DNK tahlili jarayonida nizoli qarindoshlikni aniqlash masalalarini hal etishda X-xromosoma markerini qo‘llashning ahamiyati

DNK tahlili jarayonida nizoli qarindoshlikni aniqlash masalalarini hal etishda  X-xromosoma markerini  qo‘llashning ahamiyati

                 Hozirgi vaqtda qarindoshlilikni hamda shaxsni aniqlash masalalarini  hal etishda DNK tahlilidek  ishonchli va aniqroq uslub mavjud emas. Yaqin yillargacha ham fuqarolik sudlari tomonidan nizoli otalik masalalarini hal etish uchun guvohlarning ko‘rsatmalari, turli hujjatlar, tavsifnomalar va hokazolarni taqdim etish talab qilinsada, bularning barchasi odil sudlovni ta’minlay olmas edi. Ko‘pgina hollarda masala sudlashayotgan tomonlarning bir-biriga nisbatan bo‘htonlar tarqatishga ham taqalar edi. Buning oqibatida esa, ba’zan sud ajrimlariga binoan bepusht erkaklar bolaning biologik otasi deb tan olinar edi.  DNK ekspertizasi shu turdagi xatoliklarni butunlay bartaraf etish imkoniyatiga ega. Genetik tadqiqotlar (DNK ekspertizasi) sud ajrimlari asosida, shuningdek shaxsiy sirlarni tarqatmaslikka rioya qilgan holda shaxslarning murojaati asosida o‘tkaziladi.

              DNK tahlili bir necha bosqichni o‘z ichiga oladigan murakkab jarayondir. Bu tahlilning negizida Nobel mukofoti laureati Myullisning PZR (polimera zanjir reaksiyasi) deb nomlangan molekulyar-genetik uslubi yotadi. Hozirgi kunda bu uslub jinoyat sodir etilgan joyda aniqlangan biologik izlarni, shaxsi noma’lum jasadlarni va yaqin qarindoshlikni aniqlashga asoslangan gen daktilosokpiyasida asosiy uslub deb hisoblanadi. Bu turdagi tahlil zamonaviy texnik uskuna va murakkab kompyuter dasturlarni bosqichma-bosqich qo‘llash orqali o‘tkaziladi. Birlamchi bosqichda kimyoviy unsurlar  va murakkab texnik vositalar yordamida  DNK  ajratib olinadi, oqsil va yot moddalardan tozalanadi, sifat miqdori aniqlanadi. Ikkilamchi bosqichda har bir odamning o‘ziga xos bo‘lgan gen uchastkalari million nusxagacha polimeraza zanjir reaksiyasi uslubini qo‘llagan holda ko‘paytirib olinadi. Uchinchi bosqichda maxsus biokimyoviy uslub va kompyuter dasturi yordamida tekshirilayotgan shaxsning avval spektrlar ko‘rinishidagi, so‘ngra son ko‘rinishidagi genetik pasporti – genotipi aniqlanadi. To‘rtinchi bosqichda solishtirma qiyosiy tahlil o‘tkaziladi va bunda tahmin etilayotgan qarindoshlarning genotiplari solishtitriladi.

              2023-yilgacha X.Sulaymonova nomidagi RSEMning Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi amaliyotda qarindoshlikni sud molekulyar-genetik usullar orqali aniqlashda  yadro DNKsi, Y-xromosoma, mitoxondrial DNK markerlarini qo‘llanilib kelingan.

Joriy yildan boshlab laboratoriyada X-xromosomada joylashgan polimorf mikrosatellit lokuslarni tadqiqotlari  bo’yicha ekspert xulosalar berilishi boshlandi.  X-xromosoma markeri yadro(autosomal) STR va mitoxondrial DNK(mtDNK) markerlari informativ boʻlmagan hollarda qoʻshimcha vosita sifatida  murakkab biologik qarindoshlik tahlillarining bahsli natijalariga oydinlik kiritishga yordam berishi mumkin. Masalan, X-xromosoma markeri tadqiqotlari yordamida biologik ota yoki ona vafot etgan hollarda da’vogarning shu ota(ona)dan tug‘ilganlikni belgilash, meros belgilash, tug‘ilganlik guvohnomalariga o‘zgartirish kiritish maqsadida, yoxud balog‘at yoshiga yetmagan qizlarning farzand ko‘rishi bo‘yicha gumonlanuvchi ota qidiruvda bo‘lgan holatda gumon qilinayotgan shaxsning ota-onasi orqali qarindoshlikni aniqlash, yoxud ilgari boshqa shu turdagi laboratoriyalarda o‘tkazilgan tadqiqotlarga aniqlik kiritish mumkin bo‘ladi.

X-xromosoma bo‘yicha tahlil shunigdek bola va ota genotiplarida uchta gen bo‘yicha nomutanosiblik(mutasiyaga uchgan genlar) kuzatilganda qat‘iy xulosaga kelishga yordam beradi. Buvi va nabira munosabatlari va boshqa avlod qarindoshlik identifikatsiyasi, aka-uka va opa-singil munosabatlarini aniqlash kabi maxsus qarindoshlikni aniqlash uchun shu jumladan bir ota va har xil onadan tug‘ilgan o‘gay aka(uka)-opa(singil)lar orasida qarindoshlikni hal qilishda beqiyosdir.

DNK tahlili orqali qarindoshlikni aniqlashning ilmiy asosiga, ya’ni  ayol va erkak jinsiy hujayralar(urug‘ hujayra va tuxum hujayra) genetik materiallarning o‘zaro birlashish hodisasi yuz berishi(urug‘lanish) va homila (bola)ning autosom va jinsiy xromosomalar jufti tiklanishi tushuniladi. Bu har bir odamning yadro DNKsi 50 foizi ota va 50 foizi ona yadro DNKsidan tashkil etganligidan dalolat beradi. Ushbu qonuniyatga tayangan holda qarindoshlikni aniqlashda yadro DNK markeri bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi va qarindoshlik masalalarini  hal qilish mumkin bo‘ladi. Ma’lumki, odam somatik(tana) hujayralarida xromosomalar soni 46 taga va jinsiy hujayralarda xromosomalar soni 23 taga teng bo‘ladi. Ushbu jinsiy xromosomalar odam genetik jinsini belgilab, normal erkak genetik jinsdagi shaxslarda XY va normal ayol genetik jinsdagi shaxslarda XX koʻrinishida uchraydi. Maʼlumki Y-xromosoma faqat ota avlod boʻyicha irsiylansa, X-xromosoma ham ota ham ona avlod orqali farzandlarga oʻtishi mumkin.  Agar tugʻilgan farzand qiz boʻlsa, bu holda uning XX kombinatsiyasidagi bitta X otadan ikkinchi X esa onadan irsiylangan boʻladi. Ayollarda bu ikki xromosoma oʻrtasida yuzaga keladigan genetik rekombinatsiya hodisalari tufayli onadan uning avlodiga oʻtadigan maʼlumotlar biroz yoki katta farq qilishi mumkin. Agarda tugʻilgan farzand erkak jinsida boʻlsa, bu holatda XY kombinatsiyasida X-onadan Y-otadan irsiylangan boʻladi. Bu holat umumiy biologik otasi bir boʻlgan opa-singillar bir xil
X-xromosomaga ega boʻlishini bildiradi. Odatda erkaklarda faqat bitta X xromosoma bo’lganligi sababli, bu xromosomada lokalizatsiya qilingan barcha belgilar gomozigota holatida aks ettiriladi, ya’ni erkaklarda har bir bunday lokusda faqat bitta allel varianti mavjud.

Ayollarda X xromosoma juflikdan iborat bo‘lganligi bois,  aniqlangan genetik profildagi allel variantlar geterozigota yoki gomozigota holatida aks ettiriladi, ya’ni ayollarda har ikkita yoki bitta allel varianti mavjud.

Bu X va autosomal belgilar o’rtasidagi asosiy farqdir. Shunga ko’ra, X xromosomasining lokusi bo’yicha o’tkazilgan nizoli otalikning molekulyar-genetik tekshiruvlari natijalarini talqin qilish otalik indeksini hisoblash uchun tegishli to’g’ri formulalarni asoslashni talab qiladi. Bugungi kunga kelib, X-markerlarini o‘z ichiga olgan bir qator tijorat to’plamlari ishlab chiqilgan, validatsiyadan o‘tkazilgan va  DNK tahlili uchun muvaffaqiyatli qo‘llanilib kelinmoqda. Xususan, “Microreader 19X ID Direct System”(XXR), “Investigator Argus X-12 QS Kit”(GFR) enzimatik  amplifikatsion sistemalarini misol qilib keltirsak bo‘ladi. Hozirgi vaqtda laboratoriyada olib boriladigan tekshiruvlar doirasini kengaytirish maqsadida xarid etilgan “Microreader 19X ID Direct System” texnik manuali bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Unga ko‘ra Microreader™ 19X Direct ID tizimi yangi ishlab chiqilgan multipleks PCR to’plami bo’lib, u 19 ta
X-xromosoma STR lokuslarini (DXS6795, DXS9907, DXS6803, GATA172D05, DXS6807, GATA31E08, DXS6807, GATA31E08, DXS1908, DXS1902S, DXS7133, DXS6800, DXS981, DXS10162, DXS6809, DXS10135, HPRTB, GATA165B12, DXS10079) aniqlay oladi. Boshqa X-STR multipleks PCR to‘plamlaridan farqli o’laroq, ushbu tizimga hech qanday bog‘lanish guruhlari kiritilmagan, shuning uchun ehtimollik nisbatlarini bog‘lanish guruhlarini hisobga olmasdan hisoblash mumkin. X-xromosoma boʻyicha tafovut kuzatilganda biologik qarindoshlikni toʻliq inkor qilinadi. Tafovut kuzatilmagan holda esa qarindoshlik indeksi va ehtimollik darajasi  hisoblanadi.

RSEMning Odam DNKsi sud biologik

ekspertizasi laboratoriyasi bosh eksperti                                                                                                             D.Axmedova 

 

RSEMning Farg‘ona viloyati Odam DNKsi

sud biologik  ekspertizasi laboratoriyasi eksperti                                                                                              M.B.Nosirova

Skip to content