k. buyumlarning metallashgan izlari tushgan mahsulotlardir.

Metallar, qotishmalar va ulardan tayyorlanadigan buyumlar ekspertizasi quyidagi masalalarni hal qilishga qaratilgan:

  1. Diagnostik– buyumlarda metallarni topish va turlarini hamda ularning qanday maqsadlarga mo‘ljallanganligini aniqlash, metalldan yasalgan ob’ektning sifat va miqdoriy belgilarini, kimyoviy tarkibini aniqlash. Bu turdagi vazifalarni bajarishda quyidagi savollarqo‘yilishimumkin:

– ekspertizaga taqdim etilgan ashyoviy dalillarda qanday metall zarrachasi bor?

– gumon qilinayotgan shaxsdan olingan, ekspertizaga taqdim etilgan buyumlar – bosqon, torozi, bolg‘achalarda oltin (yoki jinoiy ish tafsilotiga ko‘ra boshqa metall) bormi?

– jabrlanuvchining yarasidan olingan zarracha metalldanmi, agar shunday bo‘lsa, uning tarkibida qanday metall bor?

– gumon qilinayotgan shaxsning kiyimida metall (masalan, po‘lat) qirindilari bormi?

– ekspertizaga taqdim etilgan metall qanday buyumlar tayyorlashga mo‘ljallangan?

– taqdim etilgan avtomobil qanotining botgan yuzasida mis va xrom bormi?

– metall buyum qancha vaqt ichida zanglagan?

  1. Klassifikatsion– metallar va ulardan tayyorlangan buyumlarning turkumiy (guruhiy) taalluqliligini aniqlash. Bu turdagi vazifalarni bajarishda quyidagi savollarni qo‘yish tavsiya etiladi:

– ayblanuvchidan olingan pichoq qanday po‘lat navidan tayyorlangan?

– ekspertizaga taqdim etilgan buyumlar – tish qoplamasi, bilakuzuk, tumor qanday qotishmalardan tayyorlangan?

– muayyan ob’ektlarni identifikatsiyasi (ya’ni taqqoslab bir xilliligini belgilash) murakkab masaladir. Bu holat xalq xo‘jaligida ko‘p buyumlar standartlashgani va ba’zi bir metall va qotishmalardan tayyorlanadigan buyumlarning keng tarqalganligi bilan bog‘liq. Material tarkibini tekshirish natijalariga qarab, asosan tekshirish ob’ektining solishtirilayotgan namunadan farq qilish (differensiatsiya) masalasi hal qilinadi. Bir xillilik haqidagi xulosalar ko‘pincha taxminiy shakldaberiladi.

  1. Identifikatsion– metallardan tayyorlangan muayyan buyumlarni taqqoslash va ularning ishlab chiqarish manbaini aniqlash, alohida qismlarni bir butunga taalluqligini topish, metall buyumlar o‘zaro aloqada (kontaktda) bo‘lganligini aniqlash. Quyida identifikatsion tafsifga ega bo‘lgan savollar keltirilgan:

– voqea joyidan olingan metall bo‘lagi gumon qilinayotgan shaxsdan olingan pichoqning birqismi bo‘lishi mumkinmi?

– tekshirishga taqdim etilgan tish qoplamalari gumon qilinayotgan shaxsdan olingan qotishmadan yasalgan bo‘lishi mumkinmi?

– gumon qilinayotgan shaxsdan va baza omborxonasidan olingan tom tunukasi bir korxonada ishlab chiqarilganmi?

– gumon qilinayotgan shaxslardan olingan sidirg‘a uzuklar umumiy ishlab chiqarish manbaga egami?

– gumon qilinayotgan shaxsdan olingan yasama pichoq, uning uyidagi po‘lat varaqlaridan yasalganmi?

Metallar, qotishmalar va ulardan tayyorlanadigan buyumlar ekspertizasiga materiallarni tayyorlash. Metall ob’ektlarni ishlab chiqarish usulini (kelib chiqish manbani) aniqlash uchun zarur ma’lumotlarni ishlab chiqarish jarayonida foydalanilgan uskuna va qurilmalarni tekshirish yo‘li bilan olish mumkin. Shuning uchun bunday buyumlar musodara qilinib ekspertga taqdim etilishi kerak. Biror sababga ko‘ra buning iloji bo‘lmaganda, ekspert ixtiyoriga uskunalar va qurilmalar batafsil ta’riflab tuzilgan ularni ko‘zdan kechirish bayonnomasi taqdim etiladi. Ko‘zdan kechirish bayonnomasiga voqea joyining chizmasi va tekshiriladigan buyumlarni ishlab chiqarish jarayonida foydalanilgan uskunalarning fotosuratlari ilova qilinadi.

Ekspert tadqiqotining vazifasiga qarab namunalar (ularning miqdori, turi) tergovchi(sud) tomonidan tanlanadi.

Identifikatsion masala tekshirilayotgan buyumni belgilarining yig‘indisiga asoslanadi, shu tufayli ekspertga namunalar taqdim etilishi kerak va ular haqida batafsil ma’lumotlar berilishi shart. Metallning tashqi ko‘rinishi, kimyoviy tarkibi va strukturasida hodisa natijasida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar ekspertiza tayinlash haqidagi qarorda yoki boshqa hujjatlarda batafsil yoziladi. Sababi, bu o‘zgarishlar muhim, ba’zan hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Ashyoviy dalillar va namunalarni jo‘natishga tayyorlashda, ayniqsa, o‘ta ehtiyotkor bo‘lish va diqqat bilan yondoshish lozim: metall buyumlarning tekshiriladigan yuzalari yoki ular bilan tutashib turgan buyumlar (masalan, taqqoslayotgan mahsulotlar, metall izi bor deb taxmin qilingan kiyimning bir qismi, qipiq) alohida paketlarga joylanadi.