Har qanday davlatning barqaror iqtisodiyoti uni to‘laqonli, ulkan rivojlanishiga va xalq farovonligini ta’minlashga salbiy ta’sir qiluvchi tashqi va ichki faktorlardan erkin va mustaqil bo‘lishga yordam beradigan muhim omildir.
Mamlakatimizda yildan-yilga muhim islohotlarni amalga oshirilishiga, chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni ta’minlanishiga yo‘naltirilgan puxta har tomonlama o‘ylangan dasturlarni amalga oshirishga, xususiy tadbirkorlik va kichik biznes manfaatlarini ishonchli himoyalashga, ayniqsa, Konstitusiyamizda ko‘zda tutilganidek, xususiy mulkdorlikning ustuvor o‘rnini qonunchilikda, me’yoriy-huquqiy va amaliy ta’minlashga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotida davlat ishtirokini kamaytirishga qaratilgan chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda.
Davlat tomonidan xususiy mulkdorlar va tadbirkorlar qonuniy huquqlarini himoya qilishga va kafolatlarini mustahkamlash uchun lozim bo‘lgan barcha choralar qabul qilinmoqda, bunda birinchi darajada sud idoralarining rolini kuchaytirishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Shuningdek, keyingi yillarda ekspertlik faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan bir qancha qonun hujjatlari ham ishlab chiqildi.
Tubdan iqtisodiy islohotlar olib borish va bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy mexanizmlar va ularning faoliyatini nazorat qilish tizimi aniqlik va mukammallikni talab qiladi. Islohotlar amalga oshirilayotgan xalq xo‘jaligi sohalarining ko‘p tarmoqliligi, jinoyatlarni sodir qilish va izlarini yo‘qotish shakl va uslublarining turli-tumanligi ularni fosh etish va tergov qilishni murakkablashtiradi. Shuning uchun iqtisodiy jinoyatlarni fosh etishda maxsus bilimlarni qo‘llash tergov ishining to‘laqonli va xolisonaligini ta’minlaydi. Sud iqtisodiy ekspertizalar iqtisodiy yo‘nalishdagi turli soha bilimlarini birlashtirib, odil sudlovni ta’minlash uchun qo‘llanayotgan ekspert tekshiruvlarining maxsus turidir. Sud iqtisodiy ekspertizasining predmeti ekspert tekshiruvi obyekti va jinoyat sudlovi maqsadida iqtisodiy nazariya va iqtisodiyot sohasidagi maxsus bilimlarni qo‘llash bilan belgilanadi va jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun ahamiyatga ega bo‘lgan faktlardan iborat.
Sud iqtisodiy ekspertizasi orqali jinoyat ishi hujjatlarini tekshirishdan maqsad iqtisodiy jinoyatni kvalifikatsiya qilish uchun asosiy elementini tashkil qiladigan yetkazilgan moddiy zararni aniqlashdir. Hujjatlarning sud iqtisodiy tekshiruvi jinoyat mexanizmini xolisona ochib berishga qaratilgan. Sud iqtisodiy ekspertizasining o‘ziga xos xususiyatlari iqtisodiy axborotni o‘zida qamrab olgan hujjatdagi ma’lumotlar ekspert tekshiruvining obyekti bo‘lganligi bilan belgilanadi. Iqtisodchi ekspertning o‘rganish obyekti sifatida ushbu axborot turli mantiqiy bilimlar va iqtisodiy ko‘rsatkichlar tizimi ko‘rinishida nomoyon bo‘ladi.
Sud iqtisodiy ekspertizasining vazifalari jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar o‘tkazilgan taftish (tekshiruv)da aniqlanmagan xo‘jalik operatsiyalari haqidagi yangi dalil va boshqa ma’lumotlarni, taftish (tekshiruv)da aniqlangan holatlarning to‘g‘riligini, shuningdek shubha uyg‘otgan boshqa faktlarni yig‘ilgan hujjatlar asosida aniqlashdan iborat. Sud iqtisodiy ekspertizasi yechishi kerak bo‘lgan masalalar ro‘yxati keng bo‘lib, uning maqsadi iqtisodiy axborotning ataylab o‘zgartirilishi va buning shart-sharoitini aniqlashda tergov va sudga yordam berishdan iborat.
Har qanday sud iqtisodiy ekspertizasining ilmiy va uslubiy asosini nafaqat alohida olingan maxsus iqtisodiy fanlar, balki ixtisoslashtirilgan turli tarmoqlararo iqtisodiy, shuningdek “noreal” iqtisodiyotni o‘rganish maqsadida integratsiyalangan va takomillashtirilgan boshqa fanlarga oid bilimlar tashkil qiladi. Sud iqtisodiy ekspertizasining masalalari aniqlik kiritilishi kerak bo‘lgan bo‘lgan xo‘jalik operatsiyalari, boshqa iqtisodiy ko‘rsatkich va moddiy boyliklarning muayan nomlarini qamrab oladi. Bozor munosabatlari shakllanishi sharoitida huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkaziladigan iqtisodiy ekspertizalarning turlari sezilarli darajada ko‘paydi. Jumladan soliq, bank, xususiy tadbirkorlik va iqtisodiyotning boshqa sohalarida sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha ekspert tekshiruvini talabi kuchaydi. Isbotlashning yangi turi sifatida sud iqtisodiy ekspertizasining roli rasmiy yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlardagi qalbaki ma’lumotlarni fosh etish imkoni bilan belgilanadi.
Iqtisodiyot sohasidagi sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar, bozor tizimiga kirib borish tergov va sud amaliyotida iqtisodiy ekspertizaning barcha turlariga, ya’ni: sud-buxgalteriya, sud-moliya-kredit, sud-mehnat iqtisodiy, sud-rejali iqtisodiy, sud-iqtisodiy-statistik, tashqi savdo faoliyatining sud iqtisodiy ekspertizasi, sud soliq ekspertizasi va boshqa ekspertizalarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishni taqozo etadi. Korxonani to‘g‘ri moliyalashtirish, olingan daromad miqdorini, soliq bazasini, iqtisodiy rag‘barlantirish fondini shakllantirish, mehnat haqi me’yorlarini asosli qo‘llash, iqtisodiy ko‘rsatkichlarning hisobotda aks etishi kabi masalalarga aniqlik kiritish uchun ushbu iqtisodiy ekspertiza turlarining tizimi qo‘llaniladi.
Sud iqtisodiy ekspertizalarini turlarga bo‘lish ularning predmeti, obyekti va vazifalarini aniqlashga imkon beradi, ekspertiza turlari va tasnifini ya’ni muayan turi va xillarini aniqlashda dastlabki bosqich vazifasini o‘taydi. Masalan iqtisodiy ekspertiza xillari reja-iqtisodiy, moliya-kredit ekspertizasi, mehnat iqtisodiy ekspertizasi, iqtisodiy statistika ekspertizasi neft, kimyo va sanoatning boshqa tarmoqlaridagi ekspertizalardan iborat, sanoatda iqtisodiy ekspertizalarning xillari o‘z o‘rnida quyidagilardan, ya’ni, sanoatda reja iqtisodiy ekspertizasi, sanoatda moliya-kredit ekspertizasi, sanoatda iqtisodiy-statistik ekspertiza, sanoatda buxgalteriya ekspertizalaridan iborat.
Taqdim etilgan iqtisodiy ekspertizalarning tasnifi iqtisodiy bilimlarni iqtisodiyot sohasida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashishda samarali qo‘llashning garovidir. Ushbu tasnif tufayli tergovchi va sudyalar har-bir turdagi iqtisodiy ekspertizaning imkoniyalarini chuqurroq anglab, ularni amaliy ishlarida qo‘llashi mumkin. Bundan tashqari tasnif har bir turdagi iqtisodiy ekspertizaning uslubi va taktikasini ishlab chiqishda kerak bo‘ladi. U ekspertizaga yuborilayotgan hujjatlarning ro‘yxatini aniqlash uchun ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Sud iqtisodiy ekspertizasini turlarga bo‘linishi har bir sohaning o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlaridan kelib chiqqan xolda tadqiq qilinadi.
Jumladan, sud-buxgalteriya ekspertizasi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning buxgalteriya hujjatlaridagi hisob-kitob jarayonlarini tahlil qilish, davlat, jamoat mulki talon taroj qilinganligi va boshqa xo‘jalik mansab jinoyatlarini ochish kabi holatlarga ehtiyoj tug‘ilganda o‘tkaziladi.
Sud moliya-kredit ekspertizasi pul mablag‘lari fondlarining shakllanishi va sarflanishi, kredit mablag‘lari taqsimlanishining asosliligini aks ettirgan, ya’ni moliya kredit jarayonlarini o‘zida aks ettirgan hujjatlarni tadqiq qilish hamda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarlik holatlarini aniqlashdan iborat bo‘ladi.
Sud rejali iqtisodiy ekspertiza iqtisodiyot sohasidagi jinoyat ishlarini tergov qilishda rejali iqtisodiy ko‘rsatkichlar va shartnoma majburiyatlarining asosli bajarilganligini aniqlash soliq va boshqa ko‘rsatkichlarning miqdori bilan bog‘liq iqtisodiy ko‘rsatkichlarning bajarilishi haqidagi hisobotni buzib ko‘rsatish va shartnoma majburiyatlari bajarilmaganda moliyaviy xo‘jalik faoliyatiga tegishli ma’lumotlarni hujjatlarida noto‘g‘ri aks ettirish natijasida moddiy zarar yetkazilgan holatlarni aniqlashdan iborat bo‘ladi.
Sud mehnat iqtisodiyoti ekspertizasi ish haqi fondlarining me’yoridan ortiqcha sarflanishi, mehnat resurslaridan samarasiz foydalanishga oid dalillarni aniqlashda huquqni muhofaza qilish idora xodimlari tomonidan mehnat iqtisodi ekspertizasidan foydalanishni taqazo etadi. Mehnat iqtisodiyoti ekspertizasi mehnat va ish haqi to‘lovlari hujjatlaridagi ish haqini to‘lash, ularni hisobotlarda to‘g‘ri aks etishi, mehnat va ish haqini rejalashtirishdagi qoidabuzilish holatlarini aniqlash hisoblanadi.
Sud iqtisodiy statistik ekspertizasi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni bajarish bo‘yicha hisobotlarni tuzishdagi statistik uslublar va statistik hisobotlarni tuzishdagi qoidabuzilish holatlarini aniqlashdan iborat bo‘ladi.
Tashqi savdo faoliyatining sud iqtisodiy ekspertizasi tashqi savdo shartnomasining amaldagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, xalqaro huquq normalariga eksport (import) qilinayotgan tovarlarning raqobatbardoshligi, shartnoma summasi, ushbu tovarga O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan ta’rifi, huquqiy holatini tekshirish moliyaviy-iqtisodiy holatni chet el hamkorlarining komissiyaviy salohiyatini asosiyligini aniqlash va eksport huquqiy baholashni o‘z ichiga olgan tadiqotlardan iborat bo‘ladi. Shuning uchun iqtisodiy jinoyatlarni fosh etishda iqtisodiyot sohasidagi maxsus bilimlarni qo‘llash aniqlik kiritilishi lozim bo‘lgan fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va jinoyat ishlarini to‘laqonli va xolisona o‘tkazilishini ta’minlaydi.
G‘ofurjonov Axadjon Xamidjon o‘g‘li
X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti yetakchi ilmiy xodimi,
2-darajali yurist