Xaqiqatni izlash insoniyat paydo bo‘lgan davrdan boshlangan deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi. Qadim tarixga nazar solar ekanmiz, o‘sha davrlardayoq hukmdorlar va ularning hay’at mahkamalari har xil usullar orqali yolg‘onchini fosh qilib, haqiqatni topishga intilganliklarini kuzatishimiz mumkin. Tarixiy yilnomalar va adabiy yodgorliklar hali hanuz o‘zida haqiqatni o‘rnatishning vahshiyona usullari aks etgan solnomalarni saqlaydi. Ushbu qonun-qoidalar O‘rta asrlar Yevropasida keng tarqalgan bo‘lib, qadimiy rus va qadimiy olmon huquqi asarlarida kuchli aks etgan. Masalan, Donishmand Yaroslav davrida XI asrda tuzilgan Qadimiy Rusning fuqarolar qonuni qadimiy to‘plami, har xil murakkab diniy marosimlar, yaratganning hay’ati kabi sudlarni (qizigan temir bosish, aybdorligini bo‘yniga qo‘yish uchun qo‘llangan qiynoq usuli) o‘tkazishga, fuqarolar o‘rtasida yolg‘onni fosh qilish maqsadida qaynab turgan suv quyish yoki qizib turgan temir bosish kabi usullarni qo‘llashga ruxsat bergan.
Albatta, tarix bizgacha haqiqatni izlashning faqatgina shafqatsiz emas, balki birmuncha boshqacha usullarini ham qoldirgan. Uzoq yillar avval aniqlanishicha, jinoyat sodir qilgan insonni so‘roq qilish vaqtida u tomonidan kechirilayotgan qo‘rquv, albatta, fiziologik funksiyalarda o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Xususan, qadimgi Xitoyda jinoyatda gumon qilinayotgan shaxs guruch orqali sinovdan o‘tkazilgan, ya’ni, u og‘zini quruq holda guruchga to‘ldirib, qo‘yilayotgan aybni eshitishi kerak bo‘lgan. Agarda og‘zidagi guruch quruq qolsa (bu so‘lak bezlarining qo‘rquvdan to‘xtab qolganligidan darak bo‘lib) uning aybi isbotlandi, deb topilgan.
Shuni qayd etish lozimki, bu kabi marosimlar ko‘pgina xalqlarda, bir biridan uzoqda va har xil davrlarda yashagan xalqlarda ham kuzatiladi. Bu kabi sinovlar O‘rta asrlar Angliyasida va alohida yashagan primitiv qabilalarda ham XX asrning o‘rtalarida qo‘llanilganligi ma’lum, u davrdagi tergovchilar aybdorni topishda uning alohida fiziologik jarayonlarining ko‘rsatkichlarini nazorat qilishga uringanlar (so‘lak bezlarining ishlashi, qo‘llarning harakat aktivligi). Shu bilan birga, insonlarning bu kabi sinovlardan o‘tkazish, ulardagi fiziologik o‘zgarishlarni qayd qilish uchun o‘ta sezgir ro‘yxatga oluvchilar kerak bo‘lgan. Shunday ro‘yxatga oluvchilar rolini bir xovuch guruch yoki atayin tanlab olingan po‘sti yupqa tuxum po‘chog‘i va h.k.lar bajargan.
Jinoyatchilik bilan kurashda birinchilar qatori pulsni analiz qilishni taklif etgan yevropalik olim bu mashhur «Robinzon Kruzo» asarini yaratgan insondir. U 1730 yilda “Kunning kechki paytida har qanday noqonuniy to‘polon va tartibsizliklarni hamda ko‘chada sodir etiladigan o‘g‘irlik jinoyatlarini oldini olishga bag‘ishlangan ilmiy asari”ni chop ettirgan. Defo tomonidan keltirilgan fikr mahsuldor ekanligiga qaramay, faqatgina yarim asrdan so‘ng uning bu qarashlari hayotga tatbiq etildi.
Tomirlardagi puls o‘zgarishlarini va qon bosimini o‘lchashga mo‘ljallangan qurilma «pletizmograf»ni qo‘llab, italiyalik fiziolog A. Mosso shifoxonada o‘tkazgan tadqiqotlarida, davolanayotgan bemorlarning birida puls o‘zgarishlarining amplitudasi o‘zgarganining guvohi bo‘ldi. Natijada bemor kitoblar javonini ko‘zdan kechirar ekan, u yerda turgan miya suyagini ko‘rib qolib, qo‘rqib ketganini aniqlaydi.
1877 yilda o‘tkazilgan shu kabi tadqiqotlar natijasida A. Mosso shunday fikrga keldiki, “agarda qo‘rquv yolg‘onning komponentlaridan biri bo‘lsa, demak bu qurquvni ajratib olish mumkin”. Bu fikrlardan so‘ng, psixofiziologik reaksiyalar yordamida inson yashirayotgan axborotni aniqlash uchun primitiv uskunalarda tadqiqotlar o‘tkazish amalga oshirildi.
Mashhur italiyalik kriminalistika mutaxassisi birinchilardan bo‘lib jinoiy tergovlarda haqiqatni aniqlashtirish uchun bu metodni politsiya amaliyotida qo‘llay boshladi. O‘zining 1895 yilda chop etilgan “Jinoyatchi inson” nomli kitobida u birinchilar qatori sfigmograf va pletizmograf yordamida jinoyatchilarni so‘roq qilib, olingan natijalarni bayon qilgan.
XX asr boshida bu metod ko‘pgina mamlakatlardagi tadqiqotchilarning diqqat e’tiborini torta boshladi. O‘sha davrdagi olimlardan amerikalik psixolog va yurist V. Marstonni keltirish mumkin. U birinchi bo‘lib primitiv sfigmografni “yolg‘on detektori” deb atagan. Ushbu iboraning umri juda uzoq ekan, vaqt o‘tishi sayin bu iborani ommaviy axborot vositalari ilib olib, keng ommaga targ‘ib etganidan so‘ng, u nafaqat maishiy hayotda, balki ilm olamida ham zamonaviy amaliy psixofiziologiyada qo‘llaniladigan “yolg‘onni deteksiya qilish”ga mo‘ljallangan uskunani nomlash uchun ham ishlatilinib kelinmoqda.
Metodni aktiv taraqqiy etishi AQShda 20-yillarda boshlangan. Bunda, Kaliforniya politsiya xizmatchisi Dj. Larsonning o‘rni juda katta, chunki u bir vaqtning o‘zida to‘xtamsiz va bir tekisda ham qon bosimi ham puls va nafasni qayd qiladigan uskunani loyihalashtirgan. Ushbu uskuna yordamida jinoyatda gumondor bo‘lgan jinoyatchilarning ko‘pginasi bilan tadqiqotlar amalga oshirilgan bo‘lib, olingan natijalarni yuqori aniqlik darajasi qayd etilgan (ReidJ., Inbau F.).
Biroq psixofiziologik metodning shakllanishiga hal qiluvchi eng muhim hissani Larsonning yordamchisi va shogirdi bo‘lgan kriminalistika mutaxassisi L. Kiler qo‘shgan. U birinchi bo‘lib inson yashirayotgan axborotni ochishga qaratilgan poligrafni loyihalashtirgan (1933 y.) va unda sinovlar o‘tkazish metodikasini ishlab chiqqan (1935y.). Uning urinishlari va F. Inbau hamda Dj. Reyd va boshqalarning urinishlari tufayli bu metod 30-yillarning boshidan AQShdagi huquqni muhofaza qilish organlari va federal idoralari amaliyotiga keng tatbiq etiladi. 50–60-yillarda poligrafda o‘tkaziladigan tekshiruvlar tijorat sohasiga aktiv kirib boradi, 80-yillarga kelib esa AQShda poligraf operatorlarining soni 5000dan ortib ketadi va poligrafda o‘tkaziladigan tekshiruvlar tez rivojlanib borayotgan daromadli tijorat sohasiga aylanib boradi (Yu.I. Xolodniy, V. Mitrichev).
Keling endi “yolg‘onni deteksiya qilish”ning taqdiri sobiq Sovet davrida qanday kechganligini ko‘rib chiqaylik. Jinoyatlarni ochishda yashiringan axborotni aniqlash maqsadida psixologik metodlarni qo‘llash sobiq Sovet davlatida 20-yillarda boshlangan. Ushbu tadqiqotlar muallifi – A.R. Luriya hisoblanadi. Uning tadqiqotlari asosida eksperimental psixologiyada keng qo‘llanilgan assotsiativ yondashuv metodi yotadi. Unga qo‘shimcha ravishda A.R. Luriya uskunada sinaluvchining qo‘zg‘atuvchi so‘zlarga reaksiyasi tezligini ham qayd etilishini taklif etdi. Moskva guberniyasi qoshidagi prokuraturaning eksperimental psixologiya laboratoriyasida xizmat olib borar ekan A.R. Luriya, og‘ir jinoyat sodir etgan jinoyatchilar bilan ularning hibsga olinishi va sud jarayoni oralig‘ida hamda suddan so‘ng eksperimentlar o‘tkazish imkoniga ega bo‘lgan. Ushbu yo‘sindagi tadqiqotlar bilan shug‘ullanish jarayonida olim insonning harakat aktivligi olib borilayotgan kuzatuvga ob’ektiv xarakteristika berib, uning asab psixik holatini aks ettirgani sabab muhim ahamiyat kasb etishini aniqladi. Olib borilgan tadqiqotlar muvaffaqiyatli bo‘lib, 1927 yilda A.R. Luriya kriminalistikada jinoyatga taalluqlilikni aniqlash uchun eksperimental psixologik metodni ob’ektiv deb bilish zarurligini ta’kidladi.
O‘z izlanishlarida A.R. Luriya aynan bir sinaluvchida har xil so‘zlarga reaksiyalarni taqqoslash yo‘lidan ketgan bo‘lsada, uning bu yo‘nalishi amerikalik olimlar olib borgan ishlardan farq qilgan, ammo, o‘z navbatida, uning bu tadqiqotlari poligrafda sinovlar olib borishdagi chet el metodologiyasida o‘zining o‘chmas izini qoldirgan. Xususan, aynan A.R. Luriya inson yashirayotgan axborotlarni ochishning hal qiluvchi psixofiziologik prinsiplarini shakllantirgan.
A.R. Luriyaning o‘z vatanida hamda chet elda diqqatga sazovor bo‘lgan eksperimental tadqiqotlari bilan bir qatorda, Rus psixologiyasi namoyandalari “kimograf”, “pneymograf”, “sfigmograf”, “pletizmograf” va “torli galvanometr” (ya’ni tabiiy sharoitda ishlatiladigan poligrafni yaratish uchun Kiler qo‘llagan barcha asboblar)ni qo‘llab, shunday fikrga keldiki, ushbu uskunalar yordamida affektlar va emotsiyalarning yaqqol ko‘rinishlarini qayd qilish mumkin (N.F. Dobrыnin).
Umuman olganda, jinoyatlarni ochishdagi yashirilayotgan xaqiqatni aniqlash metodi muammosi doimo olimlarning diqqat markazida turgan, va rus psixologiya maktabi namoyandalari hamisha bu boradagi tadqiqotlardan xabardor bo‘lib turganlar (Ya.M.Kogan). Ammo erishilgan natijalarga qaramay, ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlar yaqin orada to‘xtatilgan va bunga quyidagi omillar sabab bo‘lgan.
20-yillarda jinoyatlarni ochishda eksperimental psixologiya va psixofiziologiya metodlarini qo‘llashga qiziqish ortdi va italiyalik kriminalist E. Ferrining “Jinoiy sotsiologiya” kitobi bu qiziqishlarni yanada orttirdi. Ushbu kitobida muallif, “sfimograf” yordamida guvohlar va ayblanuvchilarning ko‘rsatmalarini tekshirish sohasiga ilmiy yutuqlarni qo‘llash kerakligi muammosini ko‘targan. Ushbu monografiyaning paydo bo‘lishi o‘sha yillarda avjiga chiqqan sovet yuridik ilmi tomonidan isbotlovchi huquq nazariyasining ishlab chiqilishi va dalillarni baholash va yig‘ishning yangi metodi bilan chambarchas bo‘lib ketdi. Sobiq sovet huquqshunos va yuristlari Ferrining sfimografiga shubha bilan qaray boshladi va 1927 yilda o‘zining “Jinoiy jarayondagi dalillar nazariyasi” asarida M.S. Strogovich Ferrining izlanishlarida, albatta, ham aniq ham qimmatli fikrlar borligini qayd etgan holda, u taklif etgan usul o‘zining aniqlik darajasi bilan O‘rta asrlardagi suv va o‘t bilan olib borilgan sinovlardan hech farqi yo‘qligini ta’kidlab o‘tgan (M. Strogovich,1927).
O‘n yildan so‘ng sobiq SSSR Bosh prokurori A.Ya. Vishinskiy sovet jinoiy jarayonidagi dalillarni baholash muammosiga doir chiqish qila turib, olimning yangi hali o‘rganilmagan metod xaqidagi fikrlariga sovet protsessual huquqi asoslariga tajovuz sifatida baho berdi. Albatta, bosh prokurorning ushbu yo‘sindagi chiqishidan so‘ng “yolg‘onni deteksiya qilish” eksperimental metodining taqdiri hal bo‘lgan edi.
Shunday qilib, urushdan oldingi yillarda shakllangan poligrafda sinovlar o‘tkazishga bo‘lgan salbiy munosabat hech qanday ilmiy manbalarga asoslanmay, butunlay to‘laqonli g‘oyaviy vajlar bilan shartlangan edi. Urushdan so‘nggi davrlarda paydo bo‘lgan poligraf mavzusiga doir tadqiqot mavjud salbiy fikrni yanada mustahkamladi (N. Polyanskiy). 50-yillarda AQShda poligraf yordamida tekshiruvlar olib borilishining kuchayib ketganligi ham sobiq Sovet yuridik fanlari olimlari va psixologlarining diqqatini tortmadi. Va, o‘sha yillarda paydo bo‘lgan ko‘pgina nashrlar “poligraf muammosi” mavzusidagi tushunmovchiliklarni kuchayishiga sabab bo‘ldi. Chunki ularda uning ijtimoiy-huquqiy, tabiiy-ilmiy, metodik va texnik jihatlari aralashtirilib yuborilgan edi (N.N. Porubok 1968, I.M. Nikolaychik, 1964).
1960 yillar o‘rtalariga kelib, poligrafda sinovlar olib borishga bo‘lgan munosabatga nisbatan o‘zgacha nazar shakllana boshladi. Ushbu qarash mutaxassislarni (huquqshunos, yurist, kriminalist, psixologlarni) bu muammoga chuqurroq yondashishga chaqirar edi. Xususan, ushbu qarash tarafdorlari insonni so‘roq qilish jarayonidagi uning fiziologik ko‘rsatkichlari nazorati anti ilmiy reaksion fikr, deb qaralishiga qat’iy qarshi chiqdilar.
Shunisi qiziq ediki, poligrafda sinov olib borishning ob’ektiv yondashuviga ijobiy fikr berayotgan ayrim mutaxassislar ushbu muammo bilan nafaqat chet el nashrlaridan, balki o‘zlarining shaxsiy tadqiqotlaridan tanish edilar.
Uzoq yillar davomida rasmiy yuridik ilm psixofiziologiyaning ushbu amaliy metodini tan olmasligi natijasida, poligraf yordamida insondan ma’lumotni aniqlash jarayonining tabiiy ilmiy tomoni, o‘ttiz, qirq yillar davomida sovet psixologlari va fiziologlarining tadqiqot sohasiga kirmagan.
A.R. Luriyadan so‘ng ushbu mavzuga qo‘l urgan birinchi olimlardan akademik P.V. Simonov bo‘lgan. 60-yillarning oxiri 70-yillarning boshida emotsiyalarning axborot nazariyasi bilan shug‘ullanib, olim emotsiyalar psixofiziologiyasi borasida sezilarli eksperimentlar ko‘lamini olib borgan. Xususan, sub’ekt uchun muhim bo‘lgan signalga nisbatan emotsional reaksiyalarni aniqlash metodini o‘rgangan. Bizni qiziqtirgan mavzudagi ushbu tadqiqotlari natijasida u shunday fikrga keldiki, emotsional muhim ahamiyatga ega ob’ektlarni aniqlashning zamonaviy usulining samarasi, albatta, hech shak-shubhasiz muhimdir. Tibbiyot ekspertizasi va tergov jarayoni singari ushbu usullar tergov jarayonida qo‘shimcha yordamchi omillar sifatida ishlatilinishi mumkin, va bu bilan tergov jarayonini tezlashtirib, ijtimoiy adliya uchun muhim bo‘lgan javobgarlikka tortilmagan huquqbuzarliklarni oldini olishda ko‘maklashishi mumkin (P.V. Simonov, 1970).
1970 yillarning boshida, professor L.G. Voronin boshchiligida bir guruh olimlar sobiq SSR Fanlar Akademiyasining biofizika institutida xotira mexanizmlarini tadqiq etib, eksperimental vosita sifatida yolg‘on detektoriga asoslangan metodni qo‘llaganlar, u esa o‘z navbatida inson xotirasidan kerakli axborotni olishda psixofiziologik usullarning eng samarali ekanligini isbotlagan.
1970 yillar o‘rtalariga kelib esa harbiy ilmiy tekshirish instituti xodimlari G.A. Zlobin va S.Ya. Yanilarning SSSR Mudofaa Vazirligi qonunlar majmuiga doir ishlari chop etildi. Ushbu nashrda, jinoyat bilan qarshi kurashda poligrafni qo‘llashning texnik jixatdan asosliligi, uning ijtimoiy-siyosiy asoratlari va protsessual-huquqiy jihatdan uni qo‘llashga doir muammolar aks ettirilgan. Mualliflarning fikricha, “poligraf muammosi uni chuqur ilmiy tadqiq etish va amaliy eksperiment o‘tkazish uchun yetilib bo‘lgan”.
Haqiqatdan ham, poligraf yordamida sinovlar o‘tkazish metodlarini qo‘llashga bo‘lgan qarashlarni o‘zgartirish vaqti yetgandi. Shu davrga kelib, poligrafda tekshiruvlar AQSh, Kanada (Desroches et all), Isroil, Yaponiya va yana ko‘pgina davlatlarda keng qo‘llanilgan. 1976 yilda Polshaning Oliy Sudi ham jinoiy ishlarni olib borish jarayonida poligraf orqali o‘tkaziladigan metodlarni qo‘llash mumkinligi haqida qonun chiqargan (Widaski J., 1980).
Afsuski, V.P. Simonov va L.G. Voroninlarning “poligraf muammosi”ga doir tadqiqotlari yuristlar va huquqshunoslar olamida yetarli darajada ommalashmay qolib ketdi. Natijada, huquq ilmida shakllangan yolg‘onni deteksiya qilishning psixofiziologik usuliga nisbatan ortiqcha g‘oyaviy salbiy fikr va munosabat oqibatida poligrafda o‘tkaziladigan sinovlarning haqqoniyligi va poligrafning asl imkoniyatlari haqida buzuq fikr qoldi.
Shunday qilib, umuman olganda “poligraf muammosi” urushdan so‘nggi yillarda kibernetika va genetika fanlari kechirgan murakkab ilmiy asoslanish yo‘lini boshidan kechirgan. Faqatgina 90-yillarning boshlariga kelib sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. 1993 yilda Rossiya Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligi tomonidan operativ-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi federal organlar xizmatida “yolg‘onni deteksiya qilish” psixofiziologik metodini amalda qo‘llashga doir ishonchli huquqiy asos yaratildi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasining IIV va ekspert-psixologlar tomonidan poligraf apparati orqali o‘tkaziladigan sinovlarga qiziqish paydo bo‘lib, ularni amaliyotga tatbiq etish masalalari ko‘tarilgan. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha turli xil ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
H.T. Mahmudova
Psixologiya fanlari nomzodi, dotsent
Sud-fonografik ekspertizasi
laboratoriyasi ekspert-psixologi