Zamonaviy ijtimoiy-ilmiy muhitda demokratik tamoyillarga asoslangan boshqaruv tizimi XX asrda Markaziy Osiyo hayotiga sovet tuzimidan keyingi davrda glaballashuvning natijasida kirib keldi, degan tasavvur mavjud. Ushbu qarash ayniqsa Fukuyamaning “Tarixning tugatilishi” maqolasida butun dunyoda yevroatlantik jamiyat boshqaruv tamoyillari dunyoning barcha qit’alarida qabul qilinishi kerak degan qarashda konsepsiya sifatida o‘z ifodasini topgan. Insoniyat jamiyatlari qaysi shaklda va qay davrda mavjud bo‘lganidan qat’iy nazar o‘zining mavjudlik va saqlanib qolish mezonlarini adolat tamoyillarida ko‘rgan va demokratik aqidalar sekin asta tizimlasha boshlagan.
Ushbu mavzuga oid ilmiy tadqiqotlar XX-XXI asr yurisprudensiya va islomshunoslik, sotsialantropologiya sohalarining qizg‘in mavzusiga aylandi. Islom huquqshunosligining nazariyotchilaridan biri L.R.Syukiyaynen islom huquqi tadqiqotlarining geografik qamrovini sovet davri tadqiqotchilari, G‘arb va Yaqin Sharq tadqiqotchilari ilmiy ishlari guruhiga bo‘ladi[1]. Har bir davr va har bir hudud tadqiqotlarida o‘z davrining qiziqishlari va manfaatlari, aks etganini ko‘ramiz. Mazkur maqola Markaziy Osiyo XXI asrda sivilizatsion dunyoga integrallashib, zamonaviy demokratik jarayonlarni o‘z tajribasidan o‘tkazayotgan bir davrda uning tarixidagi huquqiy jarayonlar, xususan, islom fikhi rivoji qanday kechganini sistema sifatida oydinlashtirishga qaratilgan. Xususan, ushbu ishda tarixiy nuqtai nazardan, Movaraunnahrda islom demokratiyasining asosi bo‘lgan fikh tizimi xususiyatlari va uning taraqqiyot bosqichi haqida fikr yuritamiz.
Movarounnahrda davlat va huquqning, shu bilan birga huquqiy ta’limning paydo bo‘lishi va taraqqiyoti ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladiki, bu haqda zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”da ba’zi ma’lumotlar uchraydi. O‘rta Osiyoning arablar tomonidan istilo qilinishi arafasida qonunchilikning rivojlanganligi, So‘g‘dda maxsus sud notarial mahkamalarining mavjud bo‘lganligi haqida topilgan So‘g‘d xujjatlari ham bu xududda o‘ziga xos huquq maktablari yaratilganligi, ularning an’analari avloddan-avlodga o‘tib kelayotganligini ko‘rsatadi.
O‘rta asrlarda O‘rta Osiyoning arablar tomonidan bosib olinishi va ushbu xudud xalqlari tomonidan islom dinining qabul qilinishi natijasida VIII-XII asrlarda Movaraunnahr diniy ilmlar markaziga aylandi.
Islomning nazariy – huquqiy asoslari ilk islom davridan keyingi davrlarda shakllana boshladi. Bu paytga kelib islom dini o‘z atrofiga arab bo‘lmagan xalqlarni ham birlashtirishga ulgurgan edi. Shu tufayli diniy – huquqiy ta’limotning yaratilishida islomni qabul qilgan turli millat va irq vakillarining manfaatlarini ham hisobga olish lozim edi.
Fiqh – islom huquqshunosligi sohasi sifatida VIII-X asrlarda shakllandi va uning metodologiyasi vujudga keldi. Fiqh ilmi mustaqil huquqshunoslik sohasi sifatida rivojlana borib, ijtimoiy hayotning barcha jabhalariga oid bo‘lgan masalalarni qamrab olgan: iymon asoslari, aqida talablari, inson turmush tarziga xos bo‘lgan muomala, ahloq, ibodat qonun qoidalari. Bu jarayon ikki yarim asr davom etib, islom huquqshunosligining shakllanishida “oltin asr” deb nomlandi.
Bu davrda islom dinining turli o‘lkalarga kirib borishi va u yerlarda turli din va mahalliy urf-odatlar bilan to‘qnashishi natijasida islom huquqshunosligi sohasida ko‘plab mazhablar yuzaga keldi. Fiqh ilmi musulmon huquqshunosligi va shariat qonun-qoidalari ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi soha bo‘lgani uchun, u diniy ilmlar qatoriga kiritilgan. Fiqh bilan shug‘ullanuvchi, uni o‘rganuvchi kishi faqih – huquqshunos deb atalgan.
Huquqiy masalalarni yechishda asosiy manba sifatida dastlab “Qur’on” va sunnat, ya’ni payg‘ambar hadislari xizmat qildi.
Fiqh ilmining rivojiga Movarounnahr diyoridan yetishib chiqqan olimlar juda katta xissa qo‘shganlar. Chunonchi, musulmon dunyosida katta shuhrat qozongan Abu Mansur Moturidiy (vafoti 945 yil), Abu Lays as-Samarqandiy (vafoti 983 yil), Faxr al-islom al-Pazdaviy (vafoti 1089 yil), Alouddin as-Samarqandiy (vafoti 1145 yil), Burhonuddin Marg‘inoniy(1123-1197)larning bu boradagi xizmatlari nihoyatda ulkan bo‘lgan. Movarounnahrda fiqhning hanafiya mazhabi ustuvor bo‘lganligining sababi, bir tomondan, IX asrda bu yerda mahalliy fiqh maktabi shaklllanishida mazhab asoschisining safdoshi va shogirdi imom Muhammad ash-Shayboniyning shogirdi Ahmad ibn Hafs Abu Hafs al-Buxoriy (vaf. 216/832) ning xizmatlari bo‘lsa, ikkinchidan mazkur mazhabning me’zon va tamoyillari mahalliy shart-sharoitlarga ko‘proq mos kelganligi edi. Bundan tashqari mahalliy fiqh maktabining shakllanishiga Balxdagi yirik hanafiylik markazining ham ta’siri katta bo‘ldi.
Mazkur fiqh maktabining vujudga kelishi xronologik jihatdan Somoniylar hukumronligi davriga (819-1015) to‘g‘ri keladi. Ayni shu davrda Balx bilan Movarounnahr o‘rtasidagi mustahkam madaniy aloqalar rivojlangan edi. Shuning uchun mahalliy fiqh maktabi shakllangan dastlabki davrlarda unda Balx, Bag‘dod va boshqa hanafiya mazhabi markazlarining ta’siri sezilib turdi. Zero, Turkistonlik ulamolar dastlab Bag‘dod va xalifalikning boshqa shaharlarida ta’lim olishar, o‘rgangan ilmlarini dars berish yoki asarlar yozish orqali keyingi avlodga yetkazar edilar.
Qoraxoniylar davrida (999-1211) fiqh ilmi Movarounnahrda yuksaklikka erishdi. Endi faqihlar jamiyat hayotida muhim o‘rin tuta boshladilar. Chunki ular mamlakatdagi o‘zgarishlarni islom dini talablariga mos kelishi yoki kelmasligi xususida fikr bildira oladigan yagona toifa kishilar edi. Ular ko‘pincha shahar aholisining o‘rta tabaqasiga mansub kishilar bo‘lib, albatta, xalq ommasining muammolari, tashvish va quvonchlaridan yaxshi xabardor edilar. Shu sabab aholi turli masalalar bo‘yicha o‘zlari yashab turgan joydagi faqihga murojaat qilardi.
Odatda, faqihlar o‘z ilmining mukammal sohiblari bo‘lib, ularning yuksak malakalariga asoslanib chiqargan hukmlari yozib olingan va bu hukmlar fatvo maqomiga ega bo‘lgan. Shunisi diqqatga sazovorki, faqihlar faoliyati mahalliy ma’muriyatga bo‘ysunmas edi, shu bois, ular tomonidan qabul qilingan qaror hamda fatvolar har doim ham mahalliy ma’murlarga ma’qul bo‘lavermas va xatto, ular ba’zan faqihlarga tazyiq o‘tkazishga ham urinar edilar. Tabiiyki, bu holat faqihlarning xalq orasidagi mavqeini yanada oshirar edi. Bu dalillar faqihlarning fatvolari o‘sha davrda yetarlicha kuchga ega bo‘lganligidan guvohlik beradi.
Qoraxoniylar davrida Movarounnahrda qator yirik fiqh olimlari yashab ijod etgan bo‘lib, ular mahalliy urf-odatlar va huquqiy mezonlar ichidan hanafiya mazhabi talablariga muvofiq keladiganini ajratganlar va yozma fatvolarida aks ettirganlar. Ular sirasiga Shamsulaimma Xalvoniy, Shamsulaimma as-Saraxsiy (vaf. 490/1097), Faxrulislom al-Bazdaviy (vaf. 569/1174), Faxruddin Qozixon (vaf. 592/1196) kabi allomalarni kiritish mumkin[2].
Eng e’tiborlisi, bu davrda Movarounnahrda fatvo chiqara olish quvvatiga ega faqihlar ko‘pchilikni tashkil etgan. Bu borada Husomuddin Umar ibn Abdulaziz al-Buxoriy (vaf. 535/1141), Burhonuddin al-Buxoriy, Abu Hafs an-Nasafiy (vaf. 536/1142), Zahiruddin al-Marg‘inoniy (vaf. XII asr) va boshqalarning nomlari mashhur. Mazkur davrning yana bir hususiyati – faqihlarning har xil mavzu va soxalardagi turli masalalar bo‘yicha chiqargan fatvolari to‘planib, muayyan mualliflarning asarlarida jamlangan. Ayni paytda bunday to‘plamlarning ellikdan ortig‘i mavjud edi.
Movarounnahrda fiqh ilmi rivoji haqida to‘liq tasavvur hosil qilish uchun jo‘g‘rofiy nuqtai nazardan baho berib, o‘sha davrda mavjud ilmiy markazlarning har biridan vakillarni xronologik jihatdan qatorma-qator tartibda keltirish mumkin. Mazkur ma’lumotlar Movarounnahrda IX asrda shakllanib borgan mahalliy fiqh maktabi mintaqadagi Samarqand, Buxoro kabi yirik ilm markazlaridan tashqari Kesh, Nasaf, Marg‘ilon, O‘zgan kabi shaharlardan yetishib chiqqan allomalar tomonidan rivojlantirilganligini ko‘rsatadi.
Bu hol mintaqada fiqh ilmi X-XII asrlarda o‘zining eng yuksak cho‘qqisiga ko‘tarilgan va ayni o‘sha davrda butun islom olamida fiqh ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan asarlar yaratilishiga qulay muxit yaratilgan, deb xulosa qilishga asos beradi.
Movarounnahr fiqh maktabining islom tarixida tutgan o‘rnining yana bir xarakterli tomoni – bu yerda shakllangan boy ilmiy meros va amaliy tajriba faqatgina Movarounnahrdagina tarqalib qolmay, balki boshqa musulmon o‘lkalariga, jumladan, arab mamlakatlariga ham yetib borib, u mamlakatlarda hanafiya mazhabining fiqhi rivojiga ham salmoqli xissa bo‘lib qo‘shilganidir. Qator musulmon mamlakatlari hukmdorlari sunniy musulmonlar mavqeini kuchaytirish maqsadida Movarounnahrlik faqihlarga murojaat etganlar. Ayniqsa Bag‘dod va Nishopurda hanafiya mazhabi nufuzi susayib ketgach, bunga ehtiyoj kuchaygan. Movarounnahrlik faqihlar Yaqin Sharq mamlakatlarida hanafiya mazhabi nufuzini oshirishga xizmat qildilar.
Hanafiylik mazhabi doirasida mahalliy odatlar, udumlar va tasavvurlarni yuzaga chiqarish qoraxoniylar davridagi faqihlar qalamiga mansub. Hanafiylik udumlari uchinchi darajali mujtahidlar (mujtahidi mutloq) qatoriga qoraxoniylar davrida yashab ijod etgan 6 ta yirik faqihni kiritadi. Bular Shams ul-aimma al-Xalvoniy, al-Buxoriy, Shams ul-aimma as-Saraxsiy, Faxr ul-islom Ali ibn Muhammad al-Buxoriy, Burhon ad-din Muhammad ibn Ahmad al-Buxoriy hamda Fahr ad-din Qozixon al-Farg‘oniylardir. Bu olimlarning qanchalik yirik faqihlar bo‘lganliklari ularga berilgan islom va dinning “quyoshi”, “fahri”, “dalili”, “iftixori” kabi fahrli unvonlardan ko‘rinib turibdi.
Yuqorida keltirilgan dalillar Movarounnahrda yirik hadisshunoslik maktabi bilan birga o‘z udumlari va tartib – qoidalariga ega bo‘lgan fiqh maktablari ham mavjud bo‘lganligidan dalolat beradi. Bu maktablarning vakillari ham islom dunyosida o‘z asarlari bilan mashhur bo‘lganlar. Ana shunday fiqh maktablari qatorida Samarqand fiqh maktabining yirik vakili Abu Mansur Moturidiy maktabini keltirish mumkin. U hanafiylik mazhabining Movarounnahr va Xurosonda keng yoyilishi, hamda rivojlanishiga katta xissa qo‘shgan zabardast faqih bo‘lganligi bois “al-A’lam al xuddo al-mutakallim”, ya’ni mazhabning yirik mutakkallimi (so‘z yurituvchisi) deb tan olingan Alisher Navoiy Moturidiy haqida “Shayh Abu Mansur al-Moturidiy o‘z zamonasining ta’lim ulamosidin ermish. Ul vaqt ulamosi alarni sulton ul-muizzin der ermishlar,”[3] – deb bejiz ta’kidlamagan.
Moturidiylar sulolasidan chiqqan yana bir faqih-olimning nabirasi Abu-l – Xasan Ali al-Moturidiydur (vafoti 1117 yil).
Bizgacha Abu Mansur Moturidiyning arab tilida yozilgan ikkitagina asari yetib kelgan. Ulardan biri “Ta’vilot (sharh) ahl-us-sunna” asaridir. Ikkinchi asari – “Kitob at-tavhid”dir.
Al-Moturidiyning ilmiy izlanishlari natijasidan foydalangan keyingi davr O‘rta Osiyolik islom olimlari ham islom ilmlari borasida sezilarli yutuqlarga erishganlar. Ular kalom, fiqh, hadis va boshqa islom ilmlariga taalluqli asarlar yaratganlar.
VIII-XII asrlarda butun islom huquqshunosligining sunna maktabi mazhablari, shuningdek, Movarounnahrda paydo bo‘lgan va taraqqiy etgan huquq maktablarida yaratilgan huquqiy ta’limotlarning asosiy g‘oyalari, shubhasiz, Movarounnahr huquq maktabining namoyondasi, buyuk faqih olim Burxoniddin Marg‘inoniyning “Al-hidoya fil furu’ il-fiqh” (“Huquq tarmoqlari bo‘yicha qo‘llanma”) asarida o‘z aksini topdi va nafaqat o‘rta asrlar O‘rta Osiyoda, balki hozirgi kunlarga qadar ham islom huquqining sunna maktabi hukmronlik qiladigan musulmon mamlakatlarining o‘quv yurtlarida huquqdan asosiy darslik qo‘llanmaga aylandi. Burxonuddin Marg‘inoniyning mana shunday buyuk huquqshunos olim bo‘lib yetishishiga albatta, u yashagan davrdagi ijtimoiy muhit, huquqiy fanlar taraqqiyotining yuksak cho‘qqiga erishganligi muhim omil bo‘lib xizmat qildi. Chunonchi, “u yashagan qoraxoniylar davrida 300 ga yaqin yirik faqihlar mavjud bo‘lib, 150 dan ortiq huquqiy asarlar, 20 dan ortiq fatvolar yozilgan va ulardan 98 foizi hanafiylik mazhabiga oid bo‘lgan.”[4]
Movarounnahr fiqh maktabi an’analari qo‘shni Marv va Xorazmda ham mahalliy fiqh maktablari vujudga kelishiga turtki bo‘ldi. Jumladan, Xorazm fiqh maktabining asoschisi Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariyning “Al-Kashshof” deb atalgan Qur’onga yozgan tafsiri, Bayzaviy tafsiri bilan bir qatorda O‘rta Osiyo madrasalarida XX asr boshlarigacha fiqhdan asosiy qo‘llanma sifatida o‘qitilgan. Bu maktab vakillarining qarashlari, shuningdek, Muxtor ibn Maxmud az-Zaxiriyning “Kitob kuniyatil muniya”, “Sharhi muxtasar ul-Quduriy” kabi asarlari orqali bizgacha yetib kelgan.
Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Somoniylar, Xorazmshohlar, Saljuqiylar, Temuriylar, Shayboniylar va Ashtarxoniylar davlatlaridan tashqari, Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklarida ham islom huquqi me’yorlari, mazkur davlatlarning huquqiy poydevorini tashkil etib kelgan.
Temuriylar va boburiylar davlatlarining asosiy qonunlarini o‘z ichiga olgan “Temur tuzuklari” va “Boburnoma”ni ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak ham, fiqh qonunlari in’ikosini ularda ayniqsa “Temur tuzuklari”da yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Masalan, Temur o‘z «Tuzuklar»ida farzandlariga saltanatni boshqarish uchun tavsiya etgan 12 ta tuzuklarning birinchisida Tangri taoloning dini va Muhammad Mustafoning shariatiga rivoj berib islom dinini mustahkamlaganini ta’kidlab, to‘rtinchi tuzugida, davlat ishlarini saltanat qonun-qoidalariga asoslangan holda boshqargani, to‘ra va tuzukka tayanib, saltanatda o‘z martaba va maqomini mustahkam saqlab turganini bildiradi[5].
XIII asrdan, ya’ni O‘rta Osiyo xududini mo‘g‘ul istilochilari bosib olgandan keyin islom huquqining davlat huquqi sifatidagi mavqei pasaydi va bu jarayon Amir Temur saltanati o‘rnatilguncha davom etdiki, shu bilan bog‘liq tarzda fiqh maktablari va faqihlar faoliyati ham susaydi. Ko‘plab Movarounnahr fiqhshunos olimlari Yaqin Sharq mamlakatlariga dars berish uchun ketib qoldilar yoki taklif etildilar. Bu narsa Movarounnahr fiqh maktabi an’analarining ko‘pgina Yaqin Sharq mamlakatlari fiqh maktablari vujudga kelishiga ham ma’lum darajada ta’sir etdi. Movarounnahr fiqh maktabining islom huquqshunosligining rivojidagi tarixiy o‘rni ham ana shundadir.
Ta’kidlashimiz lozimki fiqh ilmining nafaqat Movarounnahrda balki butun islom olamida keng tarqalishiga, rivojlanishiga Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan buyuk faqihlar, imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, imom Abu Iso Termiziy, Abuhafs Kabir Buxoriy, Shamsul-aimma Saraxsiy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Zayd Dabusiy, Faxruddiin qozixon, Alouddin Samarqandiy, Umar Nasafiy, Sadrush-sharia kabi juda ko‘p faqihlar katta xissa qo‘shganlar. Shu bilan birga Movarounnahr fiqh maktabining yirik namoyandasi Burhonuddin Marg‘inoniyning fiqh ilmi rivojidagi xizmatlarini alohida e’tirof etishimiz lozim.
Marg‘inoniyning butun islom olamiga mashhur “Hidoya” asari fiqh sohasida yozilgan eng nodir asarlardan hisoblanadi. Ushbu asar ayrim manbalarda “Hidoya fil furu’”, ba’zi manbalarda “Hidoya fi sharhi bidoya” ham deb keltirilgan.
“Al-Hidoya” asari 4 jilddan iborat bo‘lib, inson hayotining shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy – ahloqiy, madaniy, ma’rifiy va boshqa jabhalariga aloqador bo‘lgan aksariyat jihatlarni qamrab olgan va ularni muayyan huquqiy me’yorlar, qonun va qoidalarda izchillik bilan aks ettirgan mukammal asardir. Asarda jami 57 ta huquqiy mavzu ko‘tarilgan bo‘lib, ular alohida kitoblarga sarlavha qilib olingan. Ushbu kitoblar mundarijasi va nomlari bilan tanishib chiqib, bunga ishonch hosil qilish mumkin.[6]
Mazkur asar Burhonuddin Marg‘inoniyga katta shon-shuhrat keltirdi. Burhonuddin Marg‘inoniyning mazkur asari muayyan muddat o‘tib emas, balki alloma zamonasidayoq nihoyatda yuksak baholangan. O‘sha davr Movarounnahr fiqh maktabi ustunlari “Al-Hidoya” asari bu sohada yozilgan asarlar ichida eng qulay, eng mukammal va betakror ekanligini e’tirof etishgan. Aynan shunday yuksak bahoni aks ettirgan holda, zamondoshlar kayfiyati va bahosini allomaning o‘g‘li imom Imod ud-din ibn Ali shunday ifodalagan: “Al-Hidoya asari uni bilgan, o‘rgangan va uni mahkam tutgan kishilarning yumuq ko‘zlarini ochadi va to‘g‘ri yo‘lga, hidoyat yo‘liga eltadi. Ey aql sohibi, sen uni yod ol va undan ayrilma. Kimki uni bilishga, unga ergashishga muyassar bo‘lsa, u eng ulug‘ maqsadga erishadi.”[7]
O‘tgan asrlar davomida bu asardan minglab odamlar bahramand bo‘lib kelganlar. Bu asarga o‘nlab allomalar va faqixlar sharhlar yozganlar va bu ishni o‘zlari uchun sharaf deb bilganlar. O‘rta asrlarda “Hidoya”ning qator qisqartma (muxtasar) nus’halari ham bo‘lib, ularga ham ko‘plab sharhlar yozilgan.
Marg‘inoniyning bu asari butun islom mamlakatlarining nufuzli oliygohlarida darslik sifatida hozirgi kunda ham o‘qitiladi va ko‘pchilik rivojlangan mamlakatlarning nodir adabiyotlar saqlanadigan kutubxonalarida Marg‘inoniy ilmiy me’rosiga qiziquvchi tadqiqotchilar tamonidan o‘rganiladi.
“Fiqh – musulmon qonunchiligi – deb yozadilar A.Saidov, A.Juzjoniy, – Sharq xalqlari va madaniyati erishgan buyuk qadriyatlardan hisoblanadi … Movarounnahrda faqixlar ma’naviy barkamollik, chuqur aql-zakovat va boshqa ma’naviy fazilatga ega bo‘lishlari va izzat – hurmat qozonishlari uchun xizmat qildi.”[8] Burhonuddin Marg‘inoniy ana shunday izzat va hurmatga ega bo‘lgan barkamol zot edi. Uning ilmiy merosi olimlar tomonidan asrlar davomida o‘rganiladi va ilm ahliga ibrat bo‘lib qoladi.
Marg‘inoniy hukmlarining katta ijtimoiy va ma’naviy ahamiyati shunda ediki, u turli mulk shakllaridan olinadigan soliqlarning aniq shar’iy miqdorlarini belgilab, bu borada yuz berishi mumkin bo‘lgan turli zo‘ravonlik, beboshlik, adolatsizlikning yuz berishiga imkon bermaydi. Marg‘inoniyning zakot va soliq haqidagi chiqargan hukmlari xalqimiz tarixining ma’lum davrlarida katta ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan. O‘z ichki ijtimoiy-iqtisodiy siyosatida shariat ahkomlariga izchil rioya qilgan Amir Temur ham Marg‘inoniy fikrlariga suyangan, hamda ularni o‘z ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining asosiy masalalaridan biri hisoblagan. Amir Temur Markaziy Osiyo xalqlari davlatchilik tarixida soliq masalasida adolatli ish yuritgan yagona hukmdor bo‘lmaganligi, bu masalada Bobur o‘z bobokolonining davomchisi sifatida mamlakat boshqarganligi ham bizga ma’lum.
Amir Temur sulolasining davomchisi Bobur ham Marg‘inoniyning noshar’iy soliq turlari haqidagi hukmlariga asoslangan, ulardan g‘oyaviy ozuqa olgan holda o‘rta asrlarda deyarli barcha musulmon mamlakatlarida olinadigan “tamg‘a” solig‘ini katta jasorat bilan o‘z mamlakatida bekor qiladi. Faqih sifatida bu soliqni noshar’iy deb hisoblaydi, podshoh sifatida esa, mamlakat iqtisodiga zarar keltiradi, xalqni og‘ir iqtisodiy nochorlikka olib keladi, deb hisoblab davlat nomidan oliy farmon chiqarib, ushbu soliqni bekor qiladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Movaraunnahrda fikh tizimining tadrijiy rivoji islom, e’tiqod va din ijtimoiylashuvining sintezida namoyon bo‘ldi. Uning me’yoriy asosini tashkil etuvchi adolat tamoyillari barcha davrlarda evolyusion jihatdan ba’zida progressiv, ba’zida deformatsion jarayonni o‘zida ifodaladi. Lekin u islom e’tiqodi va regional xususiyatlarni aks ettirgan yagona tizim sifatida shakllana oldi. Ushbu nodir meros Markaziy Osiyo xalqlarini xuquq sohasiga oid tarixiy qirralarini birlashtirar ekan, demokratik tamoyillar asosida global dunyoga integrallashishida ham katta potensial asos bo‘lib xizmat qiladi. Ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy, huquqiy me’rosni o‘rganmasdan turib Markaziy Osiyoning global ekologik inqiroz, tashqi ta’sir va xurujlardan asrob qolishga erishmog‘imiz qiyin. Chunki xuquqiy asos jamiyatning boshqa barcha sohalari taraqqiyoti mezonidir. Zero tarixni bilmasdan turib kelajakni yaratib bo‘lmaydi.
[1] Syukiyaynen L.R. Musulmanskoe pravo. – M: Nauka, 1986. Str 4-5.
[2] O.A.Qoriev. Farg‘ona fiqh maktabi va Burhonuddin al-Marg‘inoniy. Toshkent. 2009y.
[3] Alisher Navoiy. 15 jildlik asarlar to‘plami. 15-jild. B.152.
[4] Gulnor al-Farg‘oniy. Arab istilosidan mo‘g‘ul bosqiniga qadar Movarounnahrda huquqiy ta’lim tarixiga doir. //Huquq himoyasida. №9. sentabr 2001y B.41.
[5] “Temur tuzuklari”, Alixonto‘ra Sog‘uniy va Habibullo Karomatovlar tarjimasi. Toshkent, G‘ofur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa birlashmasi. 1991y. 53-54 betlar.
[6] Bu haqda to‘liq ma’lumot uchun qarang: Qoriev O. Al- Marg‘inoniy – mashhur fiqhshunos. B.31-40; Mahmud Xasaniy. Al-Marg‘inoniyning “Hidoya” asari va unga yozilgan sharhlar. Toshkent.: 2000 y. B.18-20
[7] Qoriev O. Al- Marg‘inoniy – mashhur fiqhshunos. Toshkent.: 2000 y. B.41-42.
[8] Saidov A., Juzjoniy A. Sharq va inson huquqlari. Toshkent., 1998 y. B.89-90
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi
Kadrlar bolimi boshlig‘i A.Niyazmetov