Keyingi yillarda giyohvandlik moddasini iste’mol qilish darajasi 8 foizga oshganlik to‘g‘risidagi BMT ma’lumoti dunyo xamjamiyatini yanada xushyorlikka undaydi. Yana bir achinarli tomoni, dunyoga kelayotgan nogiron bolalarning har uchdan ikkisi giyohvandikning mash’um asoratidir.
Poytaxtimizda nogiron bolalarga mo‘ljallangan maxsus muruvvat uyida o‘z tengdoshlaridan farqli o‘laroq, bolalik baxtidan, shodligidan va sho‘xliklaridan mosuvo bolalar tarbiyalanadilar. Ularning nafaqat jismi, ko‘ngillari ham majrux. Ma’suma ko‘zlar go‘yo bizning gunohimiz nima, deya kattalarni so‘roqqa tutayotgandek boqadi.
Ayrim kimsalar, ayniqsa yoshlar “do‘st”larining qutqusi bilan, oxirini o‘ylamay zaxriqotil domiga tushib qolayotganligi achinarli. Ular bu yengil xatti xarakatlari bilan nafaqat o‘zlarining, balki ota-onalari, farzandlari va yaqin kishilarining hayotini do‘zaxga aylantirishini o‘ylab ham ko‘rmaydilar.
Ta’kidlash joizki, giyohvandlik va giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarining oldini olish maqsadida davlatimiz tomonidan mustahkam xuquqiy asoslar yaratilgan. Xususan, 1999 yil 19 avgustdagi “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risidagi Qonunga muvofiq giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni tashib kirish, xududdan o‘tkazish, saqlash, sotish, tarqatish, taqsimlash, sotib olish, ko‘chirish, jo‘natish, tayyorlash, ishlab chiqarish, yasash, psixotrop moddalar va prekursorlardan foydalanish, hamda tarkibida giyohvandi bor o‘simliklarni yetishtirish kabi xolatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
E’tirof etish o‘rinliki, bugungi kunda mamlakatimiz bo‘ylab, yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va psixotrop moddalar iste’mol qilinishiga qarshi kurash, ularning zararli oqibatlarining oldini olish borasida keng qamrovli ishlar natijasida, giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni tobora kamayib bormoqda.
Vazirlar Mahkamasi xuzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish Milliy axborot va tahlil markazi tomonidan 2011 yil natijalari bo‘yicha keltirilgan ma’lumotlarda narkomaniya kasalliklari bilan birinchi marta og‘riyotgan kishilar soni ko‘rsatkichlari darajasining tushganligi qayd etilgan (7,6 dan 6,1 ga) va Respublikaning narkologik muassasalarida dispanser ro‘yxatida turgan giyohvandlik bilan bog‘liq kasallar sonining 2010 yilga nisbatan kamayganligi kuzatiladi. Respublika bo‘yicha narkomaniya bilan bog‘liq aniqlangan va dispanser ro‘yhatiga olingan kasallar sonining kamayganligi, shu bilan birga, ularning 81 foiziga (oldingi 83 foiz o‘rniga) narkomaniya tashxisi birinchi marta qo‘yilgan.
Bugunda xorij davlatlaridan mamlakatimizga bir qancha giyohvandlik vositalari qonunga xilof ravishda kirib kelishi kuzatilmoqda. Jumladan, «Spays» (Spice K2) – chekish aralashmalarining nomlaridan biri bo‘lib, u muomalaga marixuanaga o‘xshash ta’sir etuvchi psixoaktiv ta’sirga ega bo‘lgan kimyoviy vositasi bo‘lib, shimdirilgan xashak va o‘t ko‘rinishda chiqariladi. 2008 yilda mazkur aralashmalarning ta’sir etuvchi tarkibiy qismini tetragidrokannabinolning sintetik analoglari tashkil etilishi aniqlanib, hozirda ular Rossiya, AQSh va Yevropa Ittifoqining ko‘p davlatlarida man etilgan.
Chekish aralashmalari (spays)
Dezomorfin («krokodil») – tarkibida kodein mavjud bo‘lgan preparatlar, benzin, yod, maishiy aralashmalar (rastvoritel), fosforlar aralashtirilib, metallarni tayyorlashda ishlatiladigan kuchli zaharli moddalar ishlatilishi bilan tez orada (bir necha oyda) o‘lim keltirib chiqarishi bilan xavflidir.
Shuningdek, mamlakatimizda tarkibida psixofaol moddalar bo‘lgan dori vositalari tarqalgan bo‘lib, giyohvand vositalarni iste’mol qiluvchilarning bir qismi dori vositalarini notibbiy ravishda iste’mol qilishga o‘tmoqda. Bunday dori vositalariga «Tramadol», «Lirika», «Lipre» va boshqa shularga o‘xshash dori-darmonlar kiradi.
Giyohvandlikka qarshi kurash borasida tegishli tadbirlar va choralar ko‘rilib ijobiy natijalarga erishilganligiga qaramasdan bu muammo hamon dolzarbligicha qolmoqda. Giyohvand vositalar va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar darajasi ham xotirjam bo‘lishimiz uchun asos bo‘lolmaydi. Giyohvandlik va unga qarshi kurash masalasi jaxon miqyosida katta muammo bo‘lib turibdi. Bu ijtimoiy kasallikka qarshi kompleks ravishda choralar ko‘rilayotganligi, unga qarshi fan va texnikaning eng yangi yutuqlaridan foydalanilayotganligiga qaramasdan ko‘zlangan maqsadga erishish qiyin kechmoqda. Giyohvand vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlarga qarshi kurashish, nafaqat vakolatli davlat organlarining, balki barcha fuqarolarning burchi bo‘lishini taqozo etadi. Ayniqsa giyohvand vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar voyaga yetmaganlar o‘rtasida keng tarqalishining oldini olishga qaratilgan xatti xarakatlarimizni bir zumga ham susaytirmasligimiz lozim.
MABKE laboratoriyasi bosh eksperti,
farmasevtika fanlari nomzodi
N.Sh.Xalilova