O‘zbekistonda sud eksperti mustaqildir

Mamlakatimizda sud ekspertlarining mustaqillik tamoyili haqida so‘z yuritganda dastlab O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspretizasi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga murojaat qilish lozim bo‘ladi.

Qonunning 7-moddasiga asosan sud eksperti sud ekspertizasini o‘tkazishda sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan), taraflardan va ishning natijasidan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslardan mustaqildir.

Sud eksperti o‘zining fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlariga muvofiq o‘tkazilgan tekshirishlar natijalariga asoslanib xulosa beradi.

Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs), shuningdek boshqa davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan taraflardan birortasining yoki ishning natijasidan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslarning foydasini ko‘zlab xulosa olish maqsadida sud ekspertiga ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, qonunning 8-moddasiga ko‘ra, sud eksperti tekshirishlarni xolisona, qat’iy ilmiy va amaliy asosda, tegishli ixtisoslik doirasida, har tomonlama va to‘liq hajmda o‘tkazadi.

        3              4

Sud ekspertining xulosasi (xulosa) qilingan fikrlarning asosliligi va ishonchliligini umum e’tirof etilgan ilmiy va amaliy ma’lumotlar bazasiga muvofiq tekshirish imkoniyatini beradigan qoidalarga asoslanishi lozim.

Ekspert mustaqilligining eng muhim jihati uning protsessual mustaqilligi bo‘lib, u sud ekspertizasini tayinlash va o‘tkazish tartibi hamda uni qayta ko‘rib chiqish imkoniyati bilan kafolatlanadi.

Sud eksperti davlat ekspertizasi yoki nodavlat ekspertiza muassasasi eksperti bo‘lishidan qat’iy nazar, u o‘z nomidan fikr bildiradi va o‘zi bergan fikr uchun shaxsan javobgardir.

Sud ekspertizasi ekspert tadqiqotining o‘ziga xos obektlari ma’lumotlarini o‘rganish, uning nuqtai nazaridan zarur bo‘lgan metodlari, vositalari va metodlarini tanlashda mustaqildir. Ekspert muassasasi rahbari ekspertga muayyan usul yoki vositadan foydalanishni yoki muayyan usulni qo‘llashni tavsiya qilishi mumkin, ammo ekspert tanlash huquqiga ega.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va boshqa shaxslar tomonidan ekspertga ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ekspertga ta’sir ko‘rsatishda aybdor bo‘lgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Shu bilan birga, ekspert ham bila turib yolg‘on xulosa berishi hamda xulosa berishni rad etishi yoki bu ishdan bo‘yin tovlaganligi uchun ham qonun hujjatlarida javobgarlik belgilangan.

Qayd etilganlardan tashqari, sud eksperti ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazishda quyidagi muayyan huquq va majburiyatlarga ega:

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud ekspertizasi predmetiga oid ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur ma’lumotlarni yozib olish yoki ko‘chirma nusxalar olish;

sud ekspertizasini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha materiallar va tekshirish ob’ektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish;

tergov harakatlari o‘tkazilayotganda surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ruxsati bilan hozir bo‘lish va shu tergov harakatlarida ishtirok etuvchi shaxslarga sud ekspertizasi predmetiga oid savollar berish;

sud muhokamasida sud ekspertizasi predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish va so‘roq qilinayotgan shaxslarga sudning ruxsati bilan savollar berish;

ashyoviy dalillar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish;

o‘z xulosasida nafaqat o‘zining oldiga qo‘yilgan savollar bo‘yicha, balki sud ekspertizasi predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar bo‘yicha ham fikrlarini bayon etish;

uning xulosasi yoki ko‘rsatuvlari protsess ishtirokchilari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinganligi xususida tergov harakati yoki sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim bo‘lgan bayonotlar berish;

agar u ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, o‘z ona tilida xulosa taqdim etish va ko‘rsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish;

agar uning huquq va erkinliklarini ishni yuritayotgan organning qarorlari, shaxsning harakatlari (harakatsizligi) buzayotgan bo‘lsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

Shu bilan birga, sud eksperti sifatida o‘zini o‘zi rad etishi uchun sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yoki davlat sud-ekspertiza muassasasining yoxud boshqa tashkilotning rahbariga darhol ma’lum qilishi;

o‘ziga taqdim etilgan tekshirish ob’ektlarini har tomonlama va to‘liq tekshirishdan o‘tkazishi, o‘z oldiga qo‘yilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona xulosa berishi;

surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning chaqiruviga binoan surishtiruvda, dastlabki tergovda yoki sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun kelishi;

o‘zi o‘tkazgan sud ekspertizasi xususida ko‘rsatuvlar berishi va o‘zi bergan xulosani tushuntirish uchun qo‘shimcha savollarga javob berishi;

sud ekspertizasini o‘tkazishi munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni oshkor qilmasligi;

taqdim etilgan tekshirish ob’ektlari va ish materiallarining saqlanishini ta’minlashi;

ish tergov qilinayotganda va sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.

Sud eksperti:

sud ekspertizasini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan, ishning natijasidan o‘zining manfaatdor emasligini shubha ostiga qo‘yadigan masalalar yuzasidan protsess ishtirokchilari bilan shaxsiy aloqaga kirishishga;

sud ekspertizasini o‘tkazish uchun mustaqil ravishda materiallar to‘plashga;

sud ekspertizasi natijalarini sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) tashqari biron-bir shaxsga xabar qilishga haqli emas.

Sulaymonova nomidagi Respublika

sud ejkspertizasi markazining

bosh yuriskonsulti

BAXTIYOR MAXSADOV

Skip to content