Giyohvandlik vositalarining tibbiy va ijtimoiy oqibatlari

Giyoxvandlik vositalari bilan muomalada bo‘lish, ularni is’temol qilish shaxsni jamiyatdan ajratadi. Uning insoniy qiyofasini yo‘qotishga olib keladi. Bu esa turli hil jinoyatlarni sodir qilishga zamin yaratadi. Ayniqsa voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilinayotgan giyohvandlik vositalarini olish-sotish, ularni iste’mol qilish hollari bugungi kunda ko‘plab uchrab turibdi.

Giyoxvand, giyohvandlik moddalarini iste’mol qilish oqibatida atrofdagilarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va u odamiylik qiyofasini yo‘qotadi. U giyohvandlik moddasining yangi qismiga pul topish uchun boshqa bir jinoyatni sodir qiladi, ya’ni e’tiborsiz qolgan jinoyat ketidan yangi bir jinoyat vujudga keladi. Kichik jinoyat o‘rnini kattaroq jinoyat egallaydi. Lekin ta’kidlab o‘tish joizki, voyaga yetmaganlar tomonidan giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni oldini olish borasida muhim choralar ko‘rilmoqda. Bugungi kunda yoshlar tomonidan giyohvandlik va psixotrop moddalarni iste’mol qilishga qarshi kurash ularning oldini olish choralari asosiy mezon bo‘lmog‘i lozim. Bu masalada biz asosiy e’tiborimizni profilaktik, ya’ni giyohvandlik vositalarini iste’mol qilishga qarshi kurashish choralariga qaratishimiz kerak. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlarga karshi kurashish, nafaqat vakolatli davlat organlarining, balki barcha fuqarolarning burchi bo‘lishini taqozo etadi.

Giyohvandlikka qarshi kurash borasida tegishli tadbir, choralar ko‘rilib, sezilarli natijalarga erishilganligiga qaramasdan bu muammo hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda.Giyohvandlik vositalari bilan noqonuniy hatti-xarakatlarni sodir qilish bilan birgalikda, giyohvandlar soni ham ortib bormokda. Buni bartaraf qilish uchun “Giyoxvandlar ro‘yxatida turuvchi shaxslar uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik belgilanishi zarur.

Ijtimoiy xavfli va jazoga sazovor bo‘lgan harakatlarda boshqa shaxslarni giyohvandlik vositalarni iste’mol qilishga jalb qilish, giyohvandlik vositalari bilan turli oldi-sotdi qilishga jalb qilish uchun ham jinoiy javobgarlikni mustahkamlab qo‘yish lozimdir. Chunki, ana shunday ijtimoiy xavfli jinoyatlarga ko‘proq voyaga yetmaganlarni jalb qilishadi. Oxir oqibat esa uning orqasidan zo‘rlik ishlatish bilan g‘arazli jinoyatlar kelib chiqadi. Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilinishi achinarli holdir, chunki davlatimizning kelajagi sog‘lom barkamol, har tomonlama yetuk yoshlar qo‘lidadir.

Giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish oqibatida kelib chiqadigan salbiy xodisalarga qarshi kurashishda huquqni muxofaza qiluvchi organlar tomonidan olib boriladigan choralar yetarli emas. Agar jamoatchilik bu ijtimoiy illatga qarshi qo‘tarilmas ekan, huquqni muxofaza qiluvchi organlarning sayi harakati bilan kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi.

Giyohvandlik jamiyatdagi eng xavfli illatlardan biri bo‘lib hech bir jamiyat bu illat bilan kelisha olmaydi, hamda rivojlanmaydi. Narkotik moddalarni iste’mol qilish avvalambor inson avlodiga salbiy ta’sir etadi. Narkotik vosita jinsiy hujayralar rivojlanadigan bezlarga tushib urug‘ni zaharlaydi. Bu zaharlash, eng avvalo homilaning nerv sistemasini rivojlantiradigan hujayralariga ta’sir qiladi, buning oqibatida xomilaning nerv sistemasi ishdan chiqadi. Bolaning aqliy rivojlanishi orqada qolib ketishi, tutqanoq bilan kasallanishi, miya kasalligi, kasalmand, ruhiy ojizlik va boshqa bir qator kasalliklar bilan tug‘ilishi mumkin.

Insonning aqliy-irodaviy faoliyatiga ta’sir etadigan giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilishga jalb etish eng xavfli ijtimoiy illatlardan biridir. Chunki bu vositalarni tarqatganda buning natijasida ularni iste’mol qiluvchilar soni ko‘payadi, ularning irodasi susayadi, ularni olish sotish bilan shug‘ullanadigan shaxslarning soni ko‘payadi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, giyoxvandlik ijtimoiy xavfli illat sifatida asrimiz vabosi hisoblanadi. Uni tag tomiri bilan sug‘urib tashlash uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rish lozimdir. Bu esa o‘z navbatida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olgan bo‘lar edi.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi xodimlari:
R.Axmedova, I.Parpixo‘jaev

Skip to content