Sud-rejali iqtisodiy ekspertizasi

      Iqtisodiyot sohadagi jinoyat ishlarini tergov qilishda rejali iqtisodiy ko‘rsatkichlar va shartnoma majburiyatlarining asosli bajarilganini aniqlash kerak bo‘ladi. Sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga qaramay sud-rejali iqtisodiy ekspertizasini o‘tkazishga bo‘lgan talab saqlanib kelmoqda. Soliq va boshqa ko‘rsatkichlarning miqdori bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy ko‘rsatkichlarning bajarilishi haqidagi hisobotni buzib ko‘rsatish va shartnoma majburiyatlari bajarilmaganda moliyaviy – xo‘jalik faoliyatiga tegishli ma’lumotlar hujjatlarda noto‘g‘ri aks etish natijasida moddiy zarar yetkazilgan hollarda mazkur ekspertiza o‘tkazilishi mumkin.

Shartnoma, ishlab chiqarish faoliyatining iqtisodiy ko‘rsatkichlarini asosli rejalashtirish, ularning bajarilishi va hisobotda aks etishi, shuningdek, bular haqida hisobot tayyorlashda buzilishga yo‘l qo‘yilgan holatlar haqida ma’lumotlarni aniqlash maqsadida rejalashtirish, bajarish va hisobot hujjatlarini tekshirish sud-rejali­ iqtisodiy ekspertizasining predmeti hisoblanadi.

Sud-rejali iqtisodiy ekspertizasining ob’ekti quyidagilardir:

  1. a) reja tuzish uchun kerak bo‘lgan dastlabki ma’lumotlar aks etgan hujjatlar, shartnoma, buyurtma, me’yor va limitlar;
  2. b) asoslangan ko‘rsatkichlarning hisob-kitoblari ilova qilingan iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish rejasi (mahsulot ishlab chiqarish va uni sotish, kapital qurilish, mahsulot tannarxi, moddiy-texnik ta’minotning jadvallari, hisob-kitoblari va boshqalar);
  3. v) ishlab chiqarish bo‘linma tomonidan belgilangan, reja ko‘rsatkichlari aks etuvchi hujjatlar (bir yil va choraklarda sanoat mahsulotini ishlab chiqarish rejasining hisob-kitobi, yillik mahsulotning ichki tannarxi rejasi, sex bo‘yicha harajatlar smetasi, asbob uskunalarni saqlash va ishlatish smetasi va boshqalar);
  4. g) topshiriqni bajarish paytida amalga oshirilgan xo‘jalik operatsiyalari bevosita aks etuvchi dastlabki va jamlama hujjatlar (shartnomalar, tovar-transport yukxatlari, ortib yuborilgan mahsulotlarning to‘lov talabnomalari, bank ko‘chirmalari, bajarilgan ishlarni qabul qilish haqida dalolatnomalar, jurnal orderlari va boshqalar);
  5. d) iqtisodiy ko‘rsatkichlar bajarilganligi aks etuvchi statistik va buxgalteriya hisoboti hujjatlari (balans, hisobot va boshqalar).

Sud-rejali iqtisodiy ekspertizasining vazifalarini aniqlashda korxonalarning barcha reja-iqtisodiy faoliyati uch bosqichdan iboratligini e’tiborga olish lozim, ya’ni:

1) reja topshiriqlarini ishlab chiqish;

2) reja topshiriqlarini bajarish va ularning bajarilishi haqidagi hisobotni taqdim etish;

3) reja iqtisodiy faoliyat ustidan nazorat olib borish.

Shunga muvofiq sud-rejali iqtisodiy ekspertizasi yechadigan masalalar uch guruhga bo‘linadi.

Shartnoma, davlat buyurtmasi, rejadagi topshiriqlarning me’yorlarga muvofiqligini, reja­ iqtisodiy ko‘rsatkichlar va ularga kiritilgan o‘zgartirishlar asosli ekanini aniqlash bilan bog‘liq masalalar birinchi guruhni tashkil etadi. Mazkur masalalar quyidagilardan iborat:

1) shartnoma, davlat buyurtmalari, uzoq muddatli iqtisodiy me’yoriy andozalar shartlariga reja topshiriqlari (ko‘rsatkichlari) muvofiqligini aniqlash;

2) topshiriq rejalari korxona hisob-kitobi ko‘rsatkichlariga qarab asoslanganligi va bo‘linmalarga berilgan topshiriq rejalari quyidagi ko‘rsatkichlar, ya’ni tabiiy ifodadagi mahsulot ishlab chiqarish rejasi, yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish hajmiga qarab asoslanganligini aniqlash;

3) sotilgan mahsulot hajmining asosli ravishda hisobotda aks etishi;

4) mahsulot tannarxi rejasining asoslanganligi;

5) markazlashtirilgan davlat mablag‘lari va qurilish montaj ishlariga limit rejalarini belgilash, davlat markazlashtirilgan kapital quyilma, moddiy-texnik ta’minot fondlari hisobiga asosiy fondlarni, ishlab chiqarish quvvati va ob’ektlarini ishga tushirish.

Sud-rejali iqtisodiy ekspertizasi nafaqat ishlab chiqarish faoliyatini rejalashtirish, balki topshiriq rejalariga kiritilgan o‘zgartirishlar asosli ekanligini ham aniqlab beradi.

Rejali iqtisodiy ko‘rsatkichlar, ishlab chiqarish faoliyati bajarilishi va ularning hisobotda to‘g‘ri aks etganligini aniqlash bilan bog‘liq masalalar ikkinchi guruhni tashkil qiladi. Ushbu guruh bo‘yicha quyidagi masalalar hal qilinadi:

1) ishlab chiqarish tannarxining iqtisodiy ko‘rsatkichlar shartnomasi bajarilishini, jumladan, ishlab chiqarish va qurilish hajmi, mahsulot- tovarlarni sotish, xizmat ko‘rsatish hajmi, qurilish-montaj va pudrat ishlari hajmi, ishlab chiqarish quvvatlari, asosiy fondlarni ishga tushirish, moddiy-texnik ta’minot ko‘rsatgichlarining asosli ekanini aniqlash;

2) sotilayotgan mahsulotga belgilangan narxning asosli ekanini aniqlash;

3) sanab o‘tilgan iqtisodiy ko‘rsatkichlarni bajarish haqidagi ma’lumotlarning korxona hisobida to‘g‘pi aks etganligini aniqlash.

Ko‘rsatilgan masalalarni yechib, sud-rejali iqtisodiy ekspertizasi quyidagilarni, ya’ni:

korxona va uning bo‘linmalari tomonidan ishlab chiqarish faoliyati ko‘rsatkichlarining bajarilganini, raqamlar va foizda reja bajarilishining miqdorini;

hisobotda ko‘rsatilgan  iqtisodiy   ko‘rsatkichlarning hisob-kitob ko‘rsatkichlariga to‘g‘riligini, hisobot ma’lumotlarining to‘liq aks  etganligini va ularning rejalashtirilgan va bajarilgan iqtisodiy ko‘rsatkichlardan farqini aniqlash mumkin.

Rejalashtirish, rejalar va shartnoma majburiyatlarini bajarish haqida hisobot tuzishda yo‘l qo‘yilgan buzishlarni, to‘g‘ri rejalashtirish, rejalarni bajarish va ishlab chiqarish faoliyati ko‘rsatkichlarini hisobotda aks ettirish uchun ma’sul bo‘lgan mansabdor shaxslarni aniqlash sud-rejali iqtisodiy ekspertizasining uchinchi gypyh masalalarini tashkil etadi.

Матнда хато топсангиз, уни белгилаб Ctrl+Enter тугмаларини биргаликда босинг .