Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun turar-joy binolari va yer uchastkalarini olib qo‘yilishida ularni qiymatlarini aniqlash.

Uy-joy inson hayotining uzviy va ajralmas bir qismi bo‘lganligi bois uy-joyga oid qonun hujjatlari normalarini sud amaliyotida to‘g‘ri qo‘llash, uy-joy bilan bog‘liq nizolarni qonuniy va adolatli hal etilishini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarining sud orqali ishonchli himoya qilinishini ta’minlash, uy-joy huquqi sohasida odil sudlov samaradorligini oshirish hamda amaliyotda kelib chiqayotgan muammolarni bartaraf etish ayniqsa muhim.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida turar joyga oid munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Uy-joy kodeksi, “Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 1 martdagi 114-sonli “O‘zbekiston Respublikasida davlat uy-joy fondini xususiylashtirishni davom ettirish to‘g‘risida” qarori, 1994 yil 4 apreldagi 180-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xususiylashtirilgan kvartiralar (kvartiralarning bir qismi), uylar (uylarning bir qismi)ni boshqalarga berish va meros qilib qoldirishda mulkchilik huquqining o‘tishi haqidagi shartnomalarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom, “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi uy-joy fondini xususiylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomlar va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Ularga asosan uy-joyga nisbatan mulk huquqi quyidagilar natijasida vujudga keladi:

yakka tartibda uy-joy qurish; yakka tartibda quruvchilarning shirkatlari tomonidan uy-joy qurish; uy-joy obligatsiyalarini olish; uy-joy qurish va uy-joy kooperativlarida ishtirok etish; oldi-sotdi, hadya va ayirboshlash; umrbod ta’minlash sharti bilan uyni (kvartirani) boshqa shaxsga berish; meros olish; xususiylashtirish.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida turar joyni erkin tanlash, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, xususiy mulkning, jumladan turar joyi daxlsizligi va davlat himoyasida ekanligi kabi huquqlari kafolatlab qo‘yilgan.

har kim o‘zida mavjud bo‘lgan turar joyga nisbatan egalik qilish huquqiga ega;

har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega;

uy-joyga bo‘lgan huquqdan o‘zboshimchalik bilan mahrum etilishi mumkin emas;

uy-joyga bo‘lgan huquqni ta’minlash davlatning majburiyatlari tarkibiga kiradi;

turli uy-joy fondlari amal qiladi;

ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan fuqarolarning uy-joy huquqini qo‘llab-quvvatlash va ularga bepul yoki tegishli haq evaziga imtiyozli asosda turar joy berish amalga oshiriladi.

Fuqarolar va yuridik shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkalari, uylar (kvartiralar) davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5495-son Farmoniga muvofiq:

davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishga faqat yer uchastkasi olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo‘l qo‘yilishi;

yer uchastkalarini olib qo‘yishda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat berilishi;

fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat organi (mansabdor shaxs)ning noqonuniy ma’muriy hujjati qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda, tegishli organlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanishi, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinishi belgilab qo‘yilgan.

Bugungi kunda fan va texnikaning zamonaviy yutuqlaridan keng foydalanmasdan turib odil sudlovni ta’minlovchi idoralarning samarali faoliyatini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ushbu yutuqlarni qonunni muhofaza qilish faoliyatiga tadbiq qilish shakllari turlicha bo‘lib, ularning umumiy mazmunini ish uchun ahamiyatli bo‘lgan faktni aniqlash uchun maxsus bilimlardan foydalanish tashkil etadi.

Fuqarolik sudlari faoliyatida ilmiy va texnika yutuqlarini tadbiq etishning asosiy shaklini tashkil qilgan sud ekspertiza sudni inkor etib bo‘lmaydigan dalillar bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Farg‘ona viloyat bo‘limida sudga oid qurilish texnikaviy ekspertizasini o‘tkazish tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.07.2021 yildagi PF-6256-sonli Farmoniga asosan 2021 yil 1 sentabrdan boshlab davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga ko‘ra shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq, sud ekspertizasi turlari bo‘yicha mutaxassis fikrlari berilishiga ruxsat etildi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkalari, uylar davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi yoki buzilishga tushgan hollarda, fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan bino-inshootlarni baholash bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi Markaziga yoki viloyat bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.

Amaliyotda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bino-inshootlari buzilib, ma’lum bir vaqt o‘tganidan so‘ng baholab berish masalasidagi murojaatlarini hal etilishida, ba’zi bir muammolar uchramoqda. Ya’ni, fuqarolarni buzilib ketgan binolarini kadastr hujjatlarida binoni buzilishidan oldingi texnik xolati bo‘yicha ma’lumotlar aks ettirilmagan xollari uchramoqda.

Buzilib ketgan binolarni buzilishidan oldingi texnik xolati bo‘yicha tuzilgan kadastr hujjatlarida ularning to‘liq konstruktiv tuzilishlari va eskirish darajalari ko‘rsatilgan hollardagina, ularni bozor qiymatlarini kadastr hujjatlari asosida aniqlash mumkin bo‘ladi.

Mutaxassislar bino-inshootlarni baholashi uchun ularni konstruktiv tuzilishlarini, ya’ni qanday qurilish konstruksiya, materiallardan qurilganligini va eskirish darajalarini ko‘zdan kechirgan holda o‘rganishi lozim bo‘ladi.

Hozirgi kunda X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi Markazi va uning viloyat bo‘limlari ekspertlari tomonidan davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi yoki buzilishga tushgan bino-inshootlarni ko‘zdan kechirgan holda, ya’ni bino buzilmasidan oldin baholanmoqda.

Bino-inshootlarni buzilishidan oldin qiymatlarini aniqlanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

 

 RSEMning Farg‘ona viloyat bo‘limi

                                    yetakchi eksperti:      

                                                           X.O.Madraximov.

Skip to content