TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINING BOY BERILGAN FOYDASINI ANIQLASH

Sud-iqtisodiy ekspertizalar amaliyotidan aniqlanishicha, tadbirkorlar orasida tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarmaslik yoki nomunosib tarzda bajarish natijasida yetkazilgan zararlarni qoplash jarayonida paydo bo‘layotgan nizolarga asosan tadbirkorlik sohasida boy berilgan foydani aniqlash masalasi ko‘paymoqda. Tadbirkorlik sohasida va tadbirkorlik subyektlarining boy berilgan foydasi deb “Tadbirkorlik subyektlarining ob’ektiga nisbatan huquq egasi o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari” tushuniladi. Bugungi sharoitda bunday holatlar ko‘plab uchramoqda. Tadbirkorlik faoliyatida tadbirkorlik subyektlarining mahsulot yetkazib beruvchi shartnomani buzib mahsulotni yetkazib bermasligi sotib oluvchi do‘konning bekor turib qolishiga sabab bo‘lsa, majburiy bekor turish bilan bog‘liq ijara haqini to‘lash xaridor-do‘kon uchun haqiqiy ziyonni, yetkazib berilmaslik va uning oqibatida kelib chiqqan bekor turish sababli xaridor-do‘kon ololmagan foyda esa boy berilgan foydani tashkil etadi.

Ekspertlik amaliyotining statistik ma’lumotlaridan kelib chiqib, tadbirkorlik sohasidagi boy berilgan foydani aniqlash jinoiy, fuqarolik va iqtisodiy sudlov ishlari amaliyotiga xosdir. Bunga 2020-2022 yillar mobaynida Sud iqtisodiy ekspertizasi bo‘limiga kelib tushgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan boshqa korxonalar bilan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarilmaslik hamda muddati o‘tib bajarish oqibatida yuzaga kelgan zararlarni hisoblash bilan bog‘liq bo‘lgan jinoiy, fuqarolik va iqtisodiy ishlari guvohlik beradi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida boy berilgan foyda masalasi bir qator moddalari bilan tartibga solingan.

Mulkiy zarar – jismoniy yoki yuridik shaxsga yetkazilgan moddiy zarar. Mulkiy zarar va uni qoplash masalalari fuqarolik xuquqiga taalluqli masalalardir. Umumiy qoidaga binoan, yetkazilgan mulkiy zarar to‘la miqdorda qoplanishi kerak. Yetkazilgan mulkiy zararni kamroq miqdorda qoplashga faqat qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi. Mulkiy zarar “haqiqiy zarar” va “boy berilgan foyda” kabi turkumlarga bo‘linadi. Haqiqiy zarar deganda, buzilgan mulkiy huquqni tiklash uchun qilingan yoki qilinishi kerak bo‘lgan xarajatlar, mol-mulkning yo‘qolishi, kamayishi, nobud bo‘lishi, shikastlanishi tushuniladi. Boy berilgan foyda deganda, zarar ko‘rgan shaxsning huquqlari buzilmaganida olinishi mumkin bo‘lgan, lekin olinmay qolgan daromad tushuniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 324-moddasi 1-qismi asosida majburiyatning noto‘g‘ri bajarilishi natijasida qarzdor yetkazilgan zararni qoplashi shart. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 236-moddasiga binoan, majburiyatlar majburiyat shartlari va qonun talablariga muvofiq, va bunday shartlar va biznes aylanmasi yoki boshqa odatda qo‘yiladigan talablar bo‘lmagan taqdirda, urf-odatlariga muvofiq bajarilishi shart. Bu shuni anglatadiki, majburiyatlarni bajarish tartibi uning taraflari o‘rtasida tuzilgan shartnoma yoki qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

Boy berilgan foyda va haqiqiy zararni aniq ajratish kerak, chunki bu har xil qarash va yondashuvni talab qiladigan da’volar.

Haqiqiy zarar – bu shikastlangan tomonga ta’mirlash zarurati yoki yo‘qolgan mulkni sotib olish va huquqlarning buzilishi tufayli yetkazilgan zarar. Bu tushumlarning haqiqiy miqdori uchun aniq tasdiqlangan xarajatlardan iborat (materiallar narxi, demontaj, montaj, ish qiymati).

Yetkazib berish muddatlarining buzilishi da’volarning eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biridir. Agar buyurtmachi yetkazib beruvchi bilan shartnoma tuzgan bo‘lsa, yetkazib beruvchi yetkazib berishning uzilishi tufayli buyurtmachi yo‘qotgan daromadni qaytarib berishni talab qilishi mumkin. Buyurtmachi kompaniyasining zahiradagi mahsuloti mijozning ehtiyojlarini qanoatlantirolmaydi.

Shu yuqorida bayon etilgan holatlardan kelib chiqib, tadbirkorlik sohasida boy berilgan foydani aniqlash masalasida tadbirkor tomonidan buzilgan mulkiy huquqni tiklash uchun qilingan yoki qilinishi kerak bo‘lgan xarajatlar, mol-mulkning yo‘qolishi, kamayishi, nobud bo‘lishi, shikastlanishi haqiqiy zarar summasi bo‘lsa, zarar ko‘rgan shaxsning huquqlari buzilmaganida olinishi mumkin bo‘lgan, lekin olinmay qolgan daromad summasi boy berilgan foyda miqdorini tashkil etadi deb hisoblash joiz.

Tadbirkorlik subyektlarining boy berilgan foydasini aniqlash bo‘yicha ekspertga beriladigan savollar dastlab, tadbirkorning shartnoma shartlari amalga oshirilmaganligi holatida ololmagan daromadini hamda daromadni o‘z vaqtida yoki kechiktirib berish natijasida tadbirkorning ololmagan daromadini aniqlash masalasi hisoblanadi.

Asqar Nazarov,
Sud-iqtisodiy ekspertizasi bo‘limi eksperti.